Kontent qismiga oʻtish

Buxoro qamali

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Buxoro qamali
Xorazmshohlar imperiyasiga moʻgʻul bosqinining bir qismi
Sanalar 1220-yil fevral
Urush yeri Buxoro, hozirgi Oʻzbekiston
Natija Moʻgʻullar gʻalabasi
Raqiblar
Moʻgʻullar davlati Xorazmshohlar davlati
Qoʻmondonlar
Gür-Xon
Harbiy birliklar
Shahar garnizoni
Kuchlar
Zamonaviy qurollangan 30,000dan 50,000gacha askar Zamonaviy qurollangan 2,000dan 20,000gacha askar

Buxoro qamali — 1220-yil mart oyida, yaʼni moʻgʻullar tomonidan Xorazmshohlar davlatinining bosib olishi davrida sodir boʻlgan harbiy bosqin. Bosqinda Moʻgʻullar imperiyasining xoni Chingizxon sulton Muhammad II boshqarayotgan Xorazmshohlar davlati bilan tutashgan chegaraning turli tomonlaridan hujum uyushtirgan. Xorazmshoh yirik shaharlarni yakka tartibda mudofaa qilishni rejalashtirgan boʻlsa, moʻgʻullar chegara shahar — Oʻtrorni qamal qilib, Xorazmshohlar davlatiga qaqshatqich zarbalar berishni maqsad qilgan edi.

Buxoro shahri Xorazmshohlar davlatining yirik savdo va madaniy markazi maqomida boʻlgan. Shahar Moʻgʻullar imperiyasi bilan chegaradan ancha uzoqda joylashganligi sababli xorazmshoh bu shahar himoyasi uchun 20 000 ga yaqin askar ajratgan. Soni 30 000 dan 50 000 gacha boʻlgan moʻgʻul askarlari katta qoʻshin uchun oʻtib boʻlmas toʻsiq sanalgan Qizilqum choʻlini kesib oʻtishga muvaffaq boʻlgan. Moʻgʻullarni koʻrgan Buxoro mudofaachilari sarosimaga tushib, muvaffaqiyatsiz kechgan jang va uch kunlik qarshlik koʻrsatishdan soʻngra, oxir-oqibat taslim boʻlgan. Xorazmshohga sodiq askarlar qal’a buzib tashlangunga qadar yana ikki haftaga yaqin vaqt mobaynida mudofaani davom ettirgan.

Moʻgʻul qoʻshini qoʻrgʻonga toʻplangan barchani oʻldirib, aholining katta qismini qul qilib olib ketgan. Hunarmandlarga tegishli mehnat mahsuli moʻgʻullar tomonidan olib qoʻyilib, baʼzilari harbiy harakatlarga jalb etilgan. Garchi oʻsha paytda Buxoro yongʻinlar oqibatida vayron boʻlgan boʻlsa-da, talafot nisbatan kamroq boʻlgan. Qisqa vaqt ichida shahar savdo-iqtisodiy hamda madaniy markazga aylanib, Pax Mongolica davrida yanada rivojlangan.

Yoqut al-Hamaviyning geografik maʼlumotlariga koʻra, moʻgʻullar istilosi arafasida Buxoro „Oʻrta Osiyoning eng yirik shaharlari qatorida“ boʻlgan[1][izoh 1]. 300 000 ga yaqin aholisi va 45 000 kitobdan iborat kutubxonaga ega boʻlgan shahar ilm va madaniyat markazi sifatida Bagʻdod bilan raqobatlasha olardi[2][3]. 1121-yilda foydalanishga topshirilgan Poyi Kalon masjidi dunyodagi eng katta masjidlardan biri boʻlib, masjidda Minorai Kalon joylashgan edi[4]. Shaharni V asrda qurilgan Buxoro arki oʻrab turar hamda mudofaa inshooti vazifasini bajarar edi. Dehqonchilik yerlari Zarafshon daryosining suvi yordamida sugʻorilgan[5].

Shahar XII asr davomida Qoraxoniylar davlati hukmronligi ostida boʻlib, ular tarixan Samarqand, Toshkent va Fargʻona kabi koʻplab boy shaharlarni nazorat qilishgan[6]. Qoraxitoy xonligining nominal vassallari boʻlgan Qoraxoniylarga aholi soni va hududi katta boʻlgani sababli avtonom faoliyat koʻrsatish uchun ruxsat berilgan edi. Qoraxoniylar 1215-yilda Saljuqiylar davlati Gurganjda qulashi natijasida shakllangan va bir vaqtlar qoraxitoylarning vassallari boʻlgan Xorazmshohlar davlati tomonidan boʻysundirildi[7][8]. 1218-yilda Xorazmshoh Muhammad Hamadon, Eron va Xuroson sultoni boʻlib, Gʻuriylar va Eldegiziylar ustidan hukmronlik oʻrnatgan[7]. Xorazmshohlar davlati moʻgʻul qabilalari ustidan gegemonlik oʻrnata boshlagan Chingizxon istilosidan qochgan qochqinlar tufayli beqarorlashgan Qoraxitoylar hududlarini egallab olgan[9].

Umumiy dushman Nayman shahzodasi Kuchluq magʻlubiyatga uchragach, moʻgʻullar va Xorazmshohlar oʻrtasidagi munosabatlar dastlab mustahkam boʻldi[10]. Biroq, Xorazmshoh tez orada moʻgʻullarga nisbatan xavotir bildira boshladi. Solnomachi an-Nisoviy munosabatning oʻzgarishini tezkorligi va harakatchanligi tufayli shohni qoʻrqitib qoʻygan moʻgʻul qoʻshinlari bilan kutilmagan toʻqnashuv ehtimoli bilan bogʻlagan[11]. 1218-yilda shoh Oʻtror hokimi Inolchiqqa moʻgʻullarning savdo karvonini hibsga olib, mollarini tortib olishga ruxsat beradi. Chingizxon masalaga diplomatik yechim izlab, Urganchga uchta elchi yuboradi. Muhammad Xorazmshoh ularni xoʻrlaydi, shu jumladan, bittasini omma oldida qatl qiladi. Bundan gʻazablangan Chingizxon Jin sulolasiga qarshi urushni toʻxtatib turadi, mudofaa uchun Muxali noʻyon boshchiligida juda kam kuch qoldiradi va 1219-yilda qoʻshinining katta qismi bilan gʻarb tomon otlanadi[12].

Qamalning boshlanishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Moʻgʻul askarlarining umumiy soni toʻgʻrisida bir-biriga zid maʼlumotlar mavjud. Eng yuqori koʻrsatkichlarni Juzjoniy va Rashiduddin kabi mumtoz musulmon tarixchilari asarlarida koʻrish mumkin[13][14]. Morris Rossabi kabi zamonaviy olimlar moʻgʻul bosqinchilarining umumiy soni 200 000 dan ortiq boʻlmaganini taʼkidlashadi[15]. Jon Masson Smit qoʻshin sonini 130 000 atrofida deb taxmin qilgan[16]. Karl Sverdrup qoʻshindagi askarlar sonini kamida 75 000 deb yozgan. Olim tuman (eng katta moʻgʻul harbiy qismi) koʻpincha oʻlchamlari boʻyicha haddan ortiq oshirilgan deb taxmin qiladi[17]. Moʻgʻul qoʻshinlari alohida qismlarga boʻlinib, Xorazmshohlar chegaralariga yetib kelishdi. Avval Chingizxonning toʻngʻich oʻgʻli Joʻji va sarkarda Jebe boshchiligidagi manglay qismi Tyan-Shan dovonlaridan oʻtib, Sharqiy Fargʻona vodiysidagi shaharlarni talay boshlaydi. Shunda Joʻjining ukalari Chigʻatoy va Oʻqtoy Oʻtrorni qamal qilganlar[18]. Tez orada Chingizxon kenja oʻgʻli Tuli bilan yetib kelib, bosqinchi qoʻshinni toʻrt qismga boʻladi. Chigʻatoy va Oʻqtoy Oʻtror qamalini davom ettirishsa, Joʻji shimoli-gʻarbga, Gurganj tomonga yoʻl olishi kerak edi. Xoʻjandni egallash uchun kichik otryad ham yuborilgan. Chingizxonning oʻzi Tuli va qoʻshinning deyarli yarmi bilan — 30-50 ming kishi bilan gʻarbga tomon yoʻl olgan[19].

