Kontent qismiga oʻtish

Toqi Zargaron

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Toqi Zargaron
Muqobil nomlari Toqi Zargaron
Zargarlar toqi
Umumiy maʼlumot
Maqomi Tarixiy obida
Turi toq
Shahar Buxoro
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi boshlangan 1582-yil
Texnik holati
Material pishgan gʻisht, yogʻoch, ganch
Qavatlar soni 1
Map
Toqi Zargaron xaritada
Toqi Zargaron Vikiomborda

Toqi zargaron (forscha — zargarlar toqi) — Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik va zargarlik buyumlari sotish uchun moʻljallangan savdo markazi biri boʻlgan. Mazkur meʼmoriy yodgorlik Shayboniy hukmdor Abdullaxon II  davrida 1582-yilda bunyod etilgan[1]. Hozirgi kunda Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.

Toqi Zargaron Buxorodagi toqilarning eng yirigi va mujassamoti jihatidan murakkabi hisoblanadi. Toqi Zargaron Buxoro xoni Shayboniy hukmdor Abdullaxon II davrida XVI asrda qurilgan. Toqi Zargaron chorsuda joylashgan ikkita katta yoʻlni arxitektura jihatdan uygʻunlashtirgan yodgorlik hisoblanadi. Chorsu ikkala yoʻldagi qatnovni ham osonlashtirgan. Toqning atrofida kvadrat shaklini hosil qiluvchi kichik gumbazlar mavjud. Sakkiz burchakli xona ulkan gumbaz bilan yopilgan. Ular burchaklardagi doʻkon va ustaxonalar tomi boʻlgan. Toqning gumbaz tomli xonalari boʻlib, salqin va qorongʻi boʻlgan. Toqda ziraklar, uzuk, qurol-aslahalar uchun bezaklar, oʻyma muhrlar, munchoq va marjonlar ustalar tomonidan yasalgan. Oʻrta asrlarda mohir ustalar toqda zargarlik buyumlari yasashgan[2]. Toqi Zargaronda chet davlatlaridan savdogarlar kelib oʻz buyumlarini sotishgan. Asosan bu toqda arablar, forslar, hindlar, ruslar, xitoyliklar, turklar va boshqa millatga mansub savdogarlar kelishgan. Ular toqda Xitoy shoisi, Kashmir roʻmoli, Misr zarbof gazlamalari, arab joynamozlari, Tibet ziravorlari kabi mahsulotlar sotishgan. Toqi Zargaronda ovqatlanish uchun ajratilgan joylarda somsa, non va issiq taomlar sotilgan. Mazkur toqda hukmdor farmonlari ham eʼlon qilingan[3]. Oʻtmishda uning dalonlarida 36 zargarlik ustaxonasi va doʻkonlar boʻlgan. Atrofiga savdo rastalari, ombor, karvonsaroylar qurilgan.Gumbazi arablar kelguniga qadar qurilgan deb taxmin qilinadi. Vosifiyning XVI asr boshlarida yozgan asarida Buxoro chorsusi sifatida tilga olingan. Toqi zargaron Ulugʻbek madrasasi yonida, qadimiy shahriston markazi — 2 katta koʻcha kesishgan chorraha ustini qoplab turadi. Bino, asosan, XV asrda qurilgan (XVI asrda toʻla-toʻkis taʼmirlanganligi sababli shu yili bunyod etilgan deb taxmin qilinadi). Toqi Zargaron mustaqillik yillarida qayta taʼmirlandi. Toqi Zargaronda hozirgi kunda hunarmandlar ustaxonalari va savdo rastalari mavjud. Ushbu doʻkonlarda hozirgi kunda ziravorlar, yogʻochdan buyumlar, zargarlik buyumlari, qadimiy kolleksiyalar sotiladi.

Meʼmorchiligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Toqi Zargaron pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan bunyod etilgan. Ulkan gumbaz 8 ta toqiga oʻrnatilgan. Tarhi 45,4x43,5 metr, bal. 16,7 metr, gumbazining asos aylanasi 14 metr, poygumbazi koʻp qirrali, undagi 16 ta darcha orqali bino ichiga yorugʻlik tushib turadi. Atrofini oʻrab turgan doʻkonlar gumbazi balandligi 5- 7 metrni tashkil etadi.

  1. Ражабов 2016, s. 172.
  2. Пугаченкова 1979, s. 4.
  3. Бобожонов 2017, s. 106.

Ilmiy adabiyotlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Ражабов Қ, Иноятов С.. Бухоро тарихи. Tошкент: Тафаккур нашриёти, 2016 — 460-bet. ISBN 978-9943-24-119-0. 
  • Бобожонов Ш. Шариф шаҳар ёдгорликлари (Бухоро тарихий обидаларига саёҳат). Бухоро: Бухоро нашриёти, 2017 — 310-bet. 
  • Пугаченкова Г. Тим ва тоқлар. (инглиз, рус, ўзбек тилларида). Тошкент: Ўзбекистон нашриёти, 1979 — 14-bet.