Kontent qismiga oʻtish

Manul

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Manul

Diergaarde Blijdorp (Rotterdam hayvonot bogʻi)dagi manul
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Hayvonlar
Tip: Umurtqalilar
Sinf: Sut emizuvchilar
Turkum: Yirtqichlar
Oila: Mushuksimonlar
Xalqaro ilmiy nomi
Otocolobus manul (Pallas, 1776)
Areal

Manulning yashash hududlari

Manul, shu jumladan Pallas mushugi (lotincha: Otocolobus manul) — mushuksimonlar oilasiga mansub yirtqich sut emizuvchi hayvon. Tashqi koʻrinishi va oʻlchamlari jihatdan uy mushugiga oʻxshash, lekin kaltaroq hamda salmoqliroq tanasi va oyoqlari, uzun va qalin moʻynasi bilan ajralib turadi. Tanasining uzunligi 46 dan 65 smgacha, dumining uzunligi 21 dan 31 smgacha, massasi 2 dan 5 kggacha boʻladi. Manulning moʻynasi mushuksimonlar ichida eng qalin va mayini, rangi odatda, kulrang, notekis, tanasining baʼzi qismlarida esa sargʻish.

Manulning yashash hududi Gʻarbiy Eron va Armaniston, Oʻrta Osiyo va Rossiyaning bir qancha hududlaridan tortib to Zabaykalye, Moʻgʻuliston va Tibetga qadar choʻzilgan boʻlib keng qamrovli, lekin, asosan mayda-mayda hududlarni oʻz ichiga oladi. Umumiy soni taxminlarga koʻra 58 mingni tashkil qiladi va eng katta qismi Moʻgʻuliston hududida tarqalgan deb hisoblanadi.

Manul yogʻingarchilik kam, quruq, kontinental iqlimli hududlarda yashaydi. Bularga togʻlar, adirlar va yarimchoʻllar kiradi. Manul tez yugurishga moslashmagan lekin yaxshi yashirina oladi. Boshpanaga qiyalikdagi teshiklarni yoki boshqa hayvonlar uyalarini tanlaydi. Asosan kemiruvchilar bilan oziqlanadi. Ozodlikda yilda bir marotaba bolalaydi, homildarlik 60—75 kun davom etadi. Mushukchalar bahorda dunyoga keladi va asosan 3—4 ta boʻladi. 4—5 oylik boʻlganida onasini tark etib mustaqil hayot kechira boshlaydi.

Birinchi marotaba bu tur 1776-yilda Peter Simon Pallas tomonidan qayd etilgan. Hozirgi kunda u Butunjahon qizil kitobiga eng kam tashvishlantiradigan tur sifatida kiritilgan, lekin avvalroq Xavf ostida qolgan tur statusiga ega boʻlgan. Bundan tahqari u bir qancha davlatlar Qizil kitobiga kiritilgan. Ayrim hududlardagi populyatsiyalari Brakonerlik, kemiruvchilar bilan kurash tufayli ozuqa bazasidan ajralib qolishi, antropogen omillar sababli xavf ostida qolmoqda. Manul ehtiyotkorligi va sonining kamligi tufayli juda kam oʻrganilgan. U hayvonot bogʻlarida 1950-yillardan boshlab saqlanadi va 1960-yillardan boshlab koʻpaytiriladi. 2020-yil holatiga koʻra Yevropadagi hayvonot bogʻlarida bor-yoʻgʻi 100 ga yaqin manul saqlanadi.

Tashqi koʻrinishi va tavsifi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Zürich hayvonot bogʻidagi manul, 2006

Manul — mushuksimonlar oilasiga mansub yirtqich sut emizuvchi. Tashqi koʻrinishi va oʻlchamlari bilan uy mushugiga oʻxshab ketadi[1][2][3]. Tanasining uzunligi 45—65, dumining uzunligi 21—31, tanasining balandligi 30—35 santimetrni tashkil etadi. Massasi — 2—5 kilogramm[4][5][6]. Erkak manul urgʻochisiga nisbatan biroz yirikroq boʻladi[7].

Manulning tashqi koʻrinishi yetarlicha noodatiy — uning panjalari kalta va semiz, tanasi boʻlsa qalin moʻyna tufayli salmoqli koʻrinadi. Dumi bir tekis va momiq jun bilan qoplangan, uchi yumaloqlashgan. Manulning boshi nisbatan kichik, sharsimon shaklga ega, yuz qismidagi moʻynasi uzun. Quloqlarining oʻlchami kichik, dumaloqsimon, pastda joylashgan va keng ochilgan[2][8]. Koʻzlari katta, bir-biriga yaqin va baland joylashgan[7][9]. Bunday bosh tuzilishi manulga ov paytida ustunlikni beradi: hamla qilishdan oldin yaxshi joylashib olishga qulay va oʻljani kuzatish paytida tanasining kichik qismi koʻrinadi xolos[4].

Manulning koʻzlari sariq rangli, qorachiqlari mushuklardan farqli ravishda, yorqin nurda ham dumaloqligicha qoladi[6]. Mushuksimonlar orasida faqat puma, gepard va panteralar bunday hususiyatga ega. Manlullarning qorachiqlarining shakli nega dumaloq ekanligi fanga nomaʼlum[10]. Kunduzgi yirtqichlarga (manul ham shular jumlasidandir), yoriq shaklidagi qorachiqlar afzalroq, chunki ular dumaloq qorachiqlarga qaraganda kichikroq maydonga qisqarishi mumkin va shu orqali yorqin kunduzgi yorugʻlik oqimini koʻproq cheklay oladi.

Manulga uy mushugining ovozidan koʻra koʻproq vovullashga oʻxshab ketadigan, past va qoʻpol miyovlash xos. Jaxli chiqqan paytda xirillaydi; erkalanayotgan paytida uy mushugi singari gʻirillagan tovush chiqara oladi[9].

Juni va ranggi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Botanika bogʻining hayvonlar boʻlimidagi manul, Parij, 2012-yil.

Manulning moʻynasi yumshoq, mushuksimonlar orasida eng qalin va mayini. Shu sababli ham manul yetarlicha salmoqli va pakanadek koʻrinadi. Moʻynasining eng qalin qismi belida — 1 sm² ga 9 ming tola; tanasining ost qismida nisbatan kamroq — bor yoʻgʻi sm² ga 800 tola. Junining maksimal uzunligi tanasining pastki qismida 70 mm ga yetishi mumkin, belida esa 2 barobar qisqa. Bu manulning sovuq yerda yotishi va harakatlana olishidan dalolat beradi[4][11]. Moʻynasining qalinligi issiqlikni saqlovchi mayin tuklarida 17 mikrometrdan, belidagi qalin junlarda 93 mikrometrgacha yetishi mumkin[9]. Yozda moʻyna zichligi qishga qaraganda kichikroq boʻladi[12].

Manul moʻynasining rangi notekis, asosini kulrang tashkil qiladi: toʻq kulrangdan tortib och kulrangga qadar, undan tashqari sargʻish va oxr ranglari aralashmasi. Tuklari uchiga yaqin qismida oq va eng uchida qora rangga ega[13]. Belidagi moʻynasining ranggi — kulrangroq, yon tomonlarida esa sargʻishroq. Eng yorqin sargʻish rang boʻynining yon tomonlari va qoʻltiq qismida uchraydi[9].

Manul rangining xususiyatlaridan biri shundaki, mushuklarga xos boʻlgan aniq toʻqrangli chiziq umurtqa izi boʻylab oʻtmaydi, faqat umurtqa izida biroz qorayish mavjud. Manulning belida, odatda, tananing orqa qismida, 6—7 ta koʻndalang toʻq rangli chiziqlar bor, ular yozgi junda juda sezilarli, kengligi taxminan bir santimetrga teng; turli xil ranglar va turli uzunliklarga ega boʻlishi mumkin[5][9].

Dumining rangi kulrang, qora rangli uchi va toʻq tusli koʻndalang chiziqlar bundan mustasno (ular odatda 7 dona boʻladi). Umuman olganda, oyoqlar orqa va yon tomonlarga oʻxshab kulrang rangga ega, ichki tomondan esa ochroq tusli. Oyoqlarning pastki qismi sargʻish. Oyoq barmoqlari orasidagi tuklar qisqa va panja yostiqchalarilarni qoplamaydi. Qorinning oldingi qismi asosan jigarrang, oq uchli tuklari bor. Qornining orqa qismi, koʻkragi va tomogʻi och kulrangda[7][9][1].

Boshning yuqori qismi kulrang, qora nuqtalar bilan qoplangan. Koʻz atrofida — oq rang, iyak va lablarning pastki qismidagi tuklari ham oq, lablarining yuqori qismi jigarrang tusli oq. Yuzining yon qismidagi tuklari — asosi oq va uchlari qora rangda. Burnining yuqori qismi oq rangda. Koʻzlaridan yonoqlari boʻylab ikkita qora chiziq oʻtadi: ustkilari quloqlarining tagigacha, pastkilari esa quloqlar ostidan oʻtib, boʻyniga qadar davom etadi, yonoqlarining qolgan qismi koʻzlari va quloqlariga qadar oq rangga ega. Moʻylovlari oq rangda.

  1. 1,0 1,1 БСЭ 1974.
  2. 2,0 2,1 Щипанов 2012.
  3. Hodgson, B. H. (1842). „Notice of the Mammals of Tibet, with Description and Plates of some new Species: Felis nigripectus Illustration“. Journal of the Asiatic Society of Bengal. 11-jild, № 1. 275–289, Plate 333-bet.
  4. 4,0 4,1 4,2 „Pallas's cat | mammal“ (inglizcha). Encyclopedia Britannica. 2020-yil 25-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 28-may.
  5. 5,0 5,1 „Pallas’s Cat“. International Society for Endangered Cats Canada. 2021-yil 13-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 28-may.
  6. 6,0 6,1 Sunquist, M.; Sunquist, F. „Manul Otocolobus manul (Pallas 1776)“, . Wild Cats of the World. Chicago: University of Chicago Press, 2002 — 219–224-bet. ISBN 978-0-226-77999-7. 
  7. 7,0 7,1 7,2 „О мануле“ (ruscha). Русское географическое общество. 2-iyun 2021-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 28-may 2021-yil.
  8. „Манул Felis manul“ (ruscha). Красная книга России (3-fevral 2015-yil). 2021-yil 13-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 28-may.
  9. 9,0 9,1 9,2 9,3 9,4 9,5 Гептнер, Слудский 1972.
  10. Kitchener A., van Valkenburgh B., Yamaguchi N. Felid form and function // Biology and Conservation of Wild Felids. — 2010. — P. 87—88. Архивировано 21-iyun 2022-yil.
  11. Аристов, Барышников 2001.
  12. „Манул: степной отшельник“ (ruscha). National Geographic. 2021-yil 2-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 30-may.
  13. Огнев 1935.