Amr ibn Usmon
Amr ibn Usmon | |
---|---|
Tavalludi |
tax. 630 |
Vafoti | Mina, Makka, Hijoz |
Turmush oʻrtogʻi |
|
Bolalari |
|
Otasi | Usmon |
Onasi | Ummu Amr binti Jundab ibn Amr al-Davsiyya |
Abu Usmon Amr ibn Usmon ibn Affon al-Umaviy (arabcha: أَبُو عُثْمَانُ عَمْرِو بْنُ عُثْمَانُ بْنُ عَفَّان الأُمَوِيّ) – xalifa Usmonning oʻgʻli, Muoviya I (h. 661–680), Yazid I (h. 680–683) va Marvon I (h. 684–685) hukmronligi davrida muhim siyosiy va harbiy rol oʻynagan.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Amr ibn Usmon Quraysh qabilasining Banu Umayya urugʻidan boʻlgan xalifa Usmon (h. 644–656) va uning Azd qabilasi Davs urugʻidan boʻlgan[1] xotini Ummu Amr binti Jundab ibn Amrning oʻgʻli boʻlgan. Amr ibn Usmon xalifa Umar (h. 634–644) hukmronligi davrida tugʻilgan[2]. Islomiy manbalarda koʻpincha Amr ukasi Umar bilan adashtiriladi[1]. Tarixchi al-Balozuriy (vafoti: 892) Amr Usmonning 656-yilda oʻldirilgan toʻngʻich oʻgʻli ekanligini taʼkidlasa, tarixchi Mus’ab az-Zubayriy (vafoti: 851) Amr Usmonning oʻzidan avlod qoldirgan toʻngʻich oʻgʻli ekanligini aytib oʻtgan[1]. Biroq tarixchilar Ibn Hajar al-Asqaloniy (vafoti: 1492) va al-Qalqashandiy (vafoti: 1418) ikkala maʼlumotni ham Umarga nisbat berishadi[1]. Al-Zubayriy tomonidan keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, Usmon oʻzidan keyin xalifa boʻlish uchun Amrni Muhammadning yetakchi sahobasi az-Zubayr ibn al-Avvomdan keyin ikkinchi eng yaxshi nomzod deb oʻtgan. Amr oʻsha vaqtda hali yosh boʻlganligi bois xalifalikka nomzodlikda ikkinchi oʻrinda turgan. Zamonaviy tarixchi Wilferd Madelungning soʻzlariga koʻra, Usmon 644–645-yillarda kasallikka chalingan paytida shunday vasiyat qilgan va bu narsa uning sogʻligi tiklanishi bilanoq bekor qilingan[2].
Umaviylar xalifaligi hukmronligi davrida Amr xalifalik asoschisi Muoviya I ning (h. 661–680) qizi Ramlaga uylangan va ular Madinada yashashgan[1]. Muoviya I hukmronligining koʻp davrida Amr bilan doʻstona aloqalarni saqlab qolgan, biroq Amrning xalifalikka boʻlgan intilishlariga shubha qilgan. Umaviylardan boʻlgan Marvon ibn al-Hakamning Amrga xalifalikka erishishida taʼsiri tufayli ular oʻrtasida yashirin taranglik yuzaga kelgan boʻlishi mumkin[1]. Zamonaviy tarixchi Asad Q. Ahmed ushbu daʼvolarni tasdiqlash yoki inkor etish qiyin deb hisoblaydi[1]. Muoviyaning oʻgʻli va vorisi Yazid I (hukmronligi: 680–683) Suriya qoʻshini va xalifaga qarshi qoʻzgʻolon eʼlon qilgan Madina aholisi oʻrtasida 683-yilda kechgan Harra jangidagi Amrning roli toʻgʻrisida anʼanaviy manbalarda nomuvofiq maʼlumotlar keltirilgan. Al-Balozuriyning fikricha, Amr madinaliklar bilan birga jang qilgan va natijada, Suriyaning gʻolib qoʻmondoni Muslim ibn Uqba tomonidan qoralangan va kaltaklangan. Avona ibn al-Hakamning fikricha, Amr boshqa umaviylar bilan Madinadan haydab yuborilmagan, aksincha, shaharda qolgan va Ibn Uqba tomonidan jazolangan. Abu Mixnaf esa Amr Umaviylar bilan birga haydalganini daʼvo qiladi. Biroq Amr Ibn Uqbaga Madina mudofaasi haqidagi maʼlumotlarni oshkor etishdan bosh tortgan[2].
683-yilda Marvon Madinadan quvilgan. 684-yilda Suriyadagi Umaviylarning sodiq tarafdorlari tomonidan xalifa etib tayinlangan, biroq Amr uning xalifaligini tan olishdan bosh tortgan[1]. Shunga qaramay, Amr va Marvonning xonadoni oʻrtasidagi aloqalar yaqin boʻlgan. Amr yoki Umar Marvonning jiyani Ummu Kulsum binti al-Horis ibn al-Hakamga[1] uylangan, oʻz qizi Ummu Ayyubni esa Marvonning oʻgʻli va oʻrinbosari xalifa Abdulmalikka (h. 685–705) turmushga bergan[1]. Amr ibn Usmon Hijozda yashashni davom ettirgan va keyinchalik Minada vafot etgan[1].
Avlodlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Amr ibn Usmonning Ramla bilan nikohidan Usmon va Xolid ismli ikki oʻgʻli boʻlgan. Oʻgʻli Usmon farzand koʻrmay vafot etgan, Xolid Madinada hurmatga sazovor shaxslardan biriga aylangan, uning avlodlari Suriya va Madinadagi Umaviylar urugʻi vakillari bilan nikoh, siyosiy va iqtisodiy aloqalarni oʻrnatgan[1]. Amr ibn Usmonning choʻri ayoldan Umar ismli oʻgʻli boʻlgan. Tarixiy manbalarda Umar haqida kam eslab oʻtilgan boʻlsa-da, uning oʻgʻli Abdulloh al-Arjiy Madinada mashhur umaviy shoir boʻlgani, Umaviylar generali Maslama ibn Abdulmalikning Vizantiyaga qarshi yurishlarida ishtirok etgani, sharob isteʼmol qilgani uchun qamoqqa olinib, xalifa Hishom davrida Madina qamoqxonasida vafot etgani haqida maʼlumotlar keltirilgan[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ahmed, Asad Q.. The Religious Elite of the Early Islamic Ḥijāz: Five Prosopographical Case Studies. Oxford: University of Oxford Linacre College Unit for Prosopographical Research, 2010. ISBN 978-1-900934-13-8.
- Madelung, Wilferd. The Succession to Muhammad: A Study of the Early Caliphate. Cambridge: Cambridge University Press, 1997. ISBN 0-521-56181-7.