Qadimgi Shumer sivilizatsiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Shumerlar (shum. sag-gig-ga — „qora boshlilar“ degan maʼnoni anglatgan) — Janubiy Mesopotamiyaning shumer tilida soʻzlashadigan qadimgi aholisi, sivilizatsiyaning shakllanishi, birinchi yozuvning yuzaga kelishi, Qadimgi Mesopotamiyada dastlabki davlat va shaharlarning yuzaga kelishi bevosita ularning nomi bilan bogʻliq. Bu xalqni shumerlar deb atashni birinchi bor XIX asrda nemis-yaxudiy olimi Yulius Oppert „Akkad va Shumer shohi“ deb oʻqilgan qadimgi yozuv asosida taklif qilgan.

Shumer shahar-davlatlari

Geografik oʻrni[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dajla va Furot daryolarining oʻrta va quyi oqimida joylashgan, hududi, asosan, tekislikdan iborat viloyatni qadimgi yunon geograflari Mesopotamiya deb atashgan. Hozir bu hududda Iroq davlati joylashgan. Mesopotamiya shimol va sharqda Armaniston hamda Eron togʻliklari bilan tutashib ketgan, gʻarbda Suriya dashtlari va Arabiston choʻllari bilan chegaralangan, janubiy hududlarini esa Fors qo'ltig'i suvlari yuvib turgan. Qadimgi sivilizatsiyaning rivojlanish markazi ushbu hududning janubida — Qadimgi Bobil joylashgan. Bobilning shimoliy qismi Akkad, janubiy qismi Shumer deb atalgan. Shimoliy Mesopotamiyaning notekis, tepaliklardan iborat choʻl qismida Ossuriya joylashgan.

Shumerlar miloddan avvalgi IV ming yillikning ikkinchi yarmida Mesopotamiyaning janubida paydo boʻlib, asta-sekin butun Mesopotamiya hududini (shimolda hozirgi Bag'dod shahri atrofidan janubda Fors qoʻltigʻigacha) egallaydilar. Bundan olti ming yil ilgari bu yerda insoniyat tarixidagi eng qadimgi sivilizatsiyalardan biri — Shumer sivilizatsiyasi yaratiladi[1].

Shumerlarning kelib chiqishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shumerlarning kelib chiqishi hozirgi kungacha nomaʼlum va bahsli boʻlib qolmoqda. Mil. avv. II ming yillikdan yetib kelgan hujjatlarni oʻrgangan bir qator olimlar shumerlar Fors qoʻltigʻidagi orollardan, aniqrogʻi Delmun ('Bahrayn) orolidan kelgan, deb hisoblashadi. Ammo bu taxminga qoʻshilmaydigan olimlarning taʼkidlashlaricha, Shumer tilida „mamlakat“ va "tog " soʻzlari bir xil aytilganligi sababli, shumerlarning kelib chiqishi Osiyoning togʻli qismidan boʻlishi kerak, Delmunda esa togʻ yoʻq. Shu sababli olimlarning keyingi tadqiqotlariga qaraganda, shumerlarning kelib chiqishi oriylardan oldingi hind-eron (dravid) xalqlariga yaqin boʻlib, Hindiston yarimorolining janubiy qismidan kelgan boʻlishi ham mumkin. Har qalay, „Enmarker Aratti xoqon“ deb nomlangan qadimgi eposni tadqiq qilgan olimlar shunday xulosaga kelganlar[2]. Ayrim arxeologik va antropologik tadqiqotlar ham ushbu fikrni tasdiqlaydi. Enmarker va Lugalbanda haqidagi epik dostonni tadqiq etgan boshqa bir guruh olimlar shumerlarning Kaspiy dengizi boʻylarida joylashgan Aratti shahar-davlati bilan yaxshi munosabatda boʻlganligini inobatga olib, shu yer ularning asl vatani boʻlishi mumkin, deb hisoblashadi. Ularning tili agglyutinativ tipda boʻlib, boshqa maʼlum tillarning birortasiga genetik yaqinligi aniqlanmagan[3]. Albert Olmstedning yozishicha, Bobilga kelib oʻrnashgan shumerlarning ot va aravani boshqarishga ustaligi, jismoniy xususiyatlari va agglyutinativ „turon“ tili ularning Markaziy Osiyodan kelib chiqqanligiga ishora qiladi[4].

Shumer sivilizatsiyasi hunarmandchilikka emas, qishloq xoʻjaligiga asoslangan boʻlsa-da, oʻz xarakteriga koʻra shahar sivilizatsiyasi edi[5]. Bu sivilizatsiya tarixi ikki davrga boʻlinadi: Ubayd madaniyati davri sugʻorish inshootlarini qurish, aholining koʻpayishi va keyinchalik shahar-davlatlarga aylangan yirik manzilgohlarning paydo boʻlishi bilan xarakterlanadi[6]. Shumer sivilizatsiyasining ikkinchi davri Uruk madaniyati (Ur shahri) bilan bogʻliq. Bu davr qishloq xoʻjaligining rivojlanishi, monumental arxitektura, keramika va insoniyat tarixidagi birinchi yozuvning paydo boʻlishi bilan xarakterlanadi[6]. Bu yozuv loydan yasalgan taxtachalarga bitilgan boʻlib, oʻzbek tilida „mixxat“ deb ataladi. Undan uch ming yil davomida foydalanilgan, keyin yoʻqotilib, ilk bor faqat XIX asrda shumershunos olimlar Genri Rouelson (1810—1895) va Yulius Oppert (1825—1905) tomonidan oʻqilgan.

Shumerliklarning mixxat loy taxtachasi

Shumerlar ikki daryo oraligʻida bobilliklar va ossuriyaliklardan oldin paydo boʻlgan va shu paytgacha maʼlum boʻlgan hamda oʻz yozuvlari orqali bizgacha yetib kelgan tarixiy madaniyatlarning eng qadimgisi — Shumer madaniyatini yaratganlar.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shumerlar Mesopotamiyada dastlab mil.avv. IV ming yillikning ikkinchi yarmi — III ming yillik boshlarida paydo boʻldi. Ammo bu hujjatli tarix boʻlib, ularning asl tarixi ancha oldinroq boshlangan edi. Har qalay, shumerlar tarix tongida ular sivilizatsiya rivojiga guvoh boʻlgan bu hududda muqim joylashib olgan edilar[7].

Taxminlarga qaraganda, dastlab shahar jamoalari oqsoqollar boshchiligidagi umumiy yigʻin tomonidan boshqarilgan. Umumiy yigʻin uncha uzoq faoliyat yuritmagan. Favqulodda holatlarda tez va uzil-kesil qarorlar qabul qilish zarurati hokimiyatning bitta rahbar qoʻlida jamlanishiga olib keladi. Bu rahbar shumerlarda lugal (katta odam) yoki oddiyroq qilib ensi (hukmdor) deb atalgan.

Shuni taʼkidlash kerakki, bu hukmdor haqiqiy oliy hokimiyat egasi — xudoning — shahar homiysining yerdagi vakili sifatida qabul qilingan. Avvalboshdanoq shumerlarda hokimiyat teokratik xarakterda boʻlgan. Shahar bitta xudoga tegishli deb hisoblangan, ammo boshqa xudolarga ham sigʻinish taqiqlanmagan. Bu yagona xudo shaharning mutlaq egasi hisoblangan va oʻzining oliy irodasini turli moʻjiza va karomatlar orqali ifoda etgan. yerdagi shohning vazifasi samoviy shohning (xudoning) irodasini toʻgʻri izohlash orqali uni mamnun qilish va har doim oʻz shahriga nisbatan marhamatli boʻlishiga, oʻz fuqarolariga gʻamxoʻrlik koʻrsatishiga, ularni himoya qilishiga erishmoqdan iborat edi. Shu sabali hukmdor shaharning samoviy homiysini eʼzozlagan, unga bagʻishlab ibodatxonalar qurdirgan, shuningdek, shaharning rivojlanishiga gʻamxoʻrlik qilgan: buyuk daryolarning suvini boshqarish, toshqinlarni toʻsish va qumloq yerlarni sugʻorish uchun kanallar qazdirgan[8].

Ijtimoiy hayot[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shumerlarning yashash darajasi ancha past boʻlgan. Kambagʻallar va qullarning xom gʻishtdan qurilgan kichkina uylari orasida zodagonlarning baland, ikki qavatli uylari ajralib turgan. Ammo faqat kambagʻal va qullar emas, oʻrta hol odamlar ham kichkina chaylasimon uylarda tiqilib yashashgan. Oddiy sopol idishlar, qamishdan toʻqilgan boʻyra deyarli butun uy anjomlarini tashkil qilgan. Uylar shahar devorlarining ichkarisida juda tor va tiqilinch qilib qurilgan. Shahar hududining toʻrtdan bir qismini ibodatxona va shoh saroyi egallagan. Shumerlarning liboslari jundan toʻqilgan qoʻpol mato — movutdan tikilgan choponga oʻxshash kiyim (yoki matoni tanaga oʻrab olgan) va belbogʻdan iborat boʻlgan. Mehnat qurollari dastaki soʻka, (tosh) qoʻl tegirmoni singari juda oddiy asboblardan iborat boʻlib, juda katta jismoniy kuch va ogʻir mehnat talab qilgan. Kishilarning dasturxoni ham ancha gʻarib boʻlgan, qul bir kunga bir kgga yaqin arpa doni olgan. Zodagonlarning dasturxoni ancha boy boʻlsa-da, ular ham bugʻdoy, non, baliq va qoʻy goʻshtini har kuni isteʼmol qilish imkoniyatiga ega boʻlmagan.

Shumerliklarning qayta tiklangan boʻyin va bosh taqinchogʻi. Britaniya muzeyi

Shumer shahar-davlatlarining siyosiy tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mil.avv. III  ming yillikda Shumer janubida 17 shahar — davlat iqtisodiyotining asosi sunʼiy sugʻorishga asoslangan dehqonchilik boʻlib, hunarmandchilik va savdo rivojlangan. Shahar-davlatlar oʻrtasida hududda yetakchilik uchun oʻzaro raqobat kuchli boʻlgan.  Mil.avv. III ming yillik boshlaridan shumerlar jezni oʻzlashtira  boshladilar. Arxeologlar shu davrdan Ilk sulola davrini (mil.avv.  3000—2300-yillar atrofi) belgilaydilar.

Shumer anʼanasiga koʻra,  mamlakat tarixi "toʻfon"gacha va „toʻfondan“ keyingi davrga  boʻlinadi. Haqiqatdan ham, mil.avv. 2900-yillar atrofida „toʻfon“,  yaʼni Dajla va Furot daryolarida katta toshqin yuz bergani Quyi  Mesopotamiyada olib borilgan arxeologik qazishmalar orqali oʻz  isbotini topdi. Bir-biriga yaqin joylashgan ikki-uch shahar kichik bir davlatni tashkil qilishi mumkin edi. Shumer tarixini u yoki bu markazning siyosiy yetakchiligiga qarab, mil.avv. III ming yillikning birinchi yarmi (Ilk sulola davri)ni uch bosqichga boʻlish  qabul qilingan. Bu davrda Kish shahri yuksalib, bu shahar-davlatda I Kish  sulolasi hukmronlik qilgan. Uning hokimlari orasida Shumer  afsonalari qahramonlaridan biri Etana koʻzga tashlanadi. Kishning qudrati juda uzoq vaqt xotirada qolib, keyinchalik koʻp  hokimlar „Kish lugali“ unvonga ega boʻlishga harakat qilganlar.  Bu unvonning egasi lugal — „yetakchi“ boʻlgan. Kishning hokimlaridan biri Etana (mil.avv. XXVIII asr) toʻgʻrisida epik rivoyat shakllanib, rivoyatda u ilohiy burgutda oʻzi uchun "tugʻilish maysasi"ga ega boʻlish va voris merosxoʻr olish uchun osmonga  xudolar oldiga koʻtariladi deb hikoya qilinadi (Ilk sulolaning I  bosqichi). Kishning zaiflashuvi Uruk shahar-davlatining yuksalishi bilan boshlangan. Mil.avv. 2600-yillar atrofida Kish shahrining  podshosi Aggi Uruk shahrining podshosi Gilgamesh (mashhur  doston qahramoni) tomonidan taxtdan tushiriladi. Gilgamesh butun Shumerni birlashtiradi. Rivoyatlarga koʻra, u xudoning  oʻgʻli boʻlib, oʻlimidan soʻng xudo sifatida ulugʻlangan (Ilk sulolaning II bosqichi). Ilk sulola davrining uchinchi bosqichi (mil.avv. 2550-yillar  atrofi)da Urukning yetakchiligi oʻrniga oʻzining shaxta (yerosti)  sagʻanalari bilan maʼlum boʻlgan Ur sulolasi keladi.

Gilgamesh haykali

Ur shahri  Janubiy Mesopotamiyada yetakchilik qila boshlaydi. Bu davrning yirik savdo-hunarmandchilik markazlaridan biri Eshnunna  shahri boʻldi. Ur shahrida podsho hokimiyati kuchaydi. Hukmdorlar uchun hashamatli sagʻanalar qurila boshladi. Vaqt oʻtishi bilan ziddiyatlar kuchayishi natijasida Ur zaiflashib, qoʻshni  Lagash shahri kuchayib ketdi. Lagash deyarli barcha Shumer shaharlarini boʻysundirib, Elam ustidan gʻalaba qozondi.  Lagash hokimi Eanatum (mil.avv. 2450—2425-yillar) Umma  shahri hokimi ustidan qozongan gʻalabasini „Kalxatlar lavhasi“  taxtasida aks ettirdi (Hozir Luvr muzeyida saqlanadi). Mil.avv.  XXIV asrda Lagash davlati hududi 2000-2500 kv.kmni, aholisi  150-200 ming kishini tashkil etgan. Lagashda ensi hokimiyati kuchayadi va u Lagash bosh xudosi Ningirsu ibodatxonasining bosh kohini boʻladi. Uning hokimiyati urugʻchilik munosabatlarining yemirilishi, savdo-hunarmandchilikning rivojlanishi natijasida shahar aholisining turli tabaqalari tomonidan  qoʻllab-quvvatlandi.  Ibodatxona xoʻjaliklariga ham soliq solinadi. Hunarmand  va jamoachilardan turli majburiyatlarni oʻtash talab qilinadi.  Daromad soligʻi koʻpayadi. Lagashda ijtimoiy ziddiyat kuchayadi. Yangi „ensi“ Urukagina ijtimoiy ziddiyatlarni boʻshashtirish uchun islohot oʻtkazdi. Oliy kohinlar soliqlardan ozod qilindi.  Ibodatxonalarning qaram kishilarga natural mahsulot toʻlovi miqdori oshirilib, ularning huquqlari kafolatlanadi. Aholidan olinadigan soliq-toʻlovlar bir qadar kamaytirildi. Urukagina  „Lugal“ unvonini qabul qiladi. Ammo ichki ziddiyatlar Lagashni zaiflashtirdi. Lagashning ichki qiyinchiliklaridan foydalangan Umma shahrining ensisi Lugalzagissi Uruk, Ur va Larsa shahar-davlatlarini bosib oldi. Kish shahri zabt etilishi bilan  Lugalzagissi butun Shumerda chorak asr yetakchilik mavqeiga ega boʻldi. Lugalzagissining davlat hududi Oʻrtayer dengizidan  Fors qoʻltigʻigacha (shumercha „Yuqori dengizdan to quyi dengizgacha“) choʻzilib ketdi[9].

Shumerlarda din va diniy tizim[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shumerlar dini — tabiiy politeizm, yerdagi hosildorlik va moʻl-koʻlchilikni taʼminlovchi koinotning buyuk kuchlariga sigʻinish. Shumerlarda shaharlarning homiy-xudolari bilan bir qatorda, ulardan yuqorida samoviy xudolar ham mavjud boʻlib, koʻpincha bu ikki sinfdagi xudolarning funksiyalari bir-birini takrorlaydi va, xatto aralashib ham ketadi. Odamlar — ilohiy irodani amalaga oshiruvchilar, bu iroda amalga oshirilishi uchun zarur boʻlgan maxsus asbob boʻlgan, xolos. Ularning vazifasi yerda samarali hayotni taʼminlovchi buyruqning soʻzsiz tatbiq qilinishini taʼminlashdan iborat boʻlgan. Buni amalga oshirish uchun har bir kishi oʻzining homiy-xudosiga ega boʻlgan. Shu tariqa, qadimgi inson har bir kishining bir nechta homiy xudolari-boʻlishiga ishonilgan. Bu xudolar oʻz mohiyatiga koʻra, „muhim hodisaning — shaxs oʻzligini idrok qilishining muayyan psixologik jihatlari individuallashgan va miflashgan holda namoyon boʻlishi edi[10]. Shaxsiy homiy-xudolarning paydo boʻlishi va rivojlanish fenomeni soʻzsiz qadimgi dunyo kishisining ongi, oʻzini individual shaxs sifatida anglash jarayoni oʻsganligidan dalolat beradi.

