Dahmayi Behishtiyon
Dahmayi Behishtiyon | |
---|---|
Muqobil nomlari |
Dahmayi Behishtiyon |
Umumiy maʼlumot | |
Maqomi | Tarixiy obida |
Turi | maqbara |
Shahar | Buxoro |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Qurilishi boshlangan | 2007-yil |
Texnik holati | |
Material | pishgan gʻisht, yogʻoch, ganch |
Dahmayi Behishtiyon (Mozori sharif) — Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik. 2007-yilda ushbu yodgorlik Mozori Behishtiyon qabristonida dafn etilganlarni nomini abadiylashtirish maqsadida bunyod etilgan. Maqbara Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan. Dahmayi Behishtiyon oʻrnida oʻrta asrlardan boshlab qabriston mavjud boʻlgan. Mazkur hududda VIII—XX asrlarda Pushtayi Behishtiyon, Pushtayi Tugʻrobek, Shayx Rangrez, Yetti qozi, Darvozai Qavola kabi mozor va qabristonlarda koʻplab mashhur kishilar dafn etilgan. Dahmayi Behishtiyonda Abu Jaʼfar Muhammad ibn Umar Shaʼbiy, Abuzayd Abdulloh ibn Iso Dabusiy, Imom Zadzan, Shayx Ahmad ibn Umar Sheroziy kabi shaxslar qabrlari boʻlgan[1]. Mazkur mozorda qomusiy olim Ahmad Donishning ham qabri mavjud boʻlgan. Sovet hokimiyati davrida ushbu qabriston buzib tashlangan va uning oʻrniga Buxoro shahar yogʻ zavodi va 4-maktab, Buxoro koperativ texnikumi (hozirgi Yuridik texnikumi) bunyod etilgan. Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng ushbu qabriston joylashgan hududning bir qismida ularning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Dahmayi Behishtiyon maqbarasi qurildi. Mazkur yodgorlik Buxoro shahar hokimi Kamol Kamolov boshchiligida Buxoro viloyat bosh arxitektori Mahmud Ahmedov loyihasi asosida yaratilgan. Buxorolik ustalar Olim Abdiyev, Bahriddin Yoʻldoshevlar maqbara qurilishida ishtirok etgan. Qadimda mazkur hududda avliyolar qabrlari ustida marmartoshdan maqbaralar boʻlgan. Behishtiyon dahmasi yonida Quzotus sab’a yaʼni Yetti qozi mozori ham boʻlgan. Mozorda oʻsha davrdagi mashhur qozilar dafn qilingan[2]. 2007-yilda Sadriddin Salim Buxoriyning „Dahmayi Behishtiyon“ risolasi Buxoroda chop etilgan.