Kontent qismiga oʻtish

Qorakamar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qorakamar — Surxondaryo viloyatidagi Kalif-Sherobod qator tepaliklarida joylashgan tosh davri makoni. 1875 yilda N. A. Mayev tomonidan tekshirilgan. Q.ning 3 ta gʻoridan odamlar, otlar va itlarning qoʻpol chizilgan tasviri topilgan. N. A. Mayevning taxminicha, bu tasvirlar choʻponlar tomonidan chizilgan. Keyinchalik 1940-yilda Surxondaryo viloyati oʻlkashunoslik muzeyi (rahbari G. V. Parfenov) tomonidan tekshirilgan. Tekshirishlar natijasida bu yerda budda monastiri boʻlgani, u Eski Termizdagi Qoratepaga oʻxshash ekanligi aniqlangan. 1987—88 yillarda Oʻzbekiston sanʼatshunoslik ekspeditsiyasi va Surxondaryo viloyati oʻlkashunoslik muzeyi tomonidan mukammal tekshirilgan. Q. gʻor majmuasi P shaklidagi may-dondan (55x36) iborat, bir tomoni ochiq, qolgan tomonlari tuproq bilan oʻralgan, unda 2 yarus (qavat)da gʻorlar joylashgan. Pastki qavatda 3 ta gʻor (uz. 10-12 m, kengligi 4-6 m, balandligi 4 m yaqin). 2-qavatda uncha katta boʻlmagan sunʼiy gʻorlar joylashgan. Unda hayvonlar, yaʼni 2 oʻrkachli tuyalar, qush, inson kafti, qilichlar, maxsus belgi — tamgʻa, devorga yozilgan 12, 15, 16-asrlarga oid arab yozuvlari bor. Q.da baqtriy, yunon va rim yozuvlari ham topilgan.