Ochilxon Otaxonov
Ochilxon Otaxonov | |
---|---|
Tavalludi |
7-aprel 1926-yil |
Vafoti |
2004-yil 19-noyabr Toshkent viloyati |
Kasbi | qoʻshiqchi |
Unvoni | Oʻzbekiston xalq hofizi |
Otaxonov Ochilxon (1926-yil 7-aprel, Andijon viloyati Naynavo qishlogʻi — 2004-yil 19-noyabr Toshkent) — xonanda, Oʻzbekiston xalq hofizi (1992). Ovozi mayin va silliq boʻlib, talqinlari oʻta nozikligi bilan ajralib turadi.
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ochilxon Otaxonov 1926-yil 7-aprelda Andijon viloyati Shahrixon tumani Naynavo qishlogʻida Azamat mahallasida dehqon oilasida dunyoga kelgan. 1940-yillarda oilasi bilan birga Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumani Shoʻralisoy qishloʻgiga koʻchib keladi. Ochilxon Otaxonov oʻsha yerdagi kolxozda otasi Mirsaidxon bilan ketmon chopib, gʻozalarni sugʻorgan. 13-14 yoshida patefon orqali Joʻraxon Sultanov hamda Maʼmurjon Uzoqovlarning qoʻshiqlari yozilgаn plastinkalarni tinglab, birga hirgoyi qilgan[1].
Ochilxon Otaxonovning ovozi kolxoz raisi, uch karra Mehnat Qahramoni Hamroqul Tursunqulovning eʼtibotini tortadi. Rais uni kolxozda tashkil qilingan badiiy havaskorlar togʻaragiga aʼzo qiladi. U yerda Ochilxon Otaxonov qoʻshiqchi va sozanda Jalil Maxsumdan dutor chalishni hamda qoʻshiq kuylashni oʻrganib boradi. Undan tashqari xonandalikni togʻalari Eshonboboxon, Koʻkxon va Afandixon hofizlardan oʻrganadi.
Ochilxon Otaxonov 1959-yildan Yangiyoʻl teatrida ishlagan. Navoiy, Fuzuliy, Bobur va Ogahiy, Furqat va Muqimiy, Zavqiy va Habibiy, Charxiy va Haziniy kabi aruznavis allomalar yozib qoldirgan gʻazallarni klassik kuylar asosida qoʻshiq qilib aytgan.
Ochilxon Otaxonovning Alisher Navoiy gʻazallariga bastalagan „Sayqal“, „Talqin Bayot“, „Sarahbori oromijon“, „Talqinchai mustahzodi navo“ singari qoʻshiqlari Oʻzbekiston respublikasi radiosida hozirgacha yangraydi.
Xonandaning repertuarida Boburning „Topmadim“ gʻazali, Muqimiyning „Kim desun“, Mashrabning „Jonima rohat“, Haziniyning „Fargʻona tong otguncha“, „Qalandar“ kabi yana oʻndan ortiq qoʻshiqlar mavjud boʻlib, ular Oʻzbekiston teleradiokompaniyasi „Oltin fondi“da saqlanadi. Shoir Mashrab gʻazaliga bastalangan „Ey gʻunchai navruzi gulistoni malohat“ deb kuylanuvchi lirik qoʻshiq uchun Ochilxon Otaxonov Gʻanijon Toshmatovga chuqur minnatdorlik bildirgan.
Ochilxon Otaxonov aruz vazni gʻazalxonlari boʻlgan Vosit Saʼdulla, Habibiy, Akmal Poʻlat, Maʼruf Qoriyev sinfarilarning sheʼrlari asosida qoʻshiqlar yaratgan. Sanʼatkor mumtoz ashulalar („Nasrulloyi“, „Talqinchai Ushshoq“, „Yolgʻiz“, „Ehtiyoj“, „Samarqand Ushshogʻi“ va boshqalar) aytish bilan birga aktyor sifatida Ilhom („Yurak sirlari“), Tursunali („Oltin koʻl“), Askar („Arshin mol olon“), Haydar („Nurxon“) kabi rollarni ham ijro etgan.
Ochilxon Otaxonov 1978—1986-yillar Yunus Rajabiy nomidagi „Maqom“ ansamblitsa ishladi. Uning repertuaridan Shashmaqom shoʻʼbalari, Fargʻona — Toshkent maqom yoʻllari („Moʻgʻulchai Ushshoq“, „Bayot III“, „Bayot Uforisi“ va boshqalar), oʻzbek mumtoz ashulalari („Figʻon“, „Sharob“ kabi), zamonaviy bastakorlar asarlari („Bir kulib qoʻy“, „Kutarman“, „Vafo“), katta ashulalar („Bir kelsun“, „Doʻstlar“, „Koʻp erdi“, „Adashganman“, „Ey, dilbari jononim“) oʻrin olgan[2].
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ochilxon Otaxonov 2004-yil 19-noyabrda Toshkent viloyatida vafot etgan.[3]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Mahmudov, Avazbek. Andijon san'ati fidoiylari, To'ldirilgan 2-nashr, Akademnashr, 2018 — 226-bet. ISBN 978-9943-5226-4-0. Qaraldi: 14-iyun 2023-yil.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ http://press.natlib.uz/ru/editions/4298
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |