Toshkent pediatriya tibbiyot instituti
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti[1] | |
ToshPTI asosiy oʻquv binosi | |
Xalqaro nomi |
Tashkent Pediatric Medical Institute |
---|---|
Turi | Institut |
Asos solingan sanasi | 1972-yil |
Rektori | Botir Turgʻunpoʻlatovich Daminov[2] |
Fakultetlar |
1-Pediatriya va xalq tabobati fakulteti; 2-Pediatriya va tibbiy-biologiya fakulteti; Tibbiy-pedagogika va davolash fakulteti; Oliy ma'lumotli hamshira fakulteti; Xalqaro fakultet; Malaka oshirish fakulteti (Oilaviy shifokorlarni qayta tayyorlash, klinik ordinatura va birlamchi ixtisoslashtirish) [3] |
Talabalari |
6508 ta (shuningdek 50 dan oshiq MDH va 45 ta xorijiy fuqaro) |
Bakalavriat | 7 ta ta'lim yo'nalishi: Pediatriya ishi, Davolash ishi, Tibbiy-pedagogik ish, Tibbiy-bilologik ish, Xalq tabobati, Oliy hamshiralik ishi, Stomatologiya (Xalqaro fakultet) |
Magistratura | 35 ta mutaxassislik: |
Manzili | |
Veb-sayti | tashpmi.uz/uz/[5] |
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti – 1972-yil Oʻrta Osiyo meditsina pediatriya instituti (SAMPI) Oʻrta Osiyoda pediatriya yoʻnalishida mutaxassislar tayyorlaydigan institut sifatida SSSR Ministrlar Sovetining 1971-yil 23 iyuldagi qaroriga koʻra tashkil qilingan[6][7][8][9].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻrta Osiyoda yagona Toshkent Pediatriya Tibbiyot instituti Sobiq Ittifoq davrida 1972-yilda Oʻrta Osiyo Pediatriya tibbiyoti instituti (OʻOPTI; ruscha: Среднеазиатский медицинский педиатрический институт (САМПИ)) nomi bilan tashkil topgan Institutni ochish toʻgʻrisidagi Ittifoq Ministrlar Soveti qarorining asl nusxasida: „Toshkent shaxrida Oʻrta Osiyo Tibbiyot Pediatriya institutini tashkil etish haqida: 1972-yilda Toshkent shahrida Ittifoq Sogʻliqni Saqlash Vazirligining Toshkent va Andijon Tibbiyot institutlari Pediatriya fakultetlari bazasida Oʻrta Osiyo tibbiyot pediatriya instituti tashkil etilsin“, deb yozilgan Institut uchun, dastlab Toshkent shahridagi 5- yuqumli kasalliklar kasalxonasi, xozirgi ToshPTI yotoqxonasi va kattalar klinikasi joylashgan bino ajratildi. Institutning rasmiy ochilishi 1972-yil 7 sentabrda boʻlib oʻtdi[10].
Institutning asosiy vazifasi Oʻrta Osiyo respublikalari va Janubiy Qozogʻiston uchun yuqori malakali vrach-pediatrlar tayyorlash edi. Bunday vazifaning boʻlishiga sabab, Oʻrta Osiyo respublikalari aholisi tarkibida bolalar sonining koʻpligi, hududda pediatr vrachlarning etishmasligi, bolalar Oʻrtasidagi kasallik va oʻlim koʻrsatkichlarining yuqoriligi, pediatriya sohasida etuk olimlarning etishmasligi edi.
Institut rektori lavozimiga oʻsha yillari Oʻzbekiston Sogʻliqni Saqlash vaziri muovini, ToshMI yuqumli kasalliklar kafedrasi mudiri lavozimida ishlayotgan tibbiyot fanlari doktori, professor V. M. Majidov tayinlangan. Keyinchalik, oʻquv ishlari boʻyicha prorektor lavozimiga tibbiyot fanlari doktori, professor S. A. Dolimov, ilmiy ishlar boʻyicha prorektor lavozimiga tibbiyot fanlari doktori, professor O. S. Maxmudov, xoʻjalik ishlari boʻyicha prorektor lavozimiga M. K. Kamolov, oʻquv boʻlimi boshligʻi lavozimiga Oʻzbekistondan xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi, dotsent S. S. Rumi va dekan lavozimiga tibbiyot fanlari doktori professor F. X. Nazarmuhammedovlar tayinlandilar. Institut ochilgunga qadar juda ogʻir mashaqqatli tayyorgarlik ishlari boshlandi.
Oʻquv yili boshlanmasdan qisqa muddat ichida amalga oshirilishi lozim boʻlgan asosiy vazifalar belgilab olindi: 40 ta kafedrani professor- oʻqituvchilar, oʻquv qurollari va oʻquv bazalari bilan taʼminlash, yangi kutubxona barpo etish, institut xoʻjalik ishlarini tashkillashtirish, Toshkent va Andijon tibbiyot institutlari pediatriya fakultetlari 2-6-kurs talabalarini koʻchirib keltirish va ularni yotoqxonalar bilan taʼminlash, birinchi kursga talabalar qabul qilish, 1 sentyabrdan boshlab 1-6-kurslarda oʻquv jarayonini tashkil etish lozim edi. qayd etish lozimki, yangi institutning yangi jamoasi yozgi 2 oylik taʼtil davrida jamoatchilik asosida juda ulkan ishlarni amalga oshirdi, asosiy moʻljallangan vazifalar bajarildi va 1972-yil sentyabr oyida oʻqish boshlandi. Yangi institut jamoasi bir vaqtda 6 ta kursda oʻqish boshladi va ogʻir sinovdan muvaffaqiyatli oʻtdi.
Tashkiliy davr mobaynida 4 ta moslashtirilgan oʻquv korpuslarida 18 nazariy kafedra, 6 ta maʼruzaxona va rektorat boʻlimlari tashkil topdi. 22 ta klinik kafedralar Toshkent shahri va Toshkent viloyati davolash muassalarida joylashtirildi. Oʻsha vaqtda ToshMI va uning kafedralaridan zarur boʻlgan moddiy yordam – oʻquv jihozlari, mebellar oʻquv kitoblari va shu kabilar olindi. 1972 – 1973 oʻquv yilida 703 nafar talaba birinchi kursga oʻqishga qabul qilindi va institut tarkibida 32 millat vakili boʻlgan 3170 nafar talaba oʻqishni boshladi. Talabalikka Tojikiston, Qirgʻiziston va Turkmanistondan-100, Oʻzbekiston va Sobiq Ittifoqning boshqa hududlaridan 603 kishi qabul qilindi. SHu oʻquv yilining oxiriga kelib 449 nafar talaba institutni muvaffaqiyatli tugatdi. 1972-yilning sentyabr oyidan boshlab dastlabki jamoat tashkilotlari saylandi va ular faollik bilan ish boshladilar. Partiya tashkiloti sekretari lavozimiga dotsent N.X Ýshmetov, xodimlar kasaba uyushmasi raisligiga dotsent R. K. Kurbonov, talabalar kasaba uyushmasi raisi lavozimiga t.f.n. Ý.O.Tursunov, komsomol tashkiloti lavozimiga L. I. Ivanovalar saylandi. Keyinchalik yosh pedagoglar maktabi (boshligʻi prof K. S. Sulaymonov), murabbiylar kengashi (rais professor U. Z. Kodirov), „Bilim“ jamiyati (boshligʻi prof V. A. Alimov) oʻquv tarbiya va boshqa ishlarda faollik koʻrsata boshladilar.
Keyingi oʻquv yillariga kelib qabul soni 800 kishiga etdi va ayrim yillari mingga ham yetib bordi. Xar yili Turkmaniston, Qirgʻiziston, Tojikiston respublikalari 50 nafardan, Janubiy Qozogʻiston 15 nafargacha talabasini birinchi kursga oʻqishga yuborar, 600 ga yaqin talaba Oʻzbekiston Respublikasi shahar va viloyatlaridan oʻqishga qabul qilinardi.
Institut 1988-yilgacha Sobiq Ittifoq Sogʻliqni saqlash vazirligi qaramorgʻida turdi, soʻng Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi tasarrufiga oʻtkazildi. Shundan boshlab qoʻshni respublikalardan talaba qabul qilish toʻxatildi. Oʻrta Osiyo tibbiyot pediatriya instituti 1989-yil 28 apreldan boshlab Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligining 357-sonli buyrugʻiga asosan Toshkent Pediatriya tibbiyoti instituti – ToshPTI deb yuritila boshladi[11]. 1990 – 1991 oʻquv yillaridan boshlab Nukus shaxrida institut filiali ochildi, institut biokimyo kafedrasi professori J. M. Mamutov filial direktori etib tayinlandi. Xozirgi kunda filial direktori professor O. A. Ataniyazova.
Oʻtgan davr ichida ToshPTIda vrach – pediatr, bolalar jarrohi, bolalar infektsionisti kabi kasb egalarini, yaʼni 30 mingga yaqin shifokorlar tayyorladi.
Ulardan 1065 bitiruvchi institutni imtiyozli diplom bilan tugatgan.
Institutda talabalar soni oshishi bilan qurilishlar jadallashtirildi, oʻquv binolari, klinik bazalar, yotoqxonalar kengaytirib borildi: 1976 – 1978-yillarda 1860 urinli 5 ta yotoqxona ishga tushirildi, 1976-yilda institut hududida uch qavatli yangi zamonaviy morfologik bino, 1981-yili oʻquv-davolash binosi – SAMPI maktabi, 1985-yili yangi bolalar klinikasi, 1990-yili 4 kavatli oʻquv- maʼmuriy bino qurib ishga tushirildi.
1977-yildan boshlab talabalarni institutga kirishga tayyorlash uchun maxsus tayyorlov kursi ochildi. Keyinchalik bu kurs tayyorlov fakultetiga aylantirildi, uning birinchi dekani professor X. H. Hakimov boʻldi, keyinchalik fakul’tetni prof S. S. Solixoʻjaev boshqardi.
1974 – 1975-yillarda ToshPTIda uch yarim mingdan ortiq talabaga 19 nafar professor, 54 nafar dotsent, 178 nafar assistent (shundan 103 nafari fan nomzodi) dars bergan boʻlsa, 2000 – 2001 oʻquv yiliga kelib, 2514 nafar talabaga dars bergan 349 nafar oʻqituvchidan 46 nafari fan doktori, 138 nafari fan nomzodi edi. 2012-yilga kelib esa, 3 ming atrofidagi talabaga dars beruvchi 522 nafar professor – oʻqituvchidan 63 nafari fan doktori, 218 nafari fan nomzodi hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, boshqa soxalar kabi tibbiy taʼlimda xam katta isloxotlar boshlandi – yangi milliy taʼlim dasturi yaratildi va bu dasturga koʻra tibbiy institutlarda 2 bosqichli vrachlar tayyorlash jarayoniga oʻtildi umumiy amaliyot shifokori va magistrlar tayyorlash (bakalavriatura va magistratura). Xozirgi vaqtda tibbiyot institutlarida, xususan ToshPTIda umumiy amaliyot shifokori boʻlishi uchun 7 yillik muddat belgilandi. ToshPTIda 2000-2001 oʻquv yilidan boshlab quyidagi mutaxassisliklar boʻyicha magistrlar tayyorlash boshlandi[12].
