Kontent qismiga oʻtish

Abdurrahmon ibn Samura

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Sa’id Abdurrahmon ibn Samura ibn Habib ibn Abdushams al-Qurashiy al-Abshamiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 670-yil (hijriy 50-yil)
Dini Islom
Ota-onasi
  • (otasi)
  • Arvo bint Abu-l-­Far’a (onasi)
Tanilgan sohasi sahoba

Abdurrahmon ibn Samura (arabcha: عبد الرحمن بن سمرة — Abu Saʼid Abdurrahmon ibn Samura ibn Habib ibn Abdushams al-Qurashiy al-Abshamiy,? — 50/670, Basra) — sahoba.

Makka fathida musulmon bo‘lgan. Payg‘ambar afv etgan qurayshlik­lardan biri. Islomdan avval ismi Abdu Kulol (yoki Abdulkaʼba) bo‘lgan. Manbalarda onasining ismi — Arvo bint Abu-l-­Far’a deb keltirilgan. Abu Nuaym uning Ubaydulloh ismli o‘g‘li bo‘lganini qayd etgan. Islomni qabul qilgach, Payg‘ambar unga Abdurrahmon deb ism berganlar. Az-Zubayr ibn Bakor va Musayyab az-Zubayriylar uning nisbasiga „Rabi’a“ ismini qo‘shganlar.

Janglardagi ishtiroki

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mu’ta safari va Tabuk g‘azotida qatnash­gan.

Iroq fathida, shuningdek, Xuroson yerlarini fath etishda ishtirok etgan. Basra voliysi Abdulloh ibn Omir tomonidan Rabi’ ibn Ziyodning o‘rniga Sijis­ton voliyligiga tayinlangan (33/653-54-yil). Abdurrahmon ibn Samura qo‘shini bilan Sijis­tonga kelgan bir guruh din olimlari mahalliy xalqqa Islom asoslarini o‘rgatganlar. Muoviya xalifa bo‘lganidan so‘ng Abdulloh ibn Omirni yana Basraga voliy qiladi. Abdurrahmon ibn Samurani esa katta qo‘shin bilan Sijistonga safarga yuboradi (42/662 y.). U 43/663da Raxxaj va Zobalis­tonni fath qiladi. Bir oy davom etgan iskanjadan so‘ng, Kobul shahrini ham qo‘lga kiritadi. Muvaffaqiyatlari tufayli Muoviya tomonidan Sijiston voliyligiga tayinlanadi.

Muoviya 45/665-yilda Ibn Omirni, 46/666-yilda Abdurrahmon ibn Samurani voliylik vazifasidan ozod qiladi. Undan keyin Rabi’ ibn Ziyod voliy bo‘lgan. Vazifasidan olingandan so‘ng Basraga qayt­gan Abdurrahmon ibn Samura besh yil o‘tib, o‘sha yerda vafot etadi. Marvda vafot etganini hamda vafot tarixi 51 hijriy yil ekanligini xabar qiluvchi maʼlumotlar ham uchraydi. Janoza namozini Ziyod ibn Abu Sufyon, baʼzi xabarlarda Ziyod ibn Abiyhlar ado qilgan. „Usd al-g‘āba“ muallifi Ibn al-­Asir: „Yomg‘irli kunda ustida qalin qalpoqli ridosini kiyib, qo‘liga supurgi olib yo‘lni tozalardi“ deb, Abdurrahmon ibn Samurani o‘ta kamtar va tavozeʼli shaxs bo‘lganini zikr qilgan.

Abdurrahmon ibn Samura to‘g‘ridan-to‘g‘ri Payg‘ambar va Muoz ibn Jaballardan hadis rivoyat qilgan. Jumladan: „Ey Abdurrahmon ibn Samura! Hech qachon rayo­satni istama. Agar u senga istagingsiz berilsa, Alloh senga madadkor bo‘ladi. Agar istaging tufayli senga rayosat berilsa, istagan narsang bilan yolg‘iz qoldirilasan. Allohning madadiga erisha olmaysan. Shuningdek, bir ishni xayrli deb ko‘rsang, o‘sha xayrli bo‘lgan ishni qil!“ mazmundagi hadisning muxotabi hamda roviysi sifatida shuhrat qozongan. Abdurrahmon ibn Samura rivoyat qilgan o‘n to‘rtta hadisning uchtasi „Sahӣh al-Buxārӣ“ va „Sahӣh Muslim“larda, ikkitasi esa, faqat „Sahӣh Muslim“dan, bittasi TermiziyningSunan“idan o‘rin olgan.

Abdurrahmon ibn Samuradan Abdulloh ibn Abbos, Hasson ibn Kohil, Hayyon ibn Umar, Humayd ibn Hilol, Saʼid ibn Musayyab, Muhammad ibn Siriyn, Abdurrahmon ibn Abu Laylo va Hasan al-Basriy, Abu Lubayd kabi sahoba va tobe’inlar hadis rivoyat qilganlar[1].

  1. Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. — Bayrut: 1388/1968. VII, 15, 366;
  2. Musnad. V, 61-63; At-Termiziy. Sunan. 3702;
  3. Al-Balozuriy. Futӯh al-buldān. — Qohira: 1932. — Bayrut: 1403/1983. 354, 386, 388, 397;
  4. At-Tabariy. Tarӣx. — Qohira: 1960-70. — Bayrut: „Dor Suvaydon“. IV, 266; V, 159;
  5. Ibn Abdulbar. Al-Istӣ’āb. — Qohira: 1328. II, 402;
  6. Ibn al-Asir. Usd al-g‘āba. — Qohira: 1390-93/1970-73. III, 454-456;
  7. Ibn Hajar. Al-Isāba. — Qohira: 1328. II, 400-401;
  8. Az-Zahabiy. Siyar. II, 571-572;
  9. Al-Omiriy. Ar-Riyāz al-mustatāba. — Bayrut: 1979. 206;
  10. Tajrid tarjimasi. XII, 232;
  11. H. A. R. Gibb."Abd al-Rahman b. Samura". EI2 (İng.). I, 86;
  12. M. G. Morony. „Abd-al-Rahman b. Samora“. EIr., I, 144-145;
  13. Ahmet Önkal. „Abdurrahman b. Semüre“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 171-172;
  1. https://hadis.uz/hadith/369;
  2. https://hadis.uz/hadith/506.
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.