Kontent qismiga oʻtish

Sulaymon ibn Harb Basriy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sulaymon ibn Harb Basriy
Shaxsiy maʼlumotlar
Dini Islom
Tanilgan sohasi Muhaddis, qozi

Sulaymon ibn Harb Basriy — (839 — yilda vafot etgan) muhaddis va qozi bo‘lgan.

Hofiz Abu Ayyub Sulaymon ibn Harb Voshhiy Basriy muhaddis va faqihlardan bo‘lib, Makkada qozilik qilgan. Basraning katta muhaddislaridan sanalgan ishonchli va hofiz deb eʼtirof etilgan. Sulaymon ibn Harb Basriy mashhur roviy va muhaddislar Shuʼbiy, Hammod ibn Zayd, Muborak ibn Fazzola kabi shu va boshqa tabaqa vakillaridan hadis eshitgan. Xalifa Maʼmun davrida yashagan va xalifaning koʻp ehtiromiga loyiq boʻgan. Sulaymon ibn Harb Basriyga xalifa oʻzining qasri yonidan bir bino qurdirgan va muhaddis unda istiqomat qilganligi tarixiy manbalarda keltirilgan. Sulaymon ibn Harb Basriy haqida Abu Hotam: „Ishonchli imom, faqih, olimu-r-rijol bo‘lib, bir umr qoʻlidan kitob tushmagan. Oʻn ming hadis rivoyat qilgan va qirq ming hadisni isnod va roviylarini aniqlagan“, — deb taʼkidlagan. Yaqub ibn Shayba ham bu muhaddis haqida gapirib, jumladan: „Sulaymon ibn Harb ishonchli, hofiz va hujjati kuchli muhaddislardandir“, — degan. Sulaymon ibn Harb Basriydan Ahmad ibn Hanbal, Ishoq, Abu Zaraʼ, Abu Hotam, Imom Buxoriy, Abu Dovud, Abu Xulayfa va boshqa koʻplab muhaddislar hadis rivoyat qilgan. Sulaymon ibn Harb yuqoridagi allomalar tomonidan eʼtirof etilganidek, hadis ilmida juda ham daqiq, hujjatli, koʻplab hadislarni isnodi bilan yod olgan hofiz muhaddislardan boʻlgan. Ahmad ibn Hanbal Sulaymon ibn Harb Basriyning ulugʻligi va ishonchli muhaddis boʻlganligini taʼkidlab, muhaddisning 839 yilda vafot etganligini keltirib oʻtgan[1].




Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • „Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi“; Samarqand:Imom Buxoriy xalqaro markazi 2018.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Заҳабий. Тазкирату-л-ҳуффоз. Ж.1. – Б. 421; Умаров Ш.Х. Абдулҳамид Кеший ҳаёти ва илмий мероси. – Б. 43.