Kontent qismiga oʻtish

Pozil otaliq

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Pozil otaliq
Tavalludi taxminan XVII asr
Vafoti 1704-yil
Rishton
Fuqaroligi Buxoro xonligi
Kasbi Rishton hokimi
Bolalari Rajabbiy

Pozil otaliq (taxminan XVII asr, Rishton, Buxoro xonligi1704-yil, Rishton, Buxoro xonligi) — oʻzbeklarning ming urugʻidan, Rishton shahri hokimi, ukasi Ashurbek (Ashuqrul) bilan birgalikda Fargʻonani 1701—1704-yillarda boshqargan[1].

Tarjimayi holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pozil otaliq Buxoro xoni Abdulazizxon hukmronligi(1645—1681) davrida, yaʼni Fargʻona hokimi Rustam Hoji Sulton oilasida Rishton shahrida tavallud topgan. Rustam Hoji Sultonning otaliqdan tashqari Ashurbek (Ashurqul) ismli kichik oʻgʻli ham boʻlgan. Afsonalarga koʻra, Oltin beshik avlodi hisoblangan Axsi shahri biyi Tangriyor Xudoyor Ilik Sulton II umrining oxirida oʻzining qarorgohini Rishtonga koʻchirib, Fargʻona vodiysini shu yerdan turib boshqargan. Uning avlodi Rustam Hoji Sulton esa markazni Axsi shahriga qayta koʻchirtiradi. Lekin bu bilan Rishton oʻzining siyosiy ahamiyatini yoʻqotmaydi. Rishton shahriga oʻzining toʻngʻich oʻgʻli Pozil Otaliqni hokim etib tayinlaydi. Ammo hukmron sinflar tomonidan Fargʻonaning boʻlajak hukmdori ukasi Ashurbekning eʼlon qilinishi, aka-uka oʻrtasida dushmanlikni keltirib chiqaradi. Rus tarixchisi va etnografi Vladimir Nalivkin Mulla Shamsining bergan maʼlumotlarga asosan quyidagilarni yozib qoldirgan[1]:

Rustam Hoji Sulton vafotidan soʻng saroy amaldorlari uning katta oʻgʻli Pozil otaliq oʻrniga kichik oʻgʻli Ashurqulni hukmdor deb eʼlon qiladi. Otaliq Rishtonga qaytib, u yerdan turib qoʻzgʻolon koʻtaradi. 1704-yili Ashurqul qoʻshini bilan Rishtonga yurish qilib, shaharni qamal qiladi, ammo oʻzi jangda halok boʻladi. Shunda qoʻshin voyaga yetmagan oʻgʻli Shohruxni hukmdor deb eʼlon qiladi hamda qamalni davom ettiradi. Tez orada Pozil otaliq ham vafot etadi. Shundan keyin Rishton taslim boʻlib, Shohruxning hukmronligini tan oladi.

Rishton egallaganidan keyin Shohrux qoʻshini shaharni butunlay vayron qilib tashlaydi[1]. Ammo Pozil otaliqning farzandi Rajabbiyning hayoti saqlab qolinadi. 1709-yili Shohruxbiy Fargʻona vodiysining janubiy va shimoli-gʻarbiy hududlarini egallab, Buxoro xonligidan mustaqil beklik tuzadi[2].

Pozil otaliqning oʻgʻli Rajabbiyning Doʻstqul Bahodir ismli farzandi boʻlgan. Oʻz navbatida Doʻstqul Bahodirning Irisqulbiy, Niyozqulbiy, Jumaqulbiy, Islomqulbiy, Togʻayqulbiy, Imomqulbiy ismli oʻgʻillari boʻlgan[1].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 Vladimir Nalivkin. Kratkaya istoriya Kokandskogo xanstva. (rus tilida). Qozon: Tipografiya Imperatorskogo universiteta, 1886 — 215-bet. 
  2. Mirzo Olim Maxdum hoji. Tarixi Turkiston. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2008 — 244-bet.