Kontent qismiga oʻtish

Ko‘z yoshi apparati

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Ko'z yosh apparati
lotincha: Apparatus lacrimalis
Arteriya a.ophtalmica, a.lacrimalis et ethmoidalis
Vena v.ophtalmica
Kataloglar
  • Apparatus lacrimalis
  • D007765
  • 55605
  • A15.2.07.056
Ko‘z yoshi apparati Vikiomborda

Ko‘z yoshi apparati[1](lot.apparatus lacrimalis) — yosh ishlab chiqaradigan tashqi sekretsiya bezi bo‘lib, ko‘z yosh bezlari(glandulae lacrymalis) va ko‘z yosh yo‘llari: ko‘z yoshi naychalari hamda koʻz yosh xaltasi(saccus lacrymalis)dan iborat ko‘ruv a‘zosining yordamchi qismi[2].

Ko‘z yosh bezi kattaligi taxminan 2 sm bo‘lgan alveolyar-naysimon tuzilishga ega organ. U ko‘z kosasi(orbita)ning oldingi tomonida, peshona suyagining fossa lacrimalis chuqurchasida joylashgan. Bez musculus levator palpebrae superior tolalari bilan bir-biriga tutashgan ikkita qismga (lobus-bo‘laklarga) bo‘linadi, bular orbital va palpebral qismlar deb ataladi. Bu bo‘linish bo‘laklar orasidagi parenximaning orqa devori hisobiga qisman bo‘ladi. Orbital qismi kattaroq bo‘lib, yuqoridan orbitaning periost pardasiga, pastdan musculus levator palpebrae superiorning fassiya qobig‘iga yopishadi. Bezning palpebral qismi musculus levator palpebrae superiorning ostida yotadi va yuqori ko‘z qovog‘ining supralateral tomoniga chiqib, yuqori kon‘yunktival teshik-superior conjunctivae fornixga yopishadi. Ko‘z yosh bezida 5-12 ta atrofida yosh ajratuvchi naychalar boʻlib, ular koʻz olmasining yuqori lateral tomonida konʼyunktiva boʻshligʻiga ochiladi va u yerdan koʻz olmasining medial burchagi tomon yoʻnalib, bu yerda joylashgan koʻz yoshi koʻliga toʻplanadi. Koʻz yoshi qopi-saccus lacrimalis ostki tomonga, burun boʻshligʻiga canalis nasolacrimalis orqali ostki burun yoʻliga ochiladi. Asosiy ko‘z yosh bezlaridan tashqari yordamchi lakrimal bezlar(Krauze va Wolfring bezlari)ham bo‘ladi. Bu bezlar umumiy lakrimal sekretsiyaning 10% ini tashkil qiladi.

Ko‘z yosh bezining asosiy vazifasi ko‘zni sog‘lom saqlashda, himoyalashda ishtirok etadigan suyuqlik ajratishdir. Ko‘z yoshi suyuqligi tarkibida oqsillar, mikroblar ga qarshi vositalar, suv va elektrolitlar tutgani uchun ko‘z sirtini yetarli darajada namlash, himoya qilish va oziqlantirishni ta‘minlaydi[3]. Ko‘z yosh suyuqligi tarkibidagi asosiy miqdor 98% suv namlashda muhim omil bo‘lsa, lizotsim, peroksidaza, laktoferrin va immunoglobulinlar tashqaridan tushgan mikroblardan saqlashda ishtirok etadi. Oqsil va qator o‘sish omillari oziqlantirish vazifasini amalga oshiradi.

Koʻz yoshi apparatining yonida joylashgan patalogik nuqta

Ko‘z yosh yo‘llari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻz yosh yoʻllari koʻz yosh apparatining yosh oqib chiqadigan qismi boʻlib, u koʻz yosh nuqtalari va naychalari, koʻz yosh xaltasi-saccus lacrimalis va koʻz yosh burun yoʻli-ductus nasolacrimalisdan iborat. Odatiy holatda Krauze bezchalari sekret ajratadi va ishlab chiqarilgan yosh shox parda va kon‘yunktivani namlaydi. Yig‘laganda esa asosiy ko‘z yosh bezi ham ishlaydi, natijada ko‘z yoshi suyuqligi ko‘z ichiga sig‘may tashqariga oqib chiqadi va qalqigan yosh tomchilari paydo bo‘ladi. Ko‘z yoshning tarkibini 98% qismi suv, qolgan 2% ini esa tuz, bakteriotsid ferment-lizotsim, oqsil moddalar tashkil etadi. Ishlab chiqarilgan ko‘z yoshi ko‘z yorig‘ining tashqi burchagidan ichki burchagiga oqib keladi. Bu yerda qovoqlar qirrasidagi ko‘z yosh kanallariga, keyin ko‘z yosh xaltasi ga yig‘ilib(burun suyagining ustida, teri tagida joylashgan), u yerdan suyak ichidagi yosh burun kanaliga, undan burunning pastki chig‘anog‘iga tushadi. Oddiy, hayajonsiz holatda bu yerda parlanib ketadi va aksincha kuchli hayajon bo‘lganda ko‘z yoshi ko‘p miqdorda ishlab chiqariladi, natijada burundan ko‘z yoshi oqib tushadi.

Innervatsiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ko‘z yosh bezi koʻzning qon tomirli qavatida joylashgan sezuvchi nerv-n.ophtalmicus, simpatik nerv-n.n.ciliares va parasimpatik nerv-n.oculomatoriuslar tomonidan quyidagicha innervatsiya qilinadi:

  • Nervus trigeminus ning oftalmik shoxchasi-n.ophtalmicusdan chiquvchi lakrimal nerv bezning sezgirligini ta‘minlaydi.
  • Parasimpatik sekretomotor neyronlar ko‘z yosh suyuqligi sekretsiyasini boshqaradi.
  • Postganglional sekretomotor simpatik tolalar ham parasimpatik tolalar ham ko‘z nervi orqali ko‘z yosh beziga yetib boradi va yuqoridagi innervatsiyani taʼminlaydi.

Qon bilan taʼminlanishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ko‘z yosh bezining asosiy qon bilan taʼminlanishi ichki uyqu arteriyalarning tarmogʻi bo‘lgan arteria ophtalmicus tomonidan amalga oshiriladi. U koʻruv nervi kanali orqali koʻz kosasiga kiradi. Koʻz kosasi ichida koʻrish nervi va koʻzning yuqori toʻgʻri muskuli orasidan oʻtadi va koʻrish nervi yonidan bukilib, koʻz kosasining medial devoriga biroz yaqinlashgach shoxlana boshlaydi. Uning yirik shoxlari: toʻr pardaning markaziy arteriyasi-a.centralis retina, kipriksimon arteriyalar, koʻz yosh bezi arteriyasi, koʻz kosasi ustki arteriyasi, koʻz muskullari arteriyalaridir. Shundan koʻz yoshi va gʻalvirsimon boʻshliq arteriyasi-a.lacrimalis et etmoidalis koʻz yosh bezi, koʻz yosh xaltachasi va qovoqlarni qon bilan taʼminlaydi. Yuqori qovoqda bu ikki arteriyaning tolalari oʻzaro birlashib, ikkita ayrim-ayrim qon tomirlari yoyini (arcus tarsalis superior et inferior) tashkil qiladi, pastki qovoqda esa tomir yoyi bitta boʻladi.

Ko‘z yosh refleksi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shox parda va kon‘yunktivani stimulyatsiya qilish ko‘z yosh bezidan yosh ishlab chiqarishni ko‘paytirishni qo‘zg‘atuvchi refleks hisoblanadi. Ushbu hodisa ko‘z yosh refleksi yoki lakrimatsiya refleksi deb ataladi. Refleksning afferent-sezuvchi qismi ko‘z nervining lakrimal tarmogʻi orqali miyaga boradi. Bu yerda impulslar interneyronlar tomonidan parasimpatik tolalar ga uzatiladi. Turli xil hissiy holatlar ko‘z yoshi suyuqligini ko‘p ishlab chiqarishga sabab bo‘ladi va ushbu holat yig‘iga asos bo‘ladi.

  1. https://ru.wikisource.org/wiki/%D0%AD%D0%A1%D0%91%D0%95/%D0%A1%D0%BB%D0%B5%D0%B7%D0%BD%D1%8B%D0%B9_%D0%B0%D0%BF%D0%BF%D0%B0%D1%80%D0%B0%D1%82
  2. Cassin, B. and Solomon, S. Dictionary of Eye Terminology. Gainesville, Florida: Triad Publishing Company, 1990.
  3. Avetisov S. E., Yegorov Ye. A., Moshetova L. K., Neroev V. V., Taxchidi X. P. Oftalmologiya: natsionalnoe rukovodstvo // M.: GEOTAR-Media. — 2008. — 944 s., il. ISBN 978-5-9704-0707-3. (S. 72-83, 362—399).

Foydalanilgan adabiyotlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. Oftalmalogiya, R. O. Muxammadiyev, „Photo Excpress“ nashriyoti, Toshkent-2020.
  2. Ko‘z kasalliklari, M. H. Hamidova, Z. Q. Boltayeva, „Zarqalam“ nashriyoti, Toshkent-2006.
  3. Odam anatomiyasi A.Gadayev, U.Mirsharipov, „Muharrir“ nashriyoti, Toshkent-2021.
  4. Ko‘z kasalliklari, F. S. Yuldasheva, M. S. Yusupova, S. M. Aripova, „Choʻlpon“ nashriyoti, Toshkent-2017.