Marzia Basel
Marzia Basel | |
---|---|
Tavalludi |
1968 |
Fuqaroligi | Afgʻoniston |
Taʼlimi | George Washington universiteti (magistratura) |
Kasbi | sudya |
Marzia Basel (1968-yilda tugʻilgan) – Afgʻonistonning sobiq sudyasi. Tolibon hukmronligi davrida oʻz uyida ayollarga yashirincha taʼlim bergan. Afgʻonistondagi progressiv huquq tashkiloti asoschisi. Xalqaro munosabatlar va huquq sohalarida keng qamrovli tayyorgarlikka ega.
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Marzia Basel 1968-yilda Afgʻonistonning Kobul shahrida oʻrta tabaqali liberal oilada tugʻilgan[1]. Otasi sudya, opasi advokat sifatida faoliyat yuritgan[2]. 1995-yilga kelib, Marzia Baselning oʻzi ham sudya sifatida qasamyod qilgan[3] Oradan bir yil oʻtgach, Tolibon mamlakatda barcha ayollarning oʻqitilishiga taqiq qoʻygan. Shundan keyin mamlakatdagi barcha ayollar burqa kiyishga majbur boʻlishgan. Bunday vaziyatda Basel oʻzini ham tom maʼnoda, ham majoziy maʼnoda qamoqdagidek his qilganini eslab shunday deydi: „Yozda havo shunchalik issiq ediki, men asta-sekin boʻgʻilib ketayotganimni his qildim. Oʻsha kichkina, toʻrli qafasdan tashqariga qarab, men va menga oʻxshagan barcha ayollarning qafasga tutqin qilingan hayvonlardek ekanligini, hammamiz erkinlik va qadr-qimmatdan mahrum qilinganimizni angladim“[1].
Tolibon hokimiyat tepasida boʻlgan vaqtida, Marzia Basel ayollarning oʻqitilishiga toʻsqinlik qiluvchi qonunlarga qarshi chiqadi va 1996–2001-yillar orasida oʻz uyidan tashqarida ularga ingliz tilini oʻrgatadi[4]. U sakkiz yoshdan ellik yoshgacha boʻlgan taxminan 350 dan 400 nafargacha talabalarga dars beradi[1]. Uning baʼzi shogirdlari Tolibon tarafdorlarining rafiqalari boʻlishgan[5]. Tolibon rejimi olib tashlanishidan biroz avval hayoti xavf ostida qolgan Marzia Basel qochqin sifatida Pokistonga qochib ketgan[1].
2002-yilda Marzia Basel afgʻonistonlik ayol sudyalar assotsiatsiyasiga (AWJA) asos solgan[6]. Uning Afgʻonistonda huquq sohasida ishlayotgan ayollarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan saʼy-harakatlari natijasini 2005-yildagi 1 nafar advokat ayollar sonini 2013-yilda 150 nafarga oshganidan ham koʻrish mumkin[6]. Afgʻoniston Oliy sudi Afgʻoniston ayol sudyalari assotsiatsiyasi faoliyatini toʻxtatib qoʻyganidan soʻng Basel Afgʻoniston progressiv huquq tashkilotiga asos solgan[5]. U, shuningdek, Afgʻoniston Mustaqil Advokatlar Assotsiatsiyasi Xotin-qizlar qoʻmitasi va Afgʻoniston Xotin-qizlar vazirligi maslahat qoʻmitasining koʻngilli aʼzosi hisoblanadi. Tolibon qulaganidan soʻng Basel Kobul jamoat xavfsizligi sudida xizmat qilib, Afgʻoniston mustaqil sud komissiyasini tashkil etish boʻyicha vakil va Favqulodda Loya Jirgʻa komissiyasi xodimi sifatida faoliyat yuritib, davlatni qayta tiklash ishlarida qatnashadi. U, shuningdek, BMTning turli agentliklari bilan ishlash tajribasiga ham ega. Bundan tashqari UNICEFning Afgʻonistondagi balogʻatga yetmagan bolalar odil sudlovi loyihasi xodimi, UNIFEMning Afgʻonistondagi gender masalalari boʻyicha xodimi sifatida ham faoliyat yuritgan. 2006-yildan beri Germaniya hukumatining Afgʻoniston GTZ (hozirgi GIZ Qonun ustuvorligi loyihasi) boʻyicha yordamchisining Milliy maslahatchisi boʻlib ishlab kelmoqda[7].
