Kontent qismiga oʻtish

Afgʻonistonga bosqinlar

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Afg'onistonga bosqinlardan yoʻnaltirildi)

Afgʻoniston Markaziy va Janubiy Osiyoning chorrahasida joylashgan togʻli, dengizga chiqmaydigan davlat[1][2]. Afgʻoniston tarixidagi bosqinlardan baʼzilari Maurya imperiyasi, Aleksandr Makedonskiyning Qadimgi Makedoniya imperiyasi, Rashidun xalifaligi, Chingizxon boshchiligidagi Moʻgʻullar imperiyasi, Temuriylar imperiyasi, Boburiylar imperiyasi, turli davrlardagi Ahamoniylar davlati, Britaniya imperiyasi, Sovet Ittifoqi va 11-sentabr hujumlariga javoban bir qator ittifoqchilar bilan Amerika Qoʻshma Shtatlari kabilar. AQSh va Afgʻoniston oʻrtasidagi strategik sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq hukumatni qoʻllab-quvvatlash uchun NATO qoʻshinlarining cheklangan soni mamlakatda qoldi. 2021-yilda Amerika qoʻshinlarini olib chiqib ketish arafasida Tolibon poytaxt Kobul va butun mamlakatni nazoratga oldi. Ular Afgʻonistonning rasmiy nomini Afgʻoniston Islom Amirligi deb oʻzgartirdilar.

Geosiyosiy nuqtai nazardan Afgʻonistonni nazorat qilish Janubiy Osiyoning qolgan qismini yoki Markaziy Osiyoga oʻtish uchun muhim ahamiyatga ega yoʻlni nazorat qilishni anglatadi. Bu omil mamlakatning mintaqadagi geografik oʻrnini ham aks ettiradi. Afgʻoniston Katta Oʻyin siyosati davrida hokimiyat uchun kurashda muhim rol oʻynagan. Tarixan Afgʻonistonning zabt etilishi Hindistonga gʻarbdan Haybar dovoni orqali bostirib kirishda ham muhim rol oʻynagan.

Fors istilolari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Zamonaviy Afgʻoniston hududining bir qismi qisqa muddat Midiya qirolligi hukmronligi ostida boʻlgan. Ushbu hukmronlik haqida nisbatan kam maʼlumot mavjud.

Hozirgi Afgʻoniston hududini Fors hukmdori Doro I istilo qilgandan soʻng hududi qisman Ahamoniylar imperiyasi hukmronligiga oʻtgan. Hudud satraplar deb nomlangan bir necha viloyatlarga boʻlinib, ularning har birini gubernator yoki satrap boshqargan. Bu qadimiy satrapliklarga quyidagilar kiradi: Ariya (Hirot); Araxosiya (Qandahor, Lashkargoh, Bomiyon va Kvetta); Baqtriya (Balx); Sattagidiya (Gʻazna) va Gandhara (Kobul, Jalolobod, Peshovar).

Yunon istilosi va Kushon bosqinlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Aleksandr miloddan avvalgi 330-yilda Forslarga qarshi urush doirasida hozirgi Afgʻoniston hududiga bostirib kirgan. Forsning eng sharqiy satrapliklarini oʻz ichiga olgan Afgʻonistonda Forsning boshqa hududlariga qaraganda bir qancha qiyin janglar boʻlib oʻtgan. Baqtriyada ioniyalik faxriylari bilan qoʻnim topib, Baqtriya nomini ham oʻzgartirgan Aleksandr Hindistonga bosqinni hozirgi Jaloloboddan boshlab, Haybar dovoni orqali Hind daryosi havzasiga bostirib kirgan. Afgʻonistondagi bir qancha shaharlar Iskandar sharafiga nomlangan. Jumladan, hozir Qandahor Aleksandriya Araxosia deb atalgan.

