Kontent qismiga oʻtish

Arrian Flaviy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Arrian Flaviy
Tavalludi taxminan 90—95-yillar
Nikomediya, Vifini provinsiyasi, Kichik Osiyo, Rim imperiyasi
Vafoti 175-yil
Afina, Rim imperiyasi
Fuqaroligi Rim imperiyasi
Kasbi Tarixchi, yozuvchi, davlat va jamoat arbobi
Alexandri anabasis, 1575

Arrian (Arrianos) Flaviy (taxminan 95175-yillar oʻrtasi) — Rim tarixchisi va yozuvchisi.

Tavalludi va bolaligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Arrianning toʻliq ismi sharifi Kvint Enniy Flaviy Arrian boʻlib, u Kichik Osiyoning Vifini viloyatining Nikomediya shahrida, taxminan eramizning 90—95-yillari orasida tugʻilib, 175-yilda vafot etgan. Vifinida asosan Rim hukmronligi davrida kelib qolgan qadimgi yunonlar yashardi. Aholi ikki tilda yunon va lotin tillarida soʻzlashardi. Ayniqsa, Nikomediya shahri Arrian dunyoqarashining shakllanishida muhim ahamiyatga ega boʻldi. Bu shahar faqat Vifini viloyatigina emas, balki ulkan Rim davlati tarixida ham alohida oʻrin tutgan. Arrian eramizning 112—116-yillarida zamonasining atoqli faylasufi Epiktet qoʻlida tahsil oladi[1].

Arrian Rimda yashab, harbiy taʼlim oladi. 131—137-yillarda Kappadokiya voliysi boʻlib, alanlar hujumini qaytargan. Arrian senator, elchi va kohin ham boʻlgan[2]. Rim imperiyasida senator darajasiga koʻtarilgach Arrian milodiy 116-yilida davlat ishlari yuzasidan Gretsiyaga boradi. Bu imperatorlik delegatsiyasiga Avidiya Nigrin rahbarlik qilardi. Delegatsiya aʼzolari orasida Arrian oʻzining bilimdonligi va dunyoqarashining kengligi bilan ajralib turardi. Rim davlatining chegaralariga oid qimmatli maʼlumotlarni toʻplagan. Arrian imperator tahsiniga sazovor boʻlib, „Imperatorning elchisi“ degan faxriy nom oladi. Arrian imperatorlikning obroʻ-eʼtiborini qozongandan soʻng milodiy 121—124-yillarida imperatorlikda elchi boʻlib ishlaydi. Rim imperatorining ishonchini toʻla qozongan Arrian 131—137-yillarda Kappadokiya viloyatiga hokim etib tayinlanadi.

Aleksandrning harbiy taktikalarini qayta ishlab chiqish, uning nazariy asoslarini va amaliy mohiyatini boyitishni, bu haqda yirik asar yozishni imperator Adrian 136-yilda Arrianga topshiradi. Arrian bu ishning uddasidan chiqib, ikki qismdan iborat kitob yozadi. Bu kitob Adrianga juda maʼqul boʻladi. Adrian hokimligining soʻnggi yillarida Arrian Rimning davlat va harbiy ishlaridan chetlashtiriladi. Shundan soʻng u mahalliy ahamiyatga ega boʻlgan kichik lavozimlarda ishlaydi. 147-yilda u Afinadagi kichik bir lavozimga tayinlanadi. Bu davrda u qizgʻin ijodiy ishga beriladi. Afinadagi adabiy muhit bilan bogʻlanadi. Biroq uning Afinadagi hayoti biroz qiyinlashadi. Shuning uchun ham, u ona shahri Nikomediyaga qaytib kelib, oʻsha yerda hayot kechira boshlaydi.[3].

