Kontent qismiga oʻtish

Abu Bakr ibn Abdurrahmon

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Abu Abdurrahmon Abu Bakr ibn Abdurrahmon ibn Horis ibn Hishom al-Maxzumiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 713-yil (hijriy 94-yil)
Dini Islom
Ota-onasi
  • Abdurrahmon (otasi)
  • Foxita bint Inaba (onasi)
Tanilgan sohasi tobeʼin, faqih, muhaddis

Abu Bakr ibn Abdurrahmon (arabcha: أبو بكر بن عبد الرحمن — Abu Abdurrahmon Abu Bakr ibn Abdurrahmon ibn Horis ibn Hishom al-Maxzumiy) — madinalik tobeʼin, faqih va muhaddis.

Madinaning mashhur yetti faqihlaridan biri bo‘lgan Abu Bakr ibn Abdurrahmon, Umarning xalifalik davrida (634-644-yillar) tug‘ilgan. Ismi borasida turlicha qarashlar mavjud. Az-Zahabiy va al-Voqidiylar kunyasi uning ismi hamdir deyishgan. Ayrimlar tomonidan aytilgan Muhammad va Mug‘iyra esa ukalarining ismlari bo‘lgan. Abu Bakr ibn Abdurrahmonning bobosi — Horis ibn Hishom Quraysh urug‘laridan Bani Maxzumga mansub taniqli sahoba bo‘lib, Abu Jahlning ukasi edi. Otasi Abdurrahmon Payg‘ambar hayotlik chog‘larida tug‘ilgan va Usmon zamonida mushaf nusxalarini ko‘paytirish masalasida tuzilgan hay’atdan o‘rin olgan tobeʼin bo‘lgan. Onasi esa Bani Luay qabilasidan bo‘lgan Foxita bint Inaba. Jamal voqea­sida Aliga qarshi jang qilgan qo‘shinga qo‘shilmoqchi bo‘lgan Abu Bakr ibn Abdurrahmon yoshi kichikligi bois qo‘shinga qabul qilinmagan.

Abu Bakr ibn Abdurrahmon fiqh sohasida kuchli ilmga ega bo‘lish bilan birga hadis sohasida ham ishonchli roviylardan hisoblangani uchun, rivoyatlari „Kutubi sitta“ga kiritilgan. Oysha, Ummu Salama, Ummu Maʼqil, Asmo bint Umays, Ammor ibn Yosir, Abu Mas’ud al-Badriy, Abu Hurayra, Marvon ibn Hakam, Abu Rofeʼ va otasi kabi ko‘plab taniqli sahoba va tobeʼinlardan hadis tinglagan. Uning o‘zidan esa, o‘g‘illari Abdulloh, Abdulmalik, Umar va Salamalar bilan bir qatorda Amr ibn Dinor, Mujohid ibn Jabr, Umar ibn Abdulaziz, Shaʼbiy, az-Zuhriy kabi ko‘p­lab olimlar hadis rivoyat qilganlar.

Deyarli har kuni ro‘za tutgani va ko‘p namoz o‘qigani uchun unga „Qurayshning zohidilaqabi berilgan. Shuningdek, o‘ta omonatdor bo‘lgani eʼtirof qilingan.

Hayotining oxirida ko‘r bo‘lib qolgan. Abu Bakr ibn Abdurrahmon ko‘p faqihlar vafot etgan „sanatul-fuqaho“ deb nomlangan yilda vafot etgan[1].

  1. Ibn Saʼd. At-Tabaqāt. V, 207-209, 444;
  2. Al-Qurashiy. Al-Javāhir al-muziyya. II, 421;
  3. Az-Zubayriy. Nasab Quraysh. 303;
  4. Al-Buxoriy. At-Tarӣx al-kabӣr. IX;
  5. Abu Zarr ad-Dimashqiy. Tarӣx. — Damashq: 1980. I, 314, 406, 591;
  6. Az-Zahabiy. Tarix al-islām. II, 1193;
  7. Ash-Sheroziy. Tabaqāt al-fuqahā. 42;
  8. Ibn Xallikon. Vafayāt. I, 282-283;
  9. Az-Zahabiy. Siyar. IV, 416-419;
  10. Ibn Kasir. Al-Bidāya. IX, 115-116;
  11. M. Özgü Aras. „Ebû Bekir b. Abdurrahman“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 109.
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.