Kontent qismiga oʻtish

Qangʻli

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Qanglidan yoʻnaltirildi)

Qangʻli (Qangli, Qangqali) — turkiy xalqlar tarkibidagi bir guruh qabilalarning umumiy nomi.

Qangʻlilar oʻzbeklarning 92 urugʻi tarkibida ham uchraydi. Chingizxon istilosiga qadar qangʻlilar Ural togʻidan gʻarbda, Emba va Ural daryolari oraligʻida joylashgan hududda yashaganlar. Mahmud Qoshgʻariyning "Devonu lugʻotit turk" asari va X asrgacha yozilgan Xitoy manbalarida, jumladan, milodiy II—IX asrlarda mavjud boʻlgan turkiy qabilalar orasida qangʻli atamasi uchramaydi. Bu atamani ilk bor Yuan sulolasi tarixida (Yuan shida) uchratish mumkin (XIII asr). Unda qangʻlilar Xan davridagi (m. a. II asr — II asrlar) gavchelar deb qayd etilgan. Vey sulolasi tarixida ("Vey shu") milodiy III—V asrlarda gavchelar ("bosh qashkir" maʼnosida) 2 qismga boʻlingani aytilgan. Ulardan biri di (qadimgi oʻqilishda diyek, yaʼni turk), byaoxe (uygʻur), xolyu (xogursu), xopi (xipni, chibni), xugu (qirgʻiz), biqitszin (iltekin) kabi 6 qabiladan, 2 tasi chifuli (chipli), tulu (tur), ichjan (iljon, ilxon), dalyan (tarlon), kuxe (qugʻa), dabogan (tarbakan, davgan), alun (oyrun), moyen (muyen, bayon), sifen (irkin), fufulo (boʻrkli), chiyun (qiyun, kiyen) va yushupi (yusib, yushib) kabi 12 qabiladan iborat boʻlgan. Baʼzan gaochelar sharqiy turklar yoki uygʻur deb ham atalgan.

Ayrim olimlar qangʻarlar Qangʻ davlati (Qangkiya) hududida yashagan xalq, X—XII asrlarda Markaziy Osiyoda paydo boʻlgan Qangʻlilar ana shu oʻtmishdagi qangkiyalarning avlodidir deb hisoblaydilar. Ammo Xitoy manbalarida Qangʻ davlati aholisi qangʻli yoki qangʻar deb atalgani haqida maʼlumot uchramaydi. Manbalarga koʻra, Uygʻur xoqonligi yemirilgach, gaochelarninh (uygʻurlarning) katta bir qismi Moʻgʻuliston va Sharqiy Turkiston hududidan hozirgi Markaziy Osiyo davlatlari va ularning gʻarbidagi yerlarga koʻchib kelgan.

XI asrda qangʻlilarning koʻpchiligi Kichik Osiyo, Bolgariya va Vengriya yerlariga oʻtib, mahalliy aholiga, ayrim guruhlari Volga boʻylarida qolib boshqird, tatar xalqlariga qoʻshilib ketgan. Qangʻlining boshqa bir qismi esa Talas va Chu daryolari vodiysiga hamda Balxash koʻlining janubi-gʻarbiy sohillariga oʻrnashganlar. XI—XII asrlarda qangʻlining katta guruhi Sirdaryo boʻylariga qaytib kelgan. Xorazmshohlar davlati harbiy qoʻshinida qangʻlilar katta nufuzga ega boʻlgan. Xorazmshohlar davlatining ichki siyosatida faol ishtirok etishgan. Qangʻli yarim oʻtroq holda yashab dehqonchilik va chorvachilik bilan shugʻullanishgan. Ular bir necha urugʻlarga boʻlingan: sari, qora, qizil, bobo, oltmish, boʻka qangʻlilar va boshqalar. XIX asr oxiri — XX asr boshlarida qangʻlidan 23 ming kishi Oʻzbekiston hududida (hozirgi Jizzax va Zominda 15,7 ming kishi, Jomboy va Ishtixonda 10,5 ming kishi, Gʻallaorolda 8,6 ming kishi, Xatirchida 3,6 ming kishi, Fargʻona viloyatida 8,8 ming kishi, Namangan viloyatida 14,2 ming kishi, Andijonda 13,7 ming kishi, Dardoq shaharchasida esa 7 ming kishiga yetadi. 2013-yilgi malumotga koʻra, Toshkent vohasida 3 ming kishi, Qoraqalpogʻiston va Xorazmda 2,8 ming kishi yashagan. Qangʻli Markaziy Osiyo xalqlari tarkibiga singib ketgan.

  • Shoniyozov K., Qangʻ davlati va qangʻlilar, T., 1990.