M 720201 Pediatr – oʻquv muddati 3 yil
M 720201 Anesteziolog-reanematolog- oʻquv mudatti 3 yil
M 720123 Oilaviy shifokor-oʻquv muddati 3 yil
Taʼlimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]2012-yilga kelib magistraturada mutaxassisliklar soni 25 taga etdi. Respublikada Taʼlim sohasida sifatli kadrlar tayyorlash boʻyicha olib borilayotgan islohotlar, bozor iqtisodiyotiga oʻtish talablariga koʻra ToshPTIda malakali pediatrlar tayyorlashga alohida eʼtibor berilmoqda. Mustaqillik yillariga kelib, Tibbiyot institutlarining soni ortib bordi. Mustaqillikkacha ularning soni respublikamizda uchta boʻlsa, hozirda uchta filial bilan 9 taga yetdi. Shularni inobatga olib, 1998-yildan boshlab ToshPTIda talabalar qabuli soni 410 tagacha tushirildi va institutga qabul qilish 1994-yildan boshlab test sinovlari asosida oʻtkazila boshlandi. Institutga qabul kilishning bunday shakli iqtidorli talabalar uchun institutlarga kirishga keng yoʻl ochib berdi. 1995-yildan boshlab institutlarga talabalar qabul qilish shartnoma asosida ham olib borildi va 1997-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga koʻra, budjetdan tashqari shartnoma asosida talaba qabul qilishga ruxsat etildi. Bu, bir tomondan fuqarolar, ayrim jamoalar talabiga mos kelsa, boshqa tomondan bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat byudjetida turgan institutlarning moddiy jixatdan rivojlanishida, oʻquv samaradorligini oshirish va oʻqituvchilarni moddiy ragʻbatlantirishda katta ahamiyatga ega edi. Oʻquv jarayonining samaradorligini oshirish institut tashkil topgan kundan boshlab to shu kungacha institut rahbariyati jamoasi diqqat markazida turadi. Institutning asosiy maqsadi shifokor – Pediatr mutaxassislarni tayorlashdir.
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi
- Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Akademik litseyi
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Bilim yurtlari“. www.ssv.uz. O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi. Qaraldi: 12-iyul 2023-yil.
- ↑ „Institut rahbariyati“ (uz). Qaraldi: 12-dekabr.
- ↑ „Toshkent pediatriya tibbiyot instituti“. www.mentalaba.uz. Mentalaba rasmiy sahifasi. 2023-yil 19-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 12-iyul 2023-yil.
- ↑ „Тошкент педиатрия тиббиёт институти“. www.ssv.uz. O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi. Qaraldi: 19-iyun 2023-yil.
- ↑ „Bilim yurtlari“. www.ssv.uz. O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi. Qaraldi: 12-iyul 2023-yil.
- ↑ „СОВЕТ МИНИСТРОВ СССР ПОСТАНОВЛЕНИЕ от 23 июля 1971 г. N 519 ОБ ОРГАНИЗАЦИИ СРЕДНЕАЗИАТСКОГО МЕДИЦИНСКОГО ПЕДИАТРИЧЕСКОГО ИНСТИТУТА В Г. ТАШКЕНТЕ“. www.consultant.ru. СОВЕТ МИНИСТРОВ СССР. Qaraldi: 17-iyun 2023-yil.
- ↑ „Institut tarixi“ (uz). tashpmi.uz. Qaraldi: 12-dekabr.
- ↑ OʻzME
- ↑ „Bilim yurtlari“. www.ssv.uz. O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi. Qaraldi: 12-iyul 2023-yil.
- ↑ „Institut tarixi“. www.tashpmi.uz. Toshkent pediariya tibbiyot instituti. Qaraldi: 19-iyun 2023-yil.
- ↑ „Toshkent Pediatriya Tibbiyot Instituti“. www.nsp.gov.uz. O'zbekiston Respublikasi MILLIY ILMIY PORTALI. Qaraldi: 19-iyun 2023-yil.
- ↑ „Toshkent pediatriya tibbiyot instituti“. www.mentalaba.uz. 2023-yil 19-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 19-iyun 2023-yil.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |