Abdulloh ibn Salom
Abu Yusuf Abdulloh ibn Salom ibn al-Horis | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Vafoti |
milodiy 663-64-yil (hijriy 43-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | sahoba |
Abdulloh ibn Salom (arabcha: عبد الله بن سلام — Abu Yusuf Abdulloh ibn Salom ibn al-Horis,? — 43/663-64, Madina) — sahoba.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Madina atrofiga kelib joylashgan uchta yahudiylar qabilalardan biri Bani Qurayzaga mansub Abdulloh ibn Salom payg‘ambar Yusuf avlodidan bo‘lgani rivoyat qilinadi. Asli ismi Husayn bo‘lib, Islomni qabul qilgach, Muhammad uning ismini Abdulloh deb o‘zgartirganlar. Otasi singari u ham yahudiy olimlaridan bo‘lgan.
Islomni qabul qilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulloh ibn Salom Islomni qabul qilishi haqida uch xil rivoyat bor. Payg‘ambar Makkadalik vaqtlarida, boshqa rivoyatga ko‘ra, payg‘ambarlikning oxirgi yillarida (8/629-30-yillar) musulmon bo‘lgani aytiladi. Ko‘pchilik mualliflar tomonidan taʼkidlangan rivoyatga ko‘ra esa, Payg‘ambar hijrat safariga chiqib, Quboga yetib kelganlarida yonlariga borib bir nechta savoliga to‘g‘ri javob olgach, bu javoblarni faqat payg‘ambargina bilishi mumkinligini aytib, musulmon bo‘lgan. Yozef Gorovis (J. Horovitz) Badr va undan keyingi janglarda qatnashgan sahobalar ro‘yxatida Abdulloh ibn Salom nomi keltirilmaganiga tayanib, u payg‘ambarlikning oxirgi davrlaridagina musulmon bo‘lgan, degan fikrni ilgari suradi. Abdulloh ibn Salomning Payg‘ambarga bergan uchta savoli haqidagi rivoyatni esa, Islomni qabul qilgan yahudiylar to‘qigan rivoyat deydi va uning oldinroq musulmon bo‘lganini bildiruvchi ayrim manbalarni asli yo‘q, deb hisoblaydi. Holbuki, siyar va mag‘oziy kitoblarida Badrda qatnashgan sahobalar ro‘yxati o‘ta sinchkovlik bilan tuzilgan bo‘lib, undan boshqa janglarda qatnashganlar ro‘yxati tuzilmagan, balki faqat jangda shahid bo‘lganlar ismi zikr qilingan, xolos. Hadis ilmida sahobalar martabasini belgilash jarayonida ularning boshqa janglardagi ishtirokidan farqli o‘laroq Badr jangida qatnashganligi eʼtiborga olingan va bunga daraja belgilangani maʼlum. Gorovis Imom al-Buxoriy, Imom Muslim, qolaversa, boshqa muhaddis va mualliflar keltirgan uch savol voqeasi haqidagi rivoyatni rad qilib, bunga hech qanday asos ko‘rsatmaydi. Shuningdek, Payg‘ambarimiz Abdulloh ibn Salomni jannat bilan bashorat qilganlari haqidagi rivoyatga[1][2] ham keyinchalik to‘qilgan uydirma deb, baho beradi.Abdulloh ibn Salom ammasi bilan birga barcha oila aʼzolarining musulmon bo‘lishlariga sababchi bo‘lgan. Uhud jangi, Bani Nazr qabilasi qamalida qatnashgan, Bani Qurayzadan asir tushgan ayol va yosh bolalar qo‘riqlanishi va ehtiyot qilinishi ham unga topshirilgan. Shuningdek, Umar davrida Quddus fathi va Jobiyadagi majlisda qatnashgan, 642-yilda sosoniylarga qarshi Nahovand urushida ham ishtirok etgan. U xalifa Usmonning uyini qurshab olganlarga qarshilik ko‘rsatgan. Aliga bay’at qilmagan bo‘lsa-da, u kishini Iroqqa bormaslikka va Oysha bilan jangga kirmaslikka undagan.
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulloh ibn Salom Muoviyaning xalifaligi davrida vafot etgan. Haysam ibn Adiy va Abu Ubayd: “U qirq uchinchi yil Madinada vafot etgan”, deyishadi.
Ilmi va darajasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulloh ibn Salom otasidan Tavrot va Talmudni o‘rgangan. Madinadagi yahudiylarning mashhur olimlaridan bo‘lgan. Abdulloh ibn Salom „Shu’aro“ surasining 197-oyatida ishora qilingan „Bani Isroil ulamolari“dan bo‘lgani, „Ra’d“ surasining 43-oyatida „Kitob ilmi bor kimsalar“ deya nazarda tutilgan shaxsdan murod ham u ekani maʼlum. Payg‘ambar tilidan jannatiyligi bashorat qilingan Abdulloh ibn Salomga alloma sifatida sahobalar tomonidan hurmat-ehtirom ko‘rsatilgani tabiiydir. Chunonchi, Muoz ibn Jabal o‘limi arafasida shogirdi Yazid ibn Saksakiyga o‘zidan keyin murojaat qilishi mumkin bo‘lgan to‘rtta shaxs orasida Abdulloh ibn Salomni ham aytib o‘tgan.
Hadislari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulloh ibn Salomdan Abu Hurayra, Anas ibn Molik, Ato ibn Yasor, Basra qozisi Zurora ibn Avfo, o‘g‘illari Muhammad bilan Yusuf va boshqalar hadis tinglaganlar. Imom al-Buxoriy va boshqa mashhur muhaddislar undan ikkilanmasdan hadis rivoyat qilganlar. Shuningdek, Islom ulamolari tomonidan Abdulloh ibn Salomga nisbat berilgan payg‘ambarlar tarixi, koinot va insonning yaratilishi, fitan, malohim va qiyomat alomatlariga doir maʼlumotlar rivoyat qilingan. Isroiliyotlar aralashgan bunday rivoyatlar uning siqa va adl kabi sifatlarini inkor qilinishiga sabab bo‘lolmaydi. Chunonchi, jarh va taʼdil kitoblarida unga nisbatan hech qanday tanqid bildirilmagan. Shu bilan birga, Abdulloh ibn Salom Payg‘ambarga nisbat bermasdan qilgan rivoyatlari va keltirgan maʼlumotlarida musulmon bo‘lishidan avvalgi bilimiga asoslanganini eʼtiborga olish, unga nisbat berilgan rivoyatlarning to‘g‘riligini aniqlash, shuningdek, baʼzi to‘qima rivoyatlarda uning ismi suiisteʼmol qilinayotgan bo‘lishi mumkinligini ham eʼtibordan qochirmaslik lozim.
Risolalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulloh ibn Salomga nisbat berilgan ayrim risolalar bugungi kunimizgacha yetib kelgan. Payg‘ambar bilan Abdulloh ibn Salom oralarida bo‘lib o‘tgan savol-javoblarni o‘z ichiga olgan va ko‘plab qo‘lyozma nusxalari mavjud bo‘lgan „Al-Masāil“ nomli asari Qohirada nashr qilingan (1867-yil). Uning sehrga doir uch varaqdan iborat risolasi bilan Payg‘ambarning qavliy, feʼliy sunnatlariga oid boshqa risolasi esa, qo‘lyozma shakldadir[3].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Al-Voqidiy. Al-Mag‘āzӣ. — London: 1965-66. I, 329, 372, 381; II, 509;
- Ibn Hishom. As-Sӣra. — Qohira: 1955. I, 515-517, 557, 571;
- Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. — Bayrut: 1968. I, 236, 360-361; II, 48, 75, 352, 353; III, 71, 81, 369; IV, 93; V, 173; VI, 147;
- Al-Balozuriy. Ansāb al-ashrāf. — Qohira: 1959. 266;
- At-Tabariy. Jāmi’ al-bayān. — Bayrut: 1978. IV, 146; XIX, 69;
- At-Tabariy. Tarӣx. — Leyden: 1879-1901. I, 21, 40, 44, 51, 53, 115;
- Ibn Abdulbar. Al-Istӣ’āb. — Qohira: 1328. III, 921-923;
- Ibn al-Asir. Usd al-g‘āba. — Qohira: 1285-87. III, 176-177;
- Ibn Kasir. Al-Bidāya. — Bayrut: 1981. II, 326; III, 210-212; IV, 60-61;
- Ibn Hajar. Al-Isāba. — Qohira: 1328. IV, 118-120;
- Sezgin. GAS. I, 201, 304;
- Mustafa Fayda. „Abdullah b. Selâm“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 134-135.
- Ibn Asir. Usd al-g’oba fiy ma’rifati as-sahoba, - Bayrut: Daru Hazam, 2012.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Al-Buxoriy. „Manāqib al-ansār“ — 19-bet.
- ↑ Imom Muslim. „Fazāil as-sahāba“ — 147-150-bet.
- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |