Kontent qismiga oʻtish

Soʻx (daryo)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Soʻx daryosidan yoʻnaltirildi)
Soʻx (daryo)
Tavsif
Uzunligi 124
Davlat Oʻzbekiston va Qirgʻiziston

Soʻx — Fargʻona vodiysidagi sersuv daryo. Olay va Turkiston tizmalarining shimoliy yon bagʻirlaridan 5550 m cha balandlikdagi muzlikdan boshlanadi. Uzunligi 124 km, havzasining maydoni 3510 km², suv havzasining balandligi 3480 m[1][2]. Dalbek, Shudmon va Xoʻjaochkan soylari Zardoli qishlogʻi yonida birlashib, Soʻx daryosini hosil qiladi. Yuqori qismida juda chuqur va tor (eni 4-10 m) daradan oqadi. Adirlar zonasiga chiqqach, daryo vodiysi kengayib 500 m ga yetadi[3]. Shundan soʻng daryo kengligi 70 km, uzunligi 50 km li, tosh va shagʻaldan tuzilgan yoyilma konus hosil qiladi. Daryoning ayrim qismlarida ikkinchi va uchinchi terrasalari bor. Soʻx Fargʻona vodiysiga oqib chiqqach, tarmoqlarga boʻlinib ketadi. Daryo muzlik va qordan toʻyinadi, chunki havzasiga yogʻadigan yillik yogʻin miqdorining 71% qor va 29% yomgʻirga toʻgʻri keladi. Havzasining maydoni 244 km²li 364 muzlik bor. Eng yirigi Archaboshi (12 km²). Oʻrtacha oqim moduli 17,0 l/sek, km². So'x suvining loyqaligi oʻrtacha (0,99 kg/m³). Adirlar oraligʻida daryoga Sariqoʻrgon suv tuguni va Oʻxchi GES, etagida Qoʻqon gidrotuguni qurilgan. Soʻx Fargʻona viloyatining Oʻzbekistan, Dangʻara, Uchkoʻprik, Bagʻdod tumanlari yerlarini suv bilan taʼminlaydi. Daryo vodiysida Qoʻqon shahri joylashgan. „Choʻngʻora“ va boshqa kurortlari bor.

Suvlardan sugʻorish va aholini suv bilan taʼminlash uchun foydalaniladi. Soʻx vodiysida aholining tez sur’atlar bilan oʻsib borishi sababli suv tanqisligi yuzaga keladi, bu esa siyosiy va maʼmuriy oʻzaro bogʻliqlik tufayli kuchayadi. Shunday qilib, So‘xning yuqori vodiysidagi tog‘li qirg‘izlar So‘x anklavidagi tojiklarga oqib kelayotgan suvni ushlab tursalar, so‘ngra tojiklar daryoning quyi vodiysi qirg‘izlari uchun suv oqimini cheklab qo‘yadilar va ular o‘z navbatida suvni to‘xtatadilar. Hisob-kitoblarga koʻra, Burgana massivining togʻ etaklarida sholi dalalarini sugʻorish uchun Qirgʻiziston daryo oqimining deyarli 23-30 foizidan foydalanadi. Farg‘ona viloyatining asosiy hududidan yuqorida joylashgan tog‘ etaklarining o‘zlashtirilishi O‘zbekistonning Rishton va Oltiariq tumanlarida yer osti suvlari darajasining oshishiga olib keldi. Oqibatda bog‘larning nobud bo‘lishi va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligining pasayishi natijasida Rishtonda 6313 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari yo‘qoldi[4].

Gidrografik sharoitlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Soʻx daryosi olib chiqish konusi Turkiston-Oloy tog' tizimining shimoliy etagida joylashgan va Sirdaryoning chap irmogʻi boʻlgan Soʻx daryosining quyi oqimini qamrab olgan.

Soʻx daryosi Turkiston tizmasining shimoliy yon bagʻridan boshlanadi. Daryo asosan muzlik-qorliklardan oziqlanadi. Undagi suv sarfi Sariqoʻrgʻon qishlogʻi yaqinida Uzgidrometxizmat Davlat postida baland togʻlik hududlardan chiqishida oʻlchanadi. Baland togʻlik hududlarda daryoning asosiy suv toʻplash maydoni 2480 km² ni tashkil etadi. Daryoning adirlardan chiqish qismida (Sariqoʻrgʻon qishlogʻi) suv taqsimlagich qurilgan, bu yerda daryo suvi Soʻx irrigatsiya tizimi magistral kanallariga taqsimlanadi va shu munosabat bilan yer osti suvlarining toʻyintiruvchi asosiy manba boʻlib hisoblanadi. Eng yuqori oʻrtacha oylik suv sarfi iyul-avgust oylariga, eng kam suv sarfi mart-aprel oylariga toʻgʻri keladi.1911-yildan 2014-yil oraligʻida oʻrtacha koʻp yillik suv sarfi 42,0 m³/s tashkil etdi. Eng yuqori oʻrtacha yillik suv sarf 1914-yili (50,8m³/s), 1942-yili (50,6 m³/s), 1973-yili (50,7 m³/s) kuzatilgan. Daryo suvining kimyoviy tarkibi uning rejimiga bogʻliq ravishda oʻzgarib turadi. Suv sarfi kam yillari (1982-2005-yillari) daryoning oʻrtacha yillik suv sarfi 0,75 m³/s dan 12,5 m³/s gacha kuzatilganda suvning mineral tarkibi 1,3-2,2 g/l tashkil etgan. Yoz davrida oʻrtacha oylik suv sarfi 25,3-28,5 m³/s ga yetganda suvning mineral tarkibi 0,55 dan 0,74 g/l gacha oʻzgargan. Yillik kesimda Soʻx daryosi olib chiqish konusiga kelayotgan minerallashuvi 0,45 g/l boʻlgan suv miqdori, minerallashuvi 1,3-2,2 g/l boʻlgan suv miqdoridan 1,5-2 marta koʻproqdir. Soʻx daryosidan olib chiqish konusiga kelayotgan suvning minerallashuvining yillik oʻrtacha miqdori 0,79 g/l ni tashkil etadi. Suvning kimyoviy tarkibi kam suv (mejen) davrda sulfat-xloridli kalsiy-magniyli, koʻpsuvli davrda sulfat-gidrokarbonatli kalsiy-magniyli turiga mansub.

  1. Sox, Great Soviet Encyclopedia
  2. {{{title}}} (ru). Bishkek: Chief Editorial Board of Kyrgyz Soviet Encyclopedia, 1987 — 445-bet. 
  3. "Сох" (ky). Кыргызстандын Географиясы [Geography of Kyrgyzstan]. Bishkek. 2004. p. 204. https://new.bizdin.kg/media/books/География_Кыргызстана.pdf. 
  4. „Северный Сох: Узбекистан и Кыргызстан делят нефтегазовые месторождения | ЦентрАзия | Афганистан | Казахстан | Кыргызстан | Таджикистан | Туркменистан | Узбекистан |“ (ru) (deadlink). centrasia.org. 2017-yil 23-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 27-mart.