Kontent qismiga oʻtish

Shohruxbiy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Shohruh IIdan yoʻnaltirildi)
Shohruxbiy
Qoʻqon xonligi
Hukmronligining boshlanishi: 1709-yil
Hukmronligining tugashi: 1721-yil
Oʻtmishdosh: {{{oʻtmishdosh}}}
Voris:Abdurahimbiy
Tugʻilgan sanasi: 1680 yoki 1681-yil
Vafot sanasi:1721-yil

Shohruxbiy (Shohrux, Shohruxxon; taxminan 1680 yoki 1681—1721) Oʻrta Osiyoning Fargʻona vodiysida keyinchalik Qoʻqon xonligi deb ataluvchi davlatning asoschisi (1709—1721)[1]. Oʻzbeklarning Ming sulolasiga mansub boʻlgan. 1709-yilda xonlikni Buxoro amirligidan mustaqil deb eʼlon qiladi va umrining oxirigacha Qoʻqon xonligida hukmronlik qiladi. Vafotidan soʻng uning oʻrniga xonlikni toʻngʻich oʻgʻli Abdurahimbiy boshqaradi[2].

Hokimiyat tepasiga kelishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shohruxbiyning hokimiyat tepasiga kelishi toʻgʻrisida turli maʼlumotlar mavjud. Henry Hoyle Howorthning 1880-yillarda yozib qoldirgan maʼlumotlariga koʻra Shohruxbiy qaynotasini oʻldirib, hokimiyatni qoʻlga oladi va u hukmronlik qilib kelayotgan hududlarni kengaytirishga harakat qiladi va shu davrda Qoʻqon xonligiga asos soladi[3].

Boshqa bir malumotlarga koʻra esa 1709-yilda Ming sulolasi vakillari alohida beklik tuzib olgan din peshvolarini hukumatdan agʻdaradilar va oʻzlari uchun Fargʻona vodiysida yangi hokimiyat oʻrnatadilar. Ayni oʻzlarining qabilasidan boʻlmish harbiy qobiliyatga ega va jismonan kuchli shaxs — Shohruxbiyni esa ushbu davlatga hukmdor etib tayinlaydilar. Shu tariqa Oʻrta Osiyoning Fargʻona vodiysi hududida keyinchalik Qoʻqon xonligi deb yuritiladigan yangi davlat vujudga keladi.

Shohruxbiy oʻz odamlariga oʻrda va qoʻrgʻon uchun qulay joy tanlashga farmon beradi. Uning odamlari „Koʻk toʻnliklar“ deb ataladigan qabila istiqomat qiluvchi ikki soy oraligʻida joylashgan hududni qulay joy deb hisoblaydilar va shu yerda ark, keyinchalik esa uning atrofda saroy va binolar qura boshlaydilar. Qurilish ishlari nihoyasiga yetkandan keyin esa Shohruxbiyni taxtga oʻtqazadilar (1709).

„Oltin beshik“ afsonasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qadimdan maʼlumki, mamlakat taxtiga oʻtirish va unga hukmronlik qilish uchun Chingiz yoki Afrosiyob avlodidan boʻlish zarur boʻlgan. Shohruxbiy esa Chingiz avlodidan ham, Afrosiyob avlodidan ham boʻlmaganligi uchun saroy kishilari tomonidan „Oltin beshik“ afsonasi toʻqib chiqariladi. Ushbu afsonaga koʻra, Kobul tomon yoʻlga otlangan Zahiriddin Muhammad Bobur Fargʻona vodiysida tugʻilgan chaqalogʻini oltin beshikka soladi va uni oʻsha yerda qoldirib ketadi. Keyinchalik oʻzbek qabilalari vodiydan beshikni topib oladilar va bolani voyga yetkazadilar. Beshikdagi bola voyaga yetgach, undan Sulton elik nomli bola, Sulton elikdan esa Xudoyor, Muhammad Amin, Abulqosim, Shohmastbiy (Ejmosbiy), Hojibiy, Ashurbiy, so‘ng Shohruxbiylar dunyoga keladi.

Shohruhbiy hukmronlik qilgan davlat tarkibiga dastlabki yillari poytaxt shahar Qoʻqondan tashqari, Namangan, Marg'ilon, Konibodom va Isfara shaharlari ham kirgan.

Shohruhbiy 12 yil davomida hokimiyat tepasida turib, 13-yili, yaʼni 1721-yilda vafot etadi.

Undan Abdurahimbiy, Abdukarimbiy va Shodibiy ismli uch nafar oʻgʻil qoladi[4].