Kontent qismiga oʻtish

Javohirlar

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Qimmatbaho Toshlardan yoʻnaltirildi)

Javohirlar, qimmatbaho toshlar — qimmatbaho bezak buyumlari tayyorlash uchun ishlatiladigan oʻziga xos xususiyatli minerallar. Javohirlar chiroyliligi, rangining tiniqligi va bir xilligi, yaltiroqligi, jilolanishi, qattiqligi, qirralash mumkinligi kabi xususiyatlari bilan qadrlanadi. Sunʼiy usulda qirralangan, tarashlangan va sayqal berilgan olmos gavhar deyiladi. Javohirlar shartli ravishda 4 sinfga boʻlinadi: 1-sinf — olmos, yoqut, sapfir, zumrad; 2-sinf — aleksandrit, sapfirning turli ranglilari, asl qora opal, asl jadeit; 3-sinf — demantoid, shpinel, asl oq va olov rang opal, akvamarin, topaz, turmalin; 4-sinf — xrizolit, sirkon, kunsit, oytosh, quyosh toshi, sariq, yashil va pushti rang berill, pirop, almandin, feruza, ametist (safsar), xrizopraz, sitrin. Javohirlarning baʼzilari, maye, olmos, zumrad, yoqut va boshqa sunʼiy yoʻl bilan ham olinadi. Shpinel va korundning tarkibiga boshqa kimyoviy elementlar aralashmalari (xrom, titan, vanadiy, temir va boshqalar)ni qoʻshish yoʻli bilan "ametist", "aleksandrit", "akvamarin" olinadi. Deyarli barcha javohirlarni sunʼiy yoʻl bilan olish mumkin.

Javohirlar odamzodga juda qadim zamonlardan maʼlum. Qadimda tabiiy olmosniqirralash bilan birinchi marta Sharq mamlakatlarida, asosan Hindistonda shugʻullanilgan. Bundan 4000-yil ilgari Xitoyda nefritdan har xil buyum (pichoq, bolta va boshqalar) va bezaklar yasashgan.

Yoqut, laʼl, feruza, nefrit, aqiq, zumrad, gavhar kabi javohirlar Oʻrta Osiyoda uzoq, tarixga ega. Ular Samarqand, Buxoro, Xorazm va boshqa shahar bozorlarida 67-asrlardayoq koʻplab sotilgan. Oʻrta asr Sharq meʼmorligida devor va maqbaralarni qimmatbaho tosh boʻlaklari va taxtachalari bilan bezash urf boʻlgan.

Buyuk olim Beruniy ham javohirlarning paydo boʻlishi, ularning fizik, kimyoviy xossalari hamda ishlatilish tarixiga oid tadqiqotlar oʻtkazgan. Tekshirish natijalarini oʻzining "Kitob ul-Jamohir fi Maʼrifat al-Javohir" ("Mineralogiya") kitobida bayon qilgan.

Yevropada ilk oʻrta asrlarda qimmatbaho va ziynat toshlariga sayqal berish faqatgina javohirlarni qayta ishlash jarayonida ularning tabiiy qirralarini saqlab qolish va tozalash, kristallarni tog jinslaridan ajratib olishdan iborat boʻlgan. 1456-yilda gollandiyalik Lodeveyk van Berkem olmosni qirralashda olmos kukunidan foydalangan, shundan keyin bu usul boshqa qattiq toshlarni qirralashda keng qoʻllanila boshlagan. 1725-yilda Sankt-Peterburgda Pyotr I koʻrsatmasiga binoan birinchi marta "olmos tegirmoni" — jilolash fabrikasi ochilgan. Unda dastlab faqat qimmatbaho toshlar qirralangan, keyinchalik bezak toshlariga ham jilo bera boshlaganlar.

Javohirlar tabiatda turli jarayonlarda: 1) magniy va temirga boy magmalarning kristallanishi jarayonida (olmos va pirop); 2) granitli pegmatitlarning kristallanishi natijasida (zumrad, akvamarin, sirkon, topaz, turmalin, amazonit); 3) minerallashgan eritmalarning kristallanishidan (opal, billur, ametist, feruza, agat, malaxit); 4) metamorfizm jarayonida (yoqut, sapfir, shpinel, lojuvard, granatlar) hosil boʻladi.

Javohirlar konlari dunyoda koʻp, ammo konlar bir xil tarqalmagan. Janubiy Afrika va Madagaskar orollarida (olmos, zumrad, berill, akvamarin, turmalin, billur, topaz, pirop va boshqalar), Janubiy Amerika, asosan Braziliya va Kolumbiyada (zumrad, berill, olmos, turmalin va boshqalar) koʻplab qazib olinadi. Osiyo mamlakatlarida nefrit (Xitoy), feruza va lazurit (Eron, Afgʻoniston), yoqut, shpinel, sirkon, jadeit, almandin (Hindiston, Shri Lanka, Tailand), olmos, zumrad, malaxit, topaz, ametist, turmalin (RF) konlari mavjud. Oʻrta Osiyo qadimdan oʻzining feruza, yoqut, billur, marmar oniksi bilan mashhur. Oʻzbekistonda malaxit (Piskom togʻi), feruza (Qizilqum, Sulton Uvays, Qurama togʻi), rodonit (Qurama, Sulton Uvays), ametist (Piskom, Qurama togʻi) mavjud, ayniqsa feruza qadimdan qazib olinadi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil