Kontent qismiga oʻtish

Xovos

Koordinatalari: 40°13′11″N 68°50′24″E / 40.21972°N 68.84000°E / 40.21972; 68.84000
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Xovos
shahar
40°13′11″N 68°50′24″E / 40.21972°N 68.84000°E / 40.21972; 68.84000
Mamlakat Oʻzbekiston
viloyat Sirdaryo viloyati
tuman Xovos tumani
Hukumat
Kamolov Uchqun Ibragimovich
Asos solingan 1926-yil
Ilk eslatilishi 1897-yil
Avvalgi nomlari Ursatevskiy
Aholisi
27 300
Milliy tarkib asosan o'zbeklar,shuningdek tojiklar
Vaqt mintaqasi UTC+5
Telefon kodi +998
Pochta indeks(lar)i 120711
Avtomobil kodi 20
Xovos xaritada
Xovos xaritada

Xovos — Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi shaharcha (1960-yildan), tuman markazi (2004-yildan) hamda transport yoʻli chorrahasi. 1898-yilda Ursatyevskaya temir yoʻl stansiyasi sifatida barpo etilgan. Katta Oʻzbekiston trakti yonida, viloyat markazi Guliston shahridan 30 km uzoqlikda. Aholisi 27,3 ming kishidan ortiq (2004).[1]

Xovosda neft bazasi, gʻisht, keramika, uzumni qayta ishlash zavodlari, un va non ktlari, MTP, avtokorxona, kurilish tashkilotlari, O'zbekiston — Xitoy „Xovos Fusin“ qoʻshma korxonasi (kolbasa mahsulotlari ishlab chiqaradi), dehqon bozori bor. 5 ta umumiy taʼlim maktabi, kasb-hunar kolleji, kutubxonalar, madaniyat saroyi, klub muassasalari, markaziy stadion, markaziy kasalxona, temir yoʻl kasalxonasi va poliklinikasi, tez tibbiy yordam, tashxis markazlari mavjud.

Xovos temir yoʻl stansiyasi orqali ToshkentNamanganAndijon poyezdlari oʻtadi. Xovos — Guliston, Xovos — Farhod yoʻnalishlari boʻyicha avtobuslar qatnaydi.[2]

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 19-fevral tumanga tashrifi natijasida Xovos tumanining yangi markazi Xovos City barpo etilayapti. Dasturga muvofiq tumanda 5 ta qavatli 30 ta koʻp qavatli uylar, dam olish maskanlari, maʼmuriy markaz va boshqa inshootlar qad koʻtaradi. Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish ishlari sifatini koʻzdan kechirish uchun 2019-yil 19-iyul kuni yana bir marotaba Xovos tumaniga tashrif buyurdi.[3]

1898-yilda Samarqandni shimoli-sharqda Toshkent hamda, sharqda Fargʻona viloyati bilan bogʻlovchi temir yoʻl qurib ishga tushiriladi[4]. Stansiya dastlab Ursatyevskaya nomi bilan atalgan boʻlib, bu nom baʼzilar fikricha Turkiston istilosida qatnashgan Chor Rossiyasi generali nomidan olingan deyilsa, boshqa manbalarga koʻra stansiya Kaspiyorti magistralini qurilishida injener boʻlib xizmat qilgan rus muhandisi Aleksandr Ivanovich Ursati nomidan olingan.[5]

Sirdaryo viloyatining eng qadimiy manzilgohlari Sirdaryo daryosi va togʻ soylari boʻyida bundan uch ming yil avval paydo boʻla boshlagan. Bu hududda katta tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan bir qancha muhim yodgorliklar qad rostlagan. Masalan, Xovos tumanida „Ko‘hna Xovos“ ziyoratgohi va arxeologik yodgorliklardan iborat katta majmua mavjud.

„Ko‘hna Xovos“ning umumiy maydoni 12 gektarni tashkil etadi. Markaziy Osiyo tarixi bo‘yicha mutaxassis, professor M. E. Massonning fikricha, Mirzacho‘lning katta tog‘lari o‘rta asrlardagi Xovosning markaziy xarobalari hisoblanadi. Ushbu baland tog‘da aholi yashagan, buning natijasida yodgorlikda arxeologik qazish ishlari olib borishning iloji bo‘lmagan. Tadqiqotlar bosqichma-bosqich olib borilmoqda va yaqin kelajakda qadimiy shahar vayronalari va bir qancha yodgorliklarni ochish rejalashtirilgan. Xovosda jami 28 ta ziyoratgoh boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda atigi 12 tasi saqlanib qolgan. Ulardan bir qanchasi omma uchun ochiq va quyida sanab oʻtilgan.

Qadimiy Xovos shahri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qadimiy Xovos shahri nafaqat Sirdaryo, balki butun Mirzacho‘l hududidagi eng katta va ko'hna yodgorlikdir. O‘rta asrlarda gullab-yashnagan bu shahar xarobalari bugungi Xovosning janubi-g‘arbida, Karvonsaroy qishlog‘i qarshisida joylashgan.

1987-1988 yillarda O‘zbekiston fanlar Akademiyasi Arxeologiya institutining mashhur olimlari Xovos tepaligida arxeologik izlanishlar o‘tkazib, unda qadimiy qatlamlar mavjudligini aniqlashdi. Topilmalar manzilgohning 2000 yillik tarixga ega ekanini ko‘rsatdi.

2014 yili eski Xovos shahri xarobalarida beshinchi marta qazilma ishlari olib borildi. Natijada, bu yerdan qadimiy tegirmon toshi, yorqin bo‘yoqlari va bezaklari ko‘chmagan sopol idishlar topildi. Topilmalardan maʼlum bo‘ldiki, Xovos miloddan oldingi IV asrdan milodiy X asrga qadar qadimgi Farg‘ona,Choch (Toshkent) va So‘g‘dga boradigan savdo yo‘llari chorraxasida joylashgan qulay va muhim manzilgoh bo‘lgan.

Chorraxaning bir tarmog‘i Xovosdan Qurkad orqali Xo‘jand va Farg‘onaga, ikkinchisi to‘g‘ri Choch daryosi — Sirdaryo kechuvidan so‘ng shimol tomon — Shohruhiya shahriga, undan Harashkentga, keyin Choch poytaxti Binkatga borgan.

Nizomiddin Shomiyning mashhur „Zafarnoma“ asarida ham qadimiy Xovos tilga olinadi. Kitobda keltirilishicha, amir Temur qadimiy Xovosda bo‘lgan. 1367-1368 yillarda Amir Husayn va Amir Temur o‘rtalarida to‘qnashuv bo‘lib o‘tadi. Bu jangda Sohibqiron qo‘shinlari raqibi Amir Husayn qo‘shinini, son jihatidan ko‘p bo‘lishiga qaramay, Xovosdan boshlab tor-mor etadi.

Ko‘hna Xovosni Bobur Mirzo ham bir necha bor tilga oladi. Uning taʼriflashicha, Umar Shayx Shohruxiya va O‘ratepa oralig‘idagi Xovos qishlog‘ida Sulton Ahmad Mirzo bilan bo‘lgan jangda mag‘lubiyatga uchraydi.

XV asrning ikkinchi yarmida ushbu qadimiy zaminga mashhur shoir Abdurahmon Jomiy va Xo‘ja Axror Valiy ham tashrif buyurishgan.

XVIII asr boshlarida o‘zaro ichki urushlar bois mamlakatda parokandalik boshlanadi, Samarqand vayron qilinadi. Aholisi shaharni tark etadi. Bu haqida Muhammad Yoqub Buxoriy bunday yozadi: „Movarounnahrda ocharchilik boshlandi. Odamlar o‘z uy-joylarini tashlab, har tomonga tarqalib ketdilar. Samarqand shahri kimsasiz, huvillab qoldi…“

VIII asrda Samarqandga odamlarning ommaviy ko‘chib borishi kuchaydi. Bu ishda boshqalar qatori xovosliklar ham faol qatnashdi. Ular shahar shimolidagi Haydarobod degan joyda guzar tashkil etib, musofirlarni o‘sha yerga joylashtirishadi. Guzar „Xovosi yakum“ va „Xovosi duvvum“ qismlariga bo‘linib, shimolda Yusufboy, sharqda Minori kaj va Bibixonim masjidi bilan, janubi-g‘arbda esa Pastqishloq bilan chegaradosh edi. Guzar hududida ikkita masjid, maktab, madrasa, mozor va karvonsaroy bo‘lgan.

Xovosda jami yettita masjid bo‘lib, ular „Qizil masjid“, „Namozgoh“, „Oq masjid“, „Qal’a“, „Yusufcha“, „Bolo“ hamda „Shonatarosh“ deb nomlangan. Har bir masjidda madrasa bo‘lgan. Ulardan faqatgina „Qizil“ jome masjidida juma namozi o‘qilgan.

Shuningdek, Xovosda yettita mahalla, yettita hovuz bo‘lgan. Xovos orqali Buyuk ipak bo‘ylab yo‘lga chiqqan savdo karvonlari o‘tgan. Eski Xovos so‘lim havosi va go‘zal binoyu inshootlari bilan, hatto, Amir Temurni ham mahliyo qilgan. Sohibqiron bobomiz bitiklarida ko‘hna Xovosni: „Havas qilsa arziydigan joy ekan“ deb taʼriflagan.[6]

Ko‘hna Xovosning sirli qadamjolari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida 9 ta madaniy meros ob’ekti (shulardan 3 ta arxeologiya, 2 ta meʼmoriy yodgorliklari, 4 ta diqqatga sazovor joylari) davlat muhozasiga olingan bo‘lib, jumladan Eski Xovos shaharchasi, Toltepa arxeologiya yodgorliklari, Chernyaev tarixiy meʼmoriy yodgorligi, Sadu-Siad, Sher bobo, Yusuf bobo, Bibi hadicha ziyoratgohlari turizmni rivojlantirishda alohida ahamiyat kasb etadi.[1]

Arxeologlar tomonidan qazishma ishlarining dastlabki natijalarining guvohlik berishicha, Xovos 2400-2500 yillik tarixga ega nihoyatda qadimiy shaharlardan biri sanaladi. Maʼlumotlariga ko‘ra, Xovosda 28 ta tabarruk qadamjo bo‘lgan. Hozirgi kunga qadar ulardan 12 tasi saqlanib qolgan. Shulardan biri "Xasti buzurgon" ziyoratgohi sanaladi. Bu ziyoratgohda „Xasti buzurg“ nomi bilan ulug‘langan Jobir boboning qabri joylashgan. Rivoyat qilishlaricha, Jobir bobo Xovos va uning atroflariga Islom dinini yoyish uchun kelgan. Bu inson Xovosni obod qilishda qatnashgan va xalq o‘rtasida ilm maʼrifat tarqatgan. Shu sababli „Xasti buzurg“ deya ulug‘langan. „Bibi ocha“ ziyoratgohida Jobir boboning turmush o‘rtog‘i Bibi Xadicha dafn etilgan.

"Yusuf bobo" ziyoratgohida esa qadimda Xovosda temirchilik bilan shug‘ullangan va tabiblik qilgan, keyinchalik temirchilar piri deb ulug‘langan Yusuf bobo maqbarasi mavjud. Qadimiy „Namozgoh“ masjidini xovosliklar Jobir boboning yetuk, donishmand farzandlari sharafiga „Saʼdu Saʼid“ (Sayyidlarning ulug‘i) nomi bilan atashgan. Bu ziyoratgohlarning aksariyati bugungi kunda obod maskanlarga aylantirilgan.

Sherbobo maqbarasi, Xovos, 2023-yil

Saʼdu-sayid ziyoratgohi Xovos tumani Xovosobod mahallasi „Qo‘hna Xovos“ ko‘chasida joylashgan bo‘lib, bu ziyoratgohning tarixi taxminan VII-VIII asrlarga borib taqaladi. Arabistondan islom dinini targ‘ib qilish maqsadida yurtimizga kelgan arab kishining egizak farzandlarning qabrlari qo‘yilgan. Bu ulug‘ insonlar o‘z hayotlarini islom yo‘lida uni targ‘ib qilishga bag‘ishlaganlar.

Sher bobo ziyoratgohi Xovos tumani Xovosobod mahallasida joylashgan bo‘lib, bu ziyoratgohning tarixi taxminan VIII-IX asrlarga borib taqaladi. Bu inson ham islom dinini targ‘ib qilish maqsadida ulamolar bilan birga janglarda qatnashib musulmonlarga yordam bergan, xar doim shiddat va dovyuraklik bilan jang kilgani uchun (unga sher yurak deb nom berishgan) Sher bobo nomini olgan. Hozirda Jizzax viloyati Yangiobod tumanida joylashgan avliyo Changovul otadan ustozi Ahmad Yassaviy bilan birga taʼlim olganlar. Mustaqillik sharofati bilan 1991 yili Xovos temir stansiyasi yo‘l qo‘riqlash tashkiloti tomonidan xashar yo‘li bilan maqbarani taʼmirlashgan.

Yusuf bobo maqbarasi, 2023-yil

Bibi Xadicha ziyoratgohi Xovos tuman Xovosobod mahallasidagi Eski Xovos tepaligi yonida joylashgan, taxminlarga ko‘ra arab ayoli bo‘lgan Bibi Xadicha xuddi shu yerga ko‘milgan Saʼdu-Said, yaʼni egizaklar Xasan Husanlarning onasi deyishadi. Xalq orasida bu ayol xam islom dinini mukammal bilgan. 1991 yili Xovosobod mahallasi aholisi tomonidan xashar yo‘li bilan maqbara taʼmirlangan.

        Yusuf bobo ziyoratgohi Xovos tumani Xovosobod mahallasida joylashgan bo‘lib, bu ziyoratgohning tarixi ham taxminan VIII-IX asrlarga borib taqaladi. Bu inson xam islom dinini targ‘ib qilish maqsadida Arabistondan kelgan. Yusuf bobo taqvodor asli kasbi temirchi va xalq orasida katta tabib sifatida tanilgan. 1992 yili Xovosobod mahallasi aholisi tomonidan xashar yo‘li bilan ziyoratgoh taʼmirlangan va maqbara qurilgan.

Eski Xovos tepaligi Sirdaryo viloyatining qolaversa, butun Mirzacho‘l muzofotining eng ko‘hna yodgorligidir. Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimi professor, tajribali arxeolog A.Gritsina rahbarligilagi ilmiy ekspeditsiya Xovos xarobalarida ilk bor 1988-1989 yillarda qazilma ishlarini olib bordi. Eski Xovos tepaligi umumiy maydoni jami 6 ga tashkil etib, bugungi kungacha shundan bor yo‘g‘i 10 sotix maydon o‘rganilgan xolos. Dastlabki o‘rganilgan joylardan topilgan besh mingdan ortiq eksponatlar bu joyning tarixi ko‘xna Samarqand shahri tarixi bilan tengligini tasdiqladi. Topilgan buyumlar orasidagi qadimgi shamdon va budda xaykalchasi Xovosning tarixi 2500 yil ekanligini tasdiqladi, hozirda topilgan barcha buyumlar Viloyat O‘lkashunoslik muzeyida saqlanib kelinmoqda. 1991 yili Xovosobod mahallasi aholisi tomonidan xashar yo‘li bilan tepalik obodonlashtirilgan.

Eski Xovos tepaligi. 2023-yil, Xovos.

