Kontent qismiga oʻtish

Buxoro yogʻoch oʻymakorligi tarixi muzeyi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Buxoro yogʻoch oʻymakorligi tarixi muzeyi
Buxoro yogʻoch oʻymakorligi tarixi muzeyi Abdulazizxon madrasasi masjida ichida joylashgan
Asos solingan sanasi 1991-yil
Manzili Buxoro shahar
Sayti https://www.bukharamuseums.uz

Buxoro yogʻoch oʻymakorligi tarixi muzeyi — Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi tarkibidagi muzey. Mazkur muzey Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi tarkibida 1991-yilda tashkil etilgan. Mazkur muzey Abdulazizxon madrasasi masjidida joylashgan[1].

Buxoro yogʻoch oʻymakorligi tarixi muzeyi 1991-yilda tashkil topgan. Buxoro yogʻoch oʻymakorligi muzeyi koʻrgazmasida oʻzbek xalq amaliy bezak sanʼatining keng tarqalgan turlaridan biri sifatida rivojlanib kelayotgan yogʻoch oʻymakorligi sanʼatining uzoq davrlarga borib taqaluvchi tarixi, Oʻrta Osiyo va Buxoro yogʻoch oʻymakorligining qadimdan shakllangan oʻziga xosligi, Buxoro meʼmoriy obidalaridagi oʻymakor uslublar, uy-roʻzgʻor buyumlari va amaliy sanʼat buyumlari boʻlmish musiqiy asboblar, xontaxta, qutichalar, qalamdonlar va boshqa bezak buyumlarni yasash texnikasini tarixiy manbalar tarixiy ashyolar, fotosuratlar, zamonaviy inavatsion texnologiyalar oʻrin olgan. Buxoro badiiy oʻymakorligida geometrik ornamentlar oʻrni katta, xuddi shu narsa Buxoro badiiy oʻymakorligini Oʻrta Osiyodagi boshqa shaharlar, masalan, Oʻratepa, Qoʻqon, Xiva badiiy oʻymakorligidan ajratib turadi. Rombsimon, kvadrat, svastika-chorkalit, 2-3 qirrali zanjiralar, 5 ,6, 8, 10,12 qirrali yulduzlar Buxoro oʻymakori eshiklarida tipik geometrik naqshlardir. Buxoro oʻymakor ustalarining uslublari uch qirrali oʻyma, oysimon va garmonsimon oʻymakorlikdir. Yogʻoch oʻymakorligi bilan faqat erkaklar shugʻullanishgan. Baʼzan ularga ayollar ham yordam berishgan. Buxoro meʼmorchiligida yogʻochni ham qurilish, ham bezak ashyo sifatidagi roli doimo oshib borgan. Undan usta duradgorlar turli sinch, bolor, vassalar, ustunlar, eshiklar, darvoza va panjaralar yasash bilan birga uy-roʻzgʻor buyumlariuy-jihozlari, bolalar oʻyinchoqlari va turli sovgʻa buyumlari yasab, soʻngra ularga oʻyma, chizma va boʻyoqli naqshlar solib bezaganlar. Buxoroda usta naqqoshlar oʻz ijod maktablarini yaratganlar. Buxoro, Vobkent, Gʻijduvon shaharlari oʻymakori eshik va darvozalar tayyorlanadigan markazlar boʻlgan. Ustalar turli xil mahalliy daraxt yogʻochlaridan-archa, tol, yongʻok, oʻrik, gujum, tut, chinordan keng foydalanganlar. Buxorolik duradgorlar shahardagi bir necha guzarlarda yashaganlar. Ular duradgorlik hunarining homiysini hazrati Nuh paygʻambar deb bilganlar. Bir turdagi hunarmandlar oqsoqol boshchiligidagi mustaqil uyushmaga birlashganlar. Oqsoqol umumiy yigʻilishda saylangan va bu haqda amirga yozma ravishda bildirilgan. Shundan soʻng uch kun ichida amirdan tuhfa-sarpo va maxsus farmon-yorliq yuborilgan[2].

  1. Ernazarov E. Buxoro davlat meʼmoriy-badiiy muzey-qoʻriqxonasi (ўзбек, рус ва инглиз тилларида). SM Print: Toshkent, 2004 — 223-bet. 
  2. Арсланова Ф, Алиев Р. Музеи древней Бухары (ўзбек, рус ва инглиз тилларида). Бухоро нашриёти: Бухоро, 2015 — 96-bet.