Xudolarning eng buyugi Anu - osmon xudosi hisoblanadi va butun koʻrinib turgan olamga hukmronlik qiladi. Osmon va yer oʻrtasidagi boʻshliq, havo Enlilning — shamol va momaqaldiroqlar hukmdorining ixtiyorida; u Nippurdagi ibodatxonadan turib shaharlarning homiy xudolariga rahbarlik qiladi. Yer Enki xudosining mulki hisoblanadi. Mana shu uchta xudo — Anu, Enlil va Enki samoviy uchlikni tashkil qiladi. Vaqt oʻtishi bilan Enki Ea — „suv uyi“ nomi bilan taniladi, chunki yer — kanallar, daryo va dengizlarni hayotiy namlik bilan taʼminlovchi manba hisoblangan. Xudolarning ikkinchi uchligini nurlari yerdagi hayotni boshqaruvchi, koinot jismlariga egalik qiluvchi xudolar — Oy (Nannar), Quyosh (Utu) va tong yulduzi Zuhra (Inanna) tashkil qiladi.

Aslida xudolar shumerlarda tabiatning kuchlari va ofatlarini aks ettirsa-da, yodgorliklar va yozuvlarda ularga insoniy qiyofa baxsh etishgan[11].

Shumerlarning diniy tizimida xudolardan pastda iblislar joylashadi. Ibodatxonalar, uylar va odamlarga homiylik qiluvchi yaxshi iblislar ham mavjud, ammo koʻpchilik hollarda iblislar yovuz va badjahl, qorongʻi va boʻm-boʻsh turbatlarda yashovchi arvohlar boʻlib, yerga qoʻrqinch va azob olib keladi. ular ichida eng qoʻrqinchlilari — ochkoʻz makkor yetti Uduglar. Ularni faqat afsungarlik va jodu ilmiga ega boʻlgan kohinlar yengishi mumkin boʻlgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Badanin M.A. Drevnie sivilizatsii i proroki. https://padabum/com/d.php?id=12067[sayt ishlamaydi]. -C.28-30.
  2. Yemelyanov V.V Drevniy Shumer. Ocherki kulturi. https://www.twirpx.com/file/294653/[sayt ishlamaydi]. -C. 17-19.
  3. Mingazov Sh. Etruski i tyurki. https://kitap.net.ru/mingazov/etruski.php (Wayback Machine saytida 7-iyul 2022-yil sanasida arxivlangan).
  4. Albert Olmsted. Istoriya Persidskoy imperii. -C. 9.
  5. Semyuel Kramer. Shumeri. Pervaya sivilizatsiya na Zemle. http://bookz.ru/authors/samuel-kramer/6umeri-177.html[sayt ishlamaydi]. -C. 25-26.
  6. 6,0 6,1 Genri Saggs. Velichie Vavilona. Istoriya drevney sivilizatsii Dvurechya. http://bookz.ru/authors/genri-saggs/veli4ie-630.html[sayt ishlamaydi]. -C. 7.
  7. Moskati Sabatino. Tsivilizatsiya Drevnogo Vostoka. -M.: ZAO Izdatelstvo Tsentrpoligraf, 2010. -S. 27.
  8. Shuhrat Ergashev. Qadimgi sivilizatsiyalar. -T.: Oʻzbekiston. 2016. B. 17-18.
  9. Rajabov Ravshan. Jahon tarixi. -T.: Yangi asr avlodi. 2015. B. 94-96
  10. Oppenxeym A.A. Drevnyaya Mesopotamiya. Portret pogibshey sivilizatsii. -C. 203.
  11. Eliade Mircha. Istoriya veri i religioznix idey. V 3-t. Tom I: ot kamennogo veka do elevsinskix misteriy. -S. 76-77.

Shuningdek qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

• Антонова Е. В. Месопотамия на пути к первым государствам. — М.: Изд. фирма «Восточная литература» РАН, 1998. — 224 с.: ил. — ISBN 5-02-017934-5.
• Бадер Н. О. Древнейшие земледельцы Северной Месопотамии. Исследования советской археологической экспедиции в Ираке на поселениях Телль Мацалия, Телль Сотто, Кюльтепе. — М.: Наука, Главная редакция восточной литературы, 1989. — 368 с.: ил. — ISBN 5-02-009429-3.
• Бардески Кьяра Децци. Месопотамия. Колыбель человечества / Пер. Т. Н. Григорьевой. — М.: Ниола-Пресс, 2008. — 128 с. — (Тайны истории). — ISBN 978-5-366-00327-8.
• Белицкий Мариан. Забытый мир шумеров / Пер. с пол. Д. С. Гальпериной. — М.: Наука, 1980. — 398 с.: ил. — (По следам исчезнувших культур Востока).
• Бибби Джеффри. В поисках Дильмуна / Пер. с англ. Н. Елисеева. — М.: Наука, Главная редакция восточной литературы, 1984. — 369 с.: ил. — (По следам исчезнувших культур Востока).
• Боттеро Жан, Отто Дитц, Фалькенштайн Адам, Веркуттер Жан. Ранние цивилизации Ближнего Востока. История возникновения и развития древнейших государств на земле / Пер. с англ. А. Б. Давыдовой, С. В. Иванова. — М.: ЗАО «Центрполиграф», 2021. — 447 с.: ил. — ISBN 978-5-9524-5492-7.
• Вулли Леонард. Ур халдеев / Пер. с англ. Ф. Л. Мендельсона. — М.: Изд-во восточной литературы, 1961. — 256 с.: ил. — (По следам исчезнувших культур Востока).
• Гласснер Жан-Жак. Месопотамия / Пер. с франц. Л. С. Самуйлова. — М.: Вече, 2012. — 464 с. — (Гиды цивилизаций). — ISBN 978-5-9533-3403-7.
• Гуляев В. И. Шумер. Вавилон. Ассирия: 5000 лет истории. — М.: Алетейа, 2004. — 440 с. — (Сокровенная история цивилизаций). — ISBN 5-89321-112-X.
• Дьяконов И. М. О площади и составе населения шумерского «города-государства» // Вестник древней истории. — 1950. — № 2. — С. 77—93.
• Дьяконов И. М. Люди города Ура. Материалы и исследования. — М.: Наука, Главная редакция восточной литературы, 1990. — 430 с. — (Культура народов Востока).
• Заблоцка Юлия. История Ближнего Востока в древности. От первых поселений до персидского завоевания / Пер. с пол. Д. С. Гальпериной. Под ред. В. А. Якобсона. — М.: Наука, Главная редакция восточной литературы, 1989. — 416 с. — (По следам исчезнувших культур Востока).
• Кленгель-Брандт Эвелин. Путешествие в древний Вавилон / Пер. с нем. Б. С. Святского. — М.: Наука, Главная редакция восточной литературы, 1979. — 260 с.: ил. — (По следам исчезнувших культур Востока).
• Кленгель-Брандт Эвелин. Вавилонская башня. Легенда и история / Пер. с нем. И. М. Дунаевской. — М.: Наука, Главная редакция восточной литературы, 1991. — 160 с.: ил. — (По следам исчезнувших культур Востока).
• Кривачек Пол. Вавилон. Месопотамия и рождение цивилизации. MV-DCC до н. э. / Пер. Л. А. Карповой.— М.: ЗАО «Центрполиграф», 2015. — 352 с.: ил. — (Memorialis). — ISBN 978-5-227-06261-1.
• Куртик Г. Е. Звёздное небо древней Месопотамии. Шумеро-аккадские названия созвездий и других светил. — СПб.: Алетейя, 2007. — 744 с.: ил.
• Кьера Эдвард. Они писали на глине. Рассказывают вавилонские таблички. — М.: Наука, Главная редакция восточной литературы, 1984. — 136 с.: ил. — (По следам исчезнувших культур Востока).
• Ламберг-Карловски К., Саблов Дж. Древние цивилизации. Ближний Восток и Мезоамерика / Пер. с англ. А. А. Пономаренко, И. С. Клочкова. — М.: Наука, Главная редакция восточной литературы, 1992. — 368 с., ил. — (По следам исчезнувших культур Востока).
• Ллойд Сетон. Реки-близнецы. — М.: Наука, Главная редакция восточной литературы, 1972. — 240 с.: ил. — (По следам исчезнувших культур Востока).
• Ллойд Сетон. Археология Месопотамии. От древнекаменного века до персидского завоевания. — М.: Наука, Главная редакция восточной литературы, 1984. — 280 с.: ил. — (По следам исчезнувших культур Востока).
• Нуреев Р. М. Древний Шумер: учёт как основа организации государственного хозяйства // Всемирная история экономической мысли: В 6 томах / Гл. ред. В. Н. Черковец. — М.: Мысль, 1987. — 606 с. — Т. I. От зарождения экономической мысли до первых теоретических систем политической жизни. — С. 50—53. — ISBN 5-244-00038-1.
• Флиттнер Н. Д. Культура и искусство Двуречья и соседних стран / Под ред. И. М. Дьяконова. — М.;Л.: Искусство, 1958. — 300 с.: ил.
• Церен Эрих. Лунный бог / Пер. с нем. Б. Д. Каллистова. Под ред. А. А. Нейхардта. — М.: Наука, Главная редакция восточной литературы, 1976. — 382 с.: ил. — (По следам исчезнувших культур Востока).
• Церен Эрих. Библейские холмы / Пер. с нем. Н. В. Шафранской. — М.: Наука, Главная редакция восточной литературы, 1966. — 480 с.: ил.
• Чабб Мэри. Город в песках / Пер. с англ. Н. Г. Коваленской. — М.: Наука, Главная редакция восточной литературы, 1965. — 96 с.: ил. — (По следам исчезнувших культур Востока).
• Шумер: города Эдема / Пер. с англ. В. Хренова. — М.: Терра, 1997. — 168 с.: ил. — (Энциклопедия «Исчезнувшие цивилизации»). — ISBN 5-300-01059-6.
• Якобсен Торкильд. Сокровища тьмы. История месопотамской религии. — М.: Изд. фирма «Восточная литература», 1995. — 293 с. — (По следам исчезнувших культур Востока). — ISBN 5-02-016601-4 / 5020166014.
• Ascalone, Enrico. 2007. Mesopotamia: Assyrians, Sumerians, Babylonians (Dictionaries of Civilizations; 1). Berkeley: University of California Press. ISBN 0-520-25266-7 (paperback).
• Bottéro, Jean, André Finet, Bertrand Lafont, and George Roux. 2001. Everyday Life in Ancient Mesopotamia. Edingurgh: Edinburgh University Press, Baltimore: Johns Hopkins University Press.
• Crawford, Harriet E. W. 2004. Sumer and the Sumerians. Cambridge: Cambridge University Press.
• Leick, Gwendolyn. 2002. Mesopotamia: Invention of the City. London and New York: Penguin.
• Lloyd, Seton. 1978. The Archaeology of Mesopotamia: From the Old Stone Age to the Persian Conquest. London: Thames and Hudson.
• Nemet-Nejat, Karen Rhea. 1998. Daily Life in Ancient Mesopotamia. London and Westport, Conn.: Greenwood Press.
• Kramer, Samuel Noah. The Sumerians: Their History, Culture and Character (англ.). — University of Chicago Press, 1963. — ISBN 0-226-45238-7.
• Kramer, Samuel Noah. Sumerian Mythology: A Study of Spiritual and Literary Achievement in the Third Millennium BC.
• Roux, Georges. 1992. Ancient Iraq, 560 pages. London: Penguin (earlier printings may have different pagination: 1966, 480 pages, Pelican; 1964, 431 pages, London: Allen and Urwin).
• Schomp, Virginia. Ancient Mesopotamia: The Sumerians, Babylonians, And Assyrians.
• Sumer: Cities of Eden (Timelife Lost Civilizations). Alexandria, VA: Time-Life Books, 1993 (hardcover, ISBN 0-8094-9887-1).
• Woolley, C. Leonard. 1929. The Sumerians. Oxford: Clarendon Press.