Kontent qismiga oʻtish

Abdulaziz ibn Muso

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Abdulaziz ibn Muso ibn Nusayr (arabcha: عبد العزيز بن موسى) – arab generali, hozirgi Ispaniya va Portugaliyada joylashgan Al-Andalusning birinchi hokimi[1]. Umaviylar xalifaligi Ifriqiya hokimi Muso ibn Nusayrning oʻgʻli.

Yoshlik yillari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulaziz ibn Muso otasi bilan birga 712-yilda Berberlar generali Toriq ibn Ziyodga Umaviylarning Hispaniyani bosib olishida yordam berish uchun hamrohlik qilgan[2]. Taxminlarga koʻra, arab millatiga mansub boʻlgan Muso ibn Nusayr va oʻgʻli Abdulaziz gʻalaba shon-shuhrati berberlar tomonidan qoʻlga kiritilishini xohlamagan[3]. Al-Andalus fath etilgach, Toriq va Muso 714-yilda Umaviylar xalifasi al-Volid tomonidan Suriyaga chaqirilgan. Oʻgʻli Abdulazizni Al-Andalus hokimi etib tayinlagan[4] Muso ibn Nusayr oʻgʻlidan uzoq umr koʻrgan.

Al-Andalusning zabt etilishi va hukmronligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulaziz Andalus poytaxti sifatida Sevilla shahrini tanlagan[5]. Shahar Ispaniyaning janubidagi zamonaviy Andalusiya provinsiyasi, Gvadalkivivir daryosi boʻyida joylashgan[6]. Muso ibn Nusayr va Toriq ibn Ziyod ketgach, islomiy hokimiyat Abdulaziz boshchiligida Al-Andalusdan gʻarbda hozirgi Portugaliya va shimolda Pireney togʻlariga qadar kengaygan[7]. Yangi bosib olingan yerlardan birida Abdulaziz Murcia hukmdori Theudimer bilan tinchlik shartnomasini imzolagan. Hukmdorning arabcha ismi Tudmir boʻlgan.

Shaxsiy hayoti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulaziz oxirgi vestgot hukmdori Rodericning xotini, beva Egilonaga uylangan. Egilona Abdulaziga turmushga chiqqach, Ummu Osim ismini olgan[8]. Bosib olingan yerlarda arab va berber ayollari boʻlmaganligi sababli mahalliy vestgot ayollarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Abdulaziz Egilona bilan turmush qurgan. Al-Andalusda arab va berber ayollarining yoʻqligiga sabab ularning Hispaniyani zabt etish uchun yuborilgan qoʻshin bilan birga kelmaganligi edi. Keyinchalik, fath qilingan yerlarda yashovchi ayollarga uylanish musulmon rahbarlar uchun umumiy qoidaga aylangan[9]. Baʼzilar Egilonani eri Abdulaziz ustidan katta kuchga ega deb oʻylashgan[8]. Bu mish-mishlar Damashqdagi umaviy xalifa Sulaymonga ham yetib borgan va bundan bezovta boʻlgan xalifa Abdulazizni oʻldirishga buyruq bergan[10]. Ammo mish-mishlar Habib ibn Abu Ubayda al-Fihriy boshchiligidagi dushman firqaning buyrugʻi bilan qoʻzgʻatilgan edi.

Suiqasd va Al-Andalusiyadagi keyingi davr

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulazizning oʻldirilish sanasi manbalarda turlicha keltirilgan. Biroq uning xalifa Sulaymonning buyrugʻiga koʻra Ziyod ibn Uzro al-Balaviy tomonidan oʻldirilgani maʼlum[11]. Ibn Xaldun tomonidan keltirilgan maʼlumotlarga koʻra esa Abdulaziz Habib ibn Abu Ubayda al-Fihriy tomonidan oʻldirilgan[12]. Suiqasd 715[13], 716[14] yoki 718-yillar oraligʻida amalga oshirilgan[15]. Santa Rufina monastirida Abdulazizning boshi kesilgan, oʻsha paytda binodan masjid sifatida foydalanilgan edi[16]. Oʻlimidan soʻng Abdulazizning boshi Damashqqa olib kelingan, yigʻilgan olomon orasida Muso ibn Nusayr ham borligini bilgan xalifa xalqqa uning uzilgan boshini koʻrsatgan[17].

Abdulazizning oʻlimidan keyin uning oʻrniga amakivachchasi Ayyub ibn Habib al-Laxmiy oʻtirgan. Abdulazizning oʻlimida Ayyubning ham qoʻli bor deb taxmin qilinadi[18]. Ayyubning hokimlik faoliyati uzoq davom etmagan, shuningdek, uning oʻldirilishidan keyingi qirq yil davomida ham Al-Andalus tartibsizlik va notinchliklarga toʻla boʻlgan. Arablar doimiy ravishda hokimiyatga ega boʻlish, hududda islomiy nazoratni kengaytirish uchun kurash olib borgan. Al-Andalusga navbatdagi hokimlar tayinlanishi yoki saylanishi bilan ular koʻpincha raqib guruhlar tomonidan yoki Damashqdagi umaviy xalifa tomonidan hokimiyatdan agʻdarilgan. Bu jarayon 756-yillargacha, yaʼni Kordovada mustaqil Umaviylar amirligi tashkil etilgunga qadar davom etgan[19]. Biroq Abdurahmon I toʻliq hokimiyat oʻrnatishi uchun Al-Andalusda (Toledo, Zaragosa, Barcelona va qoʻshni hududlarda) koʻplab qarshiliklarga uchragan. Hududni toʻliq egallab olishi uchun Abdurahmon I yana 25 yil davomida kurash olib borishga majbur boʻlgan. Ferdinand va Izabella 1492-yilda Granada Islom Amirligini zabt etgunga qadar mintaqada islom hokimiyati saqlanib qolgan[20].

  1. Hughes, Thomas Patrick. A Dictionary of Islam. (Clifton, NJ: Reference Book Publishers, 1965), 29.
  2. Fouracre, Paul. The New Cambridge Medieval History Vol. 1. (New York: Cambridge University Press, 2005), 370.
  3. John Joseph Saunders. A History of Medieval Islam. Routledge, 1965 — 88-bet. ISBN 978-0-415-05914-5. 
  4. Holt, P. M., Anne K. S. Lambton, and Bernard Lewis. The Cambridge History of Islam Vol.2. (London: Combridge University Press, 1970), 407.
  5. Hitti, Philip K.. History of The Arabs. (New York: St. Martin, 1956), 503.
  6. Microsoft Student 2006 [DVD], „Guadalquivir.“ (Redmond, WA: Microsoft Corporation, 2005).
  7. Provencal, Levi. Encyclopedia of Islam New Edition Vol. 1 A-B. (Leiden, the Netherlands: E. J. Brill, 1960), 58.
  8. 8,0 8,1 Provencal, Levi. Encyclopedia of Islam New Edition Vol. 1 A-B. (Leiden, the Netherlands: E. J. Brill, 1960), 58.
  9. Holt, Lambton, Lewis, The Cambridge History of Islam Vol.2, 408.
  10. Hitti, History of The Arabs, 503.
  11. Provencal, Levi. Encyclopedia of Islam New Edition Vol. 1 A-B. (Leiden, the Netherlands: E. J. Brill, 1960), 58.
  12. Ibn Khaldun, Histoire des Berbères et des dynasties musulmanes de l’Afrique, 1852 trans., Algiers, Vol. p.355
  13. Collins, Roger. The Arab Conquest of Spain 710-797. Malden, Massachusetts: Blackwell Publishers Inc., 1999, p. 37
  14. Fouracre, The New Cambridge Medieval History Vol. 1, 370.
  15. Provencal, Encyclopedia of Islam New Edition Vol. 1 A-B., 58.
  16. Ibn Khaldun, Histoire des Berbères et des dynasties musulmanes de l’Afrique, 1852 trans., Algiers, Ibn Khaldun reports that Habib ibn Abi Ubayda al-Fihri found ‘Abd al-Aziz in public prayer; when he began reciting the 69th Sura (Al-Haaqqa, 'the inevitable eventʼ), Habib burst out „You brought this event on yourself, you son of a whore!“ and struck his head off with his sword.
  17. Hitti, History of The Arabs, 503.
  18. Collins, The Arab Conquest of Spain 710-797, 45.
  19. Holt, Lambton, Lewis, The Cambridge History of Islam Vol.2, 407.
  20. Ibn Abd-el-Hakem. "The Islamic Conquest of Spain, " The Internet Islamic History Sourcebook. Home page online. Available from http://www.fordham.edu/halsall/islam/islamsbook.html; accessed 14 Feb 2008.
Oldingisi Al-Andalus hokimi
714–716
Keyingisi