Kontent qismiga oʻtish

Muhiddin Xoʻjayev

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Muhiddin Xoʻjayev
Tavalludi 1898-yil
Vafoti 1941-yil 15-mart
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Faoliyat yillari 1920—1929

Muhiddin Xoʻjayev (1898-yil, Jizzax – 1941-yil 15-mart) – Jizzax shahri militsiya boshligʻi. OʻzSSR Oziq ovqat ministrligi ishlagan.

Muhiddinxoʻja Xoʻjayev 1898-yili Jizzaxda savdogarlar oilasida tugʻilgan. Xoʻjayev dastlab jadid, keyinroq rus-tuzem maktabida tahsil olgan. 1914-yildan boshlab Jizzaxdagi maktabda oʻqiydi. Avvaliga ota kasbi boʻlgan ipak savo-sotigʻi bilan shugʻullangan. Otasi 1916-yilgi Jizzax qoʻzgʻoloni ishtirokchisi sifatida Jizzaxdagi turmaga tashlangan. Muhiddinxoʻja shundan keyin otasini qutqarish maqsadida siyosatga kirib keladi. „Yosh buxoroliklar“ partiyasiga aʼzo boʻlgan. Hokimiyat sovetlar qoʻliga oʻtishi bilan xususiy savdo toʻxtaydi.

Muhiddin Xoʻjayev 1920-yildan 1921-yilgacha Jizzax shahar xalq taʼlimi boʻlimi mudirining oʻrinbosari boʻlgan. 1921–yildan 1923-yilga qadar Jizzax shahri militsiya boshligʻi, 1923-yildan 1924-yilgacha Jizzax uyezdida ijroiya komiteti boʻlimi boshligʻi vazifasini bajargan. 1924—1926-yillarda Jizzax shahar ijroiya qoʻmitasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan. Keyinroq Samarqand shahriga kelib, OʻzSSR Oziq ovqat ministrligida turli lavozimlarda ishlagan.

Muhiddin Xoʻjayev 1931-yilning 7-noyabrida Jizzax shahar xalq taʼlimi boʻlimi boshligʻi vazifasida ish olib borayotgan vaqtida goʻyoki Baumanning xonadoniga hujum uyushtirgan degan soxta ayblov bilan qamoqqa olinadi[1]. Asli sababi esa 1922-yilning bahorida Xoʻjayevning uyida Samarqanddan kelgan turk ofitseri Savur afandi sharafiga boʻlib oʻtgan ziyofat edi. Unda Orifjon Olimjonov va koʻplab jizzaxlik ziyolilar qatnashgan. Savurbey afandining soʻzidan soʻng Turobbek Toʻrabekov ham istiqlolchilar safiga qoʻshilishini aytadi. Bu mehmondorchilikning tafsilotlari tergov paytida maʼlum boʻlgach, unda qatnashgan barcha aybdorga aylanadi.

Muhiddin Xoʻjayev 1932-yilning 14-oktabrida OGPUning Oʻrta Osiyo boʻlimi tomonidan 10 yilga konslagerga hukm etilgan va 1941-yil 15-mart kuni jazoni oʻtash davrida vafot etgan. Muhiddin Xoʻjayevning nomi 1974-yilning 8-oktabrida doʻsti Orifjon Olimjonov bilan birga oqlanadi[2].