Kontent qismiga oʻtish

Yangi Oʻzbekiston bogʻi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Yangi Oʻzbekiston bogʻi

„Yangi Oʻzbekiston“ bogʻidagi Mustaqillik monumenti. 2022-yil 21-iyun.
Joylashuvi Mirzo Ulugʻbek tumani,
Toshkent, Oʻzbekiston
Turi madaniyat va istirohat bogʻi
Meʼmor Mimar Group[1]
Qurilish boshlanishi 1-bosqich:
2021-yil 1-may
2-bosqich:
2021-yil 7-sentabr
Qurilish yakunlanishi 1-bosqich:
2021-yil 31-avgust
2-bosqich: ?
Map
Yangi Oʻzbekiston bogʻi xaritada

„Yangi Oʻzbekiston“ bogʻiOʻzbekistonning eng yirik va koʻlamdor madaniyat va istirohat bogʻlaridan biri. Oʻzbekiston Mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan Toshkent viloyatining poytaxtga tutash qismida, Qibray tumanidagi 104 gektar maydonda bunyod etilgan. Bogʻning markaziy qismida Mustaqillik monumenti barpo etilgan. „Yangi Oʻzbekiston“ bogʻining qurilishi Toshkent shahrining maydoni kengayishiga sabab boʻldi. Madaniyat va istirohat bogʻining maydoni Mirzo Ulugʻbek tumaniga qoʻshib berildi[2].

„Yangi Oʻzbekiston“ bogʻi va Mustaqillik monumentining tantanali ochilish marosimi 2021-yil 31-avgustda oʻtkazilgan[3][4], unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq soʻzlagan[5]. Shundan soʻng Oʻzbekistonning boshqa hududlarida „Yangi Oʻzbekiston“ nomi bilan yoppasiga yangi bogʻlar qurila boshladi.

2022-yildan Oʻzbekistonga kelgan oliy va yuqori darajadagi mehmonlar tomonidan „Yangi Oʻzbekiston“ bogʻidagi Mustaqillik monumenti poyiga gul qoʻyish marosimi anʼanaga aylandi.

Bogʻning qurilishi tarixi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Yangi Oʻzbekiston“ bogʻiga ilk koʻchatlar oʻtqazilib, koʻkalamzorlashtirish ishlari 2021-yil 1-mayda boshlab yuborildi. Keyinchalik keng koʻlamli qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borildi. 2000 dan oshiq quruvchi va ishchi, 200 dan koʻproq maxsus texnika jalb qilindi. Kashtan, eman, chinor, lola, nastarin kabi manzarali daraxtlar, butalar va gullar ekildi[6].

Bogʻning markaziy qismida Mustaqillik monumenti barpo etilgan. Dastlab „Istiqlol“ majmuasi deb nomlangan monument Toshkentning markaziy qismidagi „Moviy gumbazlar“ xiyobonida qurilishi rejalashtirilgan edi[7], 2021-yil 3-fevralda majmua konsepsiyasini ishlab chiqish boʻyicha tanlov eʼlon qilingan. „Moviy gumbazlar“ xiyobonining buzilishi va uning oʻrnida yangi monument qurilishi haqidagi gaplar mahalliy aholida norozilik uygʻotib, „Moviy gumbazlar“ni buzishga qarshi imzolar yigʻilgan[8] va bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralar boshlanib, xiyobonni saqlab qolishga chaqiruvchi fleshmoblar uyushtirilgan edi[9].

„Yangi Oʻzbekiston“ bogʻi va Mustaqillik monumenti qurilishining pudratchisi Mimar Group hisoblanadi. Qurilish-montaj ishlari qiymati mos ravishda 146,5 milliard va 47,8 milliard soʻmga baholangan[10].

