Ibn al-Javziy
Ibn al-Javziy arabcha: ابن الجوزي | |
---|---|
Abu al-Farash Abdurahmon ibn Ali ibn Muhammad ibn al-Javziy | |
Tavalludi |
taxminan milodiy 1116 |
Vafoti |
1201-yil 16-iyun (taxminan 84 yoshlarida) Bagʻdod, Damashq xalifaligi, hozirgi Iroq |
Fuqaroligi | Abbosiylar |
Kasbi | huquqshunos, voiz, notiq, tarixchi, qozi, agiograf, filolog, musavvir, yozuvchi |
Dini | Islom, hanbaliylik mazhabi |
Abu al-Farash Abdurahmon ibn Ali ibn Muhammad ibn al-Javziy (arabcha: ابن الجوزي; taxminan 1116-yilda tugʻilgan — 1201-yil 16-iyunda vafot etgan) — musulmon huquqshunosi, voiz, notiq, bid’atshunos, tarixchi, qozi, agiograf va filolog, XII asrda Bagʻdodda sunniylikning hanbaliylik mazhabini targʻib qilishda muhim rol oʻynagan. Diniy va siyosiy faoliyati davomida oʻzi eʼtiqod qiladigan hanbaliylik mazhabi sunniylikning asosiy toʻrttta mazhablari orasida eng kichigi boʻlishiga qaramay, molikiylik, shofi’iylik va hanafiylik mazhablari bilan bir qatorda oʻziga xos muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkdlab kelgan va bu yoʻldagi harakatlari orqali koʻpchilikning hurmatiga sazovor boʻlgan.
Ibn al-Javziy oʻsmirlik yillarida juda puxta taʼlim olgan va oʻsha davrning eng mashhur Bagʻdodiy olimlari, jumladan, Ibn al-Zagʻoniy (vafoti: 1133), Abu Bakr al-Dinovariy (vafoti: 1137—1138), Sayyid Razzoq Ali Jiloniy (vafoti: 1208), Abu Mansur al-Javolikiy (vafoti: 1144—1145) qoʻl ostida bilim olgan[1]. Ibn al-Javziyning ilmiy faoliyati keyingi bir necha yil ichida gullab-yashnagan boʻlsa, mashhur Abbosiylar xalifasi al-Mustadiy (vafoti: 1180) davrida, ayniqsa, mashhurlikka erishgan. Xalifa al-Mustadiy Ibn al-Javziyning Bagʻdod boʻylab oddiy xalq vakillariga, shuningdek, katta shaharlarda ulkan olomon qarshisida ochiq vaʼz qilishini maʼqullaganligi sababli ham u Bagʻdoddagi eng nufuzli shaxslardan biriga aylangan. Shu bilan birga, Ibn al-Javziy olim sifatida ham yuksak obroʻga ega shaxs boʻlgan va u mintaqadagi koʻplab eng muhim madrasalarni boshqarishda ham muhim rol oʻynagan, shuningdek, Ibn al-Javziy tomonidan yozilgan koʻplab asarlar ham uning ilmiy jihatdan oʻsishiga sabab boʻlgan. Ibn al-Javziy barcha davrlarning eng sermahsul yozuvchilaridan biri boʻlib, Ibn Taymiya (vafoti: 1328) ham uning mingdan ortiq asarlarini oʻrgangan.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ibn al-Javziy hijriy 507–512-yillar oraligʻida (milodiy 1113–1119) Bagʻdodda juda badavlat oilada tugʻilgan, uning oilasi toʻrt xalifaning birinchisi Abu Bakr avlodidan boʻlgan[2][3]. Ibn al-Javziy oʻsha davrning barcha asosiy fanlari boʻyicha toʻliq taʼlim olgan[4], u, shuningdek, Ibn al-Zagʻuniy (vafoti: 1133), Abu Bakr ad-Dinovariy (vafoti: 1137—1138), Shayx Sayid Razzoq Ali Giloniy (vafoti: 1208), Abu Mansur al-Javolikiy (vafoti: 1144—1145), Abulfozil ibn an-Nosir (vafoti: 1155), Abu Hakim an-Nahravoniy (vafoti: 1161), Abu Yaʼlo (vafoti: 1163) kabi oʻz davrining mashhur olimlaridan saboq olgan[4][1]. Bundan tashqari, Ibn al-Javziy boshqa koʻplab allomalarning, jumladan, shofeʼiy ashʼariy allomasi Abu Nuʼaym (vafoti: 1038), tasavvuf olimi, dastlab hanbaliylik mazhabiga eʼtiqod qilgan, keyinchalik shofi’iylikka oʻtgan al-Xatib al-Bagʻdodiy (vafoti: 1071), taniqli hanbaliy mutafakkiri Ibn Aqil (vafoti: taxminan 1120) asarlaridan ham taʼsirlangan[4].
Ibn al-Javziy oʻz faoliyatini Abbosiylar xalifaligining oʻttiz birinchi xalifasi al-Muqtafiy (vafoti: 1160) davrida boshlagan, shuningdek, xalifalikning hanbaliy vaziri Ibn Hubayra (vafoti: 1165) uni oʻz homiyligiga olgan[4]. Ilmiy faoliyatini ikki madrasada hanbaliy fiqhidan dars bergan ustozi Abu Hakim an-Nahravoniyning yordamchisi sifatida boshlagan (Nahravoniyning oʻlimidan soʻng oʻzi ham shu yerda ustozlik qilgan)[4][5]. Madrasalardagi faoliyatidan bir yil oldin voizlik faoliyatini ham boshlagan, Ibn Hubayra unga haftaning har juma kunida vazirning uyida vaʼz oʻqishiga ruxsat bergan[6]. Al-Muqtafiyning vafotidan soʻng, uning oʻrniga kelgan xalifa al-Mustanjid (vafoti: 1170) Ibn al-Javziyni Nuriddin Mahmud Zangiyning Fotimiylar xalifaligiga qarshi uchta yurishi davomida butun Bagʻdoddagi eng koʻzga koʻringan masjidlardan biri boʻlgan xalifaning saroy masjidida vaʼz qilishga chaqirgan[4].
Xalifa al-Mustadiy (vafoti: 1180) davrida Ibn al-Javziy „Bagʻdoddagi eng nufuzli shaxslardan biri“ sifatida eʼtirof etila boshladi. Bunga xalifalik hukmdorining ham aynan hanbaliylikka nisbatan yaxshi munosabatda boʻlganligi qisman boʻlsa-da sabab boʻlgan[4], shu tufayli Ibn al-Javziy Bagʻdod boʻylab hanbaliylikni keng miqyosda targʻib qilish huquqiga ega edi[4]. Ibn al-Javziyning 1172—1173-yillarda qilgan koʻplab vaʼzlari uning Bagʻdoddagi eng yirik olim sifatidagi obroʻsini mustahkamlagan. Tez orada Ibn al-Javziyning obroʻsi yanada yuqorilay boshladi va al-Mustadiy hatto saroy masjidida uning uchun maxsus supa (arabcha: dikka) ham qurdirgan[4].
1179-yilga kelib, Ibn al-Javziy bir yuz ellikdan ortiq asarlar muallifga aylandi va Bagʻdoddagi beshta taʼlim dargohiga bir vaqtning oʻzida rahbarlik qildi. Aynan oʻsha paytda u al-Mustadiyga mashhur fiqh olimi, imom, hanbaliylik asoschisi Ahmad ibn Hanbalning (vafoti: 855) qabriga yozuv oʻyishni aytgan edi[7]. Abbosiylar taxtiga yangi xalifa an-Nosir (vafoti: 1235) oʻtirganidan soʻng, Ibn al-Javziy xalifaning hanbaliy vaziri Ibn Yunus bilan doʻstligi tufayli dastlab davlat hokimiyati bilan doʻstona munosabatda boʻlgan (vafoti: 1197). Biroq nomaʼlum sabablarga koʻra, vazir Ibn Yunus ishdan boʻshatilib, hibsga olinganidan soʻng, xalifa shialik mazhabiga eʼtiqod qiluvchi Ibn al-Hassobni (vafoti: taxminan 1250) oʻziga oʻrinbosar etib tayinlagan. Garchi tarixiy manbalarda aniq maʼlumotlar berilmagan boʻlsa-da, an-Nosir oxir-oqibat Ibn al-Javziyni besh yil davomida uy qamogʻiga hukm qilgan. Buning mumkin boʻlgan sabablaridan biri, olimning maʼlum bir masalada hukmdor siyosatini toʻgʻridan-toʻgʻri rad etishini yozgani boʻlishi mumkin. Besh yillik uy qamogʻidan soʻng, an-Nosirga onasi Ibn al-Javziyni ozod qilishini iltimos qilgan. Turli yilnomalarda an-Nosirning onasi juda taqvodor ayol deb taʼriflanadi. Bagʻdodga qaytganidan koʻp oʻtmay, Ibn al-Javziy sakson toʻrt yoshlarida vafot etgan.
Qarashlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Polemika
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ibn al-Javziy, shuningdek, taniqli musavvir ham boʻlib, koʻpincha bid’atchi deb bilgan barcha kishilarning ishlariga hujum qilar edi. Uning boshqa mazhablarga nisbatan tanqidlari hanbaliy polemikasining asosiy asarlaridan biri „Talbīs Iblīs“ („Iblisning aldanishi“) asarida yaqqol koʻzga tashlanadi, unda Ibn al-Javziy sunniylikdan tashqaridagi koʻplab mazhablarni, masalan, mutaziliylar va xorijiylarni qattiq tanqid qilgan, u, shuningdek, sunniylikdagi maʼlum bir mazhablarni ham toʻgʻri yoʻldan adashgan deb hisoblagan. Ushbu asarda Ibn al-Javziy oʻz davrining baʼzi soxta soʻfiylariga qarshi ayrim mulohazalarini keltirib oʻtgan, shu sababli ham salafiylik va vahhobiylik kabi anʼanaviy tasavvufga qarshi boʻlgan zamonaviy musulmon oqimlari koʻpincha ushbu asarni oʻzlarining hozirgi holatga kelishining isboti sifatida keltirishadi. Shunga qaramay, olimlar Ibn al-Javziyning tasavvufga hech qachon hujum qilmaganini, lekin har doim oʻz asarlarida sof tasavvuf va tasavvuf amaliyotidagi buzilishlar oʻrtasidagi aniq farqlarni keltirib oʻtganini taʼkidlashadi[8], biroq u oʻzining zamondosh ayrim soʻfiy guruhlariga qilgan hujumlari orqali soʻfiylikni qoralash niyatida boʻlmagan, aksincha uning notoʻgʻri yoʻlga kirib qolganligini tushuntirishga harakat qilgan.
Tasavvuf
[tahrir | manbasini tahrirlash]Olimlar tomonidan taʼkidlaganidek, Ibn al-Javziyning barcha yirik islom ilmiga oid asarlari, jumladan, tafsir va fiqhdagi yangiliklarni tanqid ostiga oluvchi „Talbis Iblis“ asari ham soʻfiylikni inkor etmaydi[9]. Aksincha, hanbaliy faqihi ilk tasavvuf va avliyolarning xizmatlari haqida koʻplab kitoblar yozgan, „Manoqib Rabiʼa al-Adaviyya“, „Maʼnoqib Maʼruf al-Karxiy'“', „Maʼnoqib Ibrohim ibn Adham“, „Manoqib Bishr al-Hafiy“ kabilar shular jumlasidandir[9]. Ibn al-Javziy ham Gʻazzoliy taʼlimotining ashaddiy tarafdori boʻlgan va uning tasavvufga oid koʻpgina asarlari Gʻazzoliyning eng mashhur asari „Iḥyāʾ ʿulūm al-dīn“ taʼsirida yaratilgan[9].
Ishlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ibn al-Javziy islom tarixidagi eng sermahsul mualliflardan biri hisoblanadi.
U faqatgina din mavzusi bilangina cheklanib qolmay, tibbiyot haqida ham bir qancha asarlar yaratgan. Uning tibbiyotga bagʻishlangan asarlaridan biri quturish va chechak kabi ogʻir xastaliklarni, shuningdek, bosh ogʻrigʻi va burundan qon ketish kabi oddiy kasalliklarni ham davolovchi parhez va tabiiy vositalarga qaratilgan[10]. Bundan tashqari, Ibn al-Javziy tomonidan turli xil mavzularda bir qancha asarlar yaratilgan:
- „Uydirma hadislarning buyuk toʻplami“;
- „Daf' Shubah at-Tashbih“[11];
- „Sifatu as-Safvah“, besh qismdan iborat ushbu kitob XI asr olimi Abu Nuaym al-Isfahoniy tomonidan yaratilgan „Hilyotul-avliya“ asarining qayta ishlangan shakli;
- „Ādāb al-Ḥasan al-Baṣrī wa-Zuhduh wa-Mawaʿiẓuh“ (Hasan Basriyning odobi, zohidligi va nasihatlari)[12];
- „Zad al-Masir fi Ilm al-Tafsir“[13];
- „Talbīs Iblīs“
- „Tadhkirah Uli Al-Basāir fī Maʼrifah Al-Kabāir“
- „Gharīb Al-Ḥadīth“
- „Ahkam Al-Nisa“
- „Hifdh Al-'Umr“
- „Bahr Al-Damou'“
Qabri
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ibn al-Javziyning qabri Iroqning Bagʻdod shahrida joylashgan. 2019-yilda qabr olib tashlanganini aks ettiruvchi fotosurat eʼlon qilingan, biroq Iroq rasmiylari ushbu maʼlumotni rad etishgan[14][15] [16].
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 Ibn Rajab, Dhayl ʿalā Ṭabaqāt al-ḥanābila, Cairo 1372/1953, i, 401
- ↑ Ibn al-Jawzi, Sincere Counsel to the Seekers of Sacred Knowledge, Daar Us-Sunnah Publications Birmingham (2011), p. 88
- ↑ Ibn Rajab, Dhayl ʿalā Ṭabaqāt al-ḥanābila, Cairo 1372/1953, i, 399-434;Merlin Swartz, Ibn al-Jawzī’s Kitāb al-Quṣṣāṣ wa-’l-mudhakkirīn, Recherches publiées sous la direction de l’Institut de lettres orientales de Beyrouth, Série 1, Pensée arabe et musulmane, 47 (Beirut: Dar el-Machreq, 1971), 15.
- ↑ 4,0 4,1 4,2 4,3 4,4 4,5 4,6 4,7 4,8 Laoust, H. (1971). "Ibn al-D̲j̲awzī". in Lewis, B.. Encyclopaedia of Islam. Volume III: H–Iram (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. 751–752 b. doi:10.1163/1573-3912_islam_SIM_3139. OCLC 495469525. https://referenceworks.brillonline.com/search?s.q=Ibn+al-D%CC%B2j%CC%B2awz%C4%AB&s.f.s2_parent=s.f.book.encyclopaedia-of-islam-2&search-go=Search.Laoust, H. (1971).
- ↑ Ibn Rajab, Dhayl ʿalā Ṭabaqāt al-ḥanābila, Cairo 1372/1953, i, 404
- ↑ Ibn Rajab, Dhayl ʿalā Ṭabaqāt al-ḥanābila, Cairo 1372/1953, i, 402
- ↑ Ibn Kat̲h̲īr, Bidāya, Cairo 1351-8/1932-9, xii, 28-30
- ↑ Boyle, J.A.. The Cambridge History of Iran, Vol. 5: The Saljuq and Mongol Periods (Volume 5). Cambridge University Press, January 1, 1968 — 299-bet. „"Talbis Iblis, by the Ash'ari theologian Ibn al-Jawzi, contains strong attacks on the Sufis, though the author makes a distinction between an older purer Sufism and the "modern" one,"“
- ↑ 9,0 9,1 9,2 „Error404“.
- ↑ Emilie Savage-Smith, „Medicine.“ Taken from Encyclopedia of the History of Arabic Science, Volume 3: Technology, Alchemy and Life Sciences, pg.
- ↑ Swartz, Merlin.
- ↑ ابن الجوزي، عبد الرحمن بن علي بن محمد،. آداب الحسن البصري وزهده ومواعظه (ar). دمشق: دار النوادر،, 2007. OCLC 4770455870.
- ↑ „Zad al-Masir fi Ilm al-Tafsir 8 vol.4 books“. 2023-yil 3-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 22-may.
- ↑ „شفق نيوز“. شفق نيوز.
- ↑ Laoust, H., "Ibn al-D̲j̲awzī", in: Encyclopaedia of Islam, Second Edition, Edited by: P. Bearman, Th. Bianquis, C.E. Bosworth, E. van Donzel, W.P. Heinrichs.
- ↑ Ibn Rajab, Dhayl ʿalā Ṭabaqāt al-ḥanābila, Cairo 1372/1953, i, 404–405
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Robinson, Chase F. (2003), Kembrij universiteti nashriyoti,ISBN 0-521-62936-5
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- MuslimScholars.info saytidagi biomaʼlumotlar
- Alloh taoloning sifatlari Abdurrahmon ibn al-Jauziy trans. Abdulloh bin Hamid Ali Amal Press tomonidan nashr etilgan
- Ibn al-Javziyning eng keng qamrovli biografik yozuvi onlayn
- (fransuzcha) Imom Ibn Al Javziy Qur’onga bogʻlanishning ahamiyati
- (fransuzcha) Imom Ibn Al Javziy tomonidan antropomorfizmning rad etilishi