Abdusamad Boboxoʻjayev
Abdusamad Boboxoʻjayev | |
---|---|
Tavalludi |
1904-yil 12 (25)-dekabr Surxondaroy viloyati, Sherobod tumani |
Vafoti |
1975-yil 28-yanvar (70 yosh) Toshkent Oʻzbekiston SSR |
Fuqaroligi | SSSR |
Sohasi | Sharqshunoslik |
Ilmiy darajasi | Tarix fanlari doktori |
Ilmiy unvoni | Professor |
Abdusamad Boboxoʻjayev (1904-yil 12-dekabr (yangi taqvim boʻyicha 25-dekabr), Surxondaryo viloyati, Sherobod tumani — 1975-yil 28-yanvar, Toshkent shahri, Oʻzbekiston SSR) — taniqli oʻzbek sharqshunos olimi, tarix fanlari doktori (1959), professor, davlat va jamoat arbobi, diplomat. 1926-yildan KPSS aʼzosi[1][2].
Tarjimayi holi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdusamad Xontoʻrayevich Boboxoʻjayev 1904-yil 12-dekabrda Buxoro amirligining Sherobod bekligida (hozirgi Surxondaryo viloyati, Sherobod tumani) tavallud topgan[2]. Mehnat faoliyatini 1920-yildan boshlagan. 16 yoshida Abdusamad Boboxoʻjayev Sherobod tumani Favqulodda komissiyasi tergovchisi, soʻngra Sherobod tumani Ijroiya qoʻmitasi masʼul kotibi va viloyat „Qoʻshchi“ ittifoqining raisi boʻlgan[2]. 1925—1926-yillari Moskvada Markaziy moliya kurslarini tugatib, Surxondaryo viloyati moliya boʻlimi boshligʻi vazifasida ishlashni boshlagan. 1930—1934-yillarda Leningrad Moliya akademiyasida tahsil olgan. 1934-yildan Respublika savdo-moliya gazetasida masʼul muharrir, 1935—1938-yillarda esa Toshkent moliya-iqtisod oʻquv kombinati direktori, 1938-yildan Toshkent moliya-iqtisod instituti oʻqituvchisi boʻlib ishlagan. Abdusamad Boboxoʻjayev 1938—1941-yillarda Moskva Kredit-iqtisod instituti aspiranturasida oʻqidi va shu institutda siyosiy iqtisoddan dars bergan[1]. Abdusamad Boboxoʻjayev Ulugʻ Vatan urushi yillarida Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti Savdo boʻlimi mudiri va Surxondaryo viloyati partiya qoʻmitasi agitatsiya va propaganda boʻlimi mudiri lavozimida faoliyat yuritgan.
Boboxoʻjayev 1944-yilda Moskvadagi diplomatik xodimlar kursini tamomlab, Oʻzbekiston SSR Tashqi ishlar vazirligida boʻlim boshligʻi, vazir oʻrinbosari (1944—1948), 1948—1952-yillarda Oʻzbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri lavozimlarida ishlagan[1]. Sovet delegatsiya tarkibida boʻlgan Abdusamad Boboxoʻjayev 1950-yilda BMT Bosh Assambleyasining V sessiyasida ishtirok etgan[1]. Abdusamad Boboxoʻjayev BMT minbarida soʻzga chiqqan birinchi oʻzbek diplomati hisoblanadi[2]. 1951-yil fevral oyida 3-chaqiriq Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti deputati (1951—1954-yillar) etib saylanadi. 1951-yilda Singapurda boʻlib oʻtgan „Osiyo va Uzoq Sharq mamlakatlarida savdo-sotiqni rivojlantirish“ konferensiyasida nutq soʻzlaydi[2].
Vatan oldidagi xizmatlari uchun Abdusamad Boboxoʻjayev bir qator mukofotlar va Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining diplomlari bilan taqdirlangan.
Abdusamad Boboxoʻjayev 1975-yil 28-yanvarda ogʻir xastalikdan soʻng Toshkent shahrida vafot etadi.
Ilmiy faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdusamad Boboxoʻjayev 1948-yildan Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi tizimida faoliyat yurita boshlagan. 1948—1952-yillarda Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyas Iqtisodiyot instituti direktori (shu bilan bir vaqtda Oʻzbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri)[1], Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, soʻngra shu institutning boʻlim mudiri, 1959—1964-yillarda Tarix va arxeologiya instituti direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan[1]. 1964-yildan Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, 1968—1975-yillarda shu institutning „Rivojlanayotgan sharq mamlakatlaridagi muammolar sektori“ mudiri vazifasida ishlagan.
1948-yil oktyabr oyida Abdusamad Boboxoʻjayev tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun „Buxoro-Afgʻon munosabatlari va Oʻrta Osiyoda ingliz imperializmining fitnalari (1907—1924-yillar)“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1959-yil iyul oyida tarix fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun „Sovet davlatining de-fakto va de-yure sifatida tanish davrida Oʻrta Osiyo va Oʻrta Sharqda ingliz antisovet siyosatining barbod boʻlishi“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi[1]. 1962-yilda SSSR Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan Abdusamad Boboxoʻjayevga „sharqshunos“ ixtisosligi boʻyicha professor ilmiy unvoni beriladi.
Sharqshunos olim sifatida Abdusamad Boboxoʻjayevning asosiy ilmiy izlanishlari Afgʻoniston, sovet-afgʻon munosabatlariga bagʻishlangan. 1958-yilda Abdusamad Boboxoʻjayev Afgʻonistonda uzoq ilmiy safarda boʻlib, ushbu mamlakatning davlat va jamoat arboblari bilan uchrashadi[2].
1952-yil Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining X plenumida Abdusamad Boboxoʻjayevning ilmiy ishlari tanqid qilinib, oʻzi esa taqiqqa uchraydi. 1990-yilga kelib Abdusamad Boboxoʻjayev toʻliq oqlanadi[2].
Abdusamad Boboxoʻjayev ingliz tili va bir necha sharq tillarini mukammal bilgan. Boboxoʻjayev 80 ga yaqin ilmiy ishlar (broshyura va ilmiy maqolalar) muallifidir. 6 ta ilmiy ishlari Nyu-York, London, Dehli va Kobulda nashr etilgan[2].
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Proval agressivnoy politiki angliyskogo imperializma v Sredney Аzii v 1917—1920 gg. (ruscha: Провал агрессивной политики английского империализма в Средней Азии в 1917—1920 гг.) (1955);
- Sovet davlatining de-fakto va de-yure sifatida tanish davrida Oʻrta Osiyo va Oʻrta Sharqda ingliz antisovet siyosatining barbod boʻlishi. (1959);
- Proval angliyskoy politiki v Sredney Аzii i na Srednem Vostoke. (ruscha: Провал английской политики в Средней Азии и на Среднем Востоке (1918—1924)). (1962);
- Ekonomicheskiye i politicheskiye posledstviya prisoyedineniya Sredney Аzii k Rossii. (ruscha: Экономические и политические последствия присоединения Средней Азии к России) (1966)[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 1,7 OʻzSE 1971, s. 302
- ↑ 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 2,6 2,7 Valeriya Gentshke, Xurshida Boboxoʻjayeva. „Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxividagi sharqshunos olim Abdusamad Boboxoʻjayevning shaxsiy fondi“ (PDF). Vestnik arxivista — Herald of an archivist (rus tilida).
{{cite magazine}}
: CS1 maint: unrecognized language ()
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Oʻzbek Sovet Ensiklopediyasi, II tom, Toshkent: OʻzSE Bosh redaksiyasi, 1971 — 640-bet.