Map of Central Asian Mongol campaigns between 1216 and 1223.
1207-1225-yillarda Chingizxonning harbiy harakatlari xaritasi

Bu vaziyatda Xorazmshoh koʻplab muammolarga duch kelgan. Imperiya chegaralari keng va yangi tashkil topgan boʻlib, boshqaruvi endi rivojlanayotgan edi[20]. Hukmdorning onasi Turkon xotun saltanatda salmoqli hokimiyatga ega boʻlgan. Peter Golden hukmdor va onasi oʻrtasidagi munosabatlarni „noqulay diarxiya“ deb atagan. Bu holat koʻpincha Muhammad Xorazmshohga zarar yetkazgan[21]. Shoh qoʻmondonlarining koʻpchiligiga ishonmasdi. Bundan toʻngʻich oʻgʻli — bir yil oldin Irgʻiz daryosidagi janglarda harbiy mahoratini namoyon etgan vorisi Jaloliddin mustasno edi[22]. Agar Xorazmshoh koʻplab sarkardalari xohlaganidek, ochiq jangga kirishganida edi, Xorazm qoʻshini moʻgʻul qoʻshinini askarlarning umumiy soni va mahorati boʻyicha ortda qoldirar edi[23]. Ammo Muhammad Xorazmshoh askarlarni imperiyaning eng muhim shaharlariga garnizon qoʻshinlari tarzida taqsimlashga qaror qildi[12]. Urush frontidan uzoqda boʻlgani uchun Buxoroga nisbatan kam sonli qoʻshin ajratilgan edi. Moʻgʻul qoʻshini boʻyicha boʻlgani kabi, Xorazmshoh qoʻshinlarining umumiy soni va tarkibi haqida ham bahslar mavjud. Solnomachi Juvayniy Oʻtror uchun yordamga 50 ming kishi yuborilgani, Buxoroda esa kamida 20 ming kishi borligini qayd etgan[24]. Sverdrupning yozishicha, Buxoroda ikki mingdan besh minggacha odam boʻlgan[25]. Shohning strategiyasi haqida xulosa qilgan Chingizxon Samarqand qoʻrgʻonini aylanib oʻtib, 1220-yil 7-fevralda Qizilqum choʻlidan 480 km (300 mi) yoʻl bosib, Buxoroga yetib kelgan. Zamondoshlari Qizilqumni yirik qoʻshinlar bosib oʻta olmaydi deb oʻylashgani bois, X. Desmond Martin va Timoti Mey kabi zamonaviy tarixchilar ushbu manyovrni taktik mahorat deb atashgan[26][27][28].

Buxoroga hujum boʻlganida Xorazmshoh butunlay arosatda qolgan. U Chingizxon avval Samarqandga hujum qilib, bu yerda dala qoʻshini ham, Buxoroda joylashgan garnizon ham qamaldan xalos boʻlishini taxmin qilgan. Chingizxon qoʻshinining Qizilqumni kesib oʻtishi oqibatida dala qoʻshini kuchsizlanib, na dushmanga qarshi kurasha olgan, na oʻz xalqiga yordam bera olgan[25]. Tarixchi Juvayniyning yozishicha, Buxorodagi garnizonni Gurxon ismli kishi boshqargan[29]. XX asr boshlarida tarixchi Vasiliy Bartold qoʻmondon Chingizxonning eski doʻsti Jamuxa boʻlishi mumkinligini taxmin qilgan[30]. Aksariyat tarixchilar buni ehtimoldan yiroq deyishadi. Chunki Jamuxa 1206-yilda qatl etilgan deb hisoblanadi[25][31].

Qamalning asosiy harbiy harakati ikkinchi yoki uchinchi kunga toʻgʻri keladi. Oʻshanda Xorazmshohning 2000 dan 20 000 nafargacha saralangan qoʻshinlari qalʼadan chiqib ketishgan. Juvayniy ularning daryo boʻyida moʻgʻullar tomonidan qirib yuborilgani haqida yozib qoldirgan:

Bu qoʻshinlar Oks qirgʻoqlariga yetib kelganlarida, moʻgʻul qoʻshinining qorovullari va ilgʻor boʻlinmalari ularning ustiga yurib, ulardan hech qanday iz qoldirmadi ... Ertasi kuni quyosh nuri tufayli tekislik qonga toʻlgan patnisga oʻxshardi.

