Kontent qismiga oʻtish

Mahmudxoʻja Behbudiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Mahmudxo'ja Behbudiydan yoʻnaltirildi)
Mahmudxoʻja Behbudiy
Tavalludi 20-yanvar 1875-yil
Vafoti

25-mart 1919-yil(1919-03-25)
(44 yoshda)
Qarshi, Flag_of_Emirate_of_BukharaBuxoro amirligi

Fuqaroligi Rossiya Imperiyasi va Buxoro amirligi
Taʼlimi Samarqand va Buxoro madrasalari
Kasbi qozi, muftiy, dramaturg, noshir
Faoliyat yillari 1893—1919
Bolalari 5
Otasi Behbudxo‘ja Solihxo‘ja o‘gʻli
Mukofotlari

Mahmudxoʻja Behbudiy (Kirill alifbosida: Маҳмудхўжа Беҳбудий; Arab alifbosida: محمود خواجه بهبودی‎; Toʻliq ismi – Mahmudxoʻja Behbudiy ibn Behbudxoʻja) (20-yanvar, 1875, Samarqand – 25-mart, 1919, Qarshi) – dramaturg, noshir, din va jamoat arbobi. Jadidchilik milliy maʼrifatparvarlik harakatining tarafdori. "Behbudiya kutubxonasi" hamda „Nashriyoti Behbudiya“ faoliyatini yoʻlgan. „Samarqand“ gazetasi va "Oyna" jurnali muallifi.

Mahmudxoʻja Behbudiy 1875-yil 20-yanvarda Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlogʻida imom-xatib Behbudxoʻja Solihxoʻja oʻgʻli xonadonida tugʻilgan. Otasi Ahmad Yassaviy avlodidan. Onasi tomonidan bobosi Niyozxoʻja urganchlik boʻlib, Samarqandga XVIII asr oxirida, amir Shohmurod hukmronlik davrida koʻchib kelgan[1]. Behbudiy dastlab otasidan Qur’on ilmini oʻrgangan, keyinchalik 6-7 yoshlarida togʻasi Muhammad Siddiq qoʻlida oʻqib, savod chiqargan. 15 yoshida boshqa bir togʻasi Mulla Odil oʻzi mudarrislik qilgan madrasada oʻqitib taʼlim bergan[2].

Behbudiylar oilasi maʼrifatparvar va ziyoli boʻlgan. Ikki singlisi ham oʻqib, tahsil olgan. Qur’onni yaxshi bilgan. Hatto katta singlisi „qoribegim“ unvoniga ega boʻlgan[3].

Behbudiy 18 yoshida Chashmai ob volostida qozi vazifasida ishlagan togʻasi Muhammad Siddiq qoʻl ostida mirzalik qilgan. Togʻasi oldida ikki yil ishlagach, mirzalik faoliyatini Kobud volosti qozisi Mulla Zubayr Yaxshiboy oʻgʻli qoʻlida davom ettiradi. Chunki bu paytda togʻasi qozilikdan boʻshatilgan. Mirza va qozilik bilan shugʻullanib, soʻng Jomboyda muftiylik darajasiga koʻtarilgan. Behbudiy Kabut boʻlisida 10 desyatina yerga egalik qilgan[4]. Oʻziga toʻq va badavlat kishidir.

Behbudiy 1899–1900-yillarda buxorolik doʻsti Hoji Baqo bilan birga Makka va Madinada haj safariga otlangan. Shu sababli Rossiya, Arabiston, Misr, Turkiyani kezib chiqqan. Safar jarayonida sayohatning har qanday turi – poyezd, kema, otda va piyoda yurib dunyo kezgan. Sayohat davomida yangi maktab (usuli jadid) ochish fikri mustahkamlanib bordi. 1914-yili ikkinchi marta haj safari chogʻida Shom, Quddus, Odessa, Istanbul va boshqa shaharlarni kezgan. Oʻz sayohati davridagi xotiralarini Samarqandda nashr etilayotgan Oyna jurnalining tahririyatiga yuborib turgan.

1903–1904-yillarda Moskva, Peterburg, Orenburg, Qozon va Qrimda boʻlgan. Maorif sohasida Rossiya va tatar arboblari tajribasini oʻrgangan. Ismoil Gaspirinskiy bilan uchrashuvi keyingi hayotiga taʼsir katta koʻrsatdi.

Oyna jurnalining 1-son, 1-sahifasi

Behbudiy Samarqand yaqinidagi Halvoyi qishlogʻida Ajziy, Rajabaminda Abdulqodir Shakuriylar bilan hamkorlikda yangi maktab ochgan.

Behbudiy 1914-yilda „Samarqand“ gazetasini chiqaradi. Gazeta oʻzbek va tojik tillarida, haftada 2-marta chop etildi. 45-soni chiqqach, moddiy tanqislik tufayli nashr toʻxtadi. Shu yil 20-avgustdan u „Oyna“ jurnali chiqara boshladi. Haftalik, suratli bu jurnal asosan oʻzbekcha boʻlib, sheʼr, maqola (forscha), eʼlonlar (ruscha) ham berib borildi. Jurnal Kavkaz, Tatariston, Eron, Afgʻoniston, Hindiston, Turkiyagacha tarqaldi. Behbudiy kitob nashrini ham yoʻlga qoʻyadi. Fitratning „Bayonoti sayyohi hindi“sini ruschaga tarjima qildirib bostirdi (1913).

Behbudiy 1914-yil 29-mayda ikkinchi marta Arab mamlakatlariga sayohatga chiqadi. Sayohati davomida Bayramali, Ashxobod, Krasnovodsk, Kislovodsk, Pyatigorsk, Jeleznovodsk, Rostov, Odessa shaharlarida boʻladi, 8-iyunda Istanbulga keladi. Undan Adarnaga oʻtib, yana Istanbulga qaytadi va 20-iyunda Ismoilbek Gasprinskiy bilan uchrashadi. Soʻng Quddus, Bayrut, Yofa, Halil ar-Rahmon, PortSaid, Shom shaharlarida boʻladi. Sayohat xotiralari „Oyna“ jurnalida bosilib turadi. Bu „xotiralar“ har jihatdan muhim boʻlib, anʼanaviy tarix-memuar janrining 20-asr boshidagi oʻziga xos namunasi edi. Muallif unda yoʻl taassurotlariga, kishilar bilan uchrashuvlarining ibratli tomonlariga keng oʻrin beradi. Qaysi shaharga bormasin, uning tarixi, obidalari, u yerdan chiqqan buyuk zotlar haqida maʼlumotlar toʻplaydi. Turli-tuman millatlar, ularning urf-udumlari, turmush madaniyati bilan qiziqadi. Ayniqsa, din, eʼtiqod masalalariga katta ahamiyat beradi.

Behbudiy ijtimoiy-siyosiy ishlarga qizgʻin qoʻshildi. Aslida bu faoliyat 1906-yildan boshlangan. Shu yili „Rusiya musulmonlari ittifoqi“ning Nijniy Novgorodda oʻtkazilgan qurultoyida qatnashgan edi. Toshkentda boʻlib oʻtgan (1917) Turkiston musulmonlarining qurultoyida ishtirok etib, nutq soʻzladi. U musulmonlar orasidagi har qanday ixtilofga qarshi chiqdi. Behbudiy shu qurultoyda oʻlka musulmonlar shoʻrosining raisi etib saylandi. 1917-yil 26-noyabrda Behbudiyda Qoʻqonda oʻlka musulmonlarining 4-favqulodda qurultoyi ish boshladi. 27-noyabrga oʻtar kechasi "Turkiston muxtoriyati" eʼlon qilindi. Uning gʻoyaviy asoschilaridan biri Behbudiy edi. Muxtoriyat shoʻrolar tomonidan vahshiyona bostirildi. Behbudiy may oyining boshlarida Samarqandga qaytadi. U yerda koʻp tura olmay Toshkentga keladi. Turkiston shoʻrolar hukumati rahbarlari bilan muzokara olib borishga urinadi, ammo natija chiqmaydi.

Behbudiy 1911-yilda „Padarkush“ dramasini yozdi. Bu birinchi oʻzbek dramasi edi. 3 parda 4 manzarali bu asar mazmunan sodda boʻlib, oʻqimagan, johil va nodon bolaning oʻz otasini oʻldirgani haqida edi. Behbudiy bu asar janrini „milliy fojia“ deb atagan. Nashr qilishga chor senzurasi yoʻl qoʻymaydi. „Borodino jangi va Rusiyaning fransuzlar bosqinidan xalos boʻlishining 100 yillik yubileyi sanasiga bagʻishlanadi“ degan vaj bilan Tiflis (Tbilisi) senzurasidan oʻtkazadi. Drama 1913-yil bosilib chiqqan, ammo sahnaga qoʻyish uchun yana bir yilcha vaqt ketadi. Asar Samarqandda 1914-yil 25-yanvarda sahnaga qoʻyildi. Drama xalqqa kuchli taʼsir koʻrsatadi. „Padarkush“ ham janr, ham mazmuniga koʻra yangi oʻzbek adabiyotini boshlab bergan asar boʻldi. Drama Toshkentda 1914-yil 27-fevralda Avloniy tomonidan qayta sahnalashtiriladi.

Ijtimoiy publitsistika

[tahrir | manbasini tahrirlash]

"Oyna" jurnali

„Oyna“ jurnalida millat va uning haq-huquqiga, tarixiga, til va adabiyot masalalariga, dunyo ahvoliga doir qiziqarli maqolalar, bahslar berib borilgan. Behbudiy millatning taraqqiysi uchun bir necha til bilishni shart hisobladi. Jurnalning birinchi sonidayoq „Ikki emas, toʻrt til lozim“, degan maqola bilan chiqib, oʻzbek, tojik, arab, rus va hatto biror uzoq xorij (masalan, fransuz) tilini bilish shart deb hisobladi. Ayni paytda tilning muhofazasi („Har millat oʻz tili ila faxr etar“ –1914, № 35), oʻzaro munosabatlari („Til masalasi“ – 1915, № 11,12) haqida muhim va zarur maqolalar chop etdi. Adabiy tanqidga katta eʼtibor berdi. Uning xususiyatlarini belgilashga urindi. Boshqa adabiy janrlar bilan tenghuquqligi masalasini koʻtardi („Tanqid saralamoqdir“ – 1914, № 27). Millat shaʼnini oyoqosti qiluvchi fikrqarashlarga zarba berib, Turkiston xalqini oʻz nomi bilan atamoq lozimligini talab qilib chiqdi („Sart soʻzi majhuldur“ 1915, № 22,23,25,26).

Behbudiy matbuotimiz tarixida maqolanavis sifatida alohida mavqega ega. Uning hozircha aniqlangan maqolalarining soni 300 ga yetadi. Ular xilma-xil mavzuda. Ilk maqolalaridayoq kommunistik mafkurani keskin rad etgan, „xayoliy“, „bu toifaga qoʻshulmoq biz, musulmonlar uchun nihoyatda zararlik“ deb yozgan edi („Xayrul umuri avsatuho“ – „Ishlarning yaxshisi oʻrtachasidir“, „Xurshid“ gazetasi 1906-yil, 6son). Oʻzlikni anglashni muhim biladi. "Qabilasini(ng) ismini va yetti otasining otini bilmaydurgonlarni "qulq „marquq“ derlar", deb yozadi („Sart soʻzi majhuldur“, „Oyna“ jurnali, 1914, № 23). 1917-yilning oxiri 1918-yilning boshlarida jadidlar qurgan ilk demokratik davlatchilik namunasi Turkiston muxtoriyatining taqdiri hal boʻlayotgan bir paytda oʻlka xalqlarini birlikka chaqiradi.

  • „Risolayi asbobi savod“ („Savod chiqarish kitobi“, 1904),
  • „Risolayi jugʻrofiyayi umroniy“ („Aholi geografiyasiga kirish“, 1905),
  • „Muntaxabi jugʻrofiyai umumiy“ („Qisqacha umumiy geografiya“, 1906),
  • „Kitobatul atfol“ („Bolalar xati“, 1908),
  • „Amaliyoti islom“ (1908),
  • „Tarixi islom“ (1909) kabi kitoblar chop ettiradi. Keyinchalik (1908-yilda) Shakuriyning Rajabamindagi maktabini Samarqanddagi oʻz hovlisiga koʻchirib keltiradi.

Behbudiya kutubxonasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Behbudiyning yurt obodligi yoʻlida boshlagan ijobiy ishlaridan biri „Behbudiya“kutubxonasining tashkil etilishi boʻldi. Behbudiy birinchilardan boʻlib Samarqandda kutubxona faoliyatini yoʻlga qoʻygan[5][6]. 1908-yil 11-sentabrda Samarqand hokimining rasmiy ruxsati bilan ushbu kutubxona „Yangi rasta“da ochilgan[7]. Biroq kutubxonaning ochilishi haqidagi xabar biroz avval chop etilgan. Bu haqda „Turkiston viloyatining gazeti“da xabar berilgan edi. 27 bobdan iborat boʻlgan dastur kutubxonaning barcha rasmiy masalalarini belgilab bergan. Kutubxonaga yillik aʼzolik badali 3 soʻmni tashkil etgan[8]. Kutubxonaning asosiy maqsadi mahalliy musulmon yoshlari va madrasa talabalarini zamonaviy ilmlar bilan shugʻullanishga undash boʻlgan.

Kutubxona faoliyatida Mahmudxoʻja Behbudiyga jadid maʼrifatparvarlari Hoji Muin, Vasliy Samarqandiy va pedagog Abduqodir Shakuriy yordam bergan. Tuzilish jihatdan xilma-xil va boy fondga ega boʻlgan. Chet el davlatlarda nashrdan chiqqan dunyoviy va diniy kitoblar, suratli jurnallar hamda gazetalar, ensiklopediya, lugʻatlar, xarita va atlaslardan oʻqib foydalanish mumkin boʻlgan. Kutubxonadagi kitoblar fondi dastlab 200, keyinroq 225 jildga yetgan. Kunda 14 soat davomida ishlagan. Ochilishidan 7 oy oʻtib, aʼzolari soni 125 kishiga yetgan. 1910-yillarga kelganda faoliyati soʻna boshladi. Bunga avvalo oʻlkadagi jadidlar va qadimchilar qarama-qarshiligi sabab boʻlgan. Mullalar ota-onalar bilan suhbatlashib, kofirxona sifatida u yerga borishni taqiqlab qoʻyadi. 1912-yilda sanoqli kishi kutubxonadan foydalangan. 1914-yildan moliyaviy qiyinchiliklar boshlanadi. 15 aʼzodan iborat yillik yigʻilish paytida kutubxonani saqlab qolish va iqtisodiy muammoni hal etish maqsadida spektakl qoʻyishga kelishib olinadi[9]. Teatr tomoshalari ham qadimchilar tomonidan rad etilgach, Kutubxona faoliyati tugaydi. Behbudiy kutubxonani oʻzining uyiga koʻchiradi va Behbudiya kutubxonasi deb nomlaydi. Keyinchalik u yerda chet elda nashr qilingan kitoblarni sotishni ham yoʻlga qoʻyadi va ularning roʻyxati "Oyna" jurnalida eʼlon qilib boriladi[10].

1919-yilning erta bahorida Mahmudxoʻja Behbudiy oʻzi taklif etilgan, Parijda boʻlayotgan Versal shartnomasiga qatnashish uchun yoʻl oladi. Ammo Shahrisabzda rus aygʻoqchilari tomonidan ushlanadi va oʻldiriladi. Bizga maʼlumki, Versal shartnomasida ruslar taklif etilmaydi. Behbudiyning esa bu xalqaro shartnomada qatnashishi ruslarni sarosimaga solib qoʻygan. Shuning uchun ham [11]Behbudiy oʻldirilgan, lekin buni ruslar qilganligi oydinlashsa Turkiston xalqi jumbushga kelishi va bu yomon oqibatlarga olib kelishi aniq edi. Shuning uchun ham ruslar Behbudiyni Buxoro amir Olimxon oʻldirtirdi deya jar solishadi. Allomaning qatl etilgani haqidagi xabar oʻsha paytdagi poytaxt Samarqandga rosa bir yildan keyin yetib keladi[12]. Behbudiyning oʻlimiga bagʻishlab Abdurauf Fitrat „Behbudiyning sagʻanasin izladim“ sheʼrini, Sadriddin Ayniy „Behbudiy Afandini esga tushirib, qatl va qatlgohga xitoban“, „Behbudiy ruhiga ithof“ va Choʻlpon „Mahmudxoʻja Behbudiy xotirasiga“ nomli marsiyalarini yozgan[13].

Mahmudxoʻja Behbudiy 1893-yilda uylanib, toʻrt oʻgʻil hamda bir qiz farzand koʻrgan.

Katta o‘g‘liga Ma’sudxon deb ism qo'ygan, u 1897-yili tug‘ilgan. Mas'udxon ham eski maktabda, ham gimnaziyada tahsil olgan. Ulg'aygach ro‘znoma hamda nashriyotlarda tarjimon vazifasida ishlagan. 1933-yilda qatag'on to'lqini natijasida otasi Mahmudxo‘ja Behbudiy «xalq dushmani» deb e'lon qilinadi. Ma’sudxon shundan so'ng ta’qibga uchrab Tojikistonga ko'chib o'tishga majbur bo‘ladi. O'sha yerda yashirin ravishda ijod bilan shug'ullangan. 1937-yilda o‘rta maktab o'quvchilari uchun adabiyot bo'yicha ikki darslik hamda ikkita darslik xrestomatiyasini yozib nashr ettirgan.

Faoliyatini tadqiq qilish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekistonda (H. Sayd, N. Avazov, 3. Axrorova), Tojikistonda (R. Xodizoda), Germaniyada (I. Baldauf; Behbudiy Qosimov bilan hamkorlikda), AQShda (E. Olvort) va Behbudiy mamlakatlarda Behbudiy hayoti va ijodi boʻyicha iimiy izlanishlar olib boriladi.

Afsuski, baʼzi gʻarb olimlari (P.Sartori, D.Devis) Mahmudxoʻja Behbudiyning oʻlka tarixidagi ijobiy oʻrni haqidagi tadqiqotlarni (Sadriddin Ayniy, B.Qosimov, N.Karimov, I.Boldauf) eʼtibordan chetda qoldiradilar. Ular Behbudiy salafiy boʻlgan deb hisoblashadi.[14]

Nashr qilingan asarlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Behbudiy. „Padarkush“. „Sharq yulduzi“ jurnali, 1989, 7-son.
  • Behbudiy. „Ehtiyoji millat“. „Sovet Oʻzbekistoni“ gazetasi, 1989.
  • Behbudiy. „Bayoni haqiqat“. „Fan va turmush“. 1992, 5-son.
  • Behbudiy. „Yoshlarga murojaat“, „Ikki emas, toʻrt til lozim“. „Tafakkur“ jurnali, 1994, 1-son.
  • Behbudiy. Tanlangan asarlar. T.: Maʼnaviyat, 1997, 1999.(ikkinchi nashri)
  • Qarshi shahri 1926–1937-yillar davomida Behbudiy nomi bilan atalgan[15];
  • 1977-yilda „Saylanma“ asarlari chop etilgan;
  • Behbudiy asarlari Oʻzbekistondagi darslik va oʻquv qoʻllanmalariga kiritilgan;
  • Toshkent va Samarqand shaharlaridagi koʻcha va maktablarga nomi berilgan;
  • 2006-yilda Samarqandda yodgorlik oʻrnatilgan;
  • Tojikistonning Xoʻjand shahrida Behbudiy sharafiga gimnaziya ochilgan;
  • 2020-yilda Oʻzbekistonda allomaning 145 yillik tavalludi nishonlangan;
  • 2002-yilda rejissyor Baqo Sodiqov Behbudiy haqida film suratga olishni boshlagan, keyinchalik bu ish toʻxtatilgan. 2020-yilda suratga olish ishlari qayta tiklandi va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan premyera oʻsha yilning 8-dekabrida boʻlib oʻtgan[16];
  • 2021-yilning 18-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 13-apreldagi 206-sonli qarori asosida Samarqand shahrida Mahmudxoʻja Behbudiy uy-muzeyi tashkil qilingan[17].
  • 2021-yilda Turkiyaning TRT Avaz telekanali „Köklerin İzinde“ turkumi ostida turkiy dunyo ziyolilarining hayoti va faoliyati yoritilgan filmlar suratga olgan. Filmning 17-qismi allomaga bagʻishlanib, „Mahmud Hoca Behbudi“ deb nomlangan[18];
  • 2023-yilda Naim Karimov „Mahmudxoʻja Behbudiy“ monografiyasini nashr etgan;
  1. Maxmudxuja Bexbudiy. Tanlagan asarlar. – Toshkent, 1999, s.7
  2. Abdirashidov, Z. Mahmudxo‘ja Behbudiy. Toshkent: Yoshlar nashriyot uyi, 2022. ISBN 978-9943-6682-2-5. 
  3. Авазов Н. Маҳмудхўжа Беҳбудий — маърифатпарвар. Тошкент: 1993 — 1-bet. 
  4. Qahramon Rajabov. O'zbekiston XX asrda. Toshkent: Fan, 2024 — 120-bet. ISBN 978-9943-15-685-2. 
  5. „Sud tizimida raqamlashtirish keng joriy qilinadi“ (uz-Latn-UZ). https://yuz.uz. Qaraldi: 2023-yil 3-oktyabr.
  6. „Mahmudxoʻja Behbudiy: turkiston jadidchilik harakatining yoʻlboshchisi, milliy maʼrifat rahnamosi“ (uz-Latn-UZ). https://yuz.uz. Qaraldi: 2023-yil 3-oktyabr.
  7. „Turkiston jadidchilik namoyondasi Mahmudxo’ja Behbudiy“. cyberleninka.ru. Qaraldi: 2023-yil 3-oktyabr.[sayt ishlamaydi]
  8. Egamqulova, Nodira „Behbudiya kutubxonasi: 114 yil avval Samarqandda ochilgan, kuniga 14 soatlab ishlagan va… qarovsiz qolib yopilgan“. Qaraldi: 23-sentabr 2023-yil.
  9. Абдурашидов, З. Исмаил Гаспринский и Туркестан в начале XX века: связи-отношения-влияние. Toshkent: Akademnashr, 2011 — 267-bet. 
  10. „Mahmudxoʻja Behbudiy“. Qaraldi: 23-sentabr 2023-yil.
  11. Sanoev, Z.I.; Khamroev, T.T.; Abdinazarov, I.T.; Sadikov, A.Z.; Rakhimboev, S.D.; Rashidov, S.Z. (2022-04-01). „STUDY OF N-DEACETYLAPPACONITINE (N-DAL) ANTICONVULSANT ACTION“. Oriental Journal of Medicine and Pharmacology. 02-jild, № 02. 29–37-bet. doi:10.37547/supsci-ojmp-02-02-04. ISSN 2181-2799.
  12. „Mahmudxo‘ja Behbudiy“. oz.sputniknews.uz. Qaraldi: 23-noyabr 2024-yil.
  13. Nilufar Mirsaidova (2024). „Mahmudxo'ja Behbudiy - buyuk ma'rifatparvar, yozuvchi,“. Tamaddun nuri. № 6. 113-118-bet. Qaraldi: 23-noyabr 2024-yil.{{cite magazine}}: CS1 maint: date format ()
  14. Paolo Sartori, Devin DeWeese, Jeff Eden, Moving Beyond Modernism: Rethinking Cultural Change in Muslim Eurasia (19th-20th Centuries) //Journal of the Economic and Social History of the Orient 59 (2016) 1-36 s.23
  15. Азиз Ҳакимов „Маҳмудхўжа Бeҳбудий: туркистон жадидчилик ҳаракатининг йўлбошчиси, миллий маърифат раҳнамоси“. yuz.uz. Qaraldi: 23-noyabr 2024-yil.
  16. „В Бухаре завершаются съемки фильма о Махмудходже Бехбудий“. 2020-yil 20-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 27-sentyabr.
  17. ЎЗБЕКИСТОН РЕСПУБЛИКАСИ ВАЗИРЛАР МАҲКАМАСИНИНГ ҚАРОРИ. „LexUZ / Ўзбекистон Республикаси Адлия вазирлиги қошидаги “Адолат” миллий ҳуқуқий ахборот маркази давлат муассасаси“ (Ўзбекча(кирил)) (2021-yil 13-aprel). Qaraldi: 2022-yil 13-aprel.
  18. YouTube logotipi Köklerin İzinde 17. Bölüm (Mahmud Hoca Behbudi) YouTubeda
  • Oʻzbek sovet ensiklopediyasi. 2-jild. T., 1979.
  • Qosimov S. Behbudiy va jadidchilik. „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“, 1990-yil 19,26-yanvar.
  • Qosimov Behbudiy Karvonboshi. „Yoshlik“ jurnali, 1990-yil, 1-son.
  • Aliev A. Mahmudxoʻja Behbudiy. T., 1994.
  • Ahmedov S. Oʻlimdan qoʻrqmagan mutafakkir. „Sovet Oʻzbekistoni sanʼati“, 1989-yil, 2-son.
  • Rizaev Sh. „Padarkush“ yohud Samarqand tarixidan lavhalar". „Vatan“ gazetasi, 1994-yil, 39-son.