Iskandar vafotidan keyin saltanat boʻlinib ketgach, Baqtriya viloyati Aleksandrning sobiq sarkardasi, poytaxti Bobilda boʻlgan Salavkiylar davlati asoschisi Salavk hukmronligi ostiga oʻtgan. Baqtriyadagi yunon askarlari hududning markaziy hukumatdan uzoqligi sababli mustaqillik eʼlon qilishgan. Hududni qayta egallash uchun yuborilgan Salavkiylar qoʻshinini magʻlub etib, Afgʻoniston va Hindistonning gʻarbiy qismida uch asrdan ortiq yashagan Yunon-Baqtriya podsholigiga asos solishgan. Baqtriya deb atalgan ushbu yunon podsholigi uch asr davomida Yevropadan butunlay uzilib qolgan holda yunon madaniyatini davom ettirgan. Ushbu davlatning shaharlaridan biri Oyxonim 1970-yillarda qazilgan boʻlib, akropol, amfiteatr, ibodatxonalar va koʻplab haykallari boʻlgan toʻliq yunon shahri topilgan. Baqtriyada gibrid badiiy uslubni yaratgan hind buddizm sanʼatining taʼsiri sezilib turgan yunon sanʼati namunalari topilgan. Baqtriya qiroli Menander I yunon ruhoniylari va hind buddist rohiblari oʻrtasida koʻplab ilohiy va falsafiy munozaralar olib borgach, buddizmni qabul qilgan. Menander I buddizm sutralarida „Yunon qiroli Milinda“ deya esga olingan. Baqtriyaga joylashgan yunon faxriylarining ionniylardan kelib chiqqani bugungi kungacha „Ionani“ tarzidagi afgʻoncha-yunoncha soʻz bilan saqlanib qolgan. Baqtriyada yunonlar tanga zarb qilish, arxitektura va buddizm sanʼati merosini qoldirishgan. Ushbu meros Gandhara madaniyatini, xususan, bugungi kungacha butun Sharqiy Osiyoga taʼsir koʻrsatayotgan yunon-buddist sanʼatini oʻz ichiga oladi. Afgʻonistondagi soʻnggi yunon podsholigini milodiy birinchi asrda, Iskandardan uch asr oʻtgach, kushon bosqinchilari bosib olgan. Kushonlar keyingi bir necha asrlar davomida yunon tilidan tanga zarb qilish uchun foydalanishda davom etishgan.

Arab xalifaligi tomonidan bosib olinishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

VII-IX asrlarda, Sosoniylar va Rim imperiyasining parchalanishidan soʻng, keyingi toʻrt asr davomida jahon sahnasining yetakchilari boʻlgan Arab xalifaligi bu hududga gʻarbdan bostirib kirdi. Ikkinchi Rashidun xalifa Umar davrida Afgʻoniston islomiy fath qilinib, natijada Afgʻoniston aholisining koʻpchiligi Islomni qabul qilgan. Bu Muhammad tomonidan Arabiston yarim orolida birlashgan davlat tuzilganidan keyin amalga oshirilgan musulmonlarning koʻplab fathlaridan biri edi. Ummaviylar xalifaligi davrida musulmonlar hukmronligi Xitoy chegaralaridan Pireney yarim oroliga (hozirgi Ispaniya va Portugaliya) qadar, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, janubiy Yevropaning bir qismi, janubi-sharqiy Yevropaning bir qismiga qadar choʻzilgan. Arab xalifaligi Markaziy Osiyoning bir qismi va Janubiy Osiyoning bir qismini ham oʻz ichiga olgan.

Moʻgʻullar imperiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Moʻgʻullar Xorazmshohlar davlatiga bostirib kirish (1219-1221) davridagi Chingizxonning koʻplab istilolari natijasida shimoli-sharqdan mintaqaga bostirib kirib, ulkan Moʻgʻullar imperiyasini barpo etgan. Uning qoʻshinlari Kobul, Qandahor, Jalolobod va boshqa shaharlarda minglab odamlarni qirgʻin qilgan. Chingizxon Moʻgʻulistonga qaytganidan soʻng, Gilmand viloyatida qoʻzgʻolon koʻtarilib, qoʻzgʻolonni Chingizxonning oʻgʻli va vorisi Oʻqtoyxon shafqatsizlarcha bostirilgan. Oʻqtoyxon 1222-yilda Gʻazna va Hilmandning barcha erkak aholisini oʻldirib, ayollarni qul qilib sotgan. Shundan soʻng, Afgʻonistonning janubi-sharqiy qismidan tashqari koʻp qismi Hulokuiylar davlati va Chigʻatoy ulusi tarkibiga kirib, moʻgʻullar hukmronligi ostida qoldi.

Hazoralar oʻzini moʻgʻul va turkiy bosqinchilar avlodlari deb daʼvo qiladi, ammo bu bahsli masala hisoblanadi. Chunki hazora xalqi haqida birinchi eslatma XVI asrda Boburning asarida uchraydi[3]. Hozirda Afgʻonistondagi shialik tarafdorlarining asosiy qismini hazoralar tashkil qiladi. Bundan tashqari, Afgʻonistonning koʻplab hududlari moʻgʻul va turkiy yetakchilar nomi bilan nomlangan. Jumladan Qandahor viloyatining Mayvand tumanida joylashgan va harbiy hujumlar davomida Tolibondan tortib olinmagan yagona tuman Band-e-Timur („ Temur toʻdasi“ degan maʼnoni anglatadi), Vardak viloyatidagi Jagʻatu tumani (Chagʻatoy xonligi sharafiga nomlangan) va Shoh Vali Kot tumanidagi Vech Baxtu qishlogʻi Batu sharafiga nomlangan[4].

Temuriylar va Boburiylar imperiyasining bosib olishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1383—1385 yillarda Afgʻoniston hududi shimoldan qoʻshni Movarounnahr (taxminan hozirgi Oʻzbekiston, Tojikiston va unga tutash hududlar) hukmdori Amir Temur tomonidan bosib olindi va Temuriylar imperiyasi tarkibiga kirdi. Amir Temur turk-moʻgʻul qabilasidan boʻlib, musulmon boʻlsa ham, oʻzini koʻproq Chingizxonning vorisi sifatida koʻrardi. Shimoldagi oʻzbeklar, hazoralar va boshqa turkiy jamoalar bilan ittifoqchi boʻlib, uning Afgʻonistondagi hukmronligi uzoq davom etdi va bu unga kelajakda Markaziy Anadoluda Usmonlilar imperiyasini muvaffaqiyatli zabt etishiga imkon berdi. [4]

1506-yilda Temuriylar saltanati sekin parchalanib ketganidan soʻng Afgʻonistonda Boburiylar imperiyasi tashkil topdi.  1526 yilda Bobur tomonidan Pokiston va Hindistonzabt etildi. XVII asrda Boburiylar imperiyasi Hindistonning katta qismini boshqargan, ammo keyinchalik XVIII asr davomida tanazzulga yuz tutgan.

Sikx imperiyasining bosqinchiligi, 1837-1838

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1837 yil boshida Maxaraja Ranjit Singx boshchiligidagi sikxlar va amir Doʻst Muhammadxon boshchiligidagi afgʻonlar oʻrtasida Jamrud jangi boʻlib oʻtdi. Panjobda Sikx imperiyasi tashkil topganidan beri Maxaraja Ranjit Singx Afgʻoniston hududlariga koʻz tikar edi. Afgʻonlar oʻtgan yillar davomida ichki mojarolar tufayli uzoq vaqtdan beri egallab turgan hududlarini sikxlarga boy bergan edi.

Maharaja Ranjit Singx Kobuldagi anarxiyadan foydalanib, Peshovarning janubi-g‘arbiy-sharqiy chegarasi bo‘lgan Panjob orqali Sulton Muhammadxon va Do‘st Muhammadxon tomonidan boshqariladigan Peshovarga bostirib kirishga harakat qildi. General Hari Singx Nalva boshchiligidagi sikxlar Peshovar jangi (1834) paytida afgʻonlarni muvaffaqiyatli magʻlub etgandan soʻng mintaqani qoʻshib oldilar. Maxaraja 1838 yil noyabrda Attokning sobiq gubernatori Jahon Dad Xonni Peshovarning yangi gubernatori etib tayinladi. Nalva Jamrud jangida halok boʻldi. Qisqa vaqt ichida barcha afgʻon hududlari Panjob hukumati nazorati ostiga oʻtdi.

Britaniya bosqinlari: 1838-1842, 1878-1880 va 1919

[tahrir | manbasini tahrirlash]

XIX asr davomida va XX asr boshlarida Afgʻonistonga Britaniya imperiyasi tomonidan uch marta bosqinlar uyushtirilgan.

1838-1842 – Birinchi Angliya-Afgʻon urushi Rossiyaning mamlakatdagi taʼsirini cheklash va chegaradan oʻtish holatlarini bostirish maqsadida olib borilgan. Toʻrt yil ichida inglizlar Afgʻonistondan quvib chiqarildi. Hindiston qoʻzgʻolonidan soʻng, inglizlar ikkinchi bosqinni boshladilar – 1878-1880 yillardagi Ikkinchi Angliya-Afgʻon urushi, yuqoridagi sabablarga koʻra boshlangan boʻlsa-da, lekin doimiy hokimiyatni saqlab qola olmadi. Uchinchi mojaro 1919 yilda boshlandi. U uch oy, maydan avgustgacha davom etdi va Afgʻoniston oʻz mustaqilligini saqlab qolishi, boshqa davlatlar bilan munosabatlarini qayta tiklashi va Britaniya Hindistoni bilan Durand chizigʻi deb nomlanuvchi chegaraga rozi boʻlishi bilan yakunlandi. Bu chiziq bugungi kunda ham Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi chegara hisoblanadi.

Sovet bosqinlari: 1929, 1930 va 1979 yillar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sovet Ittifoqi Afgʻonistonga 1929 yilda saqqavchilarga qarshi va yana 1930 yilda Milliy ozodlik harakati bilan kurashish uchun bostirib kirdi.

Sovet Ittifoqi boshqa davlatlar qatori 1978 yil apreldagi Savr inqilobidan keyin yangi Afgʻoniston hukumatining bevosita tarafdori edi. Biroq hukumat tomonidan oʻtkazilgan sovet uslubidagi nikoh urf-odatlarini oʻzgartirish va yer islohoti kabi islohotlar islom dini va mahalliy anʼanalarga salbiy taʼsir qilganliugi tufayli aholi tomonidan yaxshi qabul qilinmadi. [5] Siyosiy mahbuslarni qatl etgan va hukumatni har qanday muxolifatdan tozalagan Afgʻoniston Demokratik Respublikasining zolim tabiati afgʻon aholisi orasida obroʻ orttira olmadi. 1979 yilga kelib, Afgʻoniston hukumati va mamlakat ichidagi boshqa turli guruhlar oʻrtasidagi janglar, ularning baʼzilari Qoʻshma Shtatlar va boshqa davlatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlangan, fuqarolar urushiga olib keldi va 1979 yil mart oyida Afgʻoniston bosh vaziri Nur Muhammad Taraqqiy Sovet Ittifoqidan harbiy yordam so‘radi. Buni Siyosiy byuro nomidan Sovet Bosh vaziri Aleksey Kosigin rad etdi. [6]

Tarakiy oʻldirilganidan keyin Afgʻonistonning yangi bosh vaziri Hafizulla Amin hech boʻlmaganda oʻz qarorgohini himoya qilish uchun Sovet Ittifoqidan harbiy yordam soʻrab murojaat qildi. Nihoyat, dekabr oyida Siyosiy byuro Afgʻonistondagi vaziyatni [7] hal qilishga qaror qildi va dekabr oyi boshida Amin saroyiga hujum qilib, uni oʻldirgan maxsus kuchlarni yuborib, surgundagi Babrak Karmalni Aminning oʻrniga qoʻydi. Keyinchalik bu kuchlar 1979 yil 24 dekabrda Afgʻonistonga kirgan 40-armiya tomonidan mustahkamlandi. Kreml bashorat qilganidek, bu aralashuv SSSR uchun butun dunyo boʻylab detente siyosati bilan bogʻliq muammolarni keltirib chiqardi. [8] Natijada 1980 yilda Moskvada boʻlib oʻtadigan Yozgi Olimpiada oʻyinlariga keng qamrovli boykot eʼlon qilindi, uni nafaqat Qoʻshma Shtatlar, balki unga taklif qilingan 65 davlatning koʻpchiligi ham qoʻllab quvvatladi va ishtirok etmadi.

Afgʻonistondagi Sovet harbiy kontingenti eng koʻp 100 000 kishini tashkil etdi. Bu jarayon oʻn yil davom etdi va Afgʻoniston hukumati va Sovet harbiy kuchlarining mavjudligiga qarshi boʻlgan islomiy mujohid guruhlarini AQSh va Saudiya Arabistoni tomonidan moliyalashtirish boshlandi. Mahalliy mujohidlar bir necha turli arab xalqlari jangchilari bilan bir qatorda (chegara narigi patan qabilalari ham urushda qatnashgan; ularni Pokiston ISI tomonidan qoʻllab-quvvatlagan) Sovet qoʻshinlariga qarshi kurash olib bordi. 1989 yil 24 yanvarda Gorbachyovning Siyosiy byurosi Afgʻoniston hukumatiga harbiy yordam koʻrsatishda davom etgan holda Sovet qoʻshinlarining katta qismini [9] olib chiqish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. [10] Oxir-oqibat, mujohidlar ichidagi janglar Afgʻonistonda qoʻmondonlarning kuchayishiga olib keldi va ulardan Tolibon paydo boʻldi. [11] Sovetlar mamlakatdagi yagona avtomagistralni, shuningdek, yirik shaharlarda qurilgan koʻplab beton konstruksiyalarni va hali ham foydalanilayotgan aerodromlarni (masalan, Bagromda) tashlab chiqishdi.

Qoʻshma Shtatlar va ittifoqchilarning bostirib kirishi, 2001 yil oktyabr

[tahrir | manbasini tahrirlash]
AQSh armiyasi askarlari 2004-yil 24-iyulda Bagromda CH-47 Chinook vertolyotiga yuklangan Humvee -ni tayyorlamoqda.

2001 yil 7 oktyabrda Qoʻshma Shtatlar NATOdagi baʼzi ittifoqchilar, jumladan Buyuk Britaniya va Avstraliya, shuningdek, boshqa ittifoqchilar tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, „Barqaror erkinlik“ operatsiyasi nomi ostida Afgʻonistonga bostirib kirishni boshladi. Bosqin 2001- yil 11-sentabr xurujlari tashkilotchisi bo‘lgan va Tolibon tomonidan boshpana berilgan Usama bin Ladenni qo‘lga olish uchun boshlangan edi. AQSh harbiy kuchlari Tolibon hukumatini agʻdarib, bin Lodinning Al-Qoida tarmogʻini toʻxtatgan boʻlsa-da, uni qoʻlga ololmadi. 2011-yil 2-may kuni Bin Lodin Pokistonda Amerika Qo‘shma Shtatlari qurolli kuchlari tomonidan otib o‘ldirilgan. Tolibon rahbariyati Afgʻoniston boʻylab, asosan janubi-sharqda yashirinishda davom etdi va AQSh, uning ittifoqchilari va prezident Ashraf Gʻani hukumati kuchlariga qarshi partizan hujumlarini olib bordi.

2006 yilda AQSh kuchlari mamlakat xavfsizligini mintaqada joylashgan NATO kuchlariga topshirib, oʻzlarining 20 000 askaridan 12 000 nafarini NATOning 20 000 askariga qoʻshdilar. Qolgan AQSh kuchlari Al-Qoida jangarilarini qidirishda davom etdi. Kanada harbiylari yetakchilikni o‘z zimmasiga oldi va darhol Tolibon partizanlari bostirib kirgan hududlarga hujum boshladi. Bir necha oʻnlab oʻz askarlari evaziga Britaniya, Amerika va Kanada kuchlari 1000 dan ortiq Tolibon isyonchilarini oʻldirishga muvaffaq boʻlishdi va yana minglab odamlarni chekinishga majbur qildilar. Ammo omon qolgan isyonchilarning koʻpchiligi qayta toʻplana boshladi va koʻp oʻtmay NATO va Afgʻoniston milliy armiyasi kuchlariga qarshi kurasha boshladi, Gʻarb kuchlari olib chiqib ketilishi va Tolibon Kobulni egallashi bilan 2021 yilgacha davom etgan uzoq davom etgan urush boshlandi.

  1. "Composition of macro geographical (continental) regions, geographical sub-regions, and selected economic and other groupings". UNdata. 26 April 2011. Archived from the original on 13 July 2011. Retrieved 13 July 2011.
  2. „"Afghanistan". Encyclopædia Britannica. Archived from the original on 25 February 2010. Retrieved 17 March 2010.“.
  3. "HAZĀRA: ii. HISTORY". Alessandro Monsutti (Online ed.). United States: Encyclopædia Iranica. December 15, 2003. Retrieved 9 August 2012.
  4. 4,0 4,1 Tareekh e Afghanistan — Usman Barakzai
  5. See Wilson Center, International History declassified: The Soviet invasion of Afghanistan.
  6. „"18 March 1979* (No 242) Kosygin-Taraki". July 8, 2016.“.
  7. „"6 December 1979* (Pb 176/82) Afghanistan". July 9, 2016.“.
  8. „"28 January 1980* (Pb 181/34) Afghanistan". July 9, 2016.“.
  9. „"Wilson Center Digital Archive". digitalarchive.wilsoncenter.org.“.
  10. „"21 March 1990** (No 318/2/0354) Military assistance". June 2, 2017.“.
  11. „"21 March 1990** (No 318/2/0354) Military assistance". June 2, 2017.“.