Sultonali Mashhadiy
Sultonali Mashhadiy (1437 Mashhad — 1520) — xattot, shoir, xat nazariyotchisi; nastaʼliq xati rivojiga va keng tarqalishiga ulkan hissa qoʻshgan. "Sulton ulxattotin" ("Xattotlar sultoni") va "Qiblat ulkuttob" ("Kotiblar qiblasi") nomli yuksak unvonlar sohibi. Xattotlikka bolaligidan ishtiyoqi baland boʻlgan. S.M.ning ustozlari — xattot Zahiriddin Azhar va Xoja Hofiz Muhammad. S.M. madrasada taʼlim olgan, soʻng madrasada dars bergan. 1451 yildan Hirotda yashab, Sulton Abu Said (1451—69) va Sulton Husayn (Husayn Boyqaro, 1469—1506)lar xizmatida boʻlgan. Hirotdagi badiiy muhit — sanʼatkorlar davrasi, ayniqsa, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiylar bilan ijodiy hamkorlik qilish natijasida S.M. ustod sanʼatkor darajasiga koʻtarildi (Navoiyning shaxsiy kutubxonasida kitobat ishlari bilan mashgʻul boʻlgan). Ayniqsa, S.M.ning Navoiy ijodiga munosabati oʻzgacha boʻlib, shoirning aksar asarlarini bir necha nusxalarda koʻchirgan; jumladan, Navoiyning "Ilk devon"ini oʻzi tartib etgan (1465; dastxat nusxasi Rossiya milliy kutubxonasida). Oʻz navbatida ulugʻ shoir ham xattotga chuqur xurmat bilan qaragan, "Majolis unnafois" asarida unga yuqori baho bergan. S.M. Hirot xattotlariga rahbarlik qilgan; yosh musavvir Kamoliddin Behzodga. oʻz farzandidek munosabatda boʻlgan; ularning oʻzaro hamkorligi tufayli yuksak darajadagi sanʼat asarlari—qoʻlyozmalar yuzaga kelgan. Sulton Muhammad Hyp, Sulton Muhammad Xandon, Mir Ali Hiraviy, Muhammad Qosim va boshqa koʻplab xattotlarni tarbiyalagan.
S.M. koʻchirgan va tartib qilgan moʻʼtabar qoʻlyozmalar ham oʻzbek mumtoz adabiyotining noyob namunasi, ham Hirot kitobat sanʼatining shoh asarlari, durdonalari sifatida qadrlidir. Shulardan 50 dan ortiq kitob va 500 ga yaqin qitʼalar bizgacha saqdangan: Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik institutida Navoiyning 3 devoni (jumladan, "Navodir unnihoya" va boshqalar), Husayn Voiz Koshifiyning "Hotamnoma", "Javoxirnoma" asarlari; Angliyaning Vindzor saroyi kutubxonasida Navoiyning "Devon"i, "Hamsa" asarlari; Rossiya milliy kutubxonasida Navoiyning "Hamsa" asari; AQSH ning Metropoliten muzeyida Navoiyning "Devon"i; Turkiyaning Istanbuldagi Toʻpqopu saroyi kutubxonasida Navoiyning "Hamsa", Saʼdiyning "Devon"i, Sulton Husayniy "Devon"i (4 nusxa) va boshqa qoʻlyozmalar; u yaratgan gʻazal, ruboiy, qitʼalar (husnixat parchalari, aksariyat qismi Turkiyadagi Toʻpqopu saroyida) muraqqaʼ va tazkiralarda dunyo kutubxona va muzeylarida saqlanadi (jumladan, 41 ta qitʼa Rossiya milliy kutubxonasida).
S.M. ning xat sanʼatiga oid "Qavoidi xutut" ("Xat qoidalari", 1519) sheʼriy risolasida (dastxat qoʻlyozmasi Rossiya milliy kutubxonasida) xattot va shoirning nozik didi va holati oʻz aksini topgan: risola matni nastaʼliq xatida kitobat qilinib, oltin suvi bilan hallangan; qoʻlyozma sahifalari hoshiyalariga oʻsimlik va hayvonlar tasvirlari ishlangan (sarlavha varagʻidagi unvon ichiga muzahhib Jaloliddinning nomi yozilgan). S.M. ushbu risolada xat uslublari (jumladan, nastaʼliq xati) ustida toʻxtalgan, Ibn Muq.sh, Ibn Bavvob va boshqa xattotlarning xat usullarini taʼriflagan.
S.M. imoratlar, yogʻoch va toshlarga oʻyib yoziladigan xatlarni bitishga ham mohir boʻlgan. Sulton Husayn qurdirgan binolariga kitobalar, uning marhum qarindosh va yaqinlarining qabr toshlariga bitiklar bitgan.
S.M. faoliyati, u koʻchirgan va bitgan qoʻlyozmalar, qitʼa, kitoba va bitiklar oʻz davrida va undan keyin ham yuqori baholangan: Bobur, Xondamir ("Habib ussigʻar"), Mirxond ("Ravzat ussafo"), Mirzo Muhammad Haydar (Tarixi Rashidiy), Abdurazzoq Samarqandiy ("Matlai saʼdayn va majmaibahrayn") va boshqa
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Kostigova G.I., "Traktat po kalligrafii" Sultan Ali Mashxedi, L., 1957;
- Murodov A., Urta Osiyo xattotlik sanʼati tarixidan, T., 1971;
- Alisher Navoiy asarlariga ishlangan rasmlar, T., 1982;
- Hakimov M., Alisher Navoiyning asarlarini koʻchirgan xaggotlar, T., 1991;
- Norqulov N., Temuriylar davri madaniyati tarixidan lavhalar, Xorazm, 1996;
- Pugachenkova G.A.,. Temurning meʼmoriy merosi, T., 1996.
- Abdumajid Madraimov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |