Abdulahad Bekboyev
Abdulahad Bekboyev | |
---|---|
Tavalludi |
1916-yil |
Fuqaroligi | SSSR |
Turmush oʻrtogʻi | Shoyma |
Bolalari | 3 |
Abdulahad Bekboyev – 1916-yilda OʻzSSR Samarqand viloyati, Forish tumani, Quduq qishlogʻida tugʻilgan[1]. Ota-onasi, ukalari bilan Qozogʻistonga surgun qilingan. U yerda otasi Jonuzoqov Bekboy vafot etgach, onasi oʻz qishlogʻiga qaytib kelgan. Hibsga olinganda kolxozchi boʻlgan. Unga „aksilinqilobiy quloq-isyonchilar guruhining yigʻinlariga qatnashgan“ degan ayb qoʻyilib, 1937-yil 7-dekabrda 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan. Jizzax shahri turmasidan Toshkent turmasiga keltirilib, u yerdan Arxangelsk shahriga etap qilingan.
Ayblov
[tahrir | manbasini tahrirlash]OʻzSSR Ichki ishlar xalq komisarligi huzuridagi „Uchlik“ 1937-yil 7-dekabrdagi 7915-sonli ish boʻyicha 17 mahbusning ishini koʻrib chiqadi. Ulardan Oʻroz Damaqov, Jumaqul Boʻronov, Olimberdi Malikov, Mavlon Rizayevlar otuvga, Erxon Joʻrayev, Oʻrozboy Bolibekov, Shotemir Boʻronov, Marajab Jumanov, Mavlon Qultoyev, Eshnazar Xaqqulov, Muhammadiy Normatov, Nodir Isayev, Lutfulla Abilov, Mansur Egamberdiyev, Abdulahad Bekboyev, Mitan Haydarov, Turgʻunboy Rahmonqulovlar 10 yil mehnat-tuzatuv lageriga hukm qilinadi[2].
Mehnat faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]A.Bekboyev 1938-yilda temir yoʻl qurilishida ishlagan. 1939-yilning may oyidan 1940-yil boshlarigacha esa Uzoq Sharqning Asanquli degan joyida temir yoʻl qurilishida ishlagan.
Bekboyev 1940-yilning boshida boshqalar qatori Kondalak shahridagi lagerga etap qilinadi. 1941-yil iyuldan Pechoradigu lagerda temir yoʻl qurilishida ishlaydi. Kasal boʻlgach, 6 oy Saratov shahrida davolanadi. Shundan soʻng Stalingrad shahridagi lagerga keltiriladi. Bu yerda 1947-yil noyabrda jazo muddati tugagach, ozod boʻlib uyiga qaytadi.
Qayta hibsga olinishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1950-yil 18-yanvarda Abdulahad Bekboyev, Mitan Haydarov, Mavlon Qultoyev qayta hibsga olinadi. Davlat xavfsizligi vazirligi Samarqand viloyat Boshqarmasi tergovchilaridan leytenant Mustakayev, leytenant Dolinskiy, katta leytenant Kolesnikovlar har uch mahbus ustidan tergov oʻtkazadilar.
1950-yil 30-martda ularga nisbatan ayblov xulosasi tayyorlanib, unga Dolinskiy, Timofeyev, Genkinlar imzo qoʻyadilar. Oʻzbekiston SSR Davlat xavfsizligi vaziri general-mayor Baskanov ushbu ayblov xulosasini tasdiqdaydi. Ayblov xulosasida shunday yozilgan:
“Qultoyev M., Bekboyev A., Haydarov M. Davlat xavfsizligi vazirligi Samarqand viloyati boʻyicha Boshqarmasi tomonidan sovetlarga qarshi quloq-isyonchilar guruhning ishtirokchilari sifatida 1950-yil 18-yanvarda qamoqqa olinadilar.
Qultoyev, Bekboyev va Haydarov ijtimoiy yot muhitdan chiqqan boʻlib, sovet hokimiyatiga avvaldan dushmanlik kayfiyatida boʻlgani, Oʻzbekistonda burjua davlati yaratish maqsadida guruhga boshqa shaxslarni jalb etgani, qurol sotib olish uchun kolxoz mulkini oʻgʻirlash bilan shugʻullangani, shuningdek, doimiy ravishda sovetlarga qarshi targʻibot olib borgani uchun 299-sonli tergov ishini SSSR Davlat xavfsizligi vazirligi huzuridagi Maxsus Kengashga Kultoyev, Gaydarov va Bekboyevni maxsus posyolkaga badargʻa qilishni qoʻllash tavsiya etiladi”.
SSSR Davlat xavfsizlik vazirligi huzuridagi Maxsus Kengash 1950-yil 8-iyulda oʻzining 30-sonli bayonnomasi bilan Abdulahad Bekboyevni „antisovet quloqlar guruhiga mansubligi“ uchun Krasnoyarsk oʻlkasiga, Mavlon Qultoyev va Mitan Haydarovni Novosibirskka surgunga qaror qiladi. Ularni etap qilish 1950-yil 8-iyuldan kuchga kirishi koʻrsatiladi.
Samarqand viloyat sudi Hayʼati 1957-yil 14-iyunda oʻzining 4-9-175-sonli qarori bilan SSSR Davlat xavfsizlik vazirligi huzuridagi Maxsus Kengashning 1950-yil 8-iyuldagi Mavlon Qultoyev, Mitan Haydarov, Abdulahad Bekboyevlarga nisbatan chiqargan qarorini bekor qiladi va bu uch mahbus reabilitatsiya qilinadi.
Oilasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulahad Bekboyev surgun qilinganda oilasi tarkibida 39 yoshli xotini Shoyma, 15 yoshli qizi Oygul, 13 yoshli oʻgʻli va 2 yoshli qizi Mardixollar qolgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ R.Shamsutdinov, E.Xolmirzayev. KOLLEKTIVLASHTIRISH VA “KATTA TERROR” DAVRIDA QATAGʻON QILINGAN VATANDOSHLARIMIZNING XOTIRA KITOBI (SAMARKAND viloyati) (1929-1939-YILLAR). Toshkent:Yangi asr avlodi, 2015 — 352-bet. ISBN 978-9943-27-589-9.
- ↑ R.Shamsutdinov, E.Xolmirzayev. KOLLEKTIVLASHTIRISH VA “KATTA TERROR” DAVRIDA QATAGʻON QILINGAN VATANDOSHLARIMIZNING XOTIRA KITOBI (SAMARKAND viloyati) (1929-1939-YILLAR). Toshkent:Yangi asr avlodi, 2015 — 352-bet. ISBN 978-9943-27-589-9.