Eski Xovos tepaligi yonidan shuningdek Buyuk ipak yo‘li o‘tganligi uchun karvon saroylar qurilib karvonlarning to‘xtab o‘tish joyi vazifasini xam bajargan. Buning isboti sifatida Temur tuzuklarida Amir Temur Xovosda to‘xtab o‘tganligi va chiroyli taʼrif berilganligidan xam bilsak bo‘ladi. Temuriylar avlodi shoh Bobur xam Hindiston sari yurishida Xovosda to‘xtab o‘tganligi haqida ham maʼlumotlar mavjud.

Eski suv minorasi XIX asrniing 80-yillarda Rossiya imperiyasi tomonidan kelgusida hududdagi katta maydonni egallagan Mirzacho‘lni o‘zlashtirish uchun birinchi navbatda bu joylarga temir yo‘l yotqizishni rejalashtiradi va rus knyazi A.Ursatovskiy boshchiligida 1890 yillarda dastlabki temir yo‘llari qurila boshlanadi. O‘sha vaqtdagi birinchi paravozlar asosan bug‘ bilan ishlaganligi sababli Xovos temir yo‘l stansiyasida birinchi Suv saqlash minorasi 1890 yilda qurilgan bo‘lib, temir yo‘l vokzalida paravozlarni suv bilan taʼminlab bergan. Bu Suv minorasi hozirgi kunda Xovos temir yo‘l stansiyasi vagonlar deposi tashkiloti hududida saqlanib kelinmoqda.[2]Xovosdagi masjidlar orasida "Masjidi surx" jomeʼ masjidi maqomiga ega boʻlib, qizil gʻishtdan qurilganligi bois shunday nomlangan va naqshinkor, juda koʻrkam boʻlgan. U oʻtgan asrning 60-yillari oxirida buzib tashlangan, bugungi kunda uning poydevorigina qolgan.

Masjid qalʼadan gʻarb tomonda, 70 metrcha uzoqlikda, Farkat mahallasi hududida joylashgan.

Masjidi surx yonida avliyo insonning hassasi qadalgan boʻlib, mahalliy aholi uni "Asoi chashm" deb ataydi. Rivoyatlarga qaraganda, u kishi dami oʻtkir inson boʻlib, odamlarga nazar tekkanda dam solgan ekan. Shuning uchun hozirgacha koʻzi ogʻrigan, qizargan, shishgan bemorlar shifo topish maqsadida bu erni ziyorat qilishadi.

Hozirgacha faoliyat yuritib kelayotgan yagona masjid "Namozgoh" masjididir. Masjid 1988-1991 yillarda Z. Boboev, Q. Xoliqberdiev, K. Soliev, O. Toshboev, A. Rasulovlar boshchiligida hashar yoʻli bilan qayta qurilgan. 2004 yilda esa M. Sodiqovning saʼy-harakatlari bilan jomeʼ masjidiga aylantirilgan va unga Hasti buzurg Bobo Jobirning farzandlariga atab "Saʼdu-Saʼid" nomi berilgan.

Masjid qalʼadan janubi-gʻarb tomonda, 50 metrcha uzoqlikda, „Hasti buzurgon“ ziyoratgohi yaqinida joylashgan.

Aytishlaricha, Xovosda 28 ta muqaddas qadamjo boʻlgan. Bulardan eng mashhuri "Hasti buzurgon" ziyoratgohidir. „Hasti buzurg“ nomi Paygʻambarimizning (s.a.v.) sahobalaridan deb hisoblashadigan Bobo Jobirga nisbatan qoʻllanadi (mahalliy aholi qisqartirib „Bojobir“ deb ataydi).

Bobo Jobir Xovos va uning atrofidagi aholi orasida Islom dinini yoyish maqsadida kelgan. Bobo Jobir Xovosning gullab-yashnashi, xalq farovonligi yoʻlida sidqidildan mehnat qilganligi, odamlarga maʼrifat tarqatganligi uchun xalq uni eʼzozlab, buzurg inson deb ulugʻlagan.

Bobo Jobir Zomindan Xoʻjand va Shahristongacha boʻlgan hududlardagi etti aka-uka avliyolarning kattasi boʻlgan. U kishining ukalari Changovul qishlogʻida (Changovul bobo), Xoʻjamushkent qishlogʻida (Xoʻjamushkent bobo), qolgan ukalari Tojikistonning Sugʻd viloyati hududida — Shahriston yaqinidagi Qorasoqol qishlogʻida (Qorasoqol bobo), sobiq Proletar tumanidagi Dehmoy qishlogʻida (bir ukalari) va Xoʻjand atrofida (ikki ukalari) dafn etilgan. „Xoʻjamushkent ota“ ziyoratgohi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. M. Mirziyoev Jizzax viloyati hokimi lavozimida ishlagan davrda qayta qurilib, juda koʻrkam maskanga aylantirildi.

Mahalliy aholi orasida Bobo Jobir toʻgʻrisida avloddan avlodga oʻtib kelayotgan rivoyatlar mavjud. Aytishlaricha, u kishi avliyo boʻlganlaridan bomdod namozini uylarida oʻqisalar, peshinni Makkayu Madinada ado etarkanlar.

Yana rivoyat qilishlaricha, u insonning Saʼd va Saʼid ismli egizak farzandlari boʻlgan. Ularning uloqchasi boʻlib, uni shu egizaklar boqib, oʻynatib yurishar ekan. Bobo Jobir uylariga sahobalarni mehmonga taklif qiladi. Kichkina hujraga 400 kishi sigʻadi. Bobo Jobir uyidagi yagona uloqchani mehmonlar sharafiga soʻyadi, ahli ayollari esa uning goʻshtidan va uyda qolgan ozgina undan taom tayyorlaydi. Egizaklardan kattasi uloqchani soʻyish jarayonini kuzatgan boʻlib, ukasi undan uloqchani qanday qilib soʻyishganini qiziqib soʻraydi. Saʼd yugurib uydan pichoq olib chiqadi va Saʼidni yotqizib, qoʻl-oyogʻini bogʻlab, boʻyniga pichoq tortadi va natijada u jon beradi. Shunda Saʼd qoʻrqqanidan tomga qochib chiqadi va u yerdan yiqilib, u ham vafot etadi. Bu voqeadan xabar topgan Bobo Jobirning ahli ayollari farzandlarini oʻrab, uy ichiga yashirib qoʻyadi. Taom dasturxonga tortilgandan keyin mehmonlar jonliqning egasini, yaʼni Saʼd va Saʼidni dasturxonga taklif qilishni soʻrashadi, chunki egasining roziligisiz taomga qoʻl urish mumkin emas ekan. Bobo Jobir uchinchi marta soʻrab kelganidan keyingina ahli ayollari boʻlgan voqeani aytib beradi. Hazrati Jabroil qudratini ishga solib, egizaklarni tiriltirib beradi. Shundan soʻng ularning ota-onasi quvonib ketadi va barcha birgalikda taom eydi. Tayyorlangan taom barchaga etib, ortib ham qoladi.

Hasti buzurg vafot etganidan keyin qalʼaning janubi-gʻarbiy tomonida dafn etilgan. Shu qabrning oʻzida Bobo Jobirning farzandlari Saʼd va Saʼid ham koʻmilgan.

Mahalliy aholining guvohlik berishicha, ushbu qabrdan har-har zamonda gumburlagan ovoz chiqib turar ekan. Bu odamlarni turli balo-ofatlardan ogoh etar ekan. Oxirgi gumburlash 1952 yilda sodir boʻlgan. Oʻshanda qishloqni katta sel bosgan. Shu ovoz sababli qalʼani "Gumtepa" deb ham atashgan.

„Hasti buzurgon“ ziyoratgohi doimo uzoq va yaqin joylardan keladigan ziyoratchilar bilan toʻla boʻlib, ular bu qabrda yotgan Bobo Jobir va ularning farzandlari haqqiga duo qilishadi, Alloh yoʻlida qurbonlik keltirishadi. Shuningdek, ishi yurishmagan, farzandtalab kishilar Allohdan hojatlarini ravo qilishini soʻrab, bu erni ziyorat qilishadi. Bundan tashqari, tuproqlarini suvli toshma yaralarga davo deb hisoblashadi.

Bibi ocha ziyoratgohi. Ushbu nom Bobo Jobirning ahli ayollari Bibi Hadichaga nisbatan qoʻllanadi. Mahalliy aholi kelinoyi yoki yangaga „bibi“ deb murojaat qiladi, ona yoki buvini esa „ocha“ deydi. Shunga asosan, Bobo Jobir ahli ayollarining yotgan joyi „Bibi ocha“ deb atalgan.

Bibi Hadicha nihoyatda pokiza, hayoli va taqvodor ayol boʻlib, xotin-qizlarga namuna boʻlgan. Shuning uchun ziyoratchilar bu erga koʻproq baxt talabida kelishadi va hayotlari shu ayolnikidek goʻzal boʻlishini istab, Allohga iltijo qilishadi.

„Bibi ocha“ ziyoratgohi „Hasti buzurgon“ ziyoratgohidan yuqoriroqda, 100 metrcha uzoqlikda joylashgan.

Sherbobo ziyoratgohi. Asl ismi Ibrohim boʻlgan bu inson qalʼani dushmanlardan himoya qilishga boshchilik qilgan. Sherbobo uzun boʻyli, gavdali va baquvvat boʻlgan. Yov bilan sherday olishganligi uchun u kishiga Hazrati Ali Sheri Xudoga qiyosan „Sherbobo“ degan nom berilgan.

Rivoyatlarga qaraganda, Sherbobo shunchalik ilohiy kuchga ega boʻlganki, dushman tarafga qaratib qoʻllarini koʻtarganlarida ular toʻxtab qolgan, otlari esa yurolmay qolgan. Shu sababli u kishini „Bolosher“, yaʼni „sherdan ustun“ deb ham taʼriflashgan.

Yana aytishlaricha, Sherboboga dushmanning kamon oʻqi taʼsir qilmagan. Dushmanlar nima uchun bundayligiga qiziqishgan va faqatgina u kishi namoz oʻqiyotgan paytlarida zehrlari pasayishi mumkinligini bilib olishgan. Shundan soʻng payt poylab, Sherboboni namoz ado etayotganlarida oʻldirishadi.

Temiratki, quruq yaralardan aziyat chekayotgan insonlar u kishining tuproqlariga suv aralashtirib, loyi yaraga surilsa, shifo boʻladi, deb ishonishadi.

„Sherbobo“ ziyoratgohi qalʼadan gʻarb tomonda, 200 metrcha uzoqlikda, Qoqcha mahallasi hududida joylashgan.

Yusufbobo ziyoratgohi. Yusufbobo temirchilik bilan shugʻullangan va tabiblik qilgan, xalqqa koʻp yordami tekkan. U kishini temirchilar piri deb hisoblashgan.

Mahalliy aholining eʼtirof etishicha, u kishining tuproqlari bel, oyoq ogʻrigʻiga davo boʻlarmish.

„Yusufbobo“ ziyoratgohi qalʼadan shimoli-gʻarb tomonda, 300 metrcha uzoqlikda, Farkat mahallasi hududida joylashgan.

Mazori sayid. Mahalliy aholi ushbu qabrda avliyo inson yotibdi, deb hisoblaydi va uni juda qadrlaydi. Ayniqsa, homilasi turmaydigan ayollar shu joyni ziyorat qilishdan shifo topishlariga ishonishadi. Tuproqlarini esa soch toʻkilishiga davo deb hisoblashadi.

Qabr Tojikiston bilan chegara yaqinida, Boʻribek Qoraboevning fermer xoʻjaligi (avvalgi Beknazar Haqberdiev dalasi) hududida, Bolo mahallasida joylashgan.

„Mazori sayid“dan 100 metrcha pastroqda shahid boʻlgan kishining mozori boʻlib, uning oʻrni yoʻqolgan, u yerda eski tut daraxti qolgan. Daraxt yonida kichik hovuz boʻlib, u yerda kasallangan mollarni yuvishgan, shu sababli "Mazori qoʻtan" deb ham atashadi.

Qabr oʻrni Bolo mahallasi hududidagi mullo Xoʻjamurod bobo hovlisida joylashgan.

Mazori dil. Xovosni dushmanlardan himoya qilish chogʻida barcha vatan himoyachilari halok boʻlib, birgina himoyachi jang maydonida yolgʻiz qoladi. U oʻta baquvvat inson boʻlib, ancha vaqt dushmanlarga qarshilik koʻrsatadi. Biroq dushmanlar soni koʻpligidan ularga bas kelolmasligini anglaydi va Tangriga iltijo qilib, dushman qoʻliga tushib qolmaslikni soʻraydi. Shu onda uning yuragi yorilib, parcha-parcha boʻlib ketadi hamda vatan himoyasi yoʻlida shahid boʻladi. Mahalliy aholi yuragi kasallangan kishilarni Alloh yoʻlida shu qabrni ziyorat qilishga chorlaydi.

Bu shahid insonning qabri Bolo mahallasi hududida, Muhammadi Azimov hovlisi yonida joylashgan.

Mazori shahid. Bu joy ham shahid boʻlgan insonning qabridir.

Shaydo mahallasi hududida, Maxmanazar Xoʻjanov hovlisi yonida joylashgan. Qabr yaqinida hovuz bor.


Sangi kabud. Mahalliy aholi eʼtirof etishicha, ushbu tosh ustidan suv quyib ichilsa, koʻkyoʻtalga davo boʻlarmish. Ilgari ikkita tosh boʻlgan ekan, ulardan biri oʻtgan asrning 40-yillarida, urush vaqtida yoʻqolgan.

Shaydo mahallasidagi eski qabriston hududida, „Mazori shahid“dan sharq tomonda, 40 metrcha uzoqlikda joylashgan.

Mazori pari. Rivoyatlarga koʻra, bu bokira, hur qizning qabri ekan. Baʼzi hikoyachilarning soʻzlariga qaraganda, qabr ustida etti parining ruhini koʻrishgan ekan, shuning uchun bu erni „Yetti pari“ yoki „Yetti qiz“ deb ham atashadi. Ziyoratchi ayollar bu erga koʻproq baxt talabida kelishadi.

Ushbu qabr Shaydo mahallasi hududida, eski maktab yonida joylashgan.

Mazori qavs. „Qavs“ soʻzi „qabz“ soʻzining oʻzgargan shakli boʻlishi kerak. Rivoyat qilishlaricha, bu yerda juda ilmli tabib yashab oʻtgan. U kishi peshob qilishda qiynalgan inson va mollarni davolagan ekan. Shuning uchun hozirgi kunda ham xuddi shu kasallikka chalingan inson va mollarni bu erga olib kelib, qurʼon tilovat qilishadi.

Qalʼadan gʻarb tomonda, 50 metrcha uzoqlikda, Zafar Ashurbaev hovlisida joylashgan.

  1. Постановление Кенгаша Олий Мажлиса Республики Узбекистан от 11 fevral 2004 года № 597-II «О внесении некоторых изменений в административно-территориальное устройство Сырдарьинской области
  2. World Gazetteer., 2012-07-14da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2020-03-29
  3. https://daryo.uz/2019/02/19/shavkat-mirziyoyev-xovos-shaharchasining-bosh-rejasi-bilan-tanishdi/
  4. arxiv nusxasi, 2020-07-16da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2020-07-16
  5. „Среднеазиатские курорты“, Большая медицинская энциклопедия, 1-е изд., М.: «Советская энциклопедия», 1935. 
  6. „Қадимий Ховос тарихи. muslim.uz“.