Abu-l-Abbos al-Mustagʻfiriy
Abu-l-Abbos Ja’far ibn Muhammad
ibn al-Mu’tazz ibn Muhammad ibn al-Mustag‘fir ibn al-Fath ibn Idris al-Mustag‘firiy an-Nasafiy as-Samarqandiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 961-yil (hijriy 350-yil) |
Vafoti |
milodiy 1041-yil (hijriy 432-yil) Nasaf |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | faqih, muhaddis, tarixchi |
Abu-l-Abbos al-Mustagʻfiriy (arabcha: أبو العباس المستغفري — Abu-l-Abbos Jaʼfar ibn Muhammad ibn al-Mu’tazz ibn Muhammad ibn al-Mustag‘fir ibn al-Fath ibn Idris al-Mustag‘firiy an-Nasafiy as-Samarqandiy, 961/350 — Nasaf — 1041/432) — faqih, muhaddis va tarixchi.
Taʼlimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abu-l-Abbos al-Mustag‘firiy dastlabki taʼlimni o‘z ona shahri Nasafda olib, so‘ng Xuroson va Movarounnahrning Marv, Saraxs, Nishopur, Buxoro va Samarqand shaharlarida yashab, hanafiy mazhabi faqihi bo‘lib yetishgan. Ko‘plab hadislarni to‘plagan va ularni yoddan bilgan.
Hadislari
[tahrir | manbasini tahrirlash]U Zohid ibn Ahmad as-Saraxsiy, Ibrohim ibn Luqmon, Abu Saʼid Abdulloh ibn Muhammad ibn Abdulvahhob ar-Roziy, Ali ibn Muhammad ibn Saʼid as-Saraxsiy va Jaʼfar ibn Muhammad al-Buxoriylardan hadis rivoyat qilgan. Olimdan, shuningdek, al-Hasan ibn Abdulmalik an-Nasafiy, Abu Nasr Ahmad ibn Jaʼfar al-Kosoniy, hofiz al-Hasan ibn Ahmad as-Samarqandiy va voiz Ismoil ibn Muhammad an-Navhiylar hadis rivoyat qilganlar.
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]987-yildan Nasaf jome masjidida maʼruzalar o‘qigan. Umrining oxirlarida Nasafning qozisi lavozimida ishlagan. Qator muarrixlar Abu-l-Abbos al-Mustagʻfiriy yashagan davrda Movarounnahrda unga teng keladigan olim bo‘lmagan, deb allomaning ilmiy salohiyatini yuqori baholaganlar. U haqida maʼlumot bergan tarixnavislarning aksariyati Abu-l-Abbos al-Mustagʻfiriyni „Sohib at-tasanif al-kasira“ (Ko‘pdan-ko‘p asarlarning muallifi), deb taʼriflaganlar.
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- „Tarӣx Nasaf va-l-Kashsh“ (Nasaf va Kesh tarixi). Ushbu asar ikki yirik jilddan iborat bo‘lib, o‘rta asrlarda Nasaf, Kesh va Movarounnahrda yashab faoliyat ko‘rsatgan ko‘plab olim va donishmandlarga bag‘ishlangan. Muallif ushbu asarida olim va arboblarni sakson toifaga bo‘lib taʼriflagan. Afsuski, hozirgi maʼlumotlarga ko‘ra, Abu-l-Abbos al-Mustagʻfiriyning mazkur tarixiy asari bizgacha yetib kelmagan. Lekin Abu-l-Abbos al-Mustagʻfiriydan keyin yashagan bir qancha olimlar uning bu asaridagi maʼlumotlardan o‘z asarlarida foydalanganlar. Jumladan, asar Najmuddin Umar Abu Hafs an-Nasafiyning (1068-1142-yillar) „Kitāb al-qand fӣ zikr ’ulamā Samarqand“ (Samarqand olimlari haqida qanddek (shirin) kitob) asari uchun asosiy manbalardan biri bo‘lib xizmat qilgan. Abu Saʼd as-Sam’oniy (1113-1167-yillar) „Al-Ansāb“ asarida keltirilgan ellikka yaqin movarounnahrlik olimlarning tarjimai hollarini bevosita mazkur asardan olgan.
- „Tarӣx Samarqand“ (Samarqand tarixi) asari ham bizning davrimizgacha yetib kelmagan.
- „Kitāb fazāil al-Qur’ān“ (Qur’onning fazilatlari haqida kitob).
- „Dalāil an-nubuvva“ (Payg‘ambarlik alomatlari).
- „Kitāb al-xutab an-nabaviyya“ (Payg‘ambarning xutbalari haqida kitob).
- „Kitāb ad-daʼavāt“ (Daʼvatlar kitobi).
- „Kitāb ash-shamāil“ (Payg‘ambarning shakl-shamoillari haqida kitob).
Bulardan tashqari, manbalarda alloma qalamiga mansub asarlardan „Kitāb al-manāmāt“ (Tushlar haqida kitob), „Kitāb maʼrifa as-sahāba“ (Sahobalarni bilish haqidagi kitob) va „Kitāb ash-shi’r va-sh-shu’arā“ (She’r va shoirlar haqida kitob) kabi asarlari ham zikr qilinadi. Bu asarlardan ayrimlari bizning davrimizgacha yetib kelgan bo‘lsa-da, ko‘plari haqida yo‘qolib ketgan degan fikrlar mavjud.
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abu-l-Abbos al-Mustagʻfiriy taxminan 80 yoshlarida vafot etgan[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Az-Zahabiy. Siyar. 2001. XVII, 565;
- As-Sam’oniy. Al-Ansāb. X, 89;
- Ubaydulla Uvatov. „Abu-l-Abbos al-Mustag‘firiy“ // Buyuk yurt allomalari. — T.: „Oʻzbekiston“, 2016. 120-121;
- Ubaydulla Uvatov. „Abu-l-Abbos al-Mustag‘firiy“. // Yurtimiz allomalari. — T.: „NIHOL“, 2014. 95-97.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
.