Kontent qismiga oʻtish

Shinjon-Uygʻur muxtor rayoni

Koordinatalari: 43°49′31″N 87°36′50″E / 43.82528°N 87.61389°E / 43.82528; 87.61389
Vikipediya, erkin ensiklopediya
Shinjon-Uygʻur muxtor rayoni
uygʻurcha: شىنجاڭ ئۇيغۇر ئاپتونوم رايونى
Xit. 新疆维吾尔自治区
Muxtor rayon
Maʼmuriy markazi Urumchi
Yirik shahari Urumchi
Asos solingan sanasi 1955-yil
Gubernator Shuhrat Zokir
XKP kotibi Chjan Chunsyan
YAIM 220 mlrd yuan  (25-oʻrin)
Aholi (2010) 21 813 334 (26-oʻrin)
Zichligi 12,51 kishi./km²
Maydoni 1 664 897.17[1] km² (1-oʻrin)
Vaqt mintaqasi UTC+8
Kod ISO 3166-2 CN-65
Rasmiy sayti http://www.xinjiang.gov.cn/
Xaritada
Shinjon-Uygʻur muxtor rayoni xaritada
43°49′31″N 87°36′50″E / 43.82528°N 87.61389°E / 43.82528; 87.61389

Uyg'uriston, — XXRning shimoli-gʻarbiy qismidagi turkiy davlat (1-oktabr 1955-yilda rasmiy tashkil etilgan). Tarixiy manbalarda Sharqiy Turkiston, Doʻgʻi Turkiston; Xitoy adabiyotlarida Sinszyan (1760-yildan), 14-asrga oid hujjatlarda va 16—17-asrlarga oid fors tilidagi qoʻlyozmalarda Uygʻuriya, Uygʻuriston deb nomlangan. Muxtor rayon Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Rossiya, Mongoliya, Afgʻoniston, Hindiston bilan chegaradosh. Maydoni 1664897.17 km2. Aholisi (rasmiy maʼlumotlarga koʻra) 21,813,334 kishi (2010). Aholisi, asosan, Tarimdagi vohalarda va Jungʻariyadagi daryo vodiylarida joylashgan Qashqar, Xoʻtan, Yorkend, Oqsu, Kuchar, Gʻulja shaharlari va ular atrofidagi viloyatlarda istiqomat qiladi. Bosh shahri — Urumchi.

Tyanchi koʻli

Yer yuzasining koʻp qismi Jungʻariya tekisligi va Qashqar tekisligi (Tarim botigʻi) bilan band. Qashqar tekisligining markazini Taklamakon choʻli egallagan. Sharqiy Tyanshan (Tangritog) togʻlari (balandligi 7000 m dan ziyod) Jungʻariya va Qashqar tekisliklarini ajratib turadi. Muxtor rayonning shimolqa Mongoliya Oltoyi, janubida Kunlunning shimoliy tizmalari, janubi-gʻarbida Qoraqurum togʻlari (Chogori choʻqqisi 8611 m) joylashgan. Sharqiy Tyanshan tizmalari orasida Markaziy Osiyoning eng past yeri — Turfon botigʻi (—154 m) joylashgan. Iqlimi quruq, keskin kontinental, tekisliklarda iyulning oʻrtacha harorati 20—25 °C, qishi sovuq, qorsiz. Urumchida yanvarning oʻrtacha harorati —15 °C, eng past harorat —40 °C. Yillik yogʻin tekisliklarda 200 mm dan togʻlarda 800 mm gacha. Yirik daryolari: Tarim, Ili, Irtishning yuqori oqimi, Urungʻu va Manas. Yirik koʻllari — Lobnor, Obi-Nur, Bagʻroshkoʻl, Ulungu, Bogdo va boshqalar. Tuprogʻi boʻzqoʻngʻir, choʻl tuprogʻi. Chala choʻl va choʻl oʻsimliklari oʻsadi. Togʻ etaklari dasht. Togʻlarda balandlik mintaqalari mavjud. Baland tizmalarda qor va muzliklar bor.

2010-yilgi maʼlumotga qaraganda, Shinjon-Uygʻur muxtor rayoni aholisi 21,813,334 kishini tashkil qildi. Sinszyanda 47 millat vakillari bor, shulardan aholining salmoqli qismini — uygʻurlar, Xitoylar (xan), qozoqlar, dunganlar (xuey), moʻgʻullar, chaxar-moʻgʻullari, qirgʻizlar, oʻzbeklar va boshqalar[2].

