Xolmat Jalolov
Xolmat Jalolov | |
---|---|
Tavalludi |
20-aprel 1921-yil Xonobod qishlogʻi, Namangan uyezdi, Fargʻona viloyati, Turkiston ASSR |
Vafoti | Nomaʼlum |
Fuqaroligi | Oʻzbekiston SSR |
Qoʻshin turlari | Tank qoʻshinlari |
Xizmatdagi yillari | 1941—1945 |
Unvoni | Starshina |
Harbiy qism | 55-gvardiya tank brigadasi |
Qoʻmondonlik qilgan | 55-gvardiya tank brigadasi, motorli batalyonning avtomatchilar harbiy boʻlinmasi |
Lavozimi | Komandir |
Jang/urush | Ikkinchi jahon urushi |
Mukofotlari |
Xolmat Jalolov (1921-yil 20-aprel, Xonobod qishlogʻi, Namangan uyezdi, Fargʻona viloyati, Turkiston ASSR — ?) — Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi, katta serjant, uchala darajadagi „Shuhrat“ ordeni sohibi, isteʼfodagi starshina[1][2][3].
Tarjimayi holi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xolmat Jalolov 1921-yil 20-aprelda Fargʻona viloyati, Namangan uyezdi, Xonobod qishlogʻi (hozirgi Namangan viloyati, Namangan tumani) dehqon oilasida tavallud topgan[1][2]. Millati oʻzbek. Oʻz qishlogʻidagi 10 yillik taʼlimga ixtisoslashgan 27-sonli maktabni bitirgan. Shundan keyin kolxozda ishlay boshlaydi. 1945-yildan KPSS aʼzosi. 1941-yil dekabrda Oʻzbekiston SSR, Fargʻona viloyati, Namangan tumani harbiy komissarligi tomonidan harbiy xizmatga safarbar etilgan[3]. 1942-yil yanvardan Ikkinchi jahon urushida ishtirok eta boshlaydi. Dastlab oʻqchilar qismida jang qilgan. 1943-yil yozidan Voronej frontidagi 4-gvardiya tank korpusining 264-minomyot polki tarkibidan turib, jangda ishtirok etgan. 1943-yil sentyabrida bedarak yoʻqolgan deb eʼlon qilingan, aslida esa Jalolov yarador boʻlgan boʻlib, boshqa harbiy qismning gospitalida davolanish uchun yotqizilgandi. 1943-yil oxirida 1-Ukraina fronti, 3-gvardiya tank armiyasi, 55-gvardiya tank brigadasi tarkibida jangda qatnasha boshlaydi[3]. Jalolov Dnepr uchun jangda (1943-yil sentyabr-noyabr), Jitomir-Berdichev (1943-yil dekabr — 1944-yil yanvar), Proskurov-Chernovsi (1944-yil mart), Lvov-Sandomir (1944-yil iyul-avgust), Visla-Oder (1945-yil yanvar), Quyi Sileziya (1945-yil fevral), Berlin (1945-yil aprel-may), Parij (1945-yil may) harbiy operatsiyalarida ishtirok etgan. Janglarda uch marta yaralangan[1]. 1944-yil martda Dneprorti oʻlkasi („oʻng qirgʻoqdagi Ukraina“, ruscha: „Правобережная Украина“) uchun jangda pulemyot gvardiyasi katta serjanti Jalolov 20 nafar gitlerchini yoʻq qiladi. Ukraina SSR, Kamenets-Podolskiy viloyati, Starokonstantinov shahrini ozod qilish uchun boʻlgan jangda 7 nafar nemis askarini yoʻq qiladi. Ushbu jangdagi mardonavor harakati uchun „Jasurlik uchun“ medali bilan taqdirlanadi. 1944-yil iyul oxirida Lvov viloyatidagi Knyajevo, Noviy Milyatin, Stariy Milyatin va Kulikov qishloqlari uchun janglar paytida dushmanning qarshi hujumlarini bir necha marta qaytaradi. Bu harakatlari davomida Jalolov dushman askarlarini, jumladan, 2 nafar ofitser, 38 nafar askarlar va 2 ta pulemyot nuqtasini yoʻq qiladi. Jang paytida yarador boʻlsa-da, safda qolib jangni davom ettiradi. 1944-yil 13-avgustda ushbu jasorati uchun 3-darajali „Shuhrat“ ordeni bilan taqdirlangan[2]. 1945-yil 19-yanvarda Polshaning Wieluń (talaffuzi: Velyun) shahrini ozod etishdagi harbiy operatsiyada tank desanti tarkibida Jalolov ham boʻlgan. Jalolov boshchiligidagi boʻlinma jangda 23 nafar gitlerchi va 2 ta yuk avtomobilni yoʻq qilishadi. 1945-yil 29-yanvarda Polshadagi Rybnik (talaffuzi: Ribnik) shahrini ozod etishdagi jangda esa nemislarning qarshi hujumini qaytarishadi. Jangda nemislarning 20 nafargacha askarlari yoʻq qilinib, 4 ta qoʻl pulemyotini qoʻlga kiritadilar. 1945-yil 3-martda Tennesdorf (Polsha) qishlogʻida boʻlib oʻtgan nemislarning qarshi hujumini qaytarish chogʻida 4 ta pulemyot guruhi hamda harbiy yuk ortilgan 2 ta yuk avtomobil yoʻq qilingan. Ushbu jangovar harakati uchun Jalolov 1945-yil 9-aprelda 2-darajali „Shuhrat“ ordeni bilan mukofotlangan[2][4]. 1945-yil 18-aprelda janubiy Berlindagi oʻrmon yoʻlida Jalolov shaxsan oʻzi 20 nafarga yaqin nemis askarini, 3 ta qoʻl pulemyoti va 1 ta yengil avtomobilni yoʻq qilgan. 24-aprelda Jalolov oʻz boʻlinmasi bilan Teltowkanal (talaffuzi: Teltov kanali)ni kechib oʻtib, kanalning shimoliy qirgʻogʻidagi binoni egallashadi va shaxsan oʻzi 30 nafarga yaqin nemis askarlari, 2 ta yuk avtomobilini yoʻq qiladi. 1945-yil 27-iyunda 1-darajali „Shuhrat“ ordeni bilan mukofotlanadi[5] va shu tariqa uchala darajadagi „Shuhrat“ ordeni sohibiga aylanadi[1][2]. 1945-yil oktyabrda harbiy xizmatdan ozod etiladi. Shundan keyin oʻzining qishlogʻi Xonobodga qaytib keladi. Namangan tumani partiya qoʻmitasi xodimi, Engels nomidagi kolxozda chorvachilik boʻyicha rais oʻrinbosari, uchastka agronomi, paxta brigadasi brigadiri, kolxozning partiya qoʻmitasi kotibi vazifasida mehnat faoliyatini yuritgan. 1980-yilda pensiyaga chiqadi, ammo koʻp yillar davomida yana tumandagi Harbiy shuhrat uyi direktori lavozimida ishlaydi. Keyingi taqdiri nomaʼlum[1].
Mukofotlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- uchala darajadagi „Shuhrat“ ordeni (1944-yil 13-avgust, 1945-yil 9-aprel, 1945-yil 24-iyun)[1][4][5];
- ikki marta „Jasurlik uchun“ ordeni (1943-yil 17-oktyabr, 1944-yil 14-iyul)[3];
- 1-darajali Vatan urushi ordeni (1985-yil 11-mart);
- Qizil Yulduz ordeni;
- „Berlinni ozod qilganlik uchun“ medali;
- „Pragani ozod qilganlik uchun“ medali[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 Anton Bocharov. „Djalalov Xalmat“ (rus tilida). 2023-yil 19-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 19-iyun.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 „Djalalov Xalmat“ (rus tilida). 2017-yil 29-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 19-iyun.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 3,3 „Djalalov Xalmat“ (rus tilida). 2023-yil 19-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 19-iyun.
- ↑ 4,0 4,1 „Djalalov Xalmat 1921 g.r.“ (rus tilida). 2023-yil 19-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 19-iyun.
- ↑ 5,0 5,1 „Djalalov Xalmat 1921 g.r.“ (rus tilida). 2023-yil 19-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 19-iyun.
- 20-aprelda tugʻilganlar
- 1921-yilda tugʻilganlar
- Shuhrat ordeni bilan mukofotlanganlar
- Jasurlik uchun medali bilan mukofotlanganlar
- 1-darajali Vatan urushi ordeni sovrindorlari
- Qizil Yulduz ordeni sohiblari
- Berlinni ozod qilganlik uchun medali sohiblari
- Pragani ozod qilganlik uchun medali sohiblari
- Namangan viloyatida tugʻilganlar
- Harbiylar