Xushkat
Xushkat — hozirgi Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumani Nurota qishlogʻida joylashgan shahar. Shaharda hayot IX asr oxirlarida boshlangan va XVI asrning 1-yarmigacha davom etgan.[1]
Markaziy Osiyoda somoniy va qoraxoniylar davriga kelib markazlashgan davlatning paydo boʻlishi, savdo-sotiqning rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Somoniylar davlati markazining yerosti qazilma boyliklariga boy Shosh (Toshkent) bilan savdo aloqalari hozirgi Sirdaryo viloyati hududi orqali o‘tgan. X asr oxiri — XI asrning 1-yarmida Ustrushonadan Chochga 2 ta yoʻl Sirdaryo bo‘ylab Xovos orqali Samarkand-Zomin-Xovos-Binokat yo‘nalishida faoliyat yuritgan. Bu yo‘l IX-X asrlarda „Eski Binokat yo‘li“ deb nomlangan. Ushbu yoʻlda Xovosdan chiqqan karvon Sirdaryoning chap qirgʻogʻi boʻylab borib, Binokat (Shohruhiya) shahri kechuv orqali Shoshga o‘tgan. Kechuv muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Shu sababli uning chap qirgʻogʻida Binokatning qarama-qarshi tomonida (hozirgi Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumani Nurota qishlogʻida) Xushkat shahri qad koʻtargan.
Shahar uch qismdan Ark (7,5 gektar), shahriston (40-45 gektar) va raboddan iborat boʻlgan. Ark va rabod qismlari buzib yuborilgan, faqatgina shahriston qismidan 7,5 gektar joy qabriston bʼlganligi sababli saqlanib qolgan.
X asrga oid madaniy qatlamlar ark hududida uchraydi. Ushbu davrda Xushket kulollari Shosh uchun xos boʻlgan ilk sirlangan sopol ishlab chiqarishni oʻzlashtirishgan. Bu narsa dastlabki xushketliklar bu yerga Shoshdan, aniqrogʻi, daryoning narigi qirgʻogʻidagi Binoketdan kelishgan boʻlishi mumkinligi toʻgʻrisida fikr bildirishimizga asos boʻladi. „Buyuk ipak yoʻli“ boʻyida joylashganligi, shuningdek, Shoshga oʻtuvchi kechuvda joylashganligi sabab shahar tez rivojlanadi. Shahar aholisining bir qismi qayiqchilik bilan shugʻullangan.
XI asr Xushket qoraxoniylar davlati tarkibida boʻlgan. Yodgorlikdan ushbu davrga oid pishiq gʻishtlar qoraxoniylarning Shoshdagi iloqxoni tomonidan 1003-1004-yillari Binokatda zarb etgan mis tangalar, sopol buyumlar topilgan. Ushbu davrga oid sopol buyumlar bugunda ham qabr kavlash jarayonida koʻplab uchraydi. Xushkat 1219-yili Chingizxon lashkarboshilarining 5 ming kishilik qoʻshini tomonidan vayron etilgan. Shahar 1391-1392-yillari Amir Temur tomonidan qayta tiklangan. Ulugʻbek davrida Xushkat karvon yoʻlidagi muhim shahar hisoblangan. 1503-yili shahar Shayboniyxon tomonidan bosib olinadi.
Hozir Xushkat shahristoni arxeologik tadqiqotlar oʻtkazish obyekti sanaladi. XX asrning 70-yillarida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi arxeologiya institutining (akademik Yu. Buryakov boshchiligidagi)[2] Choch-Iloq otryadi tomonidan, 1984-yilda esa shu institutning (tarix fanlari nomzodi A. Gritsina boshchiligidagi) Sirdaryo otryadi tomonidan oʻrganilgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Oʻzbekiston ziyoratgohlari va qadamjolari, B.Eraliyev, I.Ostonaqulov, F.Aqchayev, T.:2017
- ↑ https://archaeology.academy.uz/storage/images/Journal/Arxeologiya%20.pdf
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |