Yadroviy muzyorar
Yadroviy muzyorar bu muz bilan qoplangan suvlarda foydalanish uchun moʻljallab qurilgan, atom energiyasidan yoqilgʻi sifatida foydalanuvchi kemadir. Atom energiyasidan foydalanuvchi muzyorar kemalar qurishni koʻplab mamlakatlar ham koʻrib chiqqan, yoki rejalashtirgan boʻlsada, 2022-yil holatiga koʻra, bunday kemalar qurilgan yagona davlat — Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi va undan keyin Rossiya Federatsiyasidir. Yadroviy muzyorarlar Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi va keyinroq Rossiya Federatsiyasi tomonidan, avvalambor Sibir shimolidagi muz qoplagan Arktika suv yoʻllari boʻylab kemalar qatnovini tezlashtirish, ularning yoʻliga toʻsiq boʻluvchi muz qatlamlarini ochib berish maqsadida qurilgan. Garchi yadroviy dvigatel oʻrnatish va uning taʼminoti juda qimmat boʻlsada, dizelda yuruvchi muzyorarlar haddan tashqari koʻp yoqilgʻi isteʼmol qilishi, uzoq joylarga sayohat qila olmasligi va Arktika mintaqasida yoqilgʻi zahirasini toʻldira olmasligi bilan, umumiy hisobda yadroviy muzyorarlardan ham koʻra ancha qimmatroq va ishga yaroqsizroq hisoblanadi. Barcha yadro muzyorarlarida elektr energiyasining pervanellarga (yoki parraklarga) uzatilishi natijasida harakatlanish sodir boʻladi.[1] Barcha mavjud yadro muzyorarlarining joylashuv bazasi Murmansk porti hisoblanadi.
Qishda Shimoliy dengiz yoʻllari boʻylab muz qalinligi 1.2 metrdan 2 metrgacha oʻzgarib turadi. Shimoliy Muz okeanining markaziy qismlaridagi muz qalinligi esa oʻrtacha hisobda 2.5 metr hisoblanadi. Yadroviy muzyorarlar shunday qalinlikdagi muzni yorgan holda, soatiga 10 not (19 km/s) tezlikda harakatlana oladi. Muzdan holi suvlarda yadroviy muzyorarning maksimal tezligi 21 not, yoki 39 kilometr soatgacha chiqadi.
Yadroviy muzyorarlardan foydalanish
[tahrir | manbasini tahrirlash]Rus Arktika sinfi muzyorarlari Shimoliy dengiz yoʻli boʻylab harakatlanuvchi yuk tashish kemalarini yoʻlini tozalash va ochish uchun qoʻllanadi. Mazkur Shimoliy dengiz yoʻli Barens dengizining sharqiy qismidan boshlanib, Pechora dengizi, Kara dengizi, Laptevlar dengizi, Sharqiy Sibir dengizi boʻylab oʻtadi va Bering boʻgʻozigacha boradi. Mazkur yoʻnalishdagi asosiy portlar — Dikson, Tiksi va Pevek.
Ikki yadroviy muzyorarlar — Taymir va Vaygach (shu nomdagi Rossiya Imperator flotining ikki tadqiqot kemalari nomi bilan atalgan) — sayoz suvlar uchun atayin moʻljallangan boʻlib, daryolarning dengizga tutashish joylarida ham qoʻllanishi mumkin. Ular Norilskdan metall ortilgan kemalarga, shuningdek, Igarkadan Diksonga qadar xoda va ruda ortilgan kemalarga boshlovchilik qiladi. Mazkur yadroviy muzyorarlar zarur boʻlganda yongʻin kemalari sifatida ham qoʻllanishi mumkin.
2014-yilda G'alabaning 50 yilligi muzyorarida Sochi — 2014 Olimpiadasi mashʼali estafetasining topshirilishi oʻtkazilgan.
Koʻpincha yadro muzyorarlaridan ilmiy-tadqiqot maqsadlarida foydalaniladi. 1977-yilda Arktika yadroviy muzyorari Shimoliy qutbga yetib bora olgan dunyodagi birinchi suv usti kemasi boʻldi. 1989-yildan boshlab bir necha yadroviy muzyorarlar turistik ekskursiyalar (asosan Shimoliy qutbga) oʻtkazish maqsadida foydalanib kelinmoqda.
Rus yadroviy muzyorarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]2021-yil holatiga koʻra, SSRI va Rossiyada jami 12 fuqarolik yadroviy kemalar ishga tushirilgan boʻlib, ulardan 11 tasi muzyorarlar boʻlsa, bittasi muz yoruvchi tumshuqqa ega boʻlgan yadroviy yuk tashuvchi kemadir. Arktika sinfiga mansub oltita yadroviy muzyorarning barchasi Sankt-Peterburgdagi „Boltiq (kemasozlik) zavodi“da ishlab chiqarilgan. Vaygach va Taymir esa Finlandiyaning „Helsinki yangi kemasozlik zavodi“da ishlab chiqarilgan, keyin esa Rossiyaga keltirilib, reaktor va turbogeneratorlar bilan jihozlangan. Muzyorarlardan tashqari, Sovet Ittifoqida muzga qarshi mustahkamlangan yadroviy yuk tashuvchi kema — Sevmorput ham ishlab chiqarilgan.
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Marsinkevich, Boris Leonidovich. Mirniy atom vo ldax Arktiki ⋆ Geoenergetics.ru. Geoenergetika (16-dekabrya 2019). Data obraщeniya: 17-dekabrya 2019.