Kontent qismiga oʻtish

Romitan tuman tarixi muzeyi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Romitan tuman tarixi muzeyi
[[Fayl: |250px]]
Romitan tuman tarixi muzeyi
Asos solingan sanasi 1983-yil
Manzili Romitan tumani
Sayti https://www.bukharamuseums.uz


Romitan tuman tarixi muzeyi — Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi tarkibidagi muzey. Mazkur muzey Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi tarkibida 1983-yilda tashkil etilgan. Muzey Buxoro viloyati, Romitan tumani Muhammad Samosiy koʻchasida joylashgan.

Romitan tuman tarixi muzeyi OʻzSSR Ministrlar Sovetining 1983-yil 16-maydagi „Buxoro davlat tarixiy meʼmorchilik muzey-qoʻriqxonasini tashkil etish toʻgʻrisida“gi № 308 qarori asosida qoʻriqxona tarkibiga kiritilgan. Muzey ekspozitsiyasining tuzilishi: mustaqillik tarixi koʻrgazmasi, arxeologiya boʻlimi, Romitan tuman tarixi, etnografiya boʻlimi, qishloq xoʻjaligi boʻlimi, tabiat boʻlimi ekspozitsiyalaridan iborat[1]. Mustaqillik tarixi koʻrgazmasida Romitan tumani xaritasi, tumanda faoliyat yuritayotgan partiyalar logotip va ashyolari, qoʻshma korxonalar mahsulotlaridan namunalar, sud va qonunchilik tizimidagi oʻzgarishlar, tuman hayvonot va nabotot olamiga tegishli eksponatlar, hunarmandchilik mahsulotlari namunalari va hokazolar koʻrgazmaga qoʻyilgan. Arxeologiya boʻlimi koʻrgazmasida Romitan tumanida joylashgan koʻplab tarixiy va arxeologik yodgorliklar jumladan, qadimiy manzilgohlar sirasiga kiruvchi Uchkuloh, Varaxsha, Romishtepa, Setalaktepa singari manzilgohlar haqida eksponatlar mavjud. Romitan tumanida joylashgan ushbu manzilgohlardan topilgan arxeologik topilmalarga qarab, oʻtmishda voha aholisining ijtimoiy-iqtisodiy, savdo va madaniy aloqalari haqida tasavvur hosil qilish mumkin. Ekspozitsiyaning ushbu qismida tumanda joylashgan qadimgi manzilgohlarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida topilgan turli xildagi arxeologik topilmalar namoyish etiladi. Romitan tuman tarixi deb nomlangan koʻrgazmasida Romitan tumanining Buxoro vohasi tarixida tutgan o‘rni va Romitanda faoliyat yuritgan buyuk shaxslar va allomalar Xo‘ja Ubbon, Xo‘ja Za’faron, Xo‘ja Ali Romitaniy, Boboyi Samosiy, Hakim Mullo Mir kabilarning dunyoviy va diniy ilmlarga qo‘shgan hissasi haqida eksponatlar mavjud. Ekspozitsiyaning bu qismida xaritalar, fotosuratlar, muzey eksponatlari, buyuk shaxslarning obod etilgan ziyoratgohlari, Naqshbandiya tariqatiga tegishli buyumlar va boshqa yordamchi materiallardan foydalanilgan. Etnografiya boʻlimida esa tuman aholisi etnografiyasi haqida eksponatlar oʻrin olgan. Muzeyning qishloq xoʻjaligi va tabiat boʻlimida ham eksponatlar mavjud[2].

  1. Ernazarov E. Buxoro davlat meʼmoriy-badiiy muzey-qoʻriqxonasi (ўзбек, рус ва инглиз тилларида). SM Print: Toshkent, 2004 — 223-bet. 
  2. Арсланова Ф, Алиев Р. Музеи древней Бухары (ўзбек, рус ва инглиз тилларида). Бухоро нашриёти: Бухоро, 2015 — 96-bet. 

.