SUMR tillari
80 % uygʻurlar Shinjon-Uygʻur muxtor rayonining janubi-gʻarbiy qismida yashashadi.[3] Qozoqlarning asosiy qismi Sinszyanning shimoliy qismida istiqomat qilishadi; xitoylar esa SUMR markaziy va sharqiy qismining asosiy qismini tashkil qiladi.
Urumchi panoramasi
Sinszyanning milliy tarkibi, 2000-yil
Aholi Soni % umumiy qiymati
uygʻurlar 28 345 622 3 45,21
Xitoylar 27 489 919 3 40,58
qozoqlar 21 245 023 4 6,74
dunganlar 3 839 837 4 4,55
qirgʻizlar 3 158 775 4 0,86
moʻgʻullar va qalmoqlar, dunsyan, daurlar 3 194 891 4 1,14
tojiklar 4 39 493 4 0,21
sibo 4 34 566 4 0,19
manjurlar 4 19 493 4 0,11
tutsziya 4 15 787 4 0,086
oʻzbeklar 4 12 096 4 0,066
ruslar 5 8 935 4 0,048
myao 5 7 006 4 0,038
tibetlar 5 6 153 4 0,033
zhuanglar 5 5 642 4 0,031
tatarlar 5 4 501 4 0,024
salorlar 5 3 762 4 0,020

Xoʻjaligida yetakchi tarmoq — qishloq xoʻjaligi ishlanadigan yerlar maydoni hududining 2 % ni tashkil qiladi. Jami ekin maydonining yarmiga bugʻdoy, makkajoʻxori va sholi, qolgan qismiga paxta, indov va boshqa ekinlar ekiladi. Rayonning shimoliy qismida chorvachilik rivojlangan. Qadimdan ipakchilik bilan shugʻullaniladi. Foydali qazilmalardan neft, koʻmir, nodir metallarga boy. Temir rudasi, grafit, nefrit, uran, simob, oltin konlari topilgan.

Neftni qayta ishlash, metallurgiya, mashinasozlik, kimyo, toʻqimachilik sanoati korxonalari bor. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Hunarmandchilik rivojlangan: gazlama, shoyi va gilam toʻqish, metall, koʻn va charmdan turli buyumlar tayyorlash, qogʻoz ishlab chiqarish bilan shugʻullaniladi. Hudud Xitoyning neft va kimyo sanoatlarining yirik bazasiga aylanib bormoqda. Sanoatining rivojlanishiga yoʻl qurilishi ishlari ham oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda. Sharqiy Tyan-shan boʻylab qurilgan temir yoʻl Shinjon-Uygʻur muxtor rayonini sharqsa Xitoyning ichki hududlari va Vyetnam bilan, gʻarbda Qozogʻiston orqali Rossiya bilan, Oʻzbekiston, Turkmaniston orqali Eron va Yevropa bilan bogʻlab turadi. Hozirda temir yoʻl Turfondan Qashkergacha olib borilgan. Xalqaro shosse yoʻllar ham qurilgan.

Osiyoning qadimgi mashhur Buyuk ipak yoʻli shu joydan oʻtganligi sababli uning madaniyati rivojiga samarali taʼsir koʻrsatgan. Shimolda Turfon, Qorashahar, Qashqar, janubda Miran, Xoʻtan, Yorkend shaharlari vujudga kelib, oʻlka Gʻarb bilan Sharq madaniyati oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtadi. Shimoliy shaharlarda qadimgi madaniyat yodgorliklari ham saqlangan. Mil. av. 1-asrda Hindiston taʼsirida budda dini tarqalib, serhasham tosh ibodatxonalar qurilgan. Xalq amaliy sanʼati asarlarida Oltoy, Sibir xalqlari madaniyatining taʼsiri koʻzga tashlanadi. Qadimgi (3-asr) rassomlik sanʼati asarlari — devoriy rasmlarda hind va sugʻdiylar madaniyati taʼsiri sezilarli. Bu rasmlar texnikasi va uslubi jihatdan Oʻrta Osiyodan topilgan devoriy rasmlarga ancha oʻxshaydi. 6—7-asrlar sanʼatida sugʻdiylar sanʼatining taʼsiri kuchli. Islom dini tarqalgan joylarda masjid va maqbaralar qurilgan. 10—11-asrlarda ipak matoga, qogʻozga rasm ishlash, kitob miniatyurasi rivoj topgan. 13—14-asrlarda shahar ansambllari, serhasham saroylar (Yorkenddagi Xon saroyi va Omonnisaxon maqbarasi, Qashqardagi xon oʻrdasi, Hayitgoh majmuasi, Ofoqxoʻja maqbarasi va boshqalar) qurilgan. Ularda Oʻrta Osiyo meʼmorligi taʼsiri koʻzga tashlanadi.

