Terak
Terak (Populus L.) — toldoshlar oilasiga mansub daraxtlar turkumi. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, 100 dan ortiq turi mavjyd. 30 ga yaqin turi Yevrosiyo, Shimoliy Amerika va Shimoliy Afrikada Tarkalgan. Oʻzbekistonda terakning koʻkyaproqli yoki zangori bargli (P. pruinosa Schrenk), furot teragi (P. euphratica Olid.), mirzaterak (P. nigra L.), afgʻon teragi (R. afghanica), oq terak (P. alba), Baxofen teragi yoki koʻkterak (P.bachofenu Wierzb.) turlari oʻsadi. Mirzaterak, koʻkterak, oqterak turlari koʻp ekiladi. Teraklarning baʼzi turlari boʻyi 30— 45 (baʼzan 60) m gacha, diametri 1,5 (ayrim daraxtlariniki 3 m) gacha yetadi. Teraklar tanasi tik, shox-shabbasi tuxumsimon, piramidasimon, keng ovalsimon boʻladi. Barglari bandli, ketma-ket, barg plastinkasi yaxlit yoki kertikli, nashtarsimon. Kuchalasi silindrsimon, boshoqsimon toʻpgul, gullagandan keyin toʻkiladi. Guli bir jinsli, ikki uyli. Aksariyati barg yozishdan oldin, baʼzilari barg yozgandan keyin gullaydi. Urugʻi koʻsakcha, shamol va suv yordamida tarqaladi. Nam tuproqda tez unib chiqadi. Terak issiqsevar, yorugʻsevar, sovuqqa bardoshli (masalan, mirzaterak) oʻsimlik. Sernam va unumdor tuproqlarda tez yetiladi, lekin baʼzilari shoʻrxok tuproqni xush koʻrmaydi. Terak qisqa umrli (25—30 yoshgacha yaxshi rivojlanadi) daraxt boʻlsa ham 150—200 yil umr koʻradiganlari ham (mirzaterak va oqterakning ayrim daraxtlari) bor.
Terakzorlar sof va aralash holda tashkil etiladi. Qayir yerlar sharoitida teark qayragʻoch, qandagʻoch va butalar bilan birga yetishtiriladi. Oʻrmonchilik rivojlangan mamlakatlarda terakni koʻpaytirishda yangi yigʻib olingan urugʻlari sepilib, dastlab koʻchat (1 ga maydondan 400—500 ming tup) olinadi. Bir yillik koʻchatlardan 2 yilli terakzorlar barpo etiladi. Oʻzbekiston sharoitlarida bir yillik novdalardan olingan qalamchalardan (uzunligi 30—35 sm) koʻpaytiriladi (yoʻl yoqalari, ariqboʻylariga bir qatorlab ekilganda tuplar orasi 0,8–1 m, terakzorlarda 0,8—1xZ m sxemada ekiladi), ildizidan bachkilab, toʻnkasidan oʻsib chiqib ham koʻpayadi. Qulay sharoit boʻlsa va terak yetishtirish texnologiyasiga rioya etilsa, 25—30 yoshida gektaridan (Oʻzbekistonda, hatto 15—20 yilda) yetilgan (8—10 yoshida ishga yaroqli) 500–900 m³ gacha yogʻoch olinadi. Teraklar turlari tez oʻsishi, manzarali boʻlishi va joy tanlamasligi sababli ihota va oʻrmon muhofazasi, koʻkalamzorlashtirish ishlarida muhim ahamiyat kasb etgan (qarang Dala ihota oʻrmonzorlari).
Terak yogʻochi imorat qurilishida, yogʻochni qayta ishlash, mebel sanoatida ishlatilishidan tashqari sellyuloza qogʻoz sanoati uchun muhim xom ashyodir. Uning yogʻochi gidrolizlanib etil spirta olinadi. Terak sellyulozasidan gazlama, kord tolasi tayyorlanadi. Gugurt ishlab chiqarishda ishlatiladi. Terak, asosan, ihota oʻrmonlar hosil qilish uchun koʻp ekiladi. Keyingi yillarda Oʻzbekistonda imoratbop qurilish materiallari olish maqsadida terakzor maydonlar koʻp tashkil qilinmoqda. Amerika va Yevropadan tez yetiladigan terak navlari keltirib ekilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 8-fevraldagi „Sanoat terakchiligini rivojlantirish va boshqa tez oʻsuvchi yogʻochbop daraxtzorlarni barpo etishga oid choratadbirlar toʻgʻrisida“gi qarori eʼlon qilinib, mamlakat hududida har yili 10 ming gektar maydonda terakzorlar tashkil etish rejasi belgilangandan keyin bu sohaga, terakchilikka jiddiy eʼtibor berila boshlandi.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ozolin G.. Shamsiyev Q., Stipinskiy V., Oʻzbekiston teraklari, T., 1992.
Sulton Xolnazarov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |