Yoʻldosh Ergashev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Yoʻldosh Ergashev
Tavalludi 5-sentyabr 1925-yil (1925-09-05) (98 yosh)
Safarobod, Oltinkoʻl tumani, Andijon viloyati
Vafoti nomaʼlum
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSROʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Xizmatdagi yillari 19431945
Lavozimi Katta serjant gvardiya katta serjanti
Jang/urush Ikkinchi jahon urushi
Mukofotlari 1-darajali Vatan urushi ordeni Shuhrat ordeni Shuhrat ordeni Shuhrat ordeni

Yoʻldosh Ergashev (1925-yil 5-sentyabr, Safarobod, Oltinkoʻl tumani, Andijon viloyati — ?) — Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi, oʻqchi, 128-gvardiya togʻ-oʻqchi diviziyasi, 327-gvardiya togʻ-oʻqchi polkining oʻqchi otryadi komandiri, gvardiya katta serjanti[1], uchala darajadagi „Shuhrat“ ordeni sohibi[2].

Tarjimayi holi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yoʻldosh Ergashev 1925-yil 5-sentyabr Andijon viloyati, Oltinkoʻl tumani, Safarobod qishlogʻida dehqon oilasida tavallud topgan[2][3]. Millati oʻzbek. 8 yillik oʻrta maktabni bitirgan. Kolxozda paxta brigadasi brigadiri boʻlib ishlagan.

Urush davridagi faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

1943-yilda Chinobod tumani harbiy komissarligi tomonidan harbiy xizmatga chaqirilgan. Saratov shahrida joylashgan zaxira artilleriya polkining polk maktabida oʻqigan. 1943-yil aprelidan urushda ishtirok eta boshlaydi. 4-Ukraina fronti, Janubiy, Shimoliy Kavkazdagi janglarda qatnashgan. Urushdagi butun harbiy xizmatini alohida Primorsk armiyasi, 128-gvardiya togʻ-oʻqchi diviziyasi, 327-gvardiya togʻ-oʻqchi polkida oʻtagan. Kubandagi jangda Ergashev polkning birinchi raqamli pulemyotchi boʻlgan. Taman yarimorolini fashistlardan ozod qilishda, Qrimga desant tushirishda ishtirok etgan[3]. 1944-yil aprelda Kerchni ozod qilishda ishtirok etgan, ayniqsa, Sevastopolni ozod etish janglarida alohida oʻrnak koʻrsatgan. 1944-yil 12-mayda Xersones buxtasi hududiga qilingan hujumda Ergashev birinchilardan boʻlib, fashistlarning transheyasiga yetib boradi va granatalar bilan asosiy pulemyot guruhini va 7 nafar askarini yoʻq qiladi[2]. 1944-yil 6-iyunda Ergashev jangda koʻrsatgan mardligi va jasorati uchun III darajali „Shuhrat“ ordeni bilan taqdirlangan. Shundan keyin Ergashev snayperlik kurslarida oʻqiydi[3]. 1944-yil 12-oktyabrda Polshaning Sanok shahridan 40 kilometr janubda joylashgan Solinka aholi punkti uchun boʻlgan jangda 327-gvardiya togʻ-oʻqchi polkining (128-gvardiya togʻ-oʻqchi diviziyasi, 1-gvardiya armiyasi, 4-Ukraina fronti) snayperi Ergashev fashistlarning ikki snayperi va bir pulemyot guruhini yoʻq qiladi. Oradan bir necha kun oʻtib, 17-oktyabrdagi jangda Ergashev ogʻir jarohat olib, gospitalga yotqiziladi. Ushbu jasorati uchun Ergashev 1944-yil 14-dekabrda II darajali „Shuhrat“ ordeni bilan taqdirlanadi. 1945-yil fevralda Ergashev tuzalib chiqib, oʻz polkiga yana harbiy xizmatga qaytadi. 1945-yil may oyida Chexoslovakiyaning Olomouts shahri uchun boʻlgan jangda katta serjant Ergashev oʻz boʻlinmasini olgʻa boshlab, dushman transheyasi egallaydi, shaxsan oʻzi 7 nafar gitlerchini yoʻq qilib, bir nafarini asir oladi[2]. Ushbu jangda koʻrsatgan jasorati va mardligi uchun 1945-yil 24-avgustda qayta II darajali „Shuhrat“ ordeni bilan taqdirlanadi[3]. Sababi gospitalda boʻlganda bu ordenni ololmagan. 1945-yilda Ergashev harbiy xizmatdan ozod etiladi. 1974-yil 24-dekabrda SSSR Oliy Soveti Prezidiumi farmoniga asosan I darajali „Shuhrat“ ordeni bilan taqdirlanadi, natijada uchala darajadagi „Shon-sharaf“ ordeni sohibi boʻladi[2].

Urushdan keyingi faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yurtiga qaytib kelgach, dastlab Safarobod qishlogʻidagi maktabda ishlaydi, 1961-yilda Fargʻona davlat pedagogika insitituti, geografiya fakultetida oʻqishni tugatadi[2]. 1977-yilda Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi unvonini olgan[2]. Baliqchi tumanidagi 23-maktabda geografiya fani oʻqituvchisi boʻlib ishlagan[4]. Oltinkoʻl tumanidagi Qoʻshtepa qishlogʻida yashagan. Keyingi taqdiri nomaʼlum.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Ergashev Yuldash“ (rus tilida). 2023-yil 10-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-iyun.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 2,6 Nikolay Ufarkin. „Ergashev Yuldash“ (rus tilida). 2023-yil 10-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-iyun.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 „Ergashev Yuldash“ (rus tilida). 2023-yil 7-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-iyun.
  4. „Plakati Polniye kavaleri Ordena Slavi“ (rus tilida). 2023-yil 9-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-iyun.