Oʻlka adabiyoti uzoq tarixga ega, biroq adabiy meroslarning aksari qismi saqlanmagan. Hududda 24 xil yozuvda va 17 xil tilda qoʻlyozmalarning topilishi bu yerdagi adabiy jarayon turli madaniyatlar taʼsirida boʻlganligini koʻrsatadi. 10-asrda arab alifbosi joriy etilishi bilan islom madaniyati taʼsiri kuchaygan. Qoraxoniylar davrida fan va adabiyot sohasida bir qancha yutuklarga erishiddi. Bunda Qoshgʻariy, Yusuf Xos Hojib, Yugnakiy va boshqalarning hissasi koʻp boʻldi. 9-asrdan ovozsiz teatr (pantamimo), raqsli teatr, ibtidoiy drama teatrlari tuzildi, ular uchun sahna asarlari yozildi. Ularda mahalliy xalqning tarixi, madaniyati, urf-odati, axloq va boshqa masalalar yoritildi. Hikoya, sheʼr, qoʻshiq, doston, afsona, latifa, maqola, tafsil kabi janrlar muhim oʻrin tutadi. Qadimgi asarlardan „Pir changgi“, „Tangriqut haqida rivoyat“, „Boʻkexon haqida rivoyat“, dostonlardan „Oʻgʻuznoma“, „Dadad qoʻrqut“, „Olip artanggu“ kabilar shular jumlasidan. Ular 6-asrda topilgan tosh bitiklarda saqlangan. Xorijlik olimlar tomonidan nashr etilgan 10 jildli turli tillarda yozilgan qadimgi Turfon bitiklari toʻplamida Sharqiy Turkiston adabiyoti oʻz aksini topgan. Mazkur bitiklarda, iguningdek, oʻlkadagi falakiyotshunoslik, munajjimlik, yil, oy va kunlar jadvalini tuzish, tabobat sohasidagi bilimlar aks ettirilgan. „Erq bitik“, „Ikki tekinning rivoyati“, „Choshgoniy elikbek“, „Oltin yoruq“ kabi bitiklar oʻsha toʻplamdan oʻrin olgan. Qadimgi ijodkorlardan Qoʻgʻirsur Oltin, Oprinchur Tekin, Otsang kabilar mashhur. 10-asrda „Maytrisimt“ tohar tilidan uygʻur tiliga tarjima qilingan, „Moniga mathiya“, „Oʻlum tasviri“ kabi asarlar yozilgan. 13— 16-asrlarda Sakkokiy, Ubaydullo Lutfiy, Alisher Navoiy kabi yirik adiblar ijodi oʻlkadagi adabiy jarayonni yangi rivojlanish bosqichiga koʻtardi. Yorkend xonligi davrida Ayozbek Qoʻshchi, Sulton Saidxon, Abdurashidxon, Omonnisoxon, Qidirxon Yorkandiy kabilar vatan tuygʻusi, odillik, ishq-muhabbat kabi mavzularda asarlar yaratganlar. 19—20-asrlarda Muhammad Imin Xoʻjamquli, Muhammad I ibn Abdulla Harabotiy, Mulla Bilol ibn Yusuf Xoʻtaniy, Shoir Qalandar, Mullaniyoz Qori Sobir, Mullo Muso Sayramiy va boshqa yozuvchi va shoirlar yetishib chiqdi. 20-asrning 10-yillaridan oʻlka yoshlari Turkistonda oʻqishlari va oʻzbek adiblari bilan muloqotda boʻlishlari sababli oʻzbek adabiyoti taʼsiri seziladi. 1980—90 yillar yangi uygʻonish davri deb ataddi. Bu davrda Taifjon Aliyev, Turgʻun Olmos, Zuhriddin Sobir, Abdurahim Oʻtkir kabi adiblar yetishib chiqdi. Oʻsha davrda xitoy adabiyoti taʼsiri kuchaydi.

Oʻlka musiqasi uygʻur, xitoy, qozoq va boshqa xalqlarning musiqa anʼanalaridan qaror toptan. Xitoyda nashr etilgan sanʼatshunoslikka oid asarlarda keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, Shinjon-Uygʻur muxtor rayoni musiqasi bir necha ming yillik tarixga egadir. Mil. av. 2—1-asrlarda „28 nagʻma“, „Sariq laylak qushi sadosi“ kabi Sharqiy Turkiston musiqalari Xitoy poytaxtida ham ijro etilgan. Turfonda topilgan tosh bitiklarda ham bu oʻlkada yuksak musiqa sanʼati mavjudligi aks ettirilgan. Manbalarda, yozilishicha, 3—4-asrlarda Sharqiy Turkistonda katta ansambllar boʻlgan. Mas, budda olimi Kumrojuva (344—413) Xitoyga asir qilib olib ketilganda, u bilan birga 28 kishidan iborat ansambl ham boʻlgan. Su Jaf, Bagmantur kabi musiqachilar elga tanilgan. Oʻsha vaqtda musiqa sozlari xilma-xil boʻlib, ular rubob, nay, boʻlamon, surnay, dala nogʻorasi, yondoʻmbogʻ, jalla dopi, gʻungqo, yolgʻuzak, dap (doira), komonchalardan iborat boʻlgan. Keyinroq ular qatoriga dutor, tambur, gʻijjak, sato va chang qoʻshilgan. Ularda turli cholgʻu yoʻllari, ayniqsa xalq va mumtoz raqs kuylari ijro etilmoqda. Uygʻur ananaviy musiqasi uzoq davrlar davomida qaror topgan shakllarni oʻz ichiga oladi: qadimgi parixon aytimlari („Perre ussuli“), dehqon koʻshiklari („Qosh“, „Suchi“, „Oma“ va boshqalar)dan tortib, mumtoz musiqa (muqom, sama va boshqa) janrlargacha. Vokal janrlardan koʻshiq, yalla, aytishuv kabi xalq koʻshiqchilik ijodiyogi shakllari, professional yoʻnalishdagi, turkum tarzida ijro etilayotgan sanam, naxshlar keng oʻrin olgan. 20-asrda Turdi oxun alnagʻma, Roʻzi tanbur, Husanjon Jomiy, Zikri Alpatto, Gʻiyosiddin Barot kabi musiqachilar tanilgan. Shinjon-Uygʻur muxtor rayonida „Muqom jamiyati“ faoliyat koʻrsatmoqda. Uygʻur dostonchiligida ishqiylirik („Gʻarib va Sanam“, „Tohir va Zuhra“, „Layli va Majnun“), qahramonlik („Seit nochi“, „Abdurahmon xonxoʻja“), diniy („Sultoniy Jamjima“) asarlari muhim oʻrin tutadi. Uygʻur anʼanaviy musiqasida bir necha mahalliy uslub ajratiladi: ili, xoʻtan, kumulturfon, dolan va boshqalar.

Tasviriy sanʼati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mil. 1—7-asrlarda oʻlkada budda dini keng yoyilishi natijasida budda ibodatxonalari devorlariga diniy rasmlar chizish va haykaltaroshlik sanʼati yuksaldi. Turfon, Kuchar yaqinidagi Qizil ming uylaridagi rasmlar shular jumlasidan. 7-asrda yashab oʻtgan musavvir Visa Irasangʻu buddizmga oid devor rasmlarini chizib, yangi yoʻnalishga asos soldi. Islom dini kirib kelishi bilan bu yerda naqqoshlik va miniatyura rivojlana boshladi. Oʻsha davr rasmlarida tabiat manzaralari va hayvonot dunyosi aks ettirilgan. 20-asrda rassomlik sanʼatida xalq hayoti va yirik shaxslar portretlarini chizish rasm boʻldi. Bu sohada 1935-yilda Qashqarda tugʻilgan Gʻozi Ahmadning asarlari alohida eʼtiborga loyiq.

  1. 新疆 — 中国政府网 (Xinjiang — Chinese Government Network)“. 2014-yil 8-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 7-noyabr.
  2. ТРАНСГРАНИЧНЫЕ ОТНОШЕНИЯ СИНЬЦЗЯН — КАЗАХСТАН Клара ХАФИЗОВА, 2013-09-23da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-09-21 {{citation}}: no-break space character in |title= at position 34 (yordam)
  3. Dillon, Michael (2004). Xinjiang: Chinaʼs Muslim far northwest. Routledge. ISBN 978-0-415-32051-1. p.24