Tarixchi Pol Buellning taʼkidlashicha, shahar garnizoni emas, balki faqat Xorazmshohning yordamchi qoʻshinlari amalga oshirgan jangovar harakat qochishga urinish boʻlishi mumkin. Tarixchi qoʻshinlarning ketishga tayyorgarligi sababini Buxoro xorazmliklar qoʻl ostiga oʻtganiga koʻp boʻlmagani, yaʼni ushbu voqeadan oʻn yil oldin Qoraxoniylar qoʻlidan tortib olingani bilan izohlaydi[32]. 10-fevralda shahar egallangan. Qalʼa egallangach, yagona qarshilik markazi qalʼadagi sadoqatli kuchlarning kichik guruhi boʻlib qolgan. Qalʼa eng zamonaviy talablarga muvofiq qurilgan boʻlsa-da, Xon Xitoydan qamal urushi boʻyicha maxsus mutaxassislarni olib kelgan edi. Oʻn kundan keyin oʻt qoʻyuvchi va poroxli qurollar qoʻllanilganidan soʻng parokandalik sodir boʻlib, oʻn ikkinchi kuni qarshilik toʻxtatilgan va qalʼa egallangan[33][34].

Bosqin oqibati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Chingizxon shaharga kirib, shahardagi juma masjidida nutq soʻzlagani qayd etilgan[35]:

Ey insonlar, bilingki, sizlar ham, orangizdagi yetakchilaringiz ham katta gunohlar qilgansiz. Bu gaplarimga dalil sifatida, men — Tangrining jazosi, qarshingizda turibman. Katta gunohlar qilmaganingizda, Tangri sizlarga men kabi azobni yubormagan boʻlardi!

Qalʼaning biroz qarshilik koʻrsatishi Buxoroning qolgan qismiga zarar keltirdi. Moʻgʻullar qarshilik markazlarini bostirish uchun shaharga oʻt qoʻyishgan. Shahardagi aksar inshootlar yogʻoch boʻlgani sababli, tez orada nazorat qilib boʻlmaydigan darajadagi yongʻin shaharning koʻp qismini, shu jumladan mashhur kutubxonani ham kulga aylantirgan. Olovdan omon qolgan gʻishtin inshootlarning aksariyati, jumladan Poi Kalon ham moʻgʻullar tomonidan vayron qilingan. Faqat Minorai Kalon omon qolgan[37].

A tall minaret, with domed structures and a blue sky behind.
A cuboid building with a dome, in a greenery-enclosed plaza.
An entrance into a wall-like structure with two domes on top.
Qamaldan omon qolgan binolar. Yuqori chapdan soat yoʻnalishi boʻyicha: Minorai Kalon; loyga koʻmilganligi sababli saqlanib qolgan Ismoil Somoniy maqbarasi[38] va Magʻoki Attori masjidi[39]

Qoʻrgʻon ichida qatli om qilingan boʻlsa-da, Marv va Gurganj kabi boshqa shaharlardan farqli oʻlaroq, aholi butunlay yoʻq qilinmagan. Buning oʻrniga, odamlar boshqa yerlarga koʻchirilgan va boʻlib yuborilgan. Aksariyat ayollar zoʻrlangan yoki kanizak qilingan, shahar hunarmandlari ustaxonalarga jalb etilib, moʻgʻullar uchun qurollar ishlab chiqarishga koʻrsatma berilgan, qolgan barcha jangovar yoshdagi erkaklar moʻgʻul qoʻshinlari safiga qoʻshib olingan[40][41]. Buxorodan harbiylikka chaqirilganlardan 1220-1221-yillarda Samarqand va Gurganj qamallarida tirik qalqon sifatida foydalanilgan[42].

Sulton Muhammad Xorazmshoh Kaspiy dengizidagi orolda qashshoqlikda vafot etgan. Moʻgʻullar Xorazmshohlar davlatining barcha yirik shaharlarini muntazam ravishda qamal qilib, egallab olganlar[43]. Sulton Muhammad Xorazmshohning vorisi Jaloliddin moʻgullarga koʻp qarshilik koʻrsatgan, ammo oxir-oqibat 1221-yil noyabrda Sind daryosi boʻyidagi jangda magʻlubiyatga uchragan[19].

Bosqindan keyingi davr

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shahar qisqa muddatda vayron qilinganiga qaramay, butunlay yoʻqolib ketmagan. Ushbu voqeadan soʻng ham shahar yigirma yil davomida mintaqadagi savdo markazi rolini bajara olgan[44]. Dorugʻachi Yelü Ahai boshchiligida protobyurokratik elementlar tezda oʻz oʻrniga qoʻyilgan[45]. Keyinchalik tashkil etilgan koʻplab davlat muassasalari Qoraxitoylar namunasi asosida boʻlib, tarixchi Buell uni „Moʻgʻul imperiyasining prototipi“ deb atagan[32]. 1221-yilda shaharga daochilar delegatsiyasining tashrifi haqidagi maʼlumotlarga koʻra, Samarqand va, ehtimol, Buxoroda ham Xitoy va Xitan hunarmandlari toʻplana boshlagan[46]. Bu vaqtda ham hudud beqaror boʻlgan. Xorazmlik qaroqchilar boshligʻi oʻsha vaqtda buxorolik dorugʻachini oʻldirishga muvaffaq boʻlgan. Sobiq Xorazm shaharlari keyinchalik Oʻqtoyning asosiy daromad manbalari hamda Chigʻatoy ulusining asosiy shaharlariga aylangan. Buxoro Samarqand bilan birga keyinchalik Amir Temur davlatining yirik markazlariga ham aylangan[47]. Shuningdek, shahar oʻzining diniy ahamiyatini ham qayta tiklab, Markaziy Osiyoda soʻfiylikning eng muhim markaziga aylangan. Sayfiddin al-Boharziy qabri atrofidagi ziyoratgoh mintaqadagi eng boy vaqf qilingan mulklardan biridir[48].

  1. Al-Hamaviy aholi zich joylashgan markaz „koʻchalarida ifloslik va nopoklikning keng tarqalganini“ tanqid qiluvchi shoirlarga ishora qilgan holda kamroq xushomadli manba yozgan[1].
  1. 1,0 1,1 al-Hamawi 1955, ss. 354–4.
  2. Modelski 2007.
  3. Ahmad 2000, s. 217.
  4. Emin 1989, ss. 8–10.
  5. Nelson Frye 1997, ss. 28–32.
  6. Golden 2009, ss. 12–15.
  7. 7,0 7,1 Abazov 2008, s. 43.
  8. Buniyatov 2015, ss. 32–33.
  9. Biran 2009, s. 47.
  10. Jackson 2009, ss. 30–31.
  11. al-Nasawi 1998, s. 13.
  12. 12,0 12,1 May 2018, ss. 60–61.
  13. Juzjani 1873, s. 968.
  14. al-Din 1998, 346.
  15. Rossabi 1994, ss. 49–50.
  16. Smith 1975, ss. 273–274, 280–284.
  17. Sverdrup 2010, ss. 109, 113.
  18. Buniyatov 2015, s. 114.
  19. 19,0 19,1 Sverdrup 2010, s. 113.
  20. Barthold 1968, ss. 373–380.
  21. Golden 2009, ss. 14–15.
  22. Jackson 2009, s. 31.
  23. Sverdrup 2013, s. 37.
  24. Juvaini 1958, s. 82.
  25. 25,0 25,1 25,2 Sverdrup 2017, ss. 151–153.
  26. Buniyatov 2015, s. 117.
  27. Martin 1943, ss. 63–64.
  28. May 2018, s. 62.
  29. 29,0 29,1 Juvaini 1958, s. 103.
  30. Barthold 1968, ss. 119–120.
  31. Mote 1999, s. 422.
  32. 32,0 32,1 Buell 1979, ss. 130–131.
  33. Buniyatov 2015, s. 118.
  34. Jackson 2009, s. 34.
  35. May 2007, s. 1.
  36. Juvaini 1958, s. 105.
  37. Man 2005, ss. 198–199.
  38. Starr 2013, s. 236.
  39. World Heritage Site: Bukhara.
  40. Atwood 2004, s. 25.
  41. Chalind, Mangin-Woods & Woods 2014, ss. 144–145.
  42. Martin 1943, ss. 64–65.
  43. Buniyatov 2015, s. 125.
  44. Foltz 2019, s. 94.
  45. Atwood 2004, s. 307.
  46. Chih'ch'ang Li 1888, s. 327.
  47. May 2019, s. 39.
  48. Blair 2000, s. 347.

Oʻrta asrlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Zamonaviy davr

[tahrir | manbasini tahrirlash]