Kontent qismiga oʻtish

Turon kutubxonasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Turon kutubxonasi (Toshkent viloyati „Turon“ ilmiy universal kutubxonasi) – Oʻzbekiston Respublikasidagi eng yirik kutubxonalardan biri, ilmiy-maʼrifiy muassasa. 1918-yilda Toshkentda mustaqil ommaviy kutubxona sifatida ochilgan. 1919-yilda „Turon“ nomi berilgan (1928—1993-yillarda „Oktyabr“ nomi bilan atalgan). Kutubxona joylashgan binoda dastlab 1913-yilda maʼrifatparvar Abdulla Avloniy boshchiligida „Turon“ teatr truppasi tuzilgan. Toshkent shahri maʼrifatparvarlarining „Turon“ jamiyati tashabbusi bilan va ularning shaxsiy kitoblari va sovgʻa qilgan jamgʻarmalari zaminida shu binoda kutubxonaga ham asos solingan (1913). Turon kutubxonasi Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Gʻulom Zafariy, Shokirjon Rahimiy, Mannon Uygʻur, Majid Qodiriy kabi taraqqiyparvar ziyolilarni birlashtirgan hamda Vatan, millat ozodligi uchun kurashda yuksak oʻrin tutgan maʼnaviy muhit shu yerda shakllangan.

Dastlab 4 ming kitob boʻlgan kutubxona fondida 400 mingdan ziyod asar mavjud (2004). Noyob nashrlar orasida Oktyabr toʻntarishiga qadar nashr etilgan asarlar, 1918-yildan nashr qilingan gazetalar jamgʻarmasi bor; hozirgi kunda chop etilayotgan 100 ga yaqin davriy nashrlar va boshqa asarlar bilan kutubxona fondini toʻldirib boradi. Turon kutubxonasida 8 boʻlim – ilmiy-metodik, kitob fondini butlash, adabiyotlarga kutubxona usuli bilan ishlov berish, kitob saqlash, maʼlumot-bibliografiya, kitobxonlarga xizmat koʻrsatish (oʻquv zallari bilan), almashuv fondi, axborot va zamonaviy texnologiya boʻlimlari bor. Kutubxona kitob koʻrgazmalarini, madaniyat merosiga bagʻishlab turli tadbirlar, taniqli olimlar, adiblar bilan ijodiy uchrashuvlarni muntazam tashkil qiladi, bibliografiya metodikasi boʻyicha qoʻllanmalar nashr etadi. 1938-yildan viloyatdagi 500 dan ortiq, kutubxonalar uchun metodik markaz qisoblanadi, viloyat kutubxonalari xodimlarining malakasini oshirish kurslari tashkil etadi, seminar-treninglar oʻtkazadi.

Turon kutubxonasida avtomatlashtirish keng yoʻlga qoʻyilgan: Oʻzbekistonda birinchilardan boʻlib kutubxona jamgʻarmasidagi 75 ming nusxa oʻzbek tilidagi adabiyotlarning elektron katalogini tuzish yakunlandi. Huquqiy axborotlar bilan taʼminlovchi markaz, internetga ulangan kompyuter xonasi va boshqa texnik vositalarga ega.