Nadr Muhammad
Nadr Muhammad | |
---|---|
Nadr Muhammad va Abbos II. Isfahon shahridagi Chihilustun saroyi qabulxonasidagi rasmlardan biri. | |
Buxoro xonligi hukmdori | |
Mansab davri 1642-yil – 1645-yil | |
Oʻtmishdoshi | Imomqulixon |
Vorisi | Abdulazizxon |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
1594-yil Buxoro xonligi |
Vafoti |
1651-yil Simnon |
Oʻlim sababi | Safarda o'lgan |
Fuqaroligi | Buxoro xonligi |
Bolalari | 12 |
Ota-onasi |
|
Dafn etilgan joyi | Baqiya qabristoni, Madina |
Nadr (Nodir) Muhammadxon ibn Din Muhammad (1593–1651) – Ashtarxoniylar oʻzbek sulolasidan boʻlgan hukmdor. Balx xoni (1606–1642; 1645–1651) va Buxoro xonligi hukmdori (1642—1645).
Kelib chiqishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ashtarxoniylar sulolasining vakillaridan biri Nadr Muhammadxon 1593-yilda tavallud topgan[1]. Otasi Din Muhammad, onasi Shahribonu begim[2]. Abdusattor Jumanazarov tadqiqotlariga koʻra, Nadr Muhammadxonning shajarasi quyidagi keltirilgan: „Nadr Muhammadxon ibn Din Muhammadxon ibn Jonibek sulton ibn Yormuhammadxon ibn Mangʻishloq ibn Chavoq ibn Muhammadxon ibn Temur sulton ibn Temur Qutlugʻ ibn Ali Temur ibn Qutlugʻ Temur ibn Tumagʻan ibn Abay ibn Oʻztemur ibn Toʻqay Temur ibn Joʻjixon ibn Chingizxon[1]“. Nadr Muhammadning ona tomondan kelib chiqishi sayyidlarga borib taqalib, manbalarda quyidagicha shajarasi keltirilgan: „Nadr Muhammad ibn Shamsiyabonu binti Mirzo Sayyid Badiuzzamon ibn Mirzo Muhammad Amin Mashhadiy ibn Mirzo Muhammad Safar ibn Mirzo Muhammad Muhsin ibn Mirzo Ali Rizo ibn Mirzo Muhammad Taqi ibn Mirzo Sayyid Abu Solih ibn Mir Sayyid Muhammad Mu’in ibn Mirzo Hidoyatulloh ibn Mir Sayyid Nuriddin Muhammad ibn Mir Jaloliddin Muhammad ibn Mir Sayyid Abu Muhammad ibn Imom Muhammad Askariy ibn Imom Ali Naqi ibn Imom Muhammad Taqi ibn Imom Muso Ali Rizo ibn Imom Muhammad Kozim ibn Imom Muhammad Jaʼfar Sodiq ibn Imom Muhammad Boqir ibn Imom Zaynulobidin ibn Imom Muhammad Husayn ibn amir al-moʻminin Ali ibn Abu Tolib[3]“.
Buxoro xonligi hukmdori Imomqulixon (1611—1642) oʻz hukmronligining oxiriga kelib koʻr boʻlib qoladi va ukasi Nadr Muhammad (1642—1645) foydasiga taxtdan voz kechishga qaror qildi. Ikki tantanali taxtga chiqish marosimi oʻtkazildi: bittasi Samarqandda, keyin Buxoroda. Nadr Muhammad taxtga oʻtirishdan oldin Balx xoni boʻlgan (1606—1642).
Siyosiy tarqoqlig
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nadr Muhammadxonning 12 oʻgʻli boʻlgan. Manbalarda oʻgʻillaridan Abdulaziz Sulton, Ollohquli Sulton, Bahrom Sulton, Abdulgʻani Sulton, Abdurahmon Sulton, Abulqosim Sultonlarning nomlari uchraydi. Qizlaridan faqat Shamsiyabonu nomi tilga olingan. Nadr Muhammad taxtga oʻtirgandan soʻng Imomqulixon davrida otaliq mansabida boʻlgan qudratli amirlardan Yalangtoʻsh Bahodirni lavozimidan chetlatib, Abdurahmon devonbegini bu lavozimga tasdiqlaydi. Natijada Yalangtoʻsh xonning oʻgʻli Abdulazizni qoʻllab-quvvatlaydi. Nadr Muhammadxon davrida mamlakatda ichki nizolar kuchayib, hatto farzandlari (12 ta oʻgʻli) ham unga boʻysunmay qoʻygan. Bunga uning oʻta takabburligi, mol-mulkka oʻchligi, qaysarligi sabab boʻlgan. Bu esa aholining umumiy noroziligini keltirib chiqargan. Bundan tashqari, shimoldan koʻchmanchilar mamlakat hududiga hujum qilib uni talon-toroj etmoqda edilar. Nadr Muhammadxon ularga qarshi oʻgʻli Abdulazizni yuboradi. Biroq Nadr Muhammadxondan norozi amirlar harbiy safar chogʻida Abdulazizni xon deb eʼlon qiladilar. Bundan xabar topgan Nadr Muhammadxon Balxga ketishga majbur boʻlgan va boburiylardan Shoh Jahondan yordam berishni soʻragan. Shoh Jahon ikki oʻgʻlini (Murodbaxsh va Avrangzeb) katta qoʻshin bilan Balxga joʻnatib, ularga viloyatni bosib olishni topshiradi. Boburiylarning niyatidan voqif boʻlgan Nadr Muhammadxon ularga qarshi chiqib, Maymana yoʻlida jangda yengiladi va Eronga shoh Abbos II (1642—1667) panohiga qochadi va u yerda 2,5 yilcha qolib ketadi. Boburiylar Balx viloyatini 2 yil gʻorat qilishgan. Muttasil janglar, mamlakatdagi ocharchilik, qattiq qish hindistonlik askarlarga salbiy taʼsir qilgan. Shoh Jahon askarlarini Hindistonga chaqirib olishga majbur boʻladi. Balxni esa Erondan taklif etilgan Nadr Muhammadxonga topshiradi. Bu Nadr Muhammadxonning oʻgʻillarini yana tashvishga solib, ularni birlashishga majbur qilgan. Abdulazizxon ukasi Subhonqulini Balxga noib etib tayinlaydi (1651).
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nadr Muhammadni taxtdan agʻdarish rejasi puxta ishlab chiqilgan. Unga koʻra, dastlab qozoqlar Xoʻjandga hujum qilib, xalqini taladi degan igʻvo tarqatiladi. Qozoqlarni qaytarishga joʻnatilgan Abdulaziz xon deb eʼlon qilinadi. Otasining Qarshi shahrida ovda ekanligidan foydalangan Abdulazizxon Amudaryodan oʻtib, Balxga yurish qiladi. Nadr Muhammad unga qarshilik qilish qilish maqsadida boburiy shahzodalardan yordam soʻraydi. Lekin vaziyat uni foydasiga oʻzgarmagandan soʻng, Nadr Muhammadxon taxtdan voz kechib Makkaga, haj safariga ketishga majbur boʻladi. Ammo haj safarini ado etish unga nasib qilmaydi, safar vaqtida 1651-yili Simnonda vafot etadi. Jasadi Madina shahriga olib borilib, Baqiya qabristoniga, akasi Imomqulixon qabri yoniga dafn etilgan. Muhammad Yusuf Munshiyning yozishicha, Nadr Muhammadxonning yuk ortilgan 600 tuyasi, 8000 ajoyib tulpor otlari, 80 ming qorakoʻl qoʻyi boʻlgan. Nadr Muhammadxonning xazinasida farangi barxat matolarga toʻla bir necha sandiqlar saqlangan. Maxmud ibn Vali Nadr Muhammadxon farmoni bilan mashhur asari – „Bahr ul-asror“ni („Sirlar dengizi“ni) yozgan.[4]
Tashqi siyosati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nadr Muhammad davrida qoʻshni mamlakatlar bilan diplomatik munosabatlar olib borilgan. U asosan Turkiya, Eron va Hindiston, Rossiya mamlakatlarga elchilar yuborgan.
Usmonlilar imperiyasi bilan diplomatik aloqalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nadr Muhammadxon 1648-yilda elchi Abdumannonni Istanbulga xat bilan joʻnatadi. Mazkur maktubda Nadr Muhammadxon Buxoro xonligidagi tartibsizliklarni, moʻgʻullar bosqini va oʻgʻli Abdulazizxon bilan ichki nizolar haqida yozgan. 1649-yil 30-martda yana buxorolik elchilar Istambulga borgan. Buxoro elchisi Usmonli sulton Mehmed IV (1648—1687) saroyiga qimmatbaho sovgʻalar jumladan, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan qilich va xanjar, 5 ta qimmatbaho qadah, 27 tirsak naqshli oltin mato, 10 ta ajoyib ot, oltin bilan bezatilgan egar va boshqa sovgʻalarni hadya etadi. Mehmed IV elchilar Buxoro xoni Nadr Muhammadxonga 14 kun davomida xatlar yuboradi. Usmonli davlati sultoni Hindiston hukmdori Shoh Jahonga va Eron shohi Abbosga nizolarga chek qoʻyish va Abdulazizxon oʻrniga Nadr Muhammadxonni taxtga oʻtkazish haqida maktublar yuboradi[5]. 1651-yil Abdulazizxon otasidan Balxni tortib olgan va shu yilda Nadr Muhammadxon Erondagi Simnon shahrida vafot etgan[6].
Rossiya bilan diplomatik munosabatlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nadr Muhammadxon 1639-yilda Xoʻja Ibrohim ismli elchini Yoyiq choʻllari orqali Astraxanga yuborgan. Elchi oʻzi bilan birgalikda Nadr Muhammadxonning 3 ta yorligʻi va qimmatbaho sovgʻalarni olib kelayotganida qalmiqlar tomonidan hujum qilingan va talangan. Oʻzi esa Astraxanga qochib kelgan va u yerdan qaytib Buxoro xonidan yangi ishonch xati olish maqsadida qaytgan. Buxorolik Qozixon 1640-yilda 200 kishilik mulozimlari 100 tuyada mol bilan Tobolskka borgan. Bu elchilik dabdabali boʻlib, xonning sovgʻalarini 37 kishi koʻtargan[7]. Nadr Muhammadxon davrida Rossiya bilan diplomatik va savdo aloqalari saqlanib qoldi. 1642-yilda Mixail Fedorovich Buxoroga Goroxov va Gribov boshchiligidagi elchixonasini yuborgan. 1644-yilda Nadr Muhammadxon Moskvaga Qozi Nogʻay elchisini yuborgan.
Madaniyat sohasidagi siyosati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nadr Muhammadxonning xonlik davri akasi Imomqulixon davriga nisbatan eʼtirof etilmagan boʻlsa-da, lekin u ham Buxoro xonligi obodonchiligi yoʻlida bir qancha ishlarni amalga oshirgan. Jumladan, Nadr Muhammad tashabbusi bilan Balx shahrida madrasa barpo qurilgan, shahar atrofida chorbogʻlar, Balx arkida imoratlar barpo etgan. Hazrati Ali mozori ustida gumbaz qurdirgan[8].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 Jumanazar 2017, s. 146.
- ↑ Zamonov 2021, s. 52.
- ↑ Jumanazar 2017, s. 147.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ Васильев 2014, s. 93.
- ↑ Ўзбек давлатчилиги тарихи 2000, s. 266.
- ↑ Жуковский 2022, s. 29.
- ↑ A.Zamonov. Buxoro xonligi tarixi. Toshkent 2021 — 202-bet. ISBN 978-9943-6372-0-7.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ilmiy adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Zamonov A, Subhonov F. Buxoro xonligining ashtarxoniy hukmdorlari. Toshkent: Bayoz, 2021 — 136-bet.
- Васильев А. Знамя и меч от падишаха. Политические и культурные контакты ханств Центральной Азии и Османской империи (середина XVI—начало XX вв.), Москва, 2014 — 353-bet.
- Азамат Зиё. Ўзбек давлатчилиги тарихи. Тошкент: Шарқ, 2000 — 368-bet.
- Жуковский С.В. Бухоро ва Хива хонликлари билан уч юз йилликдаги муносабатлари. Таржима ва изоҳлар муаллифлари: Ҳамроев A., Рахмонова М.. Бухоро: “Durdona”, 2022 — 152-bet.
- Jumanazar A.. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592-bet. ISBN 978-9943-4728-2-2.
- Istoriya Uzbekskoy SSR. Tom 1. Otvetstvennyy redaktor YA. G. Gulyamov. Tashkent, 1967.
- Istoriya Uzbekistana. T.3. T.,1993.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |