Abdulloh ibn Jahsh
Abdulloh ibn Jahsh | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | taxminan 585-yil |
Vafoti |
624-yil (hijriy 3-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | sahoba |
Abdulloh ibn Jahsh (arabcha: عبد الله بن جحش - Abdulloh ibn Jahsh ibn Riob ibn Yaʼmar ibn Sabra ibn Murra ibn Kabir ibn Gʻanm — taxminan 585, ? — 3/624, Madina, Uhud jangi) — sahoba.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Payg‘ambar ammalarining o‘g‘li va ummahot ul-mu’miniynlardan Zaynab bint Jahshning akasi.
Islom tarixidagi birinchi amalga oshirilgan xijratga boshliq bo‘lganidan uni “birinchi amiral muminin” (musulmonlar amiri) deya atalgan. Abdulloh ibn Jahsh Payg‘ambar Dor al-Arqamda berkinishlaridan oldin ikki ukasi bilan birga musulmon bo‘lgan. Habashistonga ikki marta hijrat qilgan, qaytishda Makkada bir oz qolib, keyin oilasi bilan Madinaga hijrat qiladi. Rasululloh uni Osim ibn Sobit bilan birodar qilganlar.
Hijratning o‘n yettinchi oyida Payg‘ambar Naxlaga sariyya yuboradilar va unga boshliq etib Abdulloh ibn Jahshni tayinlaydilar. Safardan oldin unga ikki kundan so‘ng o‘qishini aytib maktub beradilar. Mazkur xatda Naxlaga borganlaridan keyin qurayshliklarni kuzatish va ular haqida maʼlumot to‘plab, Madinaga yuborishlari tayinlangan edi. Sariyya Naxlaga borib makkaliklar karvoniga duch keladi. Musulmonlar karvonni qo‘lga kiritishni ahd qilishib, oralaridan biri, yaʼni Voqid ibn Abdulloh at-Taymiy karvonboshi Amr ibn Hazramiyni o‘ldiradi. Shuningdek, Usmon ibn Abdulloh va Hakam ibn Kayson ismli ikki kishini asir, karvonni esa o‘lja sifatida qo‘lga kiritib, Madinaga qaytadilar. Biroq Rasululloh bu ishdan ranjiydilar va uzoq vaqt sariyya ishtirokchilarini o‘zlaridan chetlatib yuradilar. Chunki ularga urishish buyurilmagan. Mazkur holat harom oylardan sanalgan rajab oyida yuz bergani uchun mushriklar Muhammad harom oyda jang qilishni halol hisobladi va o‘lja oldi, deb atrofga ovoza qilishadi. Rasululloh Abdulloh ibn Jahshga bunday buyruq bermaganlari sababli ulardan o‘zlariga ajratilgan o‘lja hissasini ham olmaydilar. Biroq insonlarni Alloh yo‘lidan qaytarish, o‘jarlik qilib kufrda qatʼiy turib olish, Masjid al-Haromning ziyoratiga to‘sqinlik qilish va musulmonlarni u yerdan chiqarish harom qilingan oyda jang qilishdan ko‘ra ulkanroq gunoh ekanini bildiruvchi oyat[1] nozil bo‘lgach, Abdulloh ibn Jahsh boshchiligidagi sariyya aʼzolarining haqligi maʼlum bo‘ladi.
O‘ljalar taqsimotiga oid mazkur oyat nozil bo‘lishidan avval Abdulloh ibn Jahsh o‘ljaning beshdan bir qismini Payg‘ambarga ajratib, qolganini sheriklari o‘rtasida taqsim qiladi. Keyinchalik nozil bo‘lgan oyat[2] ham shunday hukm chiqargan. Bu voqyeani Ibn Ishoq: „Alloh taolo o‘ljani halol qilib, beshga taqsimladi va beshdan toʻrt qismi uni qo‘lga kiritganlarga, beshdan bir qismi Alloh va Rasuliga berildi. Bu taqsimot Abdulloh ibn Jahsh taqsimlaganiga mos tushdi“ deb xabar qiladi. Islom tarixida Payg‘ambarga o‘ljaning beshdan bir qismi berilishi hamda ilk bor dushman qoni to‘kilgan, asir va o‘ljalar olingan bu sariyya Batni Naxla safari deb ham ataladi.
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulloh ibn Jahsh Rasululloh bilan Badr va Uhud janglarida ishtirok etgan. Xabarlarda keltirilishicha, Uhud jangi paytida Abdulloh ibn Jahshning qilichi sinib qoladi. Shunda Payg‘ambar unga xurmo shoxini tutqazadilar. Mazkur jangda mardlarcha jang qilib, shavvol oyining yettinchi sanasi shanba kuni qirq yoshida Abu-l-Hakam ibn Axnas ibn Shariq Saqafiy ismli mushrik qo‘lida shahid bo‘ladi. Dushman askarlari tomonidan burun va quloqlari kesilgan jasadi tog‘asi va Rasulullohning amakilari Hamzaning jasadi bilan bitta qabrga qo‘yiladi. Hozirda uning qabri Uhuddagi "Jabal ar-rumot" („Kamonchilar tog‘i“) tepaligi yonida joylashgan. Abdulloh ibn Jahshdan rivoyat qilingan ikkita hadisni Ahmad ibn Hanbal "Musnad"ida keltirgan.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ibn Hishom. As-Cӣra. — Qohira: 1955. I, 257, 324; II, 470, 601-605, 679;
- Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. — Bayrut: 1968. III, 89-91;
- Ibn Abdulbar. Al-Istӣ’āb. — Qohira: 1328. II, 272-275;
- Ibn al-Asir. Usd al-g‘āba. — Qohira: 1970-73. III, 194;
- Ibn Hajar. Al-Isāba. — Qohira: 1328. II, 286-287;
- İsmail L. Çakan. "Abdullah b. Cahş". TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 89-90;
- W. Montgomery Watt. "ʿAbd Allāh b. D̲j̲ahs̲h̲". EI2 (İng.). I, 44;
- Abdulmalik ibn Hishom al-Maʼofiriy. As-Siyra an-Nabaviyya. — T.: „Sharq nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati“, 2011. I (2), 479-484; II (3), 67;
- 101 ulug‘ sahobiy. — T.: „Toshkent islom universiteti nashriyot-matbaa birlashmasi“, 2018. 83-86.