Falsafa, tarix, geografiya, harbiy va boshqa masalalarga oid asarlar yozgan (koʻpi bizgacha saqlanmagan) Arrianning bizgacha yetib kelgan eng qimmatli asari Aleksandrga bagʻishlangan yetti kitobdan iborat „Aleksandr yurishi“ nomli kitobdir. Arrianning „Hindiston“, „Nearxning harbiy yurishi“, „Epiktet haqida esdaliklar“ hamda Epiktet taʼlimotiga bagʻishlangan „Qoʻllanma“ kabi asarlari ham saqlangan. Uning „Parfiya tarixi“, „Alanlar tarixi“, „Vifiniya tarixi“ va „Aleksandrdan keyingi ishlar“ nomli asarlaridan ham parchalar yetib kelgan[4]. Arrian ijodida „Qora dengiz tasviri“, „Qizil dengiz qirgʻoqlari boʻylab sayohat“ asarlari alohida oʻrin tutadi. Bu asarlar oʻzining tarixiy asosi, muhim harbiy qimmatga ega ekanligi jihatidangina emas, balki badiiy tasvir jihatdan ham tahsinga sazovorligi bilan ajralib turadi[5].

Markaziy Osiyo va Eronning qadimiy tarixini oʻrganishda Arrianning „Aleksandr yurishlari“ nomli asari muhim ahamiyat kasb etadi. Unda fotihning Oʻrta Osiyo hududlari va boshqa mamlakatlarga istilochilik yurishlari tarixi batafsil bayon qilingan. Asar panegrizm-maddohlik ruhida yozilgan — muallif Aleksandr va uning faoliyatiti koʻklarga koʻtarib ulugʻlaydi. Shunga qaramay, u koʻpgina qoʻlyozmalar ta rasmiy hujjatlar asosida yozilganligi sababli mavzu boʻyicha muhim manbalardan biri hisoblanadi.

Spitamenning oʻlimi haqida Arrian quyidagi rivoyatni keltiradi: „Skif-massagetlar yengilganlaridan soʻng oʻzlari bilan birga ittifoq boʻlib, dushmanga qarshi jang qilgan baqtriyaliklar va sugʻdlarning yuklarini talaydilar hamda qochadilar. Spitamen ham ular bilan birga ketadi. Ularga „Aleksandr dashtga hujum boshlar emish“, degan xabar kelgach, Spitamenning boshini tanasidan judo qilib shohga yuboradilar va shu yoʻsinda Aleksandr hujumining oldini olmoqchi boʻladilar“[6].

Tarixshunoslik

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Arrian asarlarining rus tilidagi nashrlari XIX asrdan tarjima qilinib, avvaliga asosan, harbiy, keyinchalik umumiy tarix fanini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilgan. „Aleksandr yurishlari“ asarining rus tiliga tarjimasi 1837-yilda Harbiy kutubxona tashabbusi bilan 1912-yilda N. Korenkov tarjimasida Toshkentda, 1962-yilda M.Ye. Sergeenko tarjimasida, 1993-yilda Mif nashriyoti tomonidan qayta nashr etilgan. „Hindiston“ (Indika) asarining rus tiliga tarjimasi 1940-yilda Qadimgi tarix xabarnomasida 2002-yilda M. D. Besarin tarjimasida 2007-yilda G.A .Taronyan tarjimasida nashr etildi. „Taktika“ asarining ingliz tilidagi varianti 1993-yilda Devoto tomonidan Chikagoda, rus tilidagi tarjimasi 2010-yil A. K. Nefyodkin va shu yili S. M. Perevalovlar tomonidan chop etildi. Arrian shaxsi va uning biografiyasiga oid tadqiqotlar esa O. Kryuger, S. Sobolevskiy, D. Sibukidis, A. Nefyodkin asarlarida va turli ensiklopediya hamda lugʻatlarda yoritilgan[7].

  1. Boynazarov F. Qadimgi dunyo tarixi / Darslik. T.: „IQTISOD-MOLIYA“, 2006. 75-bet.
  2. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 1-jild: A—Beshbaliq. T.:"Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti", 2000.
  3. Boynazarov F. Qadimgi dunyo tarixi / Darslik. T.: „IQTISOD-MOLIYA“, 2006. 77-78-betlar.
  4. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 1-jild: A—Beshbaliq. T.:"Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti", 2000.
  5. Boynazarov F. Qadimgi dunyo tarixi / Darslik. T.: „IQTISOD-MOLIYA“, 2006. 75-bet.
  6. Doniyorov A. X. Markaziy Osiyo xalqlari tarixshunosligi / Darslik. Toshkent: NIF MSH, 2020. 63-bet.
  7. Doniyorov A. X. Markaziy Osiyo xalqlari tarixshunosligi / Darslik. Toshkent: NIF MSH, 2020. 63-64-betlar.