Kontent qismiga oʻtish

Otsiz Xorazmshoh

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Otsiz Xorazmshoh (toʻliq ismi Otsiz ibn Qutbiddin Muhammad ibn Anushtegin) (10971156) — anushteginiylar sulolasidan boʻlgan Xorazm hukmdori (1128—56). Otasi vafotidan soʻng taxtga oʻtirgan, saljuqiylar sultoni Sanjarning vassali boʻlgan. Lekin u Xorazm ni mustaqil davlatga aylantirishga intilgan. Otsiz Sanjarning ruxsatisiz avvalo Jand va Mangʻishloqni egallab va Turkistonning ichkari tumanlariga yurish qilish bilan oʻz hokimiyatini mustahkamlab olgan. Shundan soʻng u oʻzini mustaqil deb eʼlon qilgan, birok, 1138 yil Hazorasp yaqinida Sanjar qoʻshini tomonidan magʻlubiyatga uchrab, mamlakatdan quvgʻin qilingan. Sanjar oʻzining jiyani Sulaymon bin Muhammadni xorazmshoh etib tayinlagan, lekin kelasi yili Otsizni Xorazm aholisi chaqirib olgan, shahzoda esa quvib yuborilgan. 1141 yil mayda Otsiz Sanjarga tobelik izhor etib, umrbod unga sadoqat bilan xizmat qilishga qasam ichgan, lekin bir necha oydan soʻng Sanjar qoraxitoylardan yengilgach (1141-yil 9-sentabr), qasamini buzgan. Otsiz oʻsha yili kuzida kuchli qoʻshin bilan Xurosonga yurib Marvni egallab olgan; kelasi yil bahorida Nishopurni tobe etgan, biroq Sanjar tomonidan darhol quvib yuborilgan. 114344 yillarda Sanjar yana Xorazmga yurish qilgan, Otsiz kuchi ozligi tufayli unga tobelik izhor qilgan. Shundan soʻng bir oz vaqt oʻtgach, Otsiz 3-marta isyon koʻtargan va Sanjarning elchisini (shoir Adib Sobir) Amudaryoga tashlab yuborishni amr qilgan. 1147 yil noyabrda Sanjar 3-marta Xorazmga yurish uyushtirgan, 2 oylik qamaldan soʻng Hazorasp shahrini olgan va Gurganjga yaqinlashgan, 1148 yil iyunda sulton bilan shaxsan uchrashuv chogʻida garchand oʻzini takabburona, gerdaygan holda tutgan boʻlsada, Otsiz sultonga tobelik bildirgach, oʻz lavozimida qoldirilgan. 1153 yil Sanjar oʻgʻuzlar qoʻliga asir tushib qolgan. Otsiz bu safar sultonning sodiq xizmatkori va himoyachisi sifatida yana Xurosonga yurish qilishga shaylangan va oʻziga Amul shahrini berishni talab qilgan, biroq rad javobini olgan. 1156-yil u Nisoga kelib asirlikdan qochgan Sanjarga oʻz sadoqatini bildirgan, lekin shu yilning 30-iyulida Habushon (hozirgi Kuchan)da 59 yoshida vafot etgan[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Bartold V. V., Sochineniya, t. 11(2), M., 1964.
Otsiz Xorazmshoh
Tavalludi: 1097/1105 Vafoti: 1156
Humkdorlik unvoni
Oldingisi Xorazmshohlar davlati hukmdori
1128–1156
Keyingisi