Kontent qismiga oʻtish

Xorazmshohlar davlati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Xorazmshohlar imperiyasidan yoʻnaltirildi)
Xorazmshoh Turkmanlarning davlati xaritasi, 1210-yilda Sulton Alovuddin Muhammad davrida

XI asr va XII asrning birinchi yarmida Xorazm saljuqiylar davlati (Gʻaznaviylar davlati xarobalarida XI asrda tashkil topgan) tarkibiga kirgan. Xorazmning XI asrdagi yuksalishi turkiylar sulolasiga mansub xorazmshohlar siyosati bilan uzviy bogʻliq. Mazkur sulolaga saljuq amirining tashtdori Anushtegin asos solgan. Sulton hammomchilari mahkamasining sardori boʻlgan Anushtegin Garchoi Malikshoh (1072-1092 yy.) saroyida yuksak martabaga erishgan. U rahbarlik qilgan mahkama zimmasiga Xorazmni boshqarish ham yuklangan. 1077-yilda Malikshoh Anushtegin Garchoini Xorazmga noib etib tayinlaydi va Xorazmda Anushteginlar sulolasi hukmronligi boshlanadi. Anushteginlar turkiylar sulolasidan boʻlib, oʻsha paytda, Osiyoda hukmronlik qilgan uch buyuk sulola: Anushteginlar, Saljuqiylar va Gʻaznaviylar bir negizdan kelib chiqqan. 1097-yilda Anushtegin vafot etgach, Xorazm noibi etib Ekinji ibn Qorachar tayinlanadi. Biroq u oʻsha yili noiblikdan chetlatilib, uning oʻrniga Anushteginning oʻgʻli Qutbiddin Muhammad (1097-1127 yy.) qoʻyiladi. Garchi, u „Xorazmshoh“ unvonini tiklab, shu nom bilan ulugʻlansa ham Saljuqiylarning sadoqatli noibi boʻlib qoldi. Qayta tiklangan xoramshoh mansabiga sazovor boʻlgan Anushtegin nabirasi Otsiz Xorazm mustaqilligi yoʻlida astoydil harakat qilgan. Xorazmshoh Otsiz (1127-1156 yy.) saljuq sultoni Sanjarga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borgan. U mugʻombir diplomat va qatʼiy sarkarda boʻlib, mustaqil tashqi siyosat yuritadi. Chunonchi, u oʻz hukmdori Sanjarning ruxsatisiz qipchoqlar va turkmanlarga qarshi urush boshlaydi. 12-asrning boshida Oʻrta Osiyoni sharq tomondan yangi istilochilar – qoraxitoylar bosib oladilar. Sulton Sanjar oʻzining yaqin qarindoshi boʻlgan samarqandlik qoraxoniylar xoni Mahmudga yordamga keladi. Qoraxitoylarga qarshi Samarqand yaqinida boʻlib oʻtgan jang Sanjarning toʻla magʻlubiyati bilan yakunlanadi. Xorazmshoh Otsiz Sanjarning magʻlubiyatidan ustalik bilan foydalanib 1141-yili Marvni ishgʻol etadi, 1142-yili esa Nishopurga yaqinlashadi. 1156-yili Otsiz vafot etadi va uning oʻgʻli Elarslon (1156-1172 yy.) xorazmiylar davlatini mustahkamlashni davom ettirib, Dixistonni tevarak-atrofdagi yerlarga qoʻshib oladi. Elarslon oʻziga voris etib oʻgʻli Sultonshoh Mahmudni (1172-1193) tayinlaydi, biroq toʻngʻich oʻgʻli Takash ukasining hokimyatini tan olmay, unga qarshi kurash boshlaydi. Natijada toju-taxt uchun kurash boshlanadi, bu kurash 21 yil davom etib, unda Takash gʻolib keladi. Uning oʻgʻli Tekesh (1172-1200 yy.) 1187-yili Nishopurni, 1192-yili esa Marvni bosib oladi. 1194-yili gʻarbiy saljuqlar sultonini qaqshatqich magʻlubiyatga uchratib, Eronning butun sharqiy qismini egallab oladi. 1195-yili Tekesh abbosiy xalifa qoʻshinini tor-mor qilib, Iroqga bostirib kiradi. Oʻz mamlakati hududlarini ikki karra kengaytirgan va qudratli davlat barpo etgan xorazmshoh Tekeshni Xorazmning eng isteʼdodli hukmdori deb eʼtirof etish mumkin. Uning siyosati kamchiliklaridan biri qipchoq harbiy aristokratiyasiga koʻrsatilgan homiylik boʻlgan. Qipchoqlar Tekesh rafiqasi xayriohligidan foydalanib davlat ishlariga koʻproq taʼsir koʻrsatishga intilgan. Turkiy „qoʻmondonlar“ning davlat ishlariga oʻzboshimcha aralashuvi keyinchalik Tekesh oʻgʻli Muhammad zamonida Xorazm davlatining parchalanishiga sabab boʻlgan. Alovuddin Muhammad (1200-1220) davrida mamlakat hududi yanada kengadi. 1210-yilda Movarounnahrni Qoraxitoylardan tortib oladi. Uning davrida mamlakat qanchalik gullab-yashnamasin, mamlakat ich-ichidan yemirilib borgan. Xatto, sulton saroyida ham ichki nizolar avj olib, ularning boshida Turkon Xotun va qipchoqlar turgan. Sulton saroyidagi bunday nizolardan foydalangan moʻgʻullar 1219-1221-yillarda mamlakatning asosiy qismini bosib oladilar. Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi (1220-1231 yy.) 11 yil davomida Hindiston, Eron va Ozarbayjon hududlarida moʻgʻullarga qarshi mardonavor kurash olib boradi. 1231-yil avgustda Jaloliddin Manguberdi Ozarbayjonda halok boʻlgach, 154-yil hukmronlik qilgan Anushteginlar sulolasining hukmronlik davri tugaydi. Anushteginlar sulolasidan boʻlgan Xorazmshohlar (1077-1231-yillar): 1. Anushtegin Garchoi 1077-1097 yy. 2. Ekinji ibn Qorachar 1097.yil 3. Qutbiddin Muhammad 1097-1127 yy. 4. Otsiz 1127-1156 yy. 5. Elarslon 1156-1172 yy. 6. Sultonshoh Mahmud 1172-yil 7. Takash 1172-1200 yy. 8. Alovuddin Muhammad 1200-1220 yy. 9. Jaloliddin Manguberdi 1220-1231 yy.


Keyinchalik Xorazmshohlar davtlati Saljuqiylar va Gʻuriylar davlatlarini magʻlub etib, Fors tuproqlaridagi eng qudratli hamda ulkan sarhadlarga ega davlatga aylandi. Hattoki Abbosiylar xalifaligiga ham xavf sola boshladilar. Manbalarga koʻra, 13-asr boshlarida Xorazmshohlar davlati Islom olamidagi eng qudratli davlat hisoblangan[1]. Hisob-kitoblarga koʻra, davlat hududi 2.3 million kvadrat kilometrdan[2] to 3.6 million kvadrat kilometergacha[3] choʻzilgan boʻlib, mazkur ulkan sarhad davlatning tarixdagi buyuk imperiya sifatida shakllanishiga imkon bergan. Saljuqiylardan andoza olib shakllangan bu davlat asosan Oguz va Bijanak turklaridan tarkib topgan ulkan harbiy boʻlinma tomonidan idora etilgan[4].

  1. Bosworth, C.E.. History of Civilizations of Central Asia (en). UNESCO, 1 January 1998 — 164-bet. ISBN 978-92-3-103467-1. „This dynasty eventually built up, as the Seljuq empire in the east tottered to its close, the most powerful and aggressively expansionist empire in the Persian lands, in the end defeating their rivals for control of Khurasan, the Ghurids of Afghanistan, threatening western Persia and Iraq and the Abbasid caliphate itself, and only disintegrating under the overwhelming military might of the Mongol invaders in the opening decades of the thirteenth century.“ 
  2. Turchin, Peter; Adams, Jonathan M.; Hall, Thomas D (December 2006). "East-West Orientation of Historical Empires". Journal of World-Systems Research 12 (2): 222. ISSN 1076-156X. http://jwsr.pitt.edu/ojs/index.php/jwsr/article/view/369/381. Qaraldi: 12 September 2016. Xorazmshohlar davlati]]
  3. Rein Taagepera (September 1997). "Expansion and Contraction Patterns of Large Polities: Context for Russia". International Studies Quarterly 41 (3): 497. doi:10.1111/0020-8833.00053. ISSN 0020-8833. http://www.escholarship.org/uc/item/3cn68807. 
  4. David Abulafia. The New Cambridge Medieval History: Volume 5, C.1198-c.1300, 2015 — 610-bet.