Kontent qismiga oʻtish

Sulaymon Yudakov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sulaymon Yudakov
Tavalludi 14-aprel 1916
Vafoti 5-noyabr 1990
Toshkent, OʻzSSR
Fuqaroligi SSSR
Kasbi Kompozitor
Unvoni „Shon-sharaf belgisi“ ordeni, O‘zbekiston SSR xalq artisti

Sulaymon Aleksandrovich Yudakov (1916-yil 14-aprel, Qoʻqon — 1990-yil 5-noyabr, Toshkent) — kompozitor. Oʻzbekiston xalq artisti (1976). 1944-yilda Tojikiston SSR madhiyasining kuyini bastalagan. Hozirda Sulaymon Yudakov tomonidan yaratilgan ushbu kuy Tojikistonning zamonaviy madhiyasining asosini tashkil etadi.

Tarjimai holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sulaymon Yudakov 1946-yil 14-aprelda Qoʻqon shahrida buxorolik yahudiylar oilasida dunyoga kelgan. Oʻn ikki yoshida ota-onasidan yetim qolgan va Qo‘qon bolalar uyida tarbiyalangan. Bolalar uyida Sulaymon Yudakov musiqa boʻyicha oʻzining birinchi tizimli tadqiqotlarini boshlagan: nota yozuvlari saboqlarini, balalayka, mandolin, gitara, puflama cholgʻu asboblarini chalishni oʻrgangan. Uning birinchi musiqa oʻqituvchisi Mixail Genrixovich Naygof boʻlgan.

Sulaymon Yudakov 1932-yili P. I. Chaykovskiy nomidagi Moskva konservatoriyasining musiqa fakultetida fleyta sinfida oʻqishni boshlagan. 1939-yil — R. M. Glier sinfida konservatoriyaning kompozitsiya boʻlimi talabasi boʻlgan. 1941-yili urush boshlanishi bilan bastakor Sulaymon oʻqishni toʻxtatib, Toshkentga qaytib kelgan.

Moskva konservatoriyasida taʼlim olgan (1934—1941). 1941-yildan Toshkentga qaytib asosan ijod bilan shugʻullangan. 1943—1944-yillari Tojikiston filarmoniyasi badiiy rahbari boʻlgan. Uning asarlari oʻzbek (va tojik) xalq kuylari hamda zamonaviy ohang va usullar uygʻunligi, janr jihatidan xilmaxilligi, yorqin va hayotbaxsh kuylari bilan ajralib turadi.

Kasbiy va ijodiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sulaymon Yudakov 1944-yilda Tojikiston SSR madhiyasining kuyini yozgan. Keyinchalik u yozgan kuy Tojikistonning zamonaviy madhiyasining asosini tashkil etdi. 1945-yili „Farzand“ musiqali dramasini yozadi. Urushdan keyin (1940-yillarning ikkinchi yarmi) u koʻplab asarlar yaratgan: Skripka va pianinoda chalish uchun „Sharq sheʼri“, „Skripka, violonchel va pianino uchun fantaziya“, Ikkita fortepianinoda chalish uchun moʻljallangan „Raqs Syuitasi“. Syuita kompozitsiyasi uch qismdan iborat: „Xorazm bayrami yurishi“, „Ozarbayjon lirik raqsi“, „Farg‘ona raqsi“.

Sulaymon Yudakov 1958-yilda „Maysaraning ishi“ nomli birinchi oʻzbek hajviy operasini yozgan. Opera 1959-yilda A.Navoiy nomidagi taetrda sahnalashtirilgan. Opera katta muvaffaqiyatga erishgan. U 9 ​​tilga tarjima qilingan va Toshkent, Samarqand hamda koʻplab yaqin va uzoq xorij mamlakatlarining (Moskva „Rim“ teatrida — 1960-yilda, Polshaning Lodz shahrida — 1975-yilda, shuningdek, Ashxobod, Dushanba, Bishkek, Ufada) teatrlarida sahnalashtirilgan, simfonik asarlari koʻp orkestrlar repertuaridan oʻrin olgan. Sulaymon Yudakov 1967-yilda birinchi oʻzbek hajviy baletini „Nasriddin yoshligi“ni yaratgan.

Sulaymon Yudakov — opera, balet („Jonli alanga“), kantatalar („Mening Vatanim“, „Muborakbod“, „Alyor“ va boshqalar), 6 qismli „Mirzachoʻl“ vokalsimfonik syuita, vokal-simfonik poemalar, qoʻshiqlar, romanslar, („Kuylama sohibjamol“, „Basandas“ va boshqalar), kamer cholgʻu asarlar (mas, „Sharq poemasi“ va boshqalar), dramatik spektakllar, kinofilmlarga kuy bastalagan va boshqalar asarlar muallifi boʻlgan.

Sulaymon Yudakovning qoʻshiqdaridan „Dugonalar“, „Davra qoʻshigʻi“, „Jon Oʻzbekiston“, „Karnaval valsi“ va boshqalar ommalashgan. Davlat mukofoti (1951), Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti (1977) laureati[1] boʻlgan.

Sulaymon Yudakov 1990-yil 5-noyabrda vafot etgan. Toshkentda, Buxoro-yahudiy qabristoniga dafn etilgan[2].

2008-yil dekabr oyi boshida Oʻzbekiston Bastakorlar uyushmasi koʻmagida Y. Gʻulomova koʻchasi, 69-uyda joylashgan Oʻzbekiston Bastakorlar uyida Sulaymon Yudakov uy-muzeyi[3] tashrif buyuruvchilar uchun ochilgan. Muzeyning asosiy vazifalari madaniyat va sanʼat sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, ilmiy anjumanlar, qo‘shiq va konsertlar o‘tkazish, axborot materiallari, ilmiy monografiyalar, kitoblar, albomlar nashr etish, video va audio materiallar, disklar tayyorlashdan iborat.

  • Plungyan V., S. Yudakov, T., 1979; Sulaymon Yudakov v vospominaniyax sovremennikov (avtorsostavitel V.Plungyan), T., 2003.