Quruvchi tashkilot va Turkiyaning Outdoor Factory (Açıkhava Fabrikası) kompaniyasi oldida ushbu monument loyihasini qisqa muddatlarda barpo qilish vazifasi yuklatiladi.[11] Ammo Turkiyada COVID-19 pandemiyasi sababli belgilangan karantin cheklovlari natijasida zarur mutaxassis va xom ashyo mahsulotlarini oʻz vaqtida Oʻzbekistonga olib kelish imkoniyati boʻlmaydi. Natijada monumentda muhim boʻlgan tarixiy shaxslar, davlat arboblari va hodisalarni aks etuvchi detallari toʻliq oʻrnatilmaydi. Muddatning qisqaligi sababli bu ishlarni amalga oshirish Mustaqillik bayrami oʻtkazilganidan keyin amalga oshirilishi rejalashtiriladi[10].

Bogʻ qurilishining birinchi bosqichi tugatilib, 2021-yilning 31-avgustida „Yangi Oʻzbekiston“ majmuasi va Mustaqillik monumentining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi[5]. Bir haftadan soʻng esa bogʻ qurilishining ikkinchi bosqichiga start berildi[2].

Turkiyada COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq cheklovlar yumshatilgandan keyin, 2021-yilning kuzida Turkiyaning Outdoor Factory (Açıkhava Fabrikası) kompaniyasi tomonidan Mustaqillik monumentida Turkiyadan olib kelingan materiallardan qayta rekonstruksiya ishlari olib borildi[10].

Bogʻda oʻtkazilgan tadbir, bayram va marosimlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Yangi Oʻzbekiston“ bogʻi umumxalq bayramlari, madaniy-ma'rifiy tadbirlarni oʻtkazish uchun ham moʻljallangan[5].

2022-yilgi Yangi yil bayrami asosiy tantanalari „Yangi Oʻzbekiston“ bogʻida boʻlib oʻtdi, Oʻzbekistonning eng katta archasi shu bogʻda oʻrnatildi[12]. Yangi yil bayrami munosabati bilan 2021-yil 20-dekabrdan 2022-yil 10-yanvargacha Toshkentning „Doʻstlik“ metro bekatidan „Yangi Oʻzbekiston“ bogʻigacha bepul avtobus qatnovi yoʻlga qoʻyildi[13].

Mustaqillik monumenti poyiga gul qoʻyish marosimlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2022-yildan Oʻzbekistonga kelgan oliy va yuqori darajadagi mehmonlar tomonidan „Yangi Oʻzbekiston“ bogʻidagi Mustaqillik monumenti poyiga gul qoʻyish marosimi anʼanaga aylandi[14].

Meʼmorchiligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bogʻning yuqoridan koʻrinishini ulkan daraxtning beshta shoxiga oʻxshatish mumkin. Bu koʻrinish Oʻzbekiston Harakatlar strategiyasining beshta yoʻnalishi ramzi ekani maʼlum qilindi[18].

Bogʻ hududida turli attraksionlar, favvoralar, savdo va ovqatlanish shoxobchalari, 450 m² li sunʼiy muz maydoni va 5000 oʻrinli usti ochiq amfiteatr tashkil etilishi rejalashtirilgan[12][5].

Mustaqillik monumenti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mustaqillik monumenti „Yangi Oʻzbekiston“ bogʻining markaziy qismida joylashgan monument boʻlib, unda Markaziy Osiyo xalqlari tarixi va bugungi kunini aks ettiruvchi barelyeflar yasalgan. Barelyef muallifi, haykaltarosh Shohrux Oʻrozov[19]. Monument balandligi 60 metr. Eng yuqori qismida humo qushi koʻrinishidagi installyatsiya oʻrnatilgan[2].

Monument barelyefi haykalining hozirgi koʻrinishi vaqtincha gipsdan tayyorlangan va stellaning yuzasiga moslab ishlangan haykaltaroshlik ishi sanaladi. Keyinchalik stella majmuasiga ishlangan barelyefning bronza koʻrinishi tayyorlanib, stella majmuasiga olib kelib oʻrnatilishi rejalashtirilgan[19].

