Kontent qismiga oʻtish

Abu Ishoq as-Sabiʼiy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Abu Ishoq Amr ibn Abdulloh ibn Ziyuhmid as-Sabi’iy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 654-yil (hijriy 34-yil)
Vafoti milodiy 745-yil (hijriy 127-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi hadis va qiroat olimi, tobe’in

Abu Ishoq as-Sabiʼiy (arabcha: أبو إسحاق السبيعي — Abu Ishoq Amr ibn Abdulloh ibn Ziyuhmid as-Sabi’iy) —hadis va qiroat olimi, tobeʼin.

Tug‘ilgan yili xususida turli qarashlar mavjud. Abu Ishoq as-Sabiʼiy 654-yil (hijriy 34-yil)da Yamanning Hamdon qabilasiga mansub Sabi’ ibn Saʼb nas­lidan bo‘lgani bois as-Sabi’iy va al-Hamdoniy, Kufada yashagani uchun esa, al-Kufiy nisbalari bilan ataladi. Bobosining ismi — Ali yoki Ubayd deb naql qilingan.

Ibn Abbos, Barro ibn Ozib, Abdulloh ibn Amr ibn al-Oss, Muoviya ibn Abu Sufyon kabi sahobalardan, Masruq ibn Ajdaʼ, Zahhok ibn Qays, Amr ibn Shurahbil kabi tobeʼinlardan hadis rivoyat qilgan. Asvad ibn Yazid an-Naxaʼiydan Qur’on o‘rgangan. Ali ibn al-Madiniyning xabar qilishicha, Abu Ishoq as-Sabiʼiy uch yuzdan ortiq ustozdan taʼlim olgan. Ularning yetmishdan ortig‘idan rivoyat qilgan bo‘lsa-da, bu shaxslar uchragan sanadlarga ehtiyotkorlik bilan murojaat qilingan. Ko‘p shaxslardan rivoyat qilgani sababli Abu Hotim ar-Roziy uni az-Zuhriyga o‘xshatgan. Undan ustozlari Ibn Siriyn, tengdoshlari az-Zuhriy va Qatoda ibn Di’oma, o‘g‘li Yunus va nabiralari Isroil ibn Yunus hamda Yusuf ibn Ishoq, shuningdek, Mansur ibn Mu’tamir, Aʼmash, Ibn Abu Zoida, Shu’ba ibn Hajjoj, Sufyon as-Savriy kabi muhaddislar foydalanganlar.

U qiroat olimi Hamza ibn Habibning eng yoshi ulug‘ ustozi hisob­lanadi. Yahyo ibn Maʼiynga ko‘ra, uning eng ishonchli roviylari Shu’ba ibn al-Hajjoj va Sufyon as-Savriylardir.

Ahmad ibn Hanbal, Yahyo ibn Maʼiyn, Imom an-Nasoiy va Abu Hotim ar-Roziylar rivoyatlari „Kutubi sitta“dan o‘rin olgan Abu Ishoq as-Sabiʼiyni ishonchli roviy ekanini zikr qilganlar. Ibn Hibbon va at-Tahoviy esa, uni mudallis bo‘lganini aytgan. Ali ibn al-Madiniy o‘sha davrdagi hofizasi eng kuchli olti muhaddis orasida uning nomini ham zikr etgan.

Abu Ishoq as-Sabiʼiy Muoviya davrida bo‘lib o‘tgan Vizantiya safarida ishtirok etgan. O‘zining eʼtirof qilishicha, Ziyod ibn Abiyh­ning voliyligi davrida olti-yetti g‘azotda qatnashgan. Umrining oxirgi yillarida hofizasi zaiflashib, ko‘zlari ko‘r bo‘lib qolgan.

Abu Ishoq as-Sabiʼiy Qur’oni karimni uch kunda xatm qilgani naql qilingan. Bir rivoyatga ko‘ra, yoshlarga yoshlikni g‘animat bilish kerakligi, o‘zi bir kechada ming oyat o‘qishi, harom oylarning barchasi, har oyning uch kuni, shuningdek, dushanba va payshanba kunlari ro‘zador bo‘lishini aytgan.

Abu Ishoq as-Sabiʼiy naslidan ulug‘ muhaddislar yetishib chiqqan. O‘g‘li Yunus ibn Abu Ishoq kichik yoshdagi tobeʼinlardan bo‘lib, Anas ibn Molikdan hadis o‘rgangan. Abdulloh ibn Muborak, Yahyo ibn Saʼid al-Qatton, Abdurrahmon ibn Mahdiy kabi olimlarga hadis rivoyat qilgan. Yunusning ikki o‘g‘li Isroil va Iso otalaridan ham kuchli hadis hofizi bo‘lganlar. Shuningdek, Abu Ishoq as-Sabiʼiyning boshqa o‘g‘li Ishoqdan bo‘lgan nabirasi Yusuf, rivoyatlari „Kutubi sitta“dan o‘rin olgan muhaddis bo‘lgan. Hadis hofizi bo‘lgan Abu Muhammad al-Hasan ibn Ahmad ibn Solih as-Sabi’iy ham uning nas­lidan ekani aytilgan.

Abu Ishoq as-Sabiʼiy 745-yil (hijriy 127-yil) rajab (aprel) oyida vafot etgan[1].

  1. Ibn Abu Hotim. Al-Jarh va-t-taʼdӣl. VI, 242-243;
  2. Ibn Saʼd. At-Tabaqāt. VI 313-315;
  3. Al-Buxoriy. At-Tarӣx al-kabӣr. VI, 347;
  4. Az-Zahabiy. Si­yar. V, 392-401;
  5. Az-Zahabiy. Tazkira al-huffāz. I, 114-116;
  6. Ibn Hajar. Tabsӣr al-muntabih. IV, 1487;
  7. Ali Osman Koçkuzu. „Ebû İshak es-Sebîî“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 170-171.
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.