Yazid ibn Abu Muslim
Yazid ibn Abu Muslim يزيد بن أبي مسلم | |
---|---|
Ifriqiya hokimi | |
Mansab davri 720 – 721 | |
Hukmdor | Yazid II |
Oʻtmishdoshi | Ismoil ibn Abdulloh ibn Abu al-Muhojjar |
Vorisi | Muhammad ibn Yazid |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Vafoti |
721 Qayravon |
Yazid ibn Abu Muslim (arabcha: يزيد بن أبي مسلم) (721-yilda vafot etgan) 720-yildan vafotiga qadar Umaviylar xalifaligining Ifriqiyadagi hokimi boʻlib xizmat qilgan.
Yazid ibn Abu Muslim arablarning Saqif qabilasidan boʻlgan. Dastlab Umaviylar xalifaligining Vositdagi (Iroq) hokimi Hajjoj ibn Yusufning qoʻl ostida xizmat qilgan. Keyinchalik lavozimi koʻtarilib, al-Hajjojning kotibi boʻlgan. Al-Hajjoj oʻlimidan oldin sogʻligi yomonlashgan vaqda Yazid koʻpincha uning oʻrinbosari sifatida xizmat qilgan. Al-Hajjoj 714-yilda vafot etgan, oʻlimidan keyin xalifa al-Volid I Yazidni uning oʻrniga hokim etib tayinlagan.
715-yilda xalifa Sulaymon ibn Abdulmalik hokimiyat tepasiga kelgach, Yazid ibn Abu Muslim zudlik bilan (al-Hajjoj tomonidan tayinlangan boshqa koʻplab mansabdorlar bilan birga) ishdan boʻshatilgan. Aytishlaricha, Yazid oʻsha paytda qamoqqa olingan, biroq keyinchalik unga qarshi hech qanday qonunbuzarlik dalillari topilmaganligi bois ozod qilingan. Yana bir manbaga koʻra, Yazid taxminan 717-yilda xalifa Umar II tomonidan umumiy afv doirasida ozodlikka chiqarilgan[1].
720-yilda yangi maʼmuriy oʻzgarishlar doirasida xalifa Yazid II Yazid ibn Abu Muslimni Ifriqiya hokimi etib tayinlagan va unga Al-Andalus (Pireney yarim oroli) ustidan nazorat oʻrnatish vakolatlarini bergan.
Yazid ibn Abu Muslimning Ifriqiyadagi hokimlik davri muvaffaqiyatsiz kechgan. U oʻzining ustozi al-Hajjojning Vositdagi shafqatsiz boshqaruvini eslab, oʻz hududidagi arab boʻlmagan musulmonlarga hurmatsizlik bilan munosabatda boʻlgan. Qayravonda hokimlik qilgan Ismoil ibn Abdulloh ibn Abu al-Muhojjar musulmon berberlarni xalifalikning asosiy oqimiga qoʻshish uchun oʻz saʼy-harakatlarini amalga oshirgan edi. Ammo bunga zid ravishda Yazid berber zobitlarini chetlatib, ularga solinadigan soliqlar miqdorini oshirgan. Qonuniy taqiqlarni chetlab oʻtib, musulmon berberlarga jizya soligʻini qayta joriy qilgan, shuningdek, yana boshqa favqulodda soliq va oʻlponlarni ham koʻpaytirgan.
Solnomachi Ibn Abdulhakamning yozishicha, 721-yilda Yazid ibn Abu Muslim Qayravon berberlarini xoʻrlash maqsadida ularning qoʻllariga tamgʻa bosishni buyurgan, oʻng qoʻllariga shaxsiy ismlari, chap qoʻllariga esa „Yazidning qoʻriqchisi“ iborasini yozdirgan[2][3]. Bu xoʻrlikka chidab boʻlmasligini anglagan berberlar Yazid ibn Abu Muslimni oʻldirganlar. Sobiq hokim Muhammad ibn Yazid to Damashqdan yangi hokim yuborilgunicha vaqtincha uning oʻrniga tayinlangan.
Ibn Xallikon tomonidan berilgan maʼlumotga koʻra, Ifriqiyadagi xalifa Yazidning zulmkor boshqaruvi haqida maʼlumot olganidan keyin berberlar Yazid II tomonidan avf etilgan. Yazid II 721-yil oxirida Bishr ibn Safvon al-Kalbiyni Ifriqiyaga yangi hokim etib tayinlagan.
Ibn Xaldun berberlar fitnasi ortida sobiq hokim Muso ibn Nusayrning oʻgʻli Abdulloh ibn Muso turgan boʻlishi mumkin deb taxmin qilgan. Ushbu taxmin sabab xalifa Abdullohni hibsga olib, uni qatl qilishni buyurgan. Bishr ibn Safvon garchi oʻzi istamasa ham bu buyruqni bajarishga majbur boʻlgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ibn Khallikan, p.200
- ↑ Ibn Khaldun, p.357
- ↑ Hrbek, Ivan (1992), Africa from the Seventh to the Eleventh Century, 3rd-jild, University of California Press, 131-bet, ISBN 978-0-520-06698-4
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ibn Khaldun, Histoire des Berbères et des dynasties musulmanes de l’Afrique, 1852 trans., Algiers, Vol. 1
- Ibn Khallikan Ibn Khallikanʼs Biographical Dictionary, Vol. 4, trans. 1872, Paris
- Taha, Abd al-Wahid Dhannun (1989) The Muslim conquest and settlement of North Africa and Spain, London, Routledge.
Oʻtmishdoshi: Ismoil ibn Abdulloh ibn Abu al-Muhojjar |
Ifriqiya hokimi 720–721 |
Vorisi: Muhammad ibn Yazid |