  1. „«Yangi Oʻzbekiston» bogʻi va «Istiqlol» majmuasi qurilishi kimga topshirildi?“. Gazeta.uz. Qaraldi: 23-iyun 2022-yil.
  2. 2,0 2,1 2,2 „«Янги Узбекистон» новый парк в новой части Ташкента“. Afisha.uz (2021-yil 28-sentyabr). Qaraldi: 2022-yil 22-iyun.
  3. „“Yangi Oʻzbekiston” bogʻi va Mustaqillik monumenti ochildi“. Uza.uz (2021-yil 31-avgust). Qaraldi: 2022-yil 22-iyun.
  4. „“Yangi Oʻzbekiston” bogʻi va Mustaqillik monumentidan fotoreportaj“. Uza.uz (2021-yil 31-avgust). Qaraldi: 2022-yil 22-iyun.
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 „«Yangi Oʻzbekiston» majmuasi va Mustaqillik monumentining ochilish marosimi boʻlib oʻtmoqda“. Kun.uz (2021-yil 31-avgust). Qaraldi: 23-iyun 2022-yil.
  6. „Prezident “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi qurilishi bilan tanishdi“. Kun.uz (2021-yil 9-iyul). Qaraldi: 2022-yil 23-iyun.
  7. „Тошкентдаги «Мовий гумбазлар» хиёбонида Истиқлол мажмуаси қурилади“. Gazeta.uz (2021-yil 3-fevral). Qaraldi: 23-iyun 2022-yil.
  8. „Ташкентцы выступили против комплекса «Истиклол» на бульваре «Голубые купола»“. Gazeta.uz (2021-yil 8-fevral). Qaraldi: 23-iyun 2022-yil.
  9. „Ташкентцы запустили флешмоб в защиту парка возле ЦУМа. Там планируют построить Комплекс независимости“. Podrobno.uz (2021-yil 4-fevral). Qaraldi: 23-iyun 2022-yil.
  10. 10,0 10,1 10,2 „«Yangi Oʻzbekiston» bogʻidagi monument nega qayta ta’mirlanayotganiga izoh berildi“. Xabar.uz (2021-yil 10-noyabr). Qaraldi: 2022-yil 23-iyun.
  11. Bobojon, Hurmat „Mustaqillik monumenti: Turk shirkati 63 kunda tiklagan yodgorlik qanchaga tushgani ochiqlanmayapti“. Ozodlik radiosi (7-oktabr 2021-yil). Qaraldi: 23-iyun 2022-yil.
  12. 12,0 12,1 „«Yangi Oʻzbekiston» bogʻi yangi yil tantanalariga tayyor“. Xabar.uz (2021-yil 20-dekabr). Qaraldi: 23-iyun 2022-yil.
  13. „Bugundan boshlab "Doʻstlik metrosi - Yangi Oʻzbekiston bogʻi" yoʻnalishida bepul avtobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyildi“. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati. Qaraldi: 23-iyun 2022-yil.
  14. 14,0 14,1 „Oʻzbekiston – ​Ozarbayjon: ikki qardosh mamlakat hamkorligi kelajagiga mustahkam poydevor qoʻyildi“. Uzlidep.uz (2022-yil 23-iyun). 2022-yil 23-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 23-iyun.
  15. „Erdoʻgʻan Toshkentga yetib keldi“. Kun.uz (2022-yil 29-mart). Qaraldi: 2022-yil 23-iyun.
  16. „Ozarbayjon Respublikasi Milliy Mejlisi Raisi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻidagi Mustaqillik monumenti poyiga gul qoʻydi“. Perepost.uz (2022-yil 1-aprel). Qaraldi: 2022-yil 23-iyun.
  17. „Шавкат Мирзиёев встретил Эмомали Рахмона в аэропорту Ташкента“. Nova24.uz (2022-yil 2-iyun). Qaraldi: 23-iyun 2022-yil.
  18. „“Yangi Oʻzbekiston” bogʻi va Mustaqillik monumenti ochildi“. Yangi Oʻzbekiston (2021-yil 31-avgust). Qaraldi: 23-iyun 2022-yil.
  19. 19,0 19,1 „Qurilish vazirligi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻidagi stella barelyefiga zarar yetganiga izoh berdi“. Daryo.uz (2022-yil 13-yanvar). Qaraldi: 2022-yil 23-iyun.