Kontent qismiga oʻtish

Ahmad al-Fargʻoniy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Ahmad al-Farg'oniydan yoʻnaltirildi)
Ahmad al-Fargʻoniy haykali
Ahmad al-Fargʻoniy haykali

Ahmad al-Fargʻoniy (toʻliq ismi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir al-Fargʻoniy) (taxminan 798, Fargʻona — 865, Misr) — astronomiya, matematika, geografiya va boshqa ilmiy yoʻnalishlarda faoliyat koʻrsatgan oʻzbek qomusiy olimi. Sharqda Al-Fargʻoniy, Yevropada Alfraganus taxalluslari bilan mashhur. Uning hayoti va ilmiy faoliyati toʻgʻrisida juda oz, u ham boʻlsa, uzuq-yuluq maʼlumotlar yetib kelgan.

Ahmad al-Fargʻoniy hayoti, ilmiy izlanishlari va kamoloti Abbosiylar sulolasi hukm surgan, Arab xalifaligi jahonning eng yirik saltanatlaridan biriga aylanib, uning ijtimoiysiyosiy va madaniy hayotida Movarounnahr, Xorazm va Xurosondan kelgan koʻplab mutafakkirlar muhim oʻringa ega boʻla boshlagan tarixiy davrda kechdi. Al-Fargʻoniy Xalifa Xorun ar-Rashid (786-809) vorislari al-Maʼmun (813-833), Muʼtasim (833-842) va Mutavakkil (846-861) hukmronlik qilgan davrda yashadi hamda avval Marv, soʻngra Bagʻdod, Damashq va Qohira shaharlarida ilmi hayʼat (falakiyotshunoslik astronomiya), riyoziyot (matematika) va jugʻrofiya (geografiya) fanlari bilan shugʻullandi hamda qator ilmiy va amaliy asarlar yozib qoldirdi.

Ahmad al-Fargʻoniy dastavval (taxminan 811-yil) Fargʻonadan Marvga kelgan. Ilk oʻrta asrlardayoq Marv Oʻrta Osiyoning yirik madaniy va ilmiy-maʼrifiy markazlaridan biri boʻlgan, bu maskanda oʻsha davrlardayoq Movarounnahr, Xorazm va Xurosondan koʻplab olimlar-u fozillar va mutafakkirlar toʻplanib, Ajamnij madaniy hayotida muhim ahamiyat kasb etganlar. Hatto 651 yilda soʻnggi Sosoniylar shahanshohi Yazdigard III ibn Shahriyor (632-651) arablar taʼqibidan qochib, poytaxt kutubxonasidagi kitoblarni oʻzi bilan Marvga olib kelgan. Xalifalik qoʻl ostiga oʻtgach ham Marv oʻzining qadimiy mavqeini yoʻqotmay, nafaqat ilmiy va madaniy markazga, balki fath etilgan sharqiy viloyatlarning siyosiy markaziga aylangan.

Horun ar-Rashid vafoti (809-yil) dan soʻng xalifalik taxtiga Muhammad al-Amin (809-813) chiqadi. Uning akasi Abdulloh bilan taxt uchun (809-813 yillarda) olib borgan kurashi (Xorun ar-Rashid oʻgʻli Abdullohni 806 yilda Movarounnahr va Xurosonning noibi etib Marvga yuborgan edi) Abdullohning gʻalabasi bilan tugaydi. Muhammad al-Amin qatl etiladi. Oʻsha yili (813-yil) Abdulloh al-Maʼmun nomi bilan taxtga oʻtiradi. Biroq u xalifalik poytaxti Bagʻdodga bormay, to 819 yilga qadar Marvda yashaydi. U oʻz atrofiga olimlaru fozillarni toʻplaydi. 819-yil al-Maʼmun barcha saroy aʼyonlari va olimlari bilan birga Maradan Bagʻdodga koʻchadi. Ular orasida al-Fargʻoniy ham boʻlgan.

Bu davrda xalifalikda Horun ar-Rashid farmoni bilan bino qilingan ikkita rasadxona va boy kutubxona bor edi. Abu Rayxon Beruniy maʼlumotiga qaraganda, rasadxonalardan biri Bagʻdodning ash-Shammosiya mahallasida va ikkinchisi Damashq yaqinida Kasiyun nomli togʻda joylashgan edi. Rasadxonalarda Horun ar-Rashid asos solgan ilmiy markaz „Bayt ul-hikmat“ („Donishmandlar uyi“) olimlari ilmiy tadqiqotlar olib borardi. Ular orasida al-Fargʻoniy ham bor edi.

Al-Fargʻoniy avval Bagʻdoddagi rasadxonada ish olib bordi, soʻngra al-Maʼmun topshirigʻiga binoan Damashqdagi rasadxonada osmon jismlari harakati va oʻrnini aniqlash, yangicha „Zij“ yaratish ishlariga rahbarlik qildi. Al-Fargʻoniy yunon astronomlari, jumladan, Ptolemeyning „Yulduzlar jadvali“ asarida berilgan maʼlumotlarni koʻrib chiqish hamda oʻsha davrdagi barcha asosiy joylarning jugʻrofiy koordinatalarini yangitdan aniqlash yuzasidan olib borilgan muhim tadqiqotlarda faol ishtirok etdi. Shu munosabat bilan arab tilidagi ilmiy atamashunoslikka doir ishlarni, xususan, falakiyot, riyoziyot va geografiyaga oid atamalarni belgilab chiqishdek maxsus ilmiy ishlarni amalga oshirishda ham Al-Fargʻoniyning xizmati katta. Bulardan tashqari, u ayrim astronomik asboblarni ixtiro etish, falakiyotshunoslikka doir arab tilidagi boshlangʻich bilimlarni belgilash va tartibga solish ishlariga ham muhim hissa qoʻshdi. 832-833 yillarda Al-Fargʻoniy Shom (Suriya) shimolidagi Sinjor dashtida Tadmur va ar-Raqqa oraligida yer meridiani bir darajasining uzunligini oʻlchashda qatnashdi.

Al-Fargʻoniyning hayoti va ilmiy hamda amaliy faoliyati toʻgʻrisidagi eng soʻnggi maʼlumot 861 yilga mansubdir. Oʻsha yili Abbosiy xalifa Abul Fazl Jaʼfar al-Mutavakkil (hukmronlik yillari 847-861) buyrugʻiga binoan Nil daryosidagi suv sathini oʻlchaydigan inshoot barpo etish uchun Misrning Qohira yaqinidagi Fustat shahriga keladi. Ilmiy-texnik va meʼmoriy jihatdan gʻoyat ulugʻvor bu qurilma Nil daryosining Sayyolat ul-Rod mavzesida hozirga qadar saqlanib qolgan.

Garchi Al-Fargʻoniy haqida maʼlumotlar juda oz boʻlsada, ammo oʻrta asrlarda sharq ilmiy dunyosida uning nomi mashhur boʻlgan. Ibn annadim (10-asr), Ibn al-Kiftiy (12-13-asrlar), Abul Faraj Bar Ebrey (13-asr) va Xoji Xalifa (17-asr) kabi Sharq fihrastchilari uning nomini oʻz asarlarida qayd etganlar.

Musulmon mamlakatlari boʻylab safarga chiqqan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi ekspeditsiya aʼzolari 1997-yil 5-dekabrda MARda boʻlishib, Al-Fargʻoniy hayotini oʻrganishlari natijasida u Misrning Fustat shahrida vafot etganligi, Munattam togʻining sharqiy qismidan sal narida joylashgan Imom ash-Shofe qabristoniga dafn etilganligini aniqlashdi. Vaqt oʻtishi bilan uning qabri yoʻqolib ketgan. U yerdan olib kelingan tuproq Fargʻona vodiysining Quva shahrida 1998-yil barpo etilgan ramziy qabrga qoʻyildi.

Yozma manbalarda qayd etilishicha, Al-Fargʻoniy ilk oʻrta asr falakiyot, riyoziyot va geografiya ilmlari yoʻnalishida bir qancha ilmiy va amaliy asarlar yozib qoldirgan. Uning asosiy astronomik asari — „Kitob al-harakot as-samoviya va javomiʼ ilm an-nujum“ („Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum kitobi“). Bu asar „Astronomiya asoslari haqidagi kitob“ nomi bilan ham maʼlum boʻlib, 1145 va 1175-yillarda Yevropada lotin tiliga tarjima etiladi. Shundan soʻng Al-Fargʻoniy nomi lotinlashtirilib, „Alfraganus“ shaklida Gʻarbda shuhrat topadi. Uning „Astronomiya asoslari haqidagi kitob“ asaridan bir necha asrlar davomida Yevropa universitetlarida astronomiya fani boʻyicha asosiy darslik sifatida foydalanilgan, chunki bu kitob zamonasidagi astronomiya haqidagi eng muhim va zarur boʻlgan bilimlarni oʻz ichiga olgan. Uning geografiyaga oid boʻlimi Yer yuzidagi mamlakatlar va shaharlar haqidagi eng boshlangʻich va zaruriy bilimlarga bagʻishlangan boʻlib, „Yerdagi maʼlum mamlakatlar va shaharlarning nomlari va har bir iqlimdagi hodisalar haqida“ deb ataladi. Asarda falakiyot va geografiya ilmlarining asosiy mazmuni, vazifalari va qismlari tushunarli dalillar asosida sodda qilib bayon etiladi. Xususan, Yerning dumaloqligi, bir xil osmon yoritqichlarining turli vaqtda koʻtarilishi, tutilishi va bu tutilishning har bir joydan turlicha koʻrinishi, masofalar oʻzgarishi bilan ularning koʻrinishi oʻzgarishi haqida qimmatli mulohazalar bildiriladi.

Umuman Al-Fargʻoniyning „Astronomiya asoslari haqidagi kitob“ asari oʻrta asr musulmon Sharqi mamlakatlaridagi, soʻng Ispaniya orqali Yevropa mamlakatlaridagi astronomiya ilmining rivojini boshlab berdi. Qadimiy yunon ilmi, jumladan, astronomik ilmlar ham birinchi bor arabchadan tarjima qilingan risolalar orqali maʼlum boʻldi.

Al-Fargʻoniy asarining lotincha tarjimasi birinchi marta 1493-yilda tosh bosma usulida nashr etildi. 1669-yil mashhur golland matematigi va arabshunosi Yakob Golius Al-Fargʻoniy asarining arabcha matnini yangi lotincha tarjimasi bilan nashr etganidan soʻng Al-Fargʻoniyning shuhrati yanada ortdi.

Yevropa Uygʻonish davrining mashhur olimi Regiomontan 15-asrda Avstriya va Italiya universitetlarida astronomiyaga doir maʼruzalarini Al-Fargʻoniy asarlari asosida oʻqigan. Al-Fargʻoniy nomi Dante (14-asr) va Shiller (18-asr) tomonidan tilga olinadi. Yevropa olimlaridan Dʼalamber, Brokelman, X. Zuter, I. Yu. Krachkovskiy, A. P. Yushkevich, A. Rozenfeldlar Al-Fargʻoniyning ijodiga va qoldirgan ilmiy merosiga yuqori baho berganlar.

Bizning davrimizgacha Al-Fargʻoniyning 7 asari saqlanib qolgan (lekin bular hozirgi zamon tillariga tarjima qilinmagan). Asarlarning qoʻlyozmalari jahonning turli shaharlari — Berlin, Dushanba, London, Parij, Tehron, Toshkent, Mashhad, Patna, Rampur, Xalab va Qohiradagi yirik kutubxonalarda saqlanmoqda.

Ahmad al-Fargʻoniyning boy ilmiy merosini chuqur oʻrganish Oʻzbekistonda mustaqillikdan keyin boshlandi. 1998-yil Al-Fargʻoniyning 1200-yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlandi. Fargʻona shahrida Al-Fargʻoniy nomi bilan ataladigan istirohat bogʻi va qadimiy Quva shahrida Al-Fargʻoniy haykali oʻrnatildi. YUNESKO ning 1998-yildagi tadbirlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining „Ahmad al-Fargʻoniy tavalludining 1200-yilligini nishonlash toʻgʻrisida“gi qarori (1997-yil 27-noyabr)ga koʻra alloma hayoti va ijodiga bagʻishlangan ilmiy anjumanlar, badiiy koʻrgazmalar oʻtkazildi, yangi kitoblar nashr etildi, spektakllar (dramaturg Hayitmat Rasulning „Piri koinot“, Yoʻldosh Sulaymonning „Fargʻona farzandi“, Nurulloxon hoji Abdulloh oʻgʻli „Bashar allomasi“) sahnalashtirildi, filmlar suratga olindi.

Oydagi 20 kmli yirik kraterlardan biriga Ahmad al-Fargʻoniy nomi berilgan. Fargʻona shahridagi maydon, koʻcha, maktablarning biriga Al-Fargʻoniy nomi berilgan.

  • Abdulahad Muhammadjonov, OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Kari-Niyazov T. N, Astronomicheskaya shkola Ulugbeka, M.-L., 1950
  • Nosirov A., Hikmatullayev X., Ahmad Fargʻoniy, T., 1966
  • Buyuk siymolar, allomalar (Oʻrta Osiyolik mashhur mutafakkir va donishmandlar), 1-kitob, T., 1995
  • Axmedov A., Ahmad al-Fargʻoniy, T., 1998