Shuningdek, 2002-yilda Marzia Basel AQShga borib, Afgʻonistonga qoʻshimcha yordam soʻrash maqsadida oʻsha paytdagi prezident George W. Bush, Amerika Qoʻshma Shtatlari Davlat kotibi Colin Powell va boshqalar bilan uchrashadi[2]. Oʻzi tashrif buyuradigan mamlakatning urf-odatlarini hurmat qilish kerakligini aytishiga qaramay, yurtiga qaytib kelgan Basel har safar sochini oʻrab olmagani uchun qattiq tanqidga uchrardi[2]. Marzia Basel mamlakatdan ketganidan keyin uning ishdan boʻshatilgani yoki yoʻqligi turli bahs-munozaralarga sabab boʻladi, biroq keyinchalik Baselning oʻzi balogʻatga yetmaganlar uchun adliya dasturini yaratishda yordam berish maqsadida UNICEFga qoʻshilish uchun yurtidan ketganligini maʼlum qilgan[2].
Marzia Basel ayollarning qonuniy huquqlari va ularning advokatlik qilish huquqlarini himoya qilishda faollik koʻrsatishda davom etadi[4]. 2005-yilda George Washington universitetining xalqaro huquq yoʻnalishi boʻyicha magistrlik darajasini oladi[8].
Hayotiga qilinadigan tahdidlar tufayli Marzia Basel, oxir-oqibat, Afgʻonistondan tashqarida qolishga majbur boʻldi. 2011-yilda uyi eshigida agar Tolibon uni topgan taqdirda oʻldirishi tahdid qilib yozilgan xabar qoldiriladi[6]. Eri va otasi uning xavfsizligi uchun Afgʻonistondan uzoqroqda turishiga undashadi[6]. Amerika Qoʻshma Shtatlarida muhojirlarni qoʻllab-quvvatlash tizimining yoʻqligi sababli Marzia Basel Kanadaga koʻchib oʻtadi[6]. Bugungi kunda u Kanadaning Toronto shahrida istiqomat qiladi[3].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 Basel, Marzia; Hollywood, Dana Michael (2005). "Under a Cruel Sun: My Life as a Female Judge and Underground Educator Under the Soviets, the Taliban, and the Americans". William & Mary Journal of Women and the Law 12 (1): 205–238. http://scholarship.law.wm.edu/cgi/viewcontent.cgi?article=1121&context=wmjowl. Qaraldi: 18 September 2015.Marzia Basel]]
- ↑ 2,0 2,1 2,2 2,3 „Afghan Judge in Tangle Over Her Uncovered Hair“. Toronto Star (2002-yil 26-dekabr). Qaraldi: 2015-yil 18-sentyabr.
- ↑ 3,0 3,1 „Contested Terrain: The Future of Afghan Women“. International Security (2015-yil may). 2015-yil 25-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 18-sentyabr.
- ↑ 4,0 4,1 „Project for Afghan Women's Leadership: Afghan Women Leaders Speak“. Mershon Center for International Security Studies. Ohio State University (2005-yil noyabr). Qaraldi: 2015-yil 13-sentyabr.
- ↑ 5,0 5,1 „Marzia Basel“. Wise Muslim Women. Women's Islamic Initiative in Spirituality and Equality. 2015-yil 25-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 18-sentyabr.
- ↑ 6,0 6,1 6,2 6,3 6,4 Kitch, Sally L.. Contested Terrain: Reflections With Afghan Women Leaders. Champaign, Illinois: University of Illinois Press, 2014 — 27–30, 84, 181–186-bet. ISBN 978-0-252-09664-8.
- ↑ „MARZIA BASEL“. Qaraldi: 2024-yil 14-iyun.
- ↑ Mills, Margaret A. (2006). "'Afghan Women Leaders Speak': An Academic Activist Conference, Mershon Center for International Security Studies, Ohio State University, November 17–19, 2005". NWSA Journal 18 (3): 191–201. https://muse.jhu.edu/journals/nwsa_journal/v018/18.3mills.html. Qaraldi: 18 September 2015.Marzia Basel]]