Kontent qismiga oʻtish

Vaxsh

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Vaxsh daryosidan yoʻnaltirildi)
Vaxsh
Tavsif
Uzunligi 524
Suv sarfi 156 m³/s
Joylashuvi
Davlat Tojikiston va Qirgʻiziston
Vaxsh

Vaxsh (Surxob) yoki Kyzyl-Suu (qirgʻizcha: Кызыл-Суу) — Tojikistondagi daryo, Panj daryosining oʻng irmogʻi. Uzunligi 524 km. Havzasining maydoni qariyb 39,1 ming km². Vaxsh Orqa Olay tizmasining shimoliy yon bagʻridan boshlanib, Olay vodiysi boʻylab oqadi; Qirgʻizistonda Qizilsuv, Tojikiston hududiga oʻtgandan soʻng Surxob („Qizilsuv“) deb ataladi, soʻngra eng yirik irmogʻi — Obihingov daryosi qoʻshilgandan keyin Vaxsh nomini oladi. Vaxsh yuqori oqimida ayrim joylarda chuqur daradan iborat katta nishablikdagi vodiyda tez oqadi. Quyi oqimida keng vodiyga chiqadi. Jilikoʻl qishlogʻigacha va undan quyida, to Panj daryosiga quyilguncha daryo oʻzani tarmoqlanadi, qalin toʻqayzorlar, koʻl va botqoqliklar koʻp uchraydi. Vaxsh Panj bilan qoʻshilgandan soʻng Amudaryo hosil boʻladi. Vaxsh havzasida umumiy maydoni 4518 km² ni tashkil etuvchi 862 muzlik bor. Vaxsh muzlik, qor suvlaridan toʻyinadi, yillik oqimining 50 % iyul—sentabrda oqib oʻtadi. Qishda (dekabr—fevralda) oqim miqdori 10 %ni tashkil etadi. Oʻrtacha suv sarfi 661 m³/sek. Vaxsh eng loyqa daryolardan, uning har 1 m³ suvida 4,5 kg loyqa bor, yillik miqdori 90 mln. t ga teng . Noyabr—fevralda qirgʻoq muzlari, muz parchalari oqimi kuzatiladi. Vaxsh energiya zaxiralariga boy. Norak GES va Rogʻun GES qurilgan. Vaxshning suvi quyi oqimida qisman sugʻorishga sarflanadi. Quyi oqimida kema qatnaydi. Vaxsh boʻyida Norak, Qoʻrgʻontepa (vodiyda) va b. shaharlar joylashgan. Vaxshdan yirik Vaxsh va Shoʻroobod kanallari chiqarilgan. Vaxshdan va havzasidagi koʻllardan yiliga 200— 900 